Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.02.2025 | 16:48

img411

EL SHOD, MAMLAKAT OBOD BO‘LAJAK

Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy shahrida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda dunyoning turli hududlaridan, shuningdek, viloyatlar hamda poytaxtda ijod qilayotgan ko‘plab ziyolilar qatnashdi. Ular orasida men ham bor edim.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro simpozium ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida: “Jahon adabiyoti va tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alisher Navoiyning serqirra ijtimoiy-siyosiy, ijodiy, ilmiy-ma’rifiy faoliyati, boy adabiy-badiiy merosi asrlar davomida yuksak insonparvarlik, vatanga sadoqat, adolat va ezgulik timsoli sifatida hamisha jahon ahli e’tiborini tortib kelmoqda”, degan so‘zlar bor. To‘g‘risi, ikki kun davom etgan xalqaro simpoziumda har bir ishtirokchi Alisher Navoiy xususida o‘zining so‘zlarini aytmoq istadi. Ayta olmaganlar tafakkuri ko‘zini ichkariga-ko‘ngliga yo‘naltirishdi. Bunday vaziyatda chin ma’nodagi yurak so‘zi bunyod bo‘ladi. Zotan, insoniyat ma’naviyati xazinasiga beqiyos hissa qo‘shgan alloma shoir Alisher Navoiy o‘zining bebaho va umrboqiy asarlari bilan jahon ilm va adab ahlining qalbidan chuqur joy olgani haqiqatdir. Hazrat ta’rifida o‘z zamonasidan to hozirgi kunga qadar juda ko‘plab dono fikrlar aytildi va kelgusida aytilajak ham. Hazrat o‘zining ma’rifat va ma’naviyat ko‘shkining darvozasini tinimsiz taqillatayotgan orasta qalbli insonlarga ochadi, xolos. Ilm va ijod ahli Alisher Navoiyning ko‘ngil holatlari va dard-u alamlarini anglamoq niyatida halihamon shu muhtasham koshona ostonasida turibdi. Dunyo ilm va adab ahlining nazari Navoiy siymosiga qaratilganining o‘ziga xos sabablari bor.

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlari hamma zamonlar uchun benihoya baland bir ijodkordir; har vaqt o‘z ijodiy mashg‘uloti bilan band bo‘lgan ijodkor va eng muhimi, bu olamga kelib-ketarini, Yaratganga qulligini butun borlig‘i bilan har soniyada sezib turgan banda ijodkordir. Bunga aslo shubha yo‘q.

Hazrat Navoiy “olam ahli”ni o‘tkinchi manfaatlardan yuksak turishga, ezgulik yo‘lida birdam bo‘lishga chorladi, insoniylikning eng oliy rutbalarini tarannum qildi. Bashariyat oldida bebaho xizmatlar qilgan Alisher Navoiy yugurik vaqt amplitudasini badiiy so‘zning olmos simlari vositasida jilovladi. Ammo bu jilovlangan zamon qiymatini “o‘lchamoq uchun oltindan taroz-u, olmosdan tosh oz” (Gʻafur Gʻulom satri)lik qiladi. Bir lahza ichiga cheksiz zamon zamzamalarini faqatgina Navoiyning qudratli qalami sig‘dira oladi. Bu qalamdan chiqqan so‘z oddiy so‘z emas, balki jahon so‘z san’ati galaktikasini bezab turgan, har bir adabiyot muhibi yuragidan naqqosh Moniy naqshlaridek joy olgan, jonbaxsh tiriklik suvi bilan to‘yingan so‘zdir…

Faqirlik hayot tarzi uchun dastur bo‘lgan hazrat Navoiy o‘z muhriga muhrlagani “Dunyoda g‘aribdek yoki bir yo‘lovchidek bo‘lgin” hikmatiga tugal amal qilib yashadi, tasavvurimizcha. Kamtarlik, xokisorlik, “o‘zini tufroq bilan teng tutish”ga oid o‘gitlariga eng avval shoirning o‘zi amal qildi.

Alisher Navoiy asarlari umrboqiyligining asl sababi, bu alloma behuda, vasvasa, yolg‘on so‘z aytmadi, “so‘z vodiysida daydiganlar”ni xushlamadi, shu zaylda go‘zal asarlari, siyrati va suvrati bilan insoniyatga ta’lim berdi. Ruhiga ta’sir ko‘rsatdi, ma’naviyatini tarbiyaladi.

Dunyoning turli hududlarida yashab ijod qilayotgan navoiyshunoslar xalqaro anjuman minbarida turib shu xususda fikrlar bayon qildi. Fikrlar muhim, xilma-xil, gohida takror, ammo biri ikkinchisini to‘ldiradigan nuqtayi nazarlardir.

Shaxsan men anjumanda Alisher Navoiy hazratlari ijodiga jadid ziyolilarining munosabati xususida bir-ikki og‘iz so‘z aytishim lozim edi. Shu mavzu muhokamasi asnosida jadidlar qaysi jihatga jiddiy e’tibor qaratdi? Nega shoirning hayoti va ijodi targ‘ibi bilan mashg‘ul bo‘lishdi? Nega “Navoiyni sevaylik, Navoiyning otini oltin bilan yozaylik”, deb qayd qilishdi?

O‘z vaqtida jadidlar Alisher Navoiyning rasmini chizdirib, gazeta va jurnallarda e’lon qilishdi ham. Biroq bu suvrat Hazratning ruhiy-ma’naviy siyratiga qanchalar munosib ekani borasida muhokamalar ham o‘tkazishgan edi. Bugun Navoiyning e’tirof etilgan surati ommalashdi. U mashhur, uni hamma biladi.

Jadidlar o‘z vaqtida Alisher Navoiyni ta’lim dargohlarida tanishtirishga diqqat qaratishdi. Alloma shoirning tarixiy xizmatlariga ularning bergan baholari, ta’rif va tavsiflar ham o‘ziga xos betakror. Ismoil Gʻaspirali Navoiy to‘g‘risida “…turk olamining eng buyuk bir shoiri, eng buyuk bir adibi”, “turk tiliga jon bermish zoti oliy” deb yozdi. Uning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Qirq hadis” asarlarini ommalashtirdi. Abdurauf Fitrat shoir asarlari, xususan, “Devoni Foniy” haqida maxsus maqolalar yozdi. Abdulhamid Cho‘lpon esa: “Navoiy birgina o‘zbek qavmi adabiyotida emas, umumturk xalqi adabiyotida ham o‘ziga yarasha joy olg‘on”, deya qayd etdi. Haqiqatan, umumturkiy adabiyot namoyandalari orasida Alisher Navoiy siymosi yuksak bir cho‘qqi bo‘lib ko‘zga yaqqol tashlanadi. Shu e’tibordan shoir o‘tmish emas, u – bugun va kelajak. Alisherbekka yetmoq mahol. Ul hazratga yetmoq uchun bizda zaxira-ozuqa oz, yo‘l esa olisdan olis. Darvoqe, Hazratning o‘zlari o‘z ijodining qiymatini, bebaholigini, cho‘qqi ekanini qalban sezaroq Nizomiy tilidan bunday yozgan edi:

“Sipehr aylab el ichra nodir seni,
Jahon nazmi tavrida qodir seni.
Gʻazal tavrida chunki qilding xirom,
So‘z ahlig‘a so‘z derni qilding harom…”

Butun navoiyshunoslar Hazratning o‘zlari urg‘u berib aytgan ana shu adabiy-estetik tezis tegrasida andarmondir. XX asrning 20-yillarida taniqli turk olimi Ismoil Hikmat: “Jild-jild she’rlar yozgan bu buyuk turk shoirining qudratini, san’atini, tilini tadqiq etmak, tekshirmak bir vazifa ham bir sharafdir”, degan fikrni yozadi. Alisher Navoiyni o‘qiganlar, uqqanlar bir necha asrdan buyon shu sharafli vazifa ijrosi bilan mashg‘uldir.

Chunki odamlar dardiga malham bo‘lish, yuksak xulq-adab, ezgulik, iymon, hayo bilan yashash Alisher Navoiy lirik va epik qahramonlarining hayot tarzi bu; birovga nasihati ham shu.

“Hayovu adab birla tuzgil maosh,
Yana ayla ta’zim-u hurmatni fosh,
Ne el yori bo‘lsang alar rangi bo‘l,
Nechuk bor esang, tutqil ul sori yo‘l”.

Alisherbek ana shunday oromso‘z, dilso‘z javohirlar xazinasining egasidir. Bu xazina, shoir ta’kidlaganidek: “Bir dam ajdahodin xoli ermas maxzan”dir. Hayotda uning ko‘ngliga ba’zan tajovuz qiladigan johil kimsalar uchrashi ham tabiiy. Shunday vasvasali jarayonda o‘zlikni, ma’naviyatni, fardoniyatni, shaxsiyatni asrab qolish daho Navoiyga nasib qildi.

Aslida Alisher Navoiy bundan salkam olti asr muqaddam insonning ko‘ngil olamiga qarab, o‘zlik sari yo‘lga chiqqan buyuk jahongashta sayyohdir. U ko‘ngillarni ziyorat qiladi. Alisher Navoiy fikricha, insonning ruhiy kamoloti, o‘z nafsini yenga olishi, o‘zlikni chuqur anglashi oqibatida “el shod, mamlakat obod” bo‘ladi. Bu dasturiy haqiqatni hamisha esda tutmog‘imiz lozim.

Bugun jahon ahli ulug‘ shoirga yuzlanib turibdi. Respublika Prezidentining xalqaro simpozium ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida: “Alisher Navoiyning bebaho ijodiy merosi haqli ravishda jahon adabiyoti daholarining buyuk asarlari bilan bir qatorda turishi bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi”, degan e’tirofi bor. Xalqaro anjuman ahli ayni fikrni o‘z ma’ruzalari bilan tasdiqlashdi.

Bahodir KARIM,
professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-fevraldagi 7-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604