18.02.2025 | 09:03
519
SHAMOLDAN QUVVAT OLIB…
Har bir hudud, har bir makonning obodligi va musaffoligiga kundalik vazifa sifatida e’tibor qaratish – davr talabiga aylanib boryapti. Loqaydlik, boqibeg‘amlik avj olgan joyda tabiatning keskin qasosiga duch kelish mumkin. Shu boisdan ham atrof-muhit muvozanatini saqlashga har birimiz mas’ulmiz.

– 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlangan ekan, barchamiz joylarda bu borada amalga oshiriladigan ishlarga mas’uliyat bilan yondashishimiz lozim, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyati kengashi mutaxassisi Sardor Islomov. – Avvalo, har bir mahalla hamda yirik mehnat jamoalarida “Ekologiya nazoratchisi” shtatini joriy qilish kerak. Bu haqda bir necha yillardan beri gapirilyapti. Ammo amaliy ishga o‘tish nima uchundir paysalga solinmoqda.
Agar mahallalar va mehnat jamoalarida mazkur shtatlar joriy qilinib, unga tabiatshunos, o‘simlikshunos yoxud hayvonot olami bo‘yicha mutaxassislar biriktirib qo‘yilsa, ko‘zlangan maqsadlarga erishish osonroq kechgan bo‘lar edi.
Darhaqiqat, atrof-muhitni asrash bilan birgalikda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalasi dunyo hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Elektr energiyasiga talab va ehtiyojning tobora ortib borishi natijasida muqobil va havoni ifloslantirmaydigan energiya ishlab chiqarishni kuchaytirish davr taqozosiga aylangan.
Bu borada so‘z ketsa, ko‘pchilik birinchi navbatda quyosh panellarini tilga oladi. Negaki, yil sayin quyosh panellarini xonadon va ish joylariga o‘rnatish ommalashib boryapti. Endilikda uning afzalliklari va shu bilan birga kamchiliklarini ham bilmaydigan odam topilmasa kerak. Biroq ommalashib borayotgan quyosh panellari qatorida shamol elektr manbalari haqida negadir kam gapiriladi.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov o‘zining mashhur she’rlaridan birida: “Qoraqalpoq, Xorazmdan esar Jayhun shamollari” deya baralla kuylagan edi.
Ha, sevimli shoirimiz madh etgan Qoraqalpoq va Xorazmdan esgan shamolning xosiyati boshqacha. Bu yerlarda yil-o‘n ikki oy Bekobod yoki Qo‘qon shamolini ortda qoldirib yuboradigan kuchli shamollar esib turadi. Goho u quturib bo‘ron va dovullarga aylanishi ham bor. Ustyurtni-ku aytmay qo‘ya qoling, u yerda dovul tursa, yerni ters to‘ntarib yubormasmikin, deya yurak hovuchlab qolasan kishi.
Quyosh nurlari singari g‘ir etib esgan mayin shabada yoxud tezob yelgan bebosh shamol ham ona tabiatning bizga in’om etayotgan tuganmas ne’matidir aslida. Ulardan unumli foydalana olish esa insoniyatning aql-zakovatiga bog‘liq.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati shamol tezligini elektr manbayiga aylantirish uchun juda qulay hudud. Ayniqsa, Ustyurt kengligi, Pitnak qirlari va Qoraqum cho‘lida shamol energiyasidan foydalanish uchun juda qulay imkoniyatlar mavjud. Bu yerlarda shamol elektr stansiyalarini qurish va aholini arzon elektr bilan ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalardan sanaladi.
Shamol elektr stansiyasining afzalliklari shundaki, uning uchun na kechaning, na kunduzning farqi bor, g‘ir etgan shabada bo‘lsa, bas, ishlayveradi.
Quvonarli jihati mamlakatimizda muqobil energiya sohasini rivojlantirish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Fikrimiz isboti sifatida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida barpo etilgan shamol elektr stansiyasini keltirishimiz mumkin. Ushbu loyiha mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va energiya mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha strategik chora-tadbirlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Shamol elektr stansiyasining umumiy quvvati 500 megavattni tashkil etadi. Bu O‘zbekistonning shamol energetikasi sohasidagi eng yirik loyihalaridan biri bo‘lib, kelajakda mamlakatning energiya balansi uchun katta hissa qo‘shadi. Ushbu loyihaning birinchi bosqichida 250 megavatt quvvatga ega shamol turbinalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati qariyb 600 million AQSh dollariga teng bo‘lib, bunga xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliyaviy institutlarning kredit mablag‘lari jalb qilingan.
Ekologiya sohasi vakillarining fikriga ko‘ra, mazkur shamol elektr stansiyasi to‘liq quvvatda ishga tushirilgan taqdirda har yili 1 million tonnaga yaqin karbonat angidrid gazlari atrof-muhitni zararlashining oldi olinadi. Bu esa issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirishga va atmosferani toza saqlashga yordam beradi.
Ushbu markazning qurilishi jarayonida yuzlab mahalliy ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Loyihaning ekspluatatsiya bosqichida esa doimiy ravishda 50 dan ortiq malakali texnik va injenerlik ish o‘rinlari tashkil etiladi.
Tomdi shamol elektr stansiyasi Navoiy viloyatining sanoat infratuzilmasini tubdan o‘zgartirib, elektr energiyasi tanqisligini bartaraf etishi va hududiy rivojlanishga hissa qo‘shishi shubhasiz. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi texnologiyalarni mahalliylashtirish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mazkur shamol elektr stansiyasi boshqa muqobil energiya loyihalari, jumladan, Navoiy viloyatida qurilgan quyosh fotoelektr stansiyalari bilan birga birlashgan-mushtarak energiya tizimini shakllantiradi. Bu esa tarmoq barqarorligini oshiradi va energiya uzatishda uzilishlarni kamaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasining qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakat energiya tizimida shamol va quyosh elektr stansiyalarining ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan. Tomdi tumanidagi shamol elektr stansiyasi ushbu maqsad sari yo‘l ochuvchi yirik loyihalardan biri sifatida e’tirof qilinmoqda. Kelgusida ushbu stansiya nafaqat hududiy, balki milliy iqtisodiyotimizning energetik mustaqilligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. O‘z navbatida, bu mamlakatning “yashil” iqtisodiyotda raqobatbardoshligini ham kuchaytiradi.
Erpo‘lat BAXT
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



