Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.02.2025 | 19:34

img254

JASORATLI G‘OYALAR MINBARIGA AYLANSIN

Bundan bir yil oldin muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Jadid” deb nomlangan yangi gazeta tashkil etish tashabbusining ilgari surilishi yurtimiz madaniy, adabiy hayotida muhim voqea bo‘ldi. Nazarimda, o‘shanda bir paytlar ufqlarga botib ketgan jadidlar quyoshi qaytadan bosh ko‘targandek tuyuldi. Shundan so‘ng dunyoga kelgan mazkur gazeta dadil qadamlari bilan qisqa fursatlarda milliy matbuotimizda o‘zining o‘rni va nufuzini egalladi.

Men tahririyat tomonidan chop etilgan “Tilda, fikrda, ishda birlik!” to‘plamini ko‘rib juda quvondim. Bir kechada deyarli uxlamasdan uni o‘qib chiqdim. Varaqlay boshlasangiz, har bir maqolada, har bir she’rda aks etgan jadidlar hayotiga daxldor fojiali, ayni vaqtda shonli tarixiy hodisalarning ta’siriga tushasiz. Beixtiyor sizning ham jadid bo‘lgingiz keladi. Jadidlardek fikrlagingiz, jadidcha falsafa, jadidcha g‘oyalarni mamlakatimiz hayotida qaror toptirgingiz keladi.

Tafakkur qilsangiz, bizdan oldin yashagan Abdulla Qahhor, Oybek, Gʻafur Gʻulom va Asqad Muxtorlar, Izzat Sulton, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf kabi ijodkorlar ham haqiqiy ma’noda jadidlik harakatini davom ettirganini, ana shunday fidoyi adib va olimlarning sa’y-harakatlari tufayli ma’rifatparvar bobolarimizning barcha g‘oyalari  mustabid sovet tuzumining qobiqlarini yorib o‘tib, bugungi kunlarimizgacha yetib kelganini his qilasiz va bu tarixiy fenomen haqida chuqur o‘ylarga tolasiz.

Men ushbu to‘plamga “Jadidnoma” degan nom har tomonlama munosib ekan, degan xayolga bordim. Kelgusida kitobning navbatdagi nashrlari ana shu umumiy nom ostida chop ettirilsa, ayni muddao bo‘ladi. Ana shunda jadidlarning hayot va kurash yo‘llari, harakatlari, qanday g‘oyalarni ilgari surganlari va nimalar bilan dunyo maydoniga chiqqanlari doimo ko‘zga tashlanib, odamlarning yuragiga yorug‘lik solib turadi. 

Bu kitobni o‘qigandan so‘ng chiqargan yana bir xulosam shu bo‘ldiki, keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda ilm-fan sohalari shitob bilan taraqqiy etib, ularning har bir yurtdoshimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati nihoyatda kengayib, teranlashib borayotgan ekan. Xususan, qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning to‘plamdagi maqola va suhbatlari bilan tanishganda bunga yanada chuqur ishonch hosil qildim. Bunday chiqishlarda gen muhandisligi va sun’iy intellekt sohasidan tortib, yangi paydo bo‘layotgan zamonaviy texnologiyalarning hayotimizdagi ahamiyatini ochib berish bilan bir qatorda, ularning ertaga amaliy hayotimizda, ma’naviyatimizda qanday o‘ringa ega bo‘lishi kerakligi haqida ham qimmatli fikrlar ilgari surilgan. Bunday maqolalarni muntazam nashr qilib, yurtdoshlarimizga kengroq yetkazish kerak, degan to‘xtamga keldim.

Men, shuningdek, akademik Shavkat Ayupovning maqolalarini ham doim qiziqish bilan o‘qib boraman. Ushbu to‘plamda ham, “Jadid” gazetasi sahifalarida ham taniqli olimning O‘zbekistonda matematika, fizika va boshqa aniq fanlar sohalarini rivojlantirish, bu yo‘nalishlarda iqtidorli yoshlarni tarbiyalash masalalariga bag‘ishlangan muhim chiqishlari o‘rin olgani ayni muddaodir.  Shu bilan birga, atoqli astronom olim Shuhrat Egamberdiyevning yurtimizda koinot ilmlarini rivojlantirish borasidagi fikrlari va amaliy harakatlari bilan tanishish ham g‘oyat maroqlidir.

Bunday jonkuyar olimlarimiz timsolida men O‘zbekistonning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ilm-fanning barcha sohalarida olamshumul yangiliklar yaratish uchun qayg‘urayotgan, yurtimizning taraqqiyot bobida Germaniyadan, Angliyadan, Fransiyadan ortda qolmasligini maqsad qilayotgan va shu yo‘lda tinimsiz intilayotgan fidoyi insonlarni ko‘raman. Bunday zahmatkash ilm ahllarining safi yanada kengayishini orzu qilaman.

Hayotning bir achchiq haqiqatidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Gap shundaki, hammamiz ham ko‘p yaxshi narsalarni orzu qilamiz, biroq unga erishish yo‘lida astoydil zahmat chekishni istamaymiz. Botirlikni yaxshi ko‘ramiz, lekin bu ishga yonimizdagi odamlar qo‘l urishini xohlaymiz. Alpomishning bahodirligidan  zavqlanamiz, biroq o‘zimiz bu yo‘lda jon koyitishga bo‘ynimiz yor bermaydi. Holbuki, hozir el-yurt, Vatan manfaatlari, yorug‘ kelajagimiz uchun ilm-fan, ta’lim, adabiyot va san’at, tadbirkorlik va umuman, barcha-barcha sohalarda jasorat va mardlik ko‘rsatadigan paytdir. Avvalo, ziyolilarimiz jasoratli g‘oyalar, jasoratli qarashlarni ilgari surib, ularga o‘zlari amal qilgan holda, odamlarni, yoshlarni ergashtira olishi kerak.

Keyingi vaqtlarda jamiyatimizda kitob mutolaasini kuchaytirish borasida juda katta ishlar olib borilyapti va bu jarayon kelgusida ham uzluksiz davom etishiga ishonchim komil. Nazarimda, endilikda bu borada ham yangi pog‘onaga ko‘tariladigan payt keldi. Ya’ni, shu kungacha biz o‘zimizni, bir-birimizni, shogirdlarimizni, yosh avlodni asosan kitob o‘qishga da’vat etib keldik. Bundan buyon yoshlarni o‘qilgan kitob ustida fikrlash, ularning zamiriga singdirilgan ezgu g‘oya va tushunchalar mohiyatini chuqurroq anglab yetishga chorlashimiz lozim.  

Mana, “Jadid” gazetasi har haftada bizga sakkiz sahifasini ochib turibdi. “Ma’rifat” gazetasi katta-katta sahifalarini taqdim qilyapti. Lekin ularda kitob haqida fikr kam. To‘g‘ri, hozir ko‘pchilik kitob o‘qiyapti, biroq ularning ana shu o‘qigan asarlari haqida tafakkur yuritishi udum darajasiga, an’ana darajasiga ko‘tarilgani yo‘q. Kitobxonlik targ‘ibotiga qaratilgan ishlarni kitob haqida fikrlash, kitob falsafasi, mutolaa madaniyati bilan chambarchas bog‘liq tarzda olib borish va yoshlarga shuni uqtirish kerak. Kitob o‘qilsa-yu, u haqda fikr yuritilmasa, murod hosil bo‘ladimi? 

Bugun ustozlardan yangi fikr, yangi ibrat, yangi o‘rnak olamanmi, degan umid bilan atrofiga nazar solayotgan tiyrak yoshlarga chin ma’noda o‘rgatadigan, ularni o‘z ortidan ergashtiradigan fidoyi ustozlarga ehtiyoj katta. Ya’ni, kitob o‘qib, u haqda chuqur fikr yuritish ko‘nikamasiga ega bo‘lgan, ta’bir joiz bo‘lsa, kitobni o‘zining yostiqdoshiga, ma’naviy hamrohiga aylantirgan odamlar zarur.

“Jadid” gazetasining har bir sahifasidagi maqolalar yoshlarning ongi va fikrini o‘stirishga, ularning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilishi kerak. Vaqtida jadid bobolarimiz odamlarning ko‘z o‘ngida ozodlik, erkinlik, ma’rifat kabi o‘lmas g‘oyalarni shakllantirish va ularni katta-yu kichikning qalbiga olib kirish orqali xalqimizni chinakam ma’rifatli xalqqa aylantirish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan edilar. Men yuqorida tilga olgan atoqli adib va olimlardan tashqari, ayni paytda qizg‘in ijod qilayotgan Erkin A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Usmon Azim, Xayriddin Sulton, Sirojiddin Sayyid, Isajon Sulton kabi juda ko‘plab yozuvchi va shoirlarimiz yuksak ma’rifiy ruhdagi go‘zal asarlari orqali yangidan yangi g‘oyalarni, fikrlarni o‘rtaga qo‘ymoqda. Bugungi matbuotimiz mana shunday asarlarni ommalashtirishga alohida ahamiyat qaratsa, maqsadimizga tezroq yetamiz, deb o‘ylayman.

Prezidentimizning olijanob tashabbusi bilan dunyoga kelgan “Jadid” gazetasi tahririyati jamoasi bugun zimmasiga qo‘yilayotgan vazifalarning ahamiyati va zalvorini teran his qilishi va shunga munosib bo‘lish uchun doimo izlanishda bo‘lishiga ishonchim komil.

Yana bir gapim shundan iboratki, bu gazetaga xalqimiz umid va ishonch bilan qaray boshladi. Mana shu umid va ishonchni yo‘qotib qo‘ymaslik kerak. Buning uchun gazetaning mazmun-mundarijasini zamon bilan hamnafas bo‘lib, muntazam yangilab, kengaytirib borish talab etiladi.

Hozirgi kunda haqiqiy ma’noda yadroviy quvvatga ega bo‘lgan go‘zal badiiy asarlar yaratadigan,  har bir yozuvchi o‘z oldiga shu kabi yuksak vazifalar qo‘yadigan vaqt keldi. Sevimli gazetamiz mana shunday xayrli jarayonlarning ham boshida turadi, degan umidimiz bor. Shu yo‘lda tahririyat jamoasiga muvaffaqiyat tilayman. 

Ibrohim GʻAFUROV,
O‘zbekiston Qahramoni

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605