18.02.2025 | 12:40
1223
“JADIDLAR. TURKISTONGA MAKTUBLAR” TURKUMIDAN
Quyida e’tiborlaringizga bundan yuz yil avval Berlin shahridan O‘zbekistonning davlat rahbari Akmal Ikromov nomiga yo‘llangan ikki maktubni havola qilmoqdamiz. Birinchi xat Abduvahob Is’hoq tomonidan yozilgan. Abduvahob Is’hoq o‘g‘li 1904-yil 10-fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mashhur jadid muallimlari Sobirjon Rahimiyning “Rahimiya”, Eshonxo‘ja Xoniyning “Xoniya” maktablarida ibtidoiy, Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabida rushdiy (o‘rta) ta’lim olgan.

1917-yil do‘sti Tohir Shokir bilan Ozarbayjonning Boku shahriga borib, ziroat bilim yurtida o‘qigan. 1922-yil “Ko‘mak” uyushmasi tashabbusi bilan oliy ma’lumot olish maqsadida Germaniyaga yo‘l olgan. Abduvahob Is’hoq qisqa muddatli til o‘rganish kursidan so‘ng Germaniyaning mashhur Haydelberg universiteti tibbiyot fakultetiga o‘qishga kiradi. U yerda oliy ta’lim dargohini muvaffaqiyatli bitirish bilan bir vaqtda doktorlik dissertatsiyasini yoqlashga ham erishadi. O‘sha kezlari Yevropa matbuotida Turkistonda sovetlar olib borayotgan nohaq zulm haqida, “Yosh Turkiston” gazetasida vatan taqdiriga oid yuzlab maqolalar yozdi. Germaniyada fashizm hokimiyatga kelishi tufayli Turkiyaga ko‘chib o‘tgach, Abduvahob O‘qtoy (1904–1968) nomi bilan ilmiy ijodini va mehnat faoliyatini davom ettirdi. U o‘zi bilan Germaniyada o‘qishga yo‘l olgan toshkentlik Saida Sherahmedovaga uylangan. Saida Sherahmedova Akmal Ikromovning otasi Ikrom domlaning maktabida, 1918-yildan Vali hoji boyning hovlisida ochilgan birinchi o‘zbek bilim yurtida Oydin Sobirova, Xosiyat Tillaxonova, Robiya Nosirova bilan o‘qigan. Ularga Munavvar qori, Shokirjon Rahimiy, Saodatxonim Yenikeyeva, Qrimdan kelgan Murshidaxonim Ismoilova, qozonlik Gavharxonim Aliyeva ta’lim bergan.
Toshkentlik ma’rifatparvar va saxiy inson Sherahmadboy Germaniyada o‘qigan talabalarga homiylik qilish bilan birga, 17 yoshli qizi Saida, o‘g‘li Nasriddin va jiyani Fuzayllarni ham oliy ta’lim olish uchun Germaniyaga yo‘llagan edi… Saida 1937-yildan Turkiyaga kelib muallimlik qilgan.
Ikkinchi maktub egasi Germaniyaga o‘z tashabbusi bilan oliy ta’lim olish uchun borgan ilk qaldirg‘och, jadid muallimi Abduvahob Murodiydir. Abduvahob Murodiy 1901-yil Toshkentning Egarchi mahallasida tug‘ilgan. 1913-yil “Xoniy” va 1914-yil Munavvar qorining “Namuna” maktabini bitirgan. O‘zi ham dastlab, 1916-1917-yillarda Toshkentdagi “Hayot” maktabida dars beradi. 1917–1919-yillar mobaynida Boku shahridagi ziroat bilim yurtida o‘qigan. Toshkentga qaytib yana o‘qituvchilikni davom ettirib, Eski shahar “Muallimlar jamiyati”ga yetakchilik qiladi. 1919-yil Abduvahob Murodiy Toshkent taraqqiyparvarlari va “Muallimlar jamiyati” ko‘magi bilan xorijda tahsil olish maqsadida yana safarga otlanadi. U Afg‘oniston, Turkiya mamlakatlari orqali Germaniyaga yetib boradi. 1921–1926-yillarda Berlindagi Qishloq xo‘jaligi akademiyasida o‘qib, Yevropa ta’lim muassasasida oliy ma’lumot olgan birinchi o‘zbek agronomiga aylanadi. 1927-yil vatanga qaytgan Abduvahob Murodiy Shreder nomidagi Bog‘dorchilik ilmiy-tekshirish institutida direktor muovini, O‘rta Osiyo davlat universiteti qishloq xo‘jaligi fakultetida o‘qituvchi vazifalarida ishlay boshladi. Shuningdek, u mashhur qozoq adibi Muxtor Avezov, akademik Borovkovlar bilan sharq fakultetining turkiyshunoslik bo‘limida ham ilmiy xodim sifatida yoshlarga ta’lim bergan. Abduvahob Murodiy tinimsiz ilmiy va amaliy mehnat faoliyati bilan bir paytda matbuot sahifalarida ham tez-tez chiqish qilib turdi. O‘zining Germaniyadan keltirgan kitoblari asosida qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratdi.
O‘zbekiston hukumatining o‘sha paytdagi rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromov Murodiy nomzodini bir necha marta Yer ishlari komissarligiga tavsiya etadi. Bu esa ayrim “qizil imperiya”cha siyosat tarafdori bo‘lgan kimsalarga yoqmadi. Ular yosh o‘zbek agronomining ish jarayoniga turli bo‘hton bilan qarshilik ko‘rsatdilar. Shunga qaramay, u qisqa muddatda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tajriba stansiyasida ko‘pgina iqtidorli shogirdlarni yetishtirib berdi. Toshkent tumani Achchi ovulida o‘z tashabbusi bilan tuzilgan “Qizil namuna” jamoa xo‘jaligida Germaniyada o‘rgangan ilmlarini ishga solib, o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan iqtisodiy yutuqlarni qo‘lga kiritadi.
Abduvahob Murodiy 1930-yil 25-aprelda OGPU tomonidan qamoqqa olindi. Xullas, mustabid tuzum hech biri isbotini topmagan ayblovlari bilan endigina 30 yoshni qarshilagan yetuk mutaxassisning hayotiga zomin bo‘ldi…
Quyida ilk bor e’tiboringizga havola etilayotgan maktublar nafaqat Sizning tarixiy ilmlaringizni boyitadi, balki jadid maktablari yetishtirgan talabalarning tafakkur dahosi nechog‘li yuksakligi, ularning Vatan, millat taraqqiyoti uchun qanchalik jon kuydirganligi haqida hikoya qiladi.
* * *
Berlin, 1-avgust 25-sana
Qadrli do‘stim Akmal!
Bundan uch yarim yil avval senga juda muhim bir do‘stimizning hayoti ila aloqador bo‘lg‘on masala haqqinda murojaat qilmish edim.
Sening iltifoting va durusliging soyasida bu ish yaxshi bir sur’atda hal edulib, buyuk bir falokatning oldi olinmish edi. Uch yarim yil so‘ngra yana senga umumiy va mamlakat manfaati nuqtayi nazaridan muhim bir ish haqqinda murojaat qilaman. Tasodifki, boqki bundan sana uch yarim yil avval ham sen yana bu kungi yeringda eding. Bu, albatta, bir hol xayr bo‘lsa kerak. Ul zamon ishlaringni ko‘pligiga qaramasdan maktubimni kamol rag‘bat-la o‘qush va ijrosiga tashabbus qilmish eding. Bu daf’a ham ishlaringni haddan tashqariligiga qaramasdan maktubimni diqqat-la o‘qub, bizga madad qo‘li cho‘zmog‘ingga imonim qadar ishonaman. Va masalani keng ko‘z ila muhokama qilmog‘ingni so‘ng darajada so‘rayman.
Masala mana shundan iboratdur: Mayerzon o‘rtoq bul yerga mufattish bo‘lib kelgandan so‘ng talabalikni istadigi qadar taftish qilmog‘iga qo‘limizdan kelgan qadar yordam etmoqqa qaror berduk va to‘rt ko‘z ila taftish kunini bekorga kutib yotdik. Mayerzon o‘rtoq bir qancha vaqt istirohat ila ovvora bo‘lganidan so‘ng ish boshladi. Ammo, taftish ishiga emas, balki tijorat ishiga. Bir tarafdan bizga xirmon-xirmon va’da qilib, ikkinchi tarafdan saforotdagi bir qancha o‘rtoqlari ila birlashub O‘zbekiston talabaligi qo‘lindagi uyni sotmoqqa qaror bermish. Bu xabarni talabalar eshitkach Mayerzon ila bir majlis yasab uyni talabalar qo‘linda qolmog‘i lozimlig‘ini iqtisodiy va siyosiy tomondan isbot qilib, uyni sotmasligini iltimos etdilar va qo‘lindagi mandatda bunday narsa bo‘lmagani uchun juda bo‘lmasa O‘zbekiston hukumatidan so‘rab so‘ngra sotmoqqa qaror berdilar.
O‘rtoq Mayerzon bu qarorga rozi bo‘lib, imzo qilg‘on bo‘lsa ham orqadan uyni sotmoq uchun yana harakat qilub yurar edi. Bu tashkilot to‘g‘risinda hukumatimizdan javob kutar ekan, bundan ikki kun avval Mayerzon komissiyaga yana ispiska topshirdi. Bu ispiskada yozilg‘on 39 talabaning O‘zbekistonga qaytmog‘iga qaror berildigini va bularni har holda o‘n besh kun ichida jo‘nab ketmog‘ini shart qo‘yadir. Uy masalasi masalaning yon tarafi bu talabalarning nohaq bir holda qaytarilmoqlari ishning mag‘zini tashkil qiladir. Mana mening senga qiladurg‘on murojaatim shul 39 talaba to‘g‘risindadur. Bu qaytadirg‘on talabalar ichinda o‘zim bo‘lmag‘onim uchun bu murojaat xolisona bir murojaat bo‘lib, mamlakatimiz manfaati nuqtayi nazaridan muhokama etdigimga ishonsang kerak.
Bu 39 talabaning qaytarilmog‘i to‘g‘risinda O‘zbekistonda bir qaror berildimi? Bu bizga noma’lum. Bundagi talabalik siyosiy jihatdan O‘zbekiston istiqlolini Ovrupo burjua olami ila mazlum millatlariga isbot qilib, ko‘zlariga ko‘rinib turgan bir haykal edi. Bu yerga to‘plangan sharqning turli tarafindan kelgan o‘quvchi va sayyohlar bizni ko‘rar va sho‘rolar ittifoqining sharq siyosatini biz ila o‘lcharlar edi.
Bu haykalning yot bir qo‘l tarafindan bir onda yiqilmog‘i siyosiy yo‘limiz jihatindan o‘rni to‘ldirilmaydurgan bir zoye bo‘lishligi ma’lumdir. Burjua ta’siri ostinda qolg‘onlar Russiya matbuotindagi xabarlarni “propag‘anda” deb o‘ylagan narsaga bundagi talabalik jonli bir misol bo‘lib qalbgohlariga ta’sir qilmoqda edi.
Bugun har tarafda O‘zbekistonning yosh olimlarga, mutaxassislarga, ovrupo texnikasi ila musallohlangan ishchilarga muhtoj bo‘ldig‘ini dod-faryod qilib so‘ylaymiz. Shunday muqaddas shiorlarni ko‘tarib yurganda har biri O‘zbekiston uchun jon va qon darajasinda muhim muassasalarda o‘qub yotqon, bitirmaklariga oz zamon qolg‘on talabalarni birdan maktablarindan uzib olmoq na demakdir?
Ikki yarim yil ichinda favqulodda g‘ayratlar ko‘rsatub maktablarini bitirmoqqa yaqinlashub qolg‘on o‘rtoqlarni bundan olub qay yerga boramiz?
Ittifoqda bir maktabga yerlashdirilsa ham to til o‘rganib bir maktabga kirgunlaricha munda bir mutaxassis bo‘lib ishga boshlarlar edi. Bu bechoralarni umrini zoye qilub yurmakda na ma’no bor?
To‘g‘risi, bularni qaytarmoqdan hukumatning na iqtisodiy foydasi bor, na-da siyosiy.
Biz bir ispiska tuzib ba’zi o‘rtoqlarni qaytarmoqg‘a har zamon tarafdormiz. Bir oz tadqiqot natijasinda ispiska tuzilub, 1. To‘rt sanadan ko‘b munda qolmoq majburiyatinda bo‘lg‘onlarni 2. Yaxshi cholishmaganlarni qaytarmoqg‘a har zamon tarafdormiz. Ammo hozirgi kabi Mayerzonning o‘rtoqlarining o‘g‘lini olib qolib, boshqa bechoralarni talabalikning guli darajasinda bo‘lganlarni qaytarmoqg‘a hukumatimiz ham tarafdor bo‘lmasa kerak. Misol uchung‘ina qaytadirgan talabalardan bir qanchasini yozub o‘taman. Albatta, bu misol ispiska haqqinda senga bir fikr bersa kerak.
1. Sattor Jabbor o‘g‘li – bu otashli yosh xotin bolasi ila ota-onasini qonli yoshlar ichinda tashlab chiqg‘on, Botuning yaqinlaridan qahramon bir yoshdir. Bu yerga kelganidan so‘ng bir yilda nemis gimnaziyasini bitirib, Hadelberg dorulfununining kimyo shoʻbasiga kirdi va anda juda muvaffaqiyat-la to‘rtinchi kursda davom qiladur. Yana bir yarim yil so‘ngra kimyogar bo‘lib chiqadur. Boshqa bir bolaning otasi Mayerzonning o‘rtog‘i bo‘lgani uchun bunga bir so‘z ham so‘ylanmagan.
2. Darmshtadt dorulmuallimotinda 3 qizimiz bo‘lib, bulardan ikkisi Xayriniso Majidxon qizi ila xivalik Maryam Sultonmurod qizi maktabni kelajak kuzda bitiradirlar. Saida esa qizlar gimnaziyasini kelajak sana bitiradir.
3. Mayelbur muhandis maktabinda 5 talabamiz bo‘lib bulardan biri qarindoshing Fuzayl Sherahmad o‘g‘lidir. Fuzayl favqulodda cholishib, butun maktabda ism chiqorg‘on. Bu yosh bu kun to‘rtinchi kursda bo‘lib, bu ham bir yarim sana so‘ngra muhandis bo‘lib chiqodir.
4. Mualliming bo‘lgan Ahmad Shukuriy.
5. Oliy maktabni bitirmagiga olti oy qolg‘on Vali Qayumdir.
Xulosa, shunday aslo aqlga sig‘maydirgan bir ispiska hozirlangandir. Agarda bu ispiska Mayerzonning fikri ila ijro qilinib ketsa o‘zbek maorifi va yangi ko‘karmakda bo‘lg‘on o‘zbek madaniyati uchun buyuk bir jinoyatdir. Mana bu jinoyatning oldini olib bu to‘g‘rida hukumat tarafidan bir qaror chiqorub yubortuv sening kabi yoshlarning vazifasi bo‘lsa kerak. Agarda bu vazifani ham ustingga olub shul ishga kirishsang, Fayzulla Xo‘ja kabi o‘rtoqlarga masalani anglatub, ishni tezdan bitirsang, butun bu yoshlarni o‘zingdan abadiyan minnatdor qilg‘on bo‘lur eding.
Ozarbayjonlardan, armanilardan, gurjilardan yuzlarcha talaba o‘qumaqda bo‘lgan bir mamlakatda bizni Mayerzon o‘rtoqning ko‘ziga bu qadar botuvimiz hayron qolurliq bir narsadir. Beriladirgan qarorni bir nusxasini Mayerzonning o‘ziga, ikkinchi nusxasini komissiya ismiga yubormog‘ingni iltimos qilaman.
Qaytadurg‘on talabalarning ispiskasi umumtalabalik qatnashuvi ila o‘zgartilsun. 4 yildan ortuqcha qoladurgonlar ila cholishmagonlar qaytarilsun mazmuninda bir teleg‘rom berilsa, albatta, hukumat hamda Mayerzon deganiga yetar va bu surat-la haqsizliqning oldi olingan bo‘lur edi.
Kamoli hurmat-la qo‘lingdan siqib
eski do‘sting Abdulvahob.
Mendan Botu va boshqa o‘rtoqlarga qalbiy salomlar.
* * *
Berlin, 7-oktabr 1926
O‘rtoq Akmal!
Men Misr sayohatidan yana Germaniyaga qaytdim. Hozirda seleksioner imtihoni uchun hozirliq ko‘rmakdaman. Seleksioner imtihonlarini bitirib diplomim olsam, O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqib qolur edim. O‘qishlarimni bitirib ishga boshlamaq oldida turg‘anim uchun naqadar xursand bo‘lsam-da, bechora otamni ko‘rolmay qolg‘onim uchun juda mutaassir bo‘ldim.
Misrda har narsani ko‘ra bilmadigim uchun biroz qayg‘uli qaytdim. Chunki Misr Olmoniyadan qimmat bo‘lib bu yerdan yuborilib turgan stipendiya ila zo‘rg‘agina yashab turdim. Atrofni ko‘rmak mashhur “Asvon” to‘g‘oniga qadar bormoq va Asvonda yangi suv chiqorilib obod qilinmoqda bo‘lg‘on yerlarda tadqiqot qilmoq mumkin bo‘lmadi. Ammo Qohira va uning atrofindagi butun muassasalarni, maktablarni, ziroat jamiyatlarini ko‘rdim va paxta institutinda 4 oy ishladim. Bugun shu sayohatimga-da shukr qilmog‘im kerak.
Misrning iqtisodiy ahvoli, ijtimoiy holi inglizlarning mustamlaka siyosatlariga doir yoziladirg‘on narsalar ko‘p bo‘lsa-da alarni boshqa zamonga, yaxshisi ko‘rishgan zamonga qo‘yib, faqat Misrdagi O‘zbekistonlilardan qisqag‘ina yozub o‘taman. Misrda jami 500 ga yaqin o‘zbek bo‘lib, bular 10–25 yillar avval kelib yerlashub qolmishlar. Ba’zilari hunarmand esalarda aksarlari tijorat-la ishg‘ol etarlar. Taassuf ko‘plarining bolalari tillarini unutg‘onlar. Ammo ichlarinda Jome’ al-Azharni bitirgan zakiy odamlar ham bor. Bir-birlarindan uzoq yashamaqlarig‘a qaramasdan oralarinda muhabbat, ittifoq juda yaxshidir. Bu ittifoqning sababchisi Qohiradagi o‘zbek tekkasi bo‘lsa kerak. Chunki shul tekka vositasi-la bir-birlari ila so‘ylasha bilirlar. Hozirgi O‘zbekistonga muhabbatlari bo‘lsa-da, O‘zbekistondagi – ittifoqdagi tashkilotlardan aslo xabarlari yo‘q. Yana eski zamon fikrlari ila yashaylar. Misrga O‘zbekistondin ma’lumot kelmaydir. Bir zamonlar Istanbuldan bir-ikki “Mushtum” jurnali kelgan bo‘lsa-da yana to‘qtab qolg‘on. Bularning ehtiyojlarini ko‘zda tutib Berlindan bir oz gazeta oldurub berdim. O‘qidilar va mamnun bo‘ldilar. Men Misrga kelgan vaqtimda Misrdagi rus qochoqlari bir jamiyat tashkil etmakchi bo‘lib o‘zbeklarni choqirg‘onlar. Ammo o‘zbeklar men ila maslahat qildilar. Men-da qochoq ruslarni hech kim ekanliklarini Rusiyada bir tinlik qimmatlari o‘lmadig‘ini anglatdim. Bular ham ishni bir oz angladilar-da butun ruslardan ayrilib ketdilar. Bechoralar naqadar hasan niyat egasi esalar-da, johildurlar. Bularning muddaosi faqat matbuotdir. Shuning uchun men ham Berlindan yangi gazetalar yubormoqchi bo‘lib va’da qilib qaytg‘on edim. Baxtga qarshi Olmoniya talabaligi ham matbuotga suvsob yotarlar. O‘zbekistondan bularga ham matbuot kelmaydirgan bo‘lib qolmish. Albatta, idoralariga yozdik. Mumkin bo‘lg‘on taqdirda men ham lozim bo‘lg‘on yerlarga bizga O‘zbekiston matbuotindan ko‘proq yuborib turmoqlari uchun so‘ylasang ko‘p mamnun bo‘lur edik. Bu yerdan sharqning bir qismiga matbuot oshirmoq ham juda quloydir.
Akmal!
Vaqtingni torligini ko‘zda tutib maktubni ko‘p cho‘zmasdan ostidagi 3 rijo ila to‘xtatmoqchiman. Qolg‘onlarini ko‘rishganda uzoq so‘ylashurmiz.
1. O‘zbekistonning maorifiga, yer islohoti, yoshlar harakatiga, xotinlar harakatiga, iqtisodiy tashkilotlari, ishchi va dehqon tashkilotlariga oid kitobchalar, istatistikalar yubortirilmoqig‘a cholishsang, chunki O‘zbekistonning ikki yillik bayrami munosabati-la bunda bir ikki maqola nashr etmak lozimdir.
2. Bu maktub-la senga Majid o‘rtoqning arizasini qo‘shib yubordim. Arizadan bu o‘rtoqni kim va O‘zbekistonda qanday ishlarda bo‘lg‘onlig‘i ma’lum bo‘lsa kerak. Bu o‘rtoq Buxoro hukumati tarafindan Turkiyaga yuborildigindan “Burusa”da Usmoniyada o‘quydi. Men uni Usmoniyani bitirgach Ovro‘poga kelib shunda a’lo tahsil ko‘rmagini tavsiya qilg‘on edim. Usmoniyani muvaffaqiyat-la bitirib tavsiyam bo‘yuncha Germaniyaga keldi va oliy ziroat maktabiga kirmak uchun hozirlik ko‘rib turadir. Ammo moddiy jihatdan juda og‘ir holdadir. Buning uchun Majid o‘rtoqni O‘zbekiston maorif komissarlig‘i tarafindan istipendiyag‘a qabul etmog‘i uchun vositada bo‘lsang juda bizni mamnun qilur eding. Hukumat istipendiyasidagi o‘rtoqlardan bir qismi qaytib ketganligi uchun ochuq yer borlig‘i kabi O‘zbekistonga foydasi tegmaydurgan buzuq fikrli o‘rtoqlar to‘g‘risida ham studkom saforot ila so‘ylashub Samarqandga yozmish ul yerdan ham ikki o‘rin bo‘shalmog‘i mumkindir. Xulosa, o‘run bor, faqat sening tavsiyating lozim. Bu rijomni ham yerda qoldirmasdan bir o‘rtog‘ingni mamnun qilishingga ishonaman.
3. Meni kitoblarga ehtiyojim kattadir. Ruscha bilmaganim uchun ruscha kitoblardan ham foydalana olmasman. Shuning uchun o‘zimga istiqbolda kerak bo‘ladurgon fanniy kitoblardan olib ketmak majburiyatinda bo‘ldig‘im kabi O‘zbekistonda topilmaydurgon ba’zi kichik asboblar ham bordir. Mana shul narsalar uchun menga eng ozi (200) dollar qadar qarz topib bermog‘ingni iltimos qilaman. Men bu ashyolarni O‘zbekistonga olib borgandan so‘ng istarsa hukumat o‘z moli qilub olabilar va bu suratla bu narsalardan har kim iste’foda etabilardi.
Akmal!
Bu 3 matbuot ila 4 iltimosga javob kutib qolaman. Mumkin va yo mumkin bo‘lmasligiga oid har holda bir ma’lumot berdir.
Botuni maktabni bitirib O‘zbekistonga qaytdi deb eshitdim, salom so‘yla!
Abdulhay, Said Ahmad va boshqa bu tuvma o‘rtoqlarga salom.
Adresim:
A.Murodiy
Berlin №30, Geysberg ko‘chasi 39-uy.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



