Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.11.2024 | 12:18

img889

RUHLAR SHOD BO‘LSIN

Kamina sakson yosh arafasida ham jadid bobolarimiz haqidagi ma’lumotlarni o‘qishdan charchamayman. Xususan, “Jadid” haftaligidagi har bir maqolani sinchiklab mutolaa qilaman. Ularda ma’rifatparvar ajdodlarimiz yaratgan ma’naviy xazina va uning ahamiyati haqida bir-biridan go‘zal materiallar berilmoqda. Zero, davlatimiz rahbarining bunday el fidoyilari hayotini o‘rganish va undan ibrat olishga undash bo‘yicha chorlovi ijtimoiy hayotda juda katta voqea bo‘ldi, deb o‘ylayman. Negaki, jadidlar qoldirgan merosning qadr-qimmati, eng avvalo, uning bugungi kunda ham ko‘pchilikka ibrat bo‘la olishidadir.

Men bobom Saidrizo Alizoda hayoti va faoliyati bilan bog‘liq materiallarni, qo‘lyozmalarni o‘rganish jarayonida shu narsaga ishonch hosil qildimki, jadidlar elning chinakam, haqiqiy farzandlari bo‘lishgan. Ular millat manfaati yo‘lida jonini ham fido qilishga tayyor turishgan. Dunyoviy ilmlarni mukammal egallaganliklari uchun millatni faqat ilmgina taraqqiyotga olib chiqishiga qat’iy ishonganlar. Bu yo‘lda mehnat, vaqt va mablag‘larini ayashmagan, ma’rifat uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini bajarishgan. Lekin biror holda, biror joyda mehnat va xizmatlarini minnat qilishmagan. Shuning uchun ham bobomning faoliyati bilan bog‘liq har bir yangi hujjatni topganimda uni ko‘zlarimga surtaman, bag‘rimga bosaman.

Millat fidoyilari uchun xalqning yaxshi-yomoni, mahram-u nomahrami, tanish-u begonasi bo‘lmaydi. Ular ochgan maktablarda ziyo istagan har bir bola ta’lim olgan. Ular chiqargan gazetalarni butun omma o‘qigan. Negaki, ular xalqqa ma’rifat nima, ilm nima, erkinlik nima ekanligini o‘z hayotlari orqali ham isbotlab berishgan.

Saidrizo Alizoda “Zarafshon” gazetasida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat, Cho‘lpon, Hoji Muin bilan baqamti ishlash jarayonida “Shu’layi inqilob” haftanomasini ham chiqaradi. Fors tilida chop etilgan bu jurnalning 98 ta soni o‘quvchilarga yetib borgan. Bobom fors tilida so‘zlashuvchi aholiga, shuningdek, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Pokistondagi ma’rifatparvarlarga Turkiston ozodligining mohiyati, ilmning qadri, birlashmoqning hikmati haqida juda go‘zal maqolalar yozgan va bu maqolalar hozirgi kunda ham mahalliy hamda xorijlik tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilmoqda. Bu maqolalardagi g‘oyalar o‘sha davrdagi inqilobiy kurashning shioriga aylangan. Xususan, “Muallim ila muharrir millatning ikki qo‘lidir” degan iborasi naqlga aylanib ketgan.

Shukrki, bobomizning, umuman, jadidlarning faoliyatiga munosib baho berildi, endilikda ularning ma’naviy boyligi har tomonlama o‘rganilmoqda. Bu haqda ilmiy tadqiqotlar boshlanib ketdi. Bobomizning ham 115, 130, 135 yilliklari davlatimiz rahbarining bevosita yordami bilan munosib nishonlandi. Ushbu meros mohiyati, uni o‘rganish yuzasidan ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi.

O‘tgan yillar davomida kamina Eron, Pokiston va Ozarbayjondagi kutubxonalarda bo‘lib, jadidlar faoliyatiga, ayniqsa, bobomning ishlariga oid juda ko‘plab hujjatlardan nusxa olib qaytdim. Shu uchun ham bugungi kunda u kishining tabarruk nomi bilan ataluvchi ko‘chada joylashgan uy-muzeyda eksponatlarimiz soni besh mingdan oshdi. Ular orasida Saidrizo Alizodaning nafaqat ijodkorlar, jurnalistlar, balki siyosat arboblari bilan yozishmalaridan ham nusxa olingan. Talabalar, yoshlar, keksalar bu yerga tashrif buyurib, eksponatlarni tomosha qilishadi, har gal ularga fidoyi bobomning ibratli fazilatlaridan gapirib beraman.

Jadidlar juda murakkab jarayonda faoliyat ko‘rsatishgan. Bir tomonda xalqning savodsizligi, rus imperiyasi siyosatiga qullik kayfiyati, ikkinchi tomondan atrofdagi kuchli davlatlarning manfaatli targ‘ibotlari, ularga har bir harakatda jasoratli, hushyor bo‘lishni taqozo etgan. Eng og‘ir damlarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashgan. Chor Rossiyasi, undan keyin sovet imperiyasi ularni doimo bir-biridan uzoq, bexabar saqlashga uringan. Har bir harakatini kuzatib yurgan. Shu tufayli ko‘pchiligi qatag‘on qurbonlariga aylanishgan.

Saidrizo Alizoda turmaga solingandan keyin ham unga ayb qo‘ya olishmagan. Aslida u xorij xavfsizlik tashkilotlari o‘rtasidagi kurashning qurboni bo‘lgan. Hatto u oqlangandan keyin ham Ikkinchi jahon urushi davom etayotganligi sababli aynan KGB tavsiyasiga ko‘ra erkinlikka chiqarilmagan va Vladimir shahrida vafot etgan.

Kamina mashaqqat bo‘lsa-da, bobomning ana shu turmadagi faoliyatini o‘rgandim, u kishiga tegishli bo‘lgan juda ko‘p qo‘lyozma va hujjatlarning, tergov so‘rovlarining nusxalarini olib kelishga muvaffaq bo‘ldim. Qabrining tuprog‘idan ham olib kelib, bu xokni qo‘yib, Samarqanddagi Panjon qabristonida yodgorlik o‘rnatdik.

Shu o‘rinda bobomning jo‘shqin hayotini muhabbat bilan o‘rgangan marhum olimlar Najmiddin Komilov, Begali Qosimov, Saydi Umirov xizmatlari oldida ta’zimdaman va bugungi kunda ham bu merosni diqqat bilan tadqiq etayotgan professor Halim Saidov, faol olim Bahrom Irzayevga minnatdorlik bildiraman.

Jadidlar juda katta meros qoldirishdi. Biz uchun muhimi shundaki, ushbu meros hozirgi kunda jamiyatimizga nihoyatda kerak bo‘lgan ajoyib xislatlarni targ‘ib etadi. Zero, bu ma’rifatparvarlar ishlarini davom ettirish, ularday fazilatlarga ega bo‘lish bugun har birimizning muqaddas burchimiz, deb bilaman.

Farhod ALIZODA,
Saidrizo Alizoda uy-muzeyi rahbari

“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600