25.02.2025 | 12:20
563
“MARD YIGIT EDI… JUVONMARG KETDI”
Yurt osmonidan tuman arimagan bir palla. Bu tuman – zulm va johillik soyasi, bu tuman – ma’rifat nurlarini o‘chirishga urinayotgan mustabidlarning sharpasi edi. Ana shunday og‘ir zamonda ham o‘z a’moliga sodiq ajdodlarimiz bor ediki, ular yashab o‘tgan mash’um yillar va yo‘llar to‘g‘risida so‘z ochsak, bugungi yoshlarga cho‘pchakdek tuyular balkim. Biroq hali o‘ttiz-qirq orasi orzulari ortidan umri tahlikalarda kechgan murakkab taqdirlardan navbatdagisi haqida hikoya qilamiz.

Usmonxo‘ja Eshonxo‘jayev. Bolalik chog‘idan ilmga tashna yana bir qismat; xalqni savodli, ongli qilish, millatni zulmatdan olib chiqish maqsadi bilan bedorlangan yana bir jadid; ma’rifat yo‘lida o‘zini baxsh etgan yana bir fidoyi, yana bir qurbon…
Usmonxon 1899-yil 14-oktyabrda Andijonda tavallud topgan, istiqlol uchun shonli va qonli kurash yo‘lini bosib o‘tgan. Andijon, Toshkent, Samarqand, Moskva, Shimoliy Kavkazda rahbarlik lavozimlarida ishlagan, o‘zbek milliy matbuoti asoschilaridan biri. Qahramonimiz shaxsini yanayam yaqinroq tanitadigan bo‘lsak, u 1918-yil 21-iyunda “Ishtirokiyun” nomi bilan tashkil topgan va uzoq yillar davomida turli nomlar bilan chop etilgan “O‘zbekiston ovozi” gazetasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishida ulkan hissa qo‘shgan milliy matbuotimiz darg‘alaridan sanaladi.
U Moskvadan turib Toshkentga, O‘rta Osiyo byurosi raisi I.A.Zelenskiyga yo‘llagan xatlarida, o‘tkir publitsistik maqolalarida, anjuman, qurultoylardagi nutqlarida istiqlol ruhidagi fikr-g‘oyalarni baralla ayta olgan. Mustabid sovet tuzumi haybarakallachilari uning istiqlol yo‘lidagi ibratli kurashini tan olganlar.
Usmonxon avvaliga eski usul maktabida, so‘ngra rus-tuzem maktabida tahsil olgan. O‘sha kezlardayoq u eski maktabning qoloqligini his etgan, dunyodagi taraqqiyot shamoli hali u yashayotgan makonga yetib kelmaganini anglab yetgan. 1914–1917-yillarda Andijondagi yashirin “Ittihodi va taraqqiy” tashkilotining faol a’zosi, keyinchalik “Milliy ittihod” tashkilotida faoliyat ko‘rsatgan. Andijondagi progimnaziyada dars bergan. “Туркестанское слово”, keyin “Туркестанский голос” gazetalarida ishlagan. “Maorif havaskorlari” jamiyatini ochlarga yordam beruvchi “Qizil yarim oy” jamiyatining hududiy bo‘limini tashkil etgan.
1920-yili Moskvada Kommunistik universitetda, 1925–1930-yillarda esa Qizil professorlar institutida o‘qib, falsafa bo‘limini tamomlagan.
Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi hay’at a’zosi, davlat ilmiy kengashi raisi, Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi matbuot sektori mudiri, tashviqot va targ‘ibot bo‘limi mudirining o‘rinbosari va bo‘lim mudiri lavozimlarida ishlagan.
U bir qator matbuot nashrlarida – “Turkiston”, “Qizil bayroq” gazetalari hamda “Inqilob”, “Bilim o‘chog‘i” jurnallarida muharrirlik qilgan. Qahramonimiz aynan bosma nashrlar orqali xalqni uyg‘otishga bel bog‘ladi. Usmonxon yozgan maqolalarida johillikni qoralar, xalqni mudom ilm-ma’rifatga chorlardi. Tabiiyki, bunday fikrlar hukmron tuzumdagilarga yoqmas, uning har bir maqolasi ortidan kuzatuvchilar paydo bo‘lar, sirli tahdidlar uyushtirilardi. Biroq tahdidlar uni zinhor cho‘chitmas, ortga chekintirmas, qaytanga kuch berar, o‘z maqsadi yo‘lida yanada qat’iy harakat qilishga undardi.
Turkiston Kompartiyasi organi – “Qizil bayroq” gazetasi 1922-yil sentyabrida “Turkiston” deb qayta nomlangach, shunga bag‘ishlab gazeta muharriri Usmonxon Eshonxo‘jayev maqola e’lon qiladi. 23 yoshli o‘zbek yigit maqolada shunday yozgan edi: “Turkiston buyuk ijtimoiy o‘zgarishlardan so‘nggina ozodlikka chiqadi, ammo bu ozodlik faqat nomigaginadir, bizning inqilob – bu faqat formadir, to‘la ma’nodagi ozodlikni biz hozir ham ko‘rmayapmiz”. Shu haqqoniy fikr oradan 8 yil o‘tib, 1930-yil iyunida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kommunistik (bolsheviklar) partiyasi V qurultoyi minbarida turib ayovsiz tanqid qilingan.
Usmonxon Eshonxo‘jayev 1926-yili O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mining rasmiy yig‘ilishida yer-suv islohotini shunchaki texnik tadbir deya xarakterlab, bu bilan u yer-suv islohotining sotsial mohiyatini va proletariatning qishloqdagi kapitalistik unsurlar bilan sinfiy kurashini inkor etadi.
Usmonxon Eshonxo‘jayev va uning yaqin do‘sti Inoyat Shomuhamedov o‘sha yillarda “…Dehqonlar sovetlarning kuchli iqtisodiy ekspluatatsiyasi ostida yashamoqda, qilayotgan mehnati uchun to‘la taqdirlanmayapti, o‘z mahsulotini davlatga haqiqiy bahosidan juda ham arzon narxda bermoqda, buning natijasida dehqonlar doimiy ravishda muhtojlikda va ochliqda qolmoqda”, deb bir necha marta aytgan.
Taniqli jadid, “Milliy istiqlol”ning faol a’zolaridan biri Salimxon Tillaxonov 1930-yil 12-apreldagi tergovda “Katta tashkilot”, “Milliy istiqlol”, “Turk odami markaziyati”, “Mussovdep”, “Ittihodi va taraqqiy” tashkilotlari haqidagi ma’lumotida “Turk odami markaziyati”ning 78 a’zosi qatorida Usmonxon Eshonxo‘jayevni ham qayd etgan. “Nashri maorif” tashkiloti 1923-yildan 1926-yilgacha “Gap” shaklida faoliyat ko‘rsatgani, uning a’zolari orasida Munavvar qori Abdurashidxonov, Saidnosir Mirjalilov, Tolibjon Musaboyev, Mannon Ramziy, Cho‘lpon, Muhitdin Usmonov, Majid Qodiriy, Hamidulla Gʻaribxonov, Abdulla Xo‘jayev, Usmonxon Eshonxo‘jayev, Gʻanixon Hamidxonov, Shokirjon Rahimiy va boshqalar borligini aytgan. “Nashri maorif” markaziy qo‘mitasi 7 a’zosidan biri Usmonxon Eshonxo‘jayev bo‘lgan.
1937-yil 10-avgustda tergovchi buyuk shoir, tolmas kurashchi Cho‘lpondan ham Usmonxon Eshonxo‘jayev to‘g‘risida ko‘rsatma olishga urinadi. Holbuki, shoirning o‘zi-da o‘sha payti hibsda edi. Ana shu chorasiz vaziyatdan foydalanib qolishga uringan tergovchilar shoirdan unga maslakdosh, birga xizmatda bo‘lganlar haqida tuhmatona ko‘rsatmalar berishni talab qilgan. Cho‘lpon esa hamshahri, maslakdoshi, do‘sti (gazeta va jurnallarda u bilan birga ishlagan, Andijondagi taraqqiyparvarlar tashkilotida ham birga bo‘lgan) Usmonxon haqida vijdon amriga qarshi bormay, zinhor tuhmatona fikr bildirmagan. Shunchaki o‘sha vaqtda qatag‘on mashinasi allaqachon “fosh” etgan masalalardan tashqariga chiqmay, aytsa-aytmasa farqi yo‘q, arzimas ma’lumotlarni keltirib o‘tgan. Deylik, “Milliy ittihod” tashkiloti o‘z yig‘ilishlarini “gap”ga to‘planish ko‘rinishida o‘tkazib turgani, bu yig‘ilishlarda tashkilotning taniqli rahbari, xususan, Munavvar qori Abdurashidxonov, Obidc Mahmudov, Abdulhay Tojiyev, Usmonxon Eshonxo‘jayev ishtirok etgani haqida ko‘rsatma bergan. Yoki Usmonxon tashkil etgan va muharrirlik qilgan “Inqilob” nomli o‘zbek tilidagi jurnalda o‘zining, Gʻozi Yunusov, Fitrat va boshqa taniqli aksilinqilobchilar, panturkchilarning asarlari doimiy bosilib turgani to‘g‘risida aytadi (Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati arxivida saqlanayotgan Usmonxon Eshonxo‘jayevning shaxsiy ishidan).
…1937-yil Qozon shahrida istiqomat qilib turgan Usmonxon Eshonxo‘jayev qamoqqa olinadi va Toshkentga keltiriladi. Bu yurt o‘g‘lonining boshiga ham boshqa vatanparvar millatdoshlarining kuni tushadi. U hali Qozondalik chog‘ida qamoqqa olinmasdanoq Toshkent turmasidagi mahbuslardan so‘roq yo‘li bilan uning “jinoyati”ni tasdiqlovchi guvohlar ko‘rsatmalari tayyorlab qo‘yilgan edi.
1937-yil 1-noyabrda Usmonxon Eshonxo‘jayev Toshkentda birinchi bor tergov qilinib, oradan bir yarim oycha vaqt o‘tib (1937-yil 16-dekabrda) uning ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tayyorlanadi. Unda Usmonxon Eshonxo‘jayev Moskva o‘quv yurtlaridagi o‘zbek talabalari, o‘quvchilar orasida sovetlarga qarshi millatchi tashkilot tuzib, uni boshqargani qayd etiladi. Bu tashkilot o‘z oldiga yosh millatchi, aksilinqilobchi xodimlar tayyorlash vazifasini qo‘yganlikda ayblangan.
1938-yil 4-oktyabr. Ko‘plab milliy xodimlarimiz, ziyolilarimiz kabi Usmonxon Eshonxo‘jayev ham qatag‘on qilichidan o‘tkazildi. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasi hay’ati qarori bilan O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan taniqli davlat, hukumat, jamoat tashkilotlarida, el-u yurt, vatan taraqqiyoti taqdiri yo‘lida jon kuydirgan 52 nafar shaxs otuvga hukm qilindi. Ular orasida endigina 39 yoshga to‘lgan Usmonxon ham bor edi. Hukm o‘sha kuni kechqurun ijro etildi.
Haqiqat yo‘lidagi kurash hech qachon yengil bo‘lmagan, unga bel bog‘laganlar zinhor unutilmagan. Garchi sovet hukumati Usmonxon Eshonxo‘jayev nomini tilga olishni taqiqlab, uning qarindosh-urug‘ini, yaqinlarini mudom tahlikada tutgan bo‘lsa-da, lekin norasmiy davralarda, to‘y-to‘ychiqlarda u millat qahramoni sifatida eslanar, odamlar “halol, millatparvar, mard yigit edi, ha, esiz, juvonmarg ketdi”, deb nadomat bilan bosh chayqab qo‘yishardi…
Ha, qalbi va ongi, butun vujudi, aql-u zakosini millat manfaatiga tikkan insonlar nomi yurakdan o‘chmas va unutilmasdir. Hozir Andijonda viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi taniqli jadid, siyosiy arbob Usmonxon Eshonxo‘jayev nomi bilan ataladi. O‘zbek xalqi o‘zining Usmonxon Eshonxo‘jayev kabi ziyoli, ma’rifatparvar, millatparvar farzandlari bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-fevraldagi 7-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
99
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



