19.02.2025 | 16:14
399
HUDUD BILMAS DAHOLIK
7-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Unda Navoiy ijodini o‘rganishni yangi bosqichga ko‘tarish ko‘zda tutilgan. Buning uchun uning merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, asarlarini yangi ilmiy qarash, texnologiya, uslub va usullar asosida o‘rganish, shoirni xalqqa va dunyoga tanitishning ham yangi-yangi yo‘l-yo‘riqlarini ishlab chiqishga to‘g‘ri keladi.
Navoiy – butun turkiy dunyodagi eng buyuk qalam sohibi. Ungacha ham, undan keyin ham turkiy tilda bunday ulkan va yuksak darajadagi meros yaratgan shoir yoki adib – boshqa yo‘q. Uning asarlari bizga bugungi maqsadlarimizga mos ravishda g‘oyalar beradi. “Komil inson qanday bo‘lishi kerak?” degan masalani olaylik, “Xamsa”dagi davlatchilik, davlatni boshqarish, davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlar talqinlariga diqqat qilaylik. Hammasidan umumiy tarzda davlatsiz biron-bir xalq baxtli bo‘lolmasligi g‘oyasi kelib chiqadi.
Qarorda yangi-yangi tadqiqotlar yaratish, bu buyuk merosning ochilmagan qirralarini kashf etish, shoir asarlari va ularni o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlarni boshqa tillarga o‘girish, xorijiy mamlakatlar navoiyshunoslari kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qilish vazifalari belgilangan.
Eng muhimi, qarorda ko‘zda tutilgan maqsadlarda shu xatti-harakatlarimiz orqali xalqimizni tobora Navoiyga yaqinlashtirishdek ezgu maqsad mujassam.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlarida shoir hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq holda so‘lim bog‘ va xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi. Navoiy shahrida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navoiy haykali va “Xamsa” dostonlari asosidagi ramziy darvozalar o‘rnatiladi, memorial muzey barpo qilinadi.
Har yili alohida reja asosida Navoiy ijodiga bag‘ishlab ijodiy kechalar, tanlovlar, kitoblar nashri va taqdimoti hamda ilmiy-adabiy anjumanlar o‘tkaziladi, bu tadbirlarga talabalar, yosh ijodkorlar va iqtidorli o‘quvchilarni jalb qilish, ularni munosib rag‘batlantirish orqali “Navoiy viloyati tajribasi” yo‘lga qo‘yiladi.
2025-yil 10–15-oktyabr kunlari Navoiy davlat universitetida “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat ma’naviy va ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
“Navoiy, Navoiy” deymiz-u, bu zot haqida sho‘ro mafkurasi asosida olingan badiiy filmdan tashqari kinomiz yo‘q. Qarorda esa “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksionerlik jamiyatining shoir hayoti hamda ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan badiiy kinofilmni moliyalashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
Qaror ijrosi faqat Navoiy viloyatidagina amalga oshadigan tadbirlardan iborat bo‘lmaydi. Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilinishining ta’sirlari – tebranishlari mamlakatimizning barcha mintaqalarida aks sado beradi.
TABRIK
Mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Navoiy viloyati hokimligi hamda keng jamoatchilikning Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025-yilni “Alisher Navoiy yili” deb nomlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
Qaror ijrosini ta’minlash boshlandi. Navoiy viloyati hokimligi Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2025-yil 8-9-fevral kunlari buyuk bobomiz tavalludining 584 yilligi munosabati bilan mahalliy va xorijiy olimlar, ijodkor ziyolilar, keng jamoatchilik ishtirokida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” an’anaviy xalqaro IV simpoziumini yuqori saviyada o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev simpozium qatnashchilariga tabrik yo‘lladi. Unda bu buyuk zot qoldirgan merosning ahamiyati haqida so‘z yuritilib, jumladan, shunday deyiladi: “Ayniqsa, mutafakkir ajdodimizning turli xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, bashariyatning yorug‘ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan g‘oya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbayi deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi”.
Tashabbus
Mazkur simpoziumda 20 davlatdan olimlar, O‘zbekistonimizning turli mintaqalaridan kelgan tadqiqotchilar ishtirok etdi. Mehmon sifatida mamlakatimizning taniqli adabiyot va san’at ahllari tashrif buyurdi. Tadbirlarda atoqli xonandalar qo‘shiqlar aytdi, shoirlar she’r o‘qidi.
Viloyatning turli shahar va tumanlarida poytaxtdan kelgan taniqli ziyolilar ishtirokida tashkil etilgan navoiyxonlik tadbirlari o‘tkazildi.
Xullas, Navoiy hammani Navoiyga yig‘di. Navoiy viloyati hokimligi tomonidan “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” an’anaviy xalqaro simpoziumini har yili Navoiy shahrida o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi va bu qo‘llab-quvvatlandi.
Shu tariqa har yili 9-fevralda jahon navoiyshunoslari Navoiy shahrida yig‘iladi, bir-biriga o‘ziga xos tarzda hisobot bergan bo‘ladi, o‘zaro fikr almashiladi, yangi-yangi rejalar tuzib olinadi. Shu tariqa Navoiy viloyati navoiyshunoslikning o‘ziga xos brendiga aylanadi.
Turkparvarlik
Turk dunyosida Navoiydan turkparvarroq zot o‘tgani yo‘q. Shuning uchun “Navoiy va turk dunyosi” degan katta bir mavzuni o‘rtaga qo‘yib, tadqiq etish davri keldi. U ko‘p-ko‘p yo‘nalishlar asosida o‘rganishni taqozo etadi.
Navoiy “Qutadg‘u bilig” va “Devonu lug‘otit turk”dan bexabar bo‘lgan. Bilganida bu ikki zotga ta’rif-u tavsiflardan bir buyuk haykal yaratgan bo‘lar edi.
Turkiy til olamini XV asrgacha ham, undan keyin ham, ehtimol, boshqa hech kim Navoiyning o‘zichalik kiftini keltirib ta’riflamagan: “…Olame nazarg‘a keldi, o‘n sekkiz ming olamdin ortuq (!!!), anda zeb-u ziynat va sipehre tab’g‘a ma’lum bo‘ldi, to‘qquz falakdin ortuq, anda fazl-u rif’at, maxzane uchradi, durlari kavokib gavharlaridin raxshandaroq va gulshane yo‘luqti, gullari sipehr axtaridin duraxshandaroq, harimi atrofi el ayog‘i yetmakdin masun va ajnosi g‘aroyibi g‘ayr ilgi tegmakdin ma’mun. …Ammo maxzanining yiloni xunxor va gulshanining tikoni behad-u shumor”. Shunga qaramay, Navoiy shu gulzordan gul terdi. Terganda ham, bu guldastasini na forsiy, na turkiy she’riyat yetgan baland cho‘qqilarga olib chiqdi:
“…Umidim uldur va xayolimg‘a andoq kelurkim, so‘zum martabasi avjdin quyi inmagay va bu tartibim kavkabasi a’lo darajadin o‘zga yerni beganmagay”.
Tilning ham, adabiyotning ham chinakamiga kamol topishi uchun hokimiyat shu til va adabiyotning egasi hisoblangan xalqning o‘z qo‘lida bo‘lishi, bu sohalar taraqqiyotini hammadan burun hukmron siyosat ko‘proq istashi kerak. Bu – Navoiyning fikri. U hukmronlik arablar qo‘lida bo‘lganda arab, forslarga o‘tganda fors va turklarga nasib etganda turk adabiyoti ravnaq topdi. Ammo:
“…Forsiy mazkur bo‘lg‘an shuaro muqobalasida kishi paydo bo‘lmadi, bir Mavlono Lutfiydin o‘zgakim, bir necha matla’lari borkim, tab’ ahli qoshida o‘qusa bo‘lur”. Navoiy shunday darajada bo‘lgan adabiyotni yuksak cho‘qqiga ko‘tardi, buni sezib, Lutfiy bor merosini uning biriga almashlashga arzishini tan oldi.
Qilich bilan qalamni bir ko‘z bilan ko‘rishning aslo iloji yo‘q. Temur bo‘lmaganida Husayn, Husayn bo‘lmaganida Navoiyni hozirgidek yuksaklikda tasavvurga keltirish amrimahol. Navoiy:
Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson,
“Xuroson”, – demakim, Sheroz-u Tabriz, –
Ki qilmishdur nayi kilkim shakarrez,
– deganida, asosan, Temur egallagan hududlarni qalam bilan olganini qayd etgan. Xullas, Navoiyning qalami Temurning qilichi bilan yo‘nilgan bo‘lsa, ne ajab!
Shoirning:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam,
– baytidagi “yakqalam”ning ikkita ma’nosi bor: birinchisi – xalqni bir buyruqqa bo‘ysunadigan qilmoq; ikkinchisi – xalqni bir adabiy til atrofida birlashtirmoq.
Elparvarlik
Dunyoda Navoiychalik elparvar shoir topilmasa kerak. Navoiy turkiy tilda ilgari hech qachon ishlatilmagan yangi qofiya silsilalarini yaratdi. Bu she’riyatda ilgari hech qachon radif bo‘lib kelmagan so‘zlarni radifga olib, g‘azallar bitdi. Ilgari hech qachon ishlatilmagan ko‘p-ko‘p sof turkiy so‘zlarni milliy adabiyotga olib kirdi. Oldin hech qachon qo‘llanmagan ko‘p-ko‘p forsiy va arabiy so‘zlarni milliy til va adabiyot mulkiga aylantirdi. Qofiyada ilgari hech ishlatilmagan ko‘plab turkiy so‘zlarni mahorat bilan forsiy va arabiy kalimalarga ohangdosh qilib istifoda etdi. Shu tariqa u shundoq ham forsiy va arabiy so‘zlar nisbatan ko‘p ishlatib kelingan turkiy tilni yanada sintezlashtirdi, ya’ni undagi forsiy-arabiy qatlamni haddan ziyod kuchaytirdi. Xohlagan forsiy yoki arabiy so‘zni turkiy tilda ham bemalol qo‘llash mumkinligini amalan haddi a’losida isbotladi. Shunday g‘azallari ham borki, unda turkiy va forsiy so‘zlar miqdori teng keladi. Bugun ham tilimiz forsiy-arabiy so‘zlar eng ko‘p ishlatiladigan yagona turkiy til hisoblanadi.
Navoiy fe’l so‘z turkumi jihatidan turkiy til forsiydan boyroq ekanini isbotladi, tilimizning leksik, sinonimik va boshqa ko‘p-ko‘p lisoniy fazilat-u imkoniyatlarini ilman ko‘rsatib berdi.
Milliy mafkura asoschisi
Navoiy – o‘zbek adabiyotidagi eng mafkuraviy qalam sohibi. “Xamsa” qay bir ma’noda siyosatnoma ham. Shoir butun ijodi bilan amalda temuriylar davlatining milliy mafkurasini yaratdi. Temur markazlashgan davlat tuzdi. U hukmronlik turkiylar qo‘lida bo‘lgan bu davlat xalqining mafkurasini yaratib ulgurmadi. Umri ot ustida o‘tdi. “Temur tuzuklari” shu yo‘ldagi bir urinish edi. Navoiy yaratgan milliy mafkuraning esa uch asosi bor.
Birinchisi – Navoiy nimaiki yozgan bo‘lsa, o‘z oldiga: “Komil inson qanday bo‘lishi kerak?” degan masalani qo‘ydi va bunda boshdan oxir islom dini va uning bag‘rida paydo bo‘lib, taraqqiy etgan tasavvuf ta’limotining eng ilg‘or g‘oyalariga tayandi.
Ikkinchisi – Navoiy nimaiki yozgan bo‘lsa, o‘zi mansub bo‘lgan o‘zbek xalqining manfaatlari, baxt-u iqbolini ko‘zlab yozdi.
Uchinchisi – Navoiy nimaiki yozgan bo‘lsa, o‘zi yashayotgan mamlakat, ya’ni temuriylar manfaatlarini himoya qilib yozdi.
Birdamlik
Navoiy shunday buyukki, uning xohlagan asarini bugunning ko‘zi bilan o‘qisangiz, kechagi fikringiz o‘zgaradi.
Kamina 50 yildan beri navoiyshunoslik bilan shug‘ullanib kelaman. Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida ish boshlaganman. Lekin endi Navoiyni har gal o‘qisam, uning yangi-yangi qirralari ochilib kelaveradi. Nima uchun? Chunki biz hali Navoiyni to‘liq o‘rganganimiz yo‘q-da.
Endi davlat siyosati miqyosida Navoiy merosiga munosabat boshlandi. Buyuk shoir bugun O‘zbekistonga sig‘maydi ham. Uning merosiga turkiy xalqlarni birlashtiruvchi buyuk ta’limotni yaratgan zot sifatida qarashimiz kerak.
Endi ilm va ma’rifatni xalqning maqsadi, ehtiyoji, manfaatiga aylantirishimiz kerak. Navoiy shu yerda ham bizga Uchinchi Renessans asoslarini qurish uchun eng katta suyanchiq, buyuk fenomen bo‘lib xizmat qiladi.
Dunyo bizning Navoiyga munosabatimizga havas bilan qarayapti va ma’naviy yuksalishga qaratilgan maqsadlarimizga qo‘shilyapti.
Turnalar uchsa, qaraylik…
Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat…”ida islom olami tarixi uchun muhim burilish bo‘lgan bir qiziq hodisa qalamga olingan.
Avliyo Zunnun Misriy shunday degan ekan: “Uch bor safar qilib, uch ilm keltirdim. Birinchi keltirgan ilmimni xos kishilar ham, omma ham qabul qildi. Ikkinchi ilmimni xoslar qabul qildi, omma qabul qilmadi. Uchinchi ilmimni na xoslar qabul qildi, na omma”.
Bu yerdagi birinchi ilm tavba, ikkinchisi tavakkul, muomala va muhabbat, uchinchisi esa haqiqatni anglatadi. Haqiqat ilmi, ya’ni inson ruhining Allohga yetishini odamlarning aqli qabul qila olmas edi. Lekin hijriy 245-yili Zunnun vafot etganida ko‘p yashil qushlar g‘uj bo‘lib kelib, janoza mahali odamlar ustiga soya solib boradi. Buni ko‘zlari bilan ko‘rgan xalq Zunnunning haqiqat haqidagi gapiga ishonadi. Shu tariqa Xudo avliyo zotlarni do‘st bilishi, ularga karomatlar berishi mumkinligini isbotlaydi.
Avliyolik haq. Qur’oni Karimda avliyolar Alloh taoloning do‘stlari ekani ta’kidlangan oyatlar bor. Ming-ming yashil qushni Xudo do‘stining janozasiga yuborish bilan shu sirining bir chekkasini oshkor qilgan.
…9-fevral. Ertalab. Navoiy shahridagi shoirning muhtasham haykali oldida tadbir bo‘lyapti. Osmonda to‘rtta turna paydo bo‘ldi. Balandda – odamlar boshlari uzra halqa bo‘lib aylanib-aylanib parvoz etdi-da, keyin yana uzoqlarga uchib ketdi.
Turnalar yurtimizdan bir yilda ikki karra uchib o‘tadi. Bahorda janubdagi issiq o‘lkalardan shimoldagi salqin o‘lkalarga, kuzda esa shimoldagi salqin o‘lkalardan janubdagi issiq o‘lkalarga safar qiladi. Ammo hozir bahor ham, kuz ham emas.
Ehtimol, Navoiyning ruhi Bahouddin Naqshband, Abdurahmon Jomiy, Sulton Husayn ruhlari bilan birga turnalar bo‘lib kelib ketgandir…
Balki bu O‘zbekistonimizda yuz berayotgan ma’naviy yuksalish, jumladan, Navoiyga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromdan rizolik alomati hamdir…
Dasturiy ta’limot
Bugun Turkiy davlatlar tashkiloti Yevroosiyoda muhim nufuzga ega bo‘lib boryapti. Bu tashkilot oldida umumiy birlikka erishish, shu orqali rivojlanish, dunyoning madaniyati, adabiyoti, san’ati, ishlab chiqarishi, sanoati va hokazolari taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish vazifasi turibdi. Bu yo‘lda Navoiy merosi bizga juda asqatadi. Chunki boshqa, tarixda turkiy xalqlar birligini ta’minlashda asqatib, mafkuraviy asos sifatida qo‘l keladigan tap-tayyor ta’limot yo‘q. Shu ma’noda uning merosiga turkiy xalqlar birligi g‘oyasini amalga oshirishdagi dasturiy ta’limot sifatida suyanishga to‘la haqlimiz.
Bu fikrimizga hech bir turkiy xalq vakili e’tiroz bildirmasa kerak.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-fevraldagi 7-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



