30.07.2025 | 08:59
389
HAYOT YO‘LI – QUVVAT MANBAYI
“Odam tanasining muhandislik moʻjizasi – umurtqa”, deydi Ilon Mask. Darhaqiqat, umurtqa inson bo‘yining to‘rtdan birini tashkil etuvchi murakkab tuzilmadir. Abu Ali ibn Sino umurtqaga ozor yetsa odamning jismi ham, ruhi ham aziyat chekishini aytib, har qanday tabib tekshiruvni umurtqadan boshlashi kerakligi bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda eng keng tarqalgan va tobora yasharayotgan kasallik bu – umurtqalararo disk churrasi.
Umurtqalararo disk churrasi deganda ko‘pchilik umurtqa orasida paydo bo‘luvchi go‘shtsimon o‘smani tasavvur etadi. Aslida, bu kasallik umurtqa disklaridagi liqildoq pulpoz yadro elastik holatining buzilishi oqibatida uning fibroz halqani yorib chiqib, orqa miya kanaliga oqishi bilan yuzaga keladi.

Umurtqalararo disk churrasi ana shu oqib chiqqan pulpoz yadro suyuqligining o‘ng yoki chap tomondagi spinal ildizchalarni ezishiga qarab o‘sha joydagi tomirlarda tortishish, og‘riqlarning hosil bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bemorda doimiy holsizlik, qo‘l-oyoq, yelkalarda og‘irlashuv, surunkali og‘riq holatlari kuzatiladi.
Umurtqa diski churrasi tananing qaysi qismida hosil bo‘lsa, joylashgan nuqtasidan pastdagi a’zolar harakatiga ta’sir o‘tkazadi, ya’ni o‘sha sohadagi mushaklarning spazm – ixtiyorsiz, qisqa muddatli va og‘riqli qisqarishiga sabab bo‘ladi. Uning kelib chiqishiga asosan kamharakatlik, semirish, travmalar, noqulay holatda og‘ir yuk ko‘tarish va surunkali shamollash sabab bo‘ladi.
Shuningdek, har bir inson umurtqa pog‘onasining og‘ir yuk ko‘tara olishiga va chidamliligi yuqori bo‘lishiga qaramay, u ayni shu a’zosi bilan tik ekanligini unutmasligi va salomatligiga jiddiy e’tibor berishi kerak.
– Umurtqalararo disk churrasi bemor o‘zini o‘zi davolasa ham bo‘ladigan kasallik, – deydi Respublika nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi bo‘lim mudiri, oliy toifali travmatolog-ortoped Dilmurod Ro‘ziboyev. – Uning keng tarqalgan deyilishiga sabab, bemorlarning ko‘payib ketayotganidan emas, balki diagnostikaning yanada takomillashgani sabab kasallikni erta aniqlash imkoniyati paydo bo‘layotganidadir. Buning uchun respublikamizga zamonaviy apparatlar keltirilmoqda. Ilgari tashxis qo‘yish uchun qo‘shimcha rentgen tekshiruvi o‘tkazilgan. Unda orqa miya kanaliga kontrast modda jo‘natilgan, lekin jarayon murakkab kechgani uchun bu usul kam qo‘llanilgan, aniq diagnoz qo‘yish ham qiyin bo‘lgan. Endilikda har bitta hududda MRT apparati mutaxassislar ishini yengillashtirib, kasallikni erta aniqlash imkonini beryapti. Quvonarlisi, bemorni mumkin qadar jarrohlik stoligacha olib bormaslik choralari ko‘rilmoqda.
Umurtqalararo disk churrasi kasalligining “yasharishiga” kelsak, asosan jismoniy faollik sustligidan kelib chiqyapti. Yoshlar stolda to‘g‘ri o‘tirish, tanani monitor qarshisida qay holatda tutish haqidagi oddiy tavsiyalarni ham bilmaydi. Soatlab kompyuter, noutbuk, telefon bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bir joyda qadalib o‘tirish tana og‘irligining umurtqaga muntazam tushishiga olib keladi va kasallik rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Bemorlarning o‘rtacha 3-10 foiziga jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga tavsiya berilmoqda. Bel sohasidagi umurtqalararo disk churrasi 7 millimetr kattalikni berganida, bo‘yin sohasida 4 millimetrga yetganda operatsiyaga yo‘naltiriladi. Shunda ham bu nisbiy hisoblanib, orqa miya kanalining kenglik darajasiga qaraladi. Chunki har bir odamning anatomik tuzilishi o‘ziga xos.
Jarrohlik amaliyotidan qo‘rqib, vaqtni o‘tkazib yuborish kerak emas. Zamonaviy tibbiyotda davolashning tez va oson usullari joriy etilmoqda. Bugun har qanday kattalikdagi umurtqalararo disk churrasini 3 millimetrli qisqichlar yordamida minimal invaziv usul bilan umurtqa pog‘onasining butunligi va mustahkamligiga ziyon yetkazmay, yumshoq to‘qima (mushak, nerv, fatsiya, pay)larni zararlamagan holda olib tashlash mumkin. Bemor terisi atigi 8 millimetr kesiladi. Jarayon 25 martagacha kattalashtirib ko‘rsatuvchi kameralar bilan nazorat qilinadi va bu operatsiyaning o‘ta aniqlik bilan bajarilishini ta’minlaydi.
Tib tarixidagi ilk amaliyotlarda umurtqa pog‘onasining ba’zi qismlari to‘liq olib tashlangan. Bemor qorinni yerga bergan holda uch oylab yotqizib qo‘yilgan. Keyin ham u yurishga qiynalgani uchun korsetdan doimiy foydalangan. Ammo bu usullar ortda qoldi.
– O‘zbekistonga Yaponiya granti asosida olib kelingan zamonaviy endoskop apparat asosida umurtqa diski churrasini teshib olish operatsiyasi 2010-yilda ilk bor bizning markazda amalga oshirilgan, – deydi Dilmurod Ro‘ziboyev. – Hozir har bir viloyatda bunday apparat bor. Bunday operatsiyalar soni ochiq jarrohlik yo‘li bilan qilinadigan amaliyotlardan 2-3 baravarga ko‘paydi. Shuningdek, asab ildizlariga yaqin joydagi kichkina hajmli osteoxondrozli umurtqa churralarini mayda ninalar bilan lazerda kuydirib, uning elastikligini oshirish imkoniyati ham yaratilgan. Faqat bu usul osteoxondrozning dastlabki bosqichlarida, ya’ni pulpoz yadro hali oqib chiqmagan vaziyatlarda amalga oshiriladi.
Afsuski, xalqimiz xarakteridan kelib chiqsak, bemorlar boshlang‘ich og‘riqlarni e’tiborsiz qoldiradi, soxta tabiblarga murojaat qiladi, o‘zboshimchalik bilan dori-darmon qo‘llaydi. Kasallik rivojlanib ketganidan keyingina shifokorga murojaat qiladi. Agar mana shu operatsiya turi ommalashsa edi, biz kasallikni birinchi bosqichidayoq bartaraf etishga erishar edik.
Ochib qilinadigan operatsiyalar natijasida uzoq yotib qolgan bemorlarning mehnatga layoqati pasayib, potensial nogironlar hisobiga kirar edi. Endoskop operatsiyalarning yana bir afzallik tarafi ular nogironlik darajasiga bormay tuzalib, ish jarayoniga qaytishmoqda. Bemorga operatsiyadan so‘ng shu kunning o‘zidayoq harakatlanishga ruxsat beriladi.
Bemorlarning ko‘r-ko‘rona har xil tabiblarga borib, ular tavsiya qilayotgan oyoqdan osish, umurtqaga zarb bilan urish va cho‘zish kabi muolajalarga rozilik berishi ilmsizlik mahsulidir. Bu judayam xavfli bo‘lib, odam bir umrga nogiron bo‘lib qolishi hech gap emas. Aslida yuqoridagi muolajalar davolash tajribasida avvaldan bor. Faqat jarayon zamonaviy tibbiyot maskanlarida maxsus traktsion – umurtqani elektron tortish apparatlari yordamida bajarilishi kerak. Shifokor nazoratidagi bu kabi tortish jarayonida spazm bo‘lib qotib qolgan pay va mushaklarni yumshatib beradi, mushaklar bir tortib, bir joyiga qaytarilib tonusni ochib beradi.
Churraning olib tashlanishi osteoxondroz kasalligini davolamasligini eslatib o‘tish joiz. Uning sihatini yaxshilash esa bemorning o‘ziga bog‘liq.
Dilmurod Ro‘ziboyev bergan ma’lumotga ko‘ra, Respublika nogironlarni reabilitatsiya qilish markazida yiliga ikki mingga yaqin bemor umurtqa diski churrasi xastaligidan shifo topadi. Shulardan 45 foizida jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. 500 nafaridan oshig‘iga konservativ muolaja qilinadi.
Bu yutuqlarning ortida Davlat rahbarining sog‘liqni saqlash sohasini takomillashtirish, tizimni raqamlashtirishga qaratilgan islohotlari turibdi. O‘zgarishlar shifokorlar ishini yengillashtirsa, bemorlarning ishonchi ortishiga sabab bo‘lmoqda. Yil yakuniga qadar barcha hududlarning raqamli tibbiyotga o‘tishi rejalashtirilgan. Bu umurtqa disk churrasi bilan og‘rigan bemorlarni ham tibbiy nazoratga olish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Shifokorlar bir haqiqatni takrorlashdan aslo charchamaydi: kasallikni davolagandan ko‘ra oldini olgan afzal. Tananing bir soatlik yoki bir kunlik bezovtaligi asorati odamda haftalab, oylab ketmasligi mumkin. Shuning uchun sog‘lom yurgan chog‘larda ham tibbiy ko‘rikdan o‘tishni kanda qilmaslik, shifokorlar ko‘rsatmasiga beparvo qaramaslik kerak. Zero, har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi.
Muhayyo RUSTAMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-iyuldagi 30-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



