Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 12:54

img557

TURKIY ELIM, SEN AZALDAN BUYUK ELDURSAN

QARASHLARGA

Shirin jonim fido bo‘lsin o‘shal bo‘ylab qarashlarga,

Gahi yayrab, gahi o‘ynab, gahi so‘ylab qarashlarga.

Bu ne rohat deya qalbim nishon o‘lmoqqa hozirdur,

Otish-chun shay bo‘lib qoshlar o‘qin joylab qarashlarga.

Qoshing ostidagi ayyor nishonga oldilar nogoh,

Meningdek notavon shoddir, o‘qin saylab qarashlarga.

Raqiblar sezsalar, jonon, kuyib kul bo‘lgusi shul dam,

Alardin ajratib bizni, suyib, siylab qarashlarga.

Tig‘ing yetganda ko‘ksimga, ki ko‘zlar to‘qnashib qolg‘ay,

Nishonga tegdimi, yo‘qmi, deya o‘ylab qarashlarga.

Muruvvat qilmasang qalbim yarosi bitmag‘ay endi,

Dilim mushtoq, borurman deb imo aylab qarashlarga.

Kel, endi bir visolingga yetay, dilxasta oshiqman,

Sababdursan dili yig‘lab, tili kuylab qarashlarga.

Tun-u kun oy, quyosh yanglig‘ ko‘zim ustida bo‘l, jonim,

Sabab bo‘lma oy-u yillab yo‘ling poylab qarashlarga.

SOHIBQIRON

Turkiy elim, sen azaldan buyuk eldursan,

Chunki senda qismati bor Sohibqironning.

Mehmonnavoz, qo‘li ochiq, ochiq dildursan,

Chunki senda himmati bor Sohibqironning,

Senda buyuk xislati bor Sohibqironning.

Amir Temur tug‘ilgan el turkiy barlosdur,

Eron yo Rum, Xitoy, Hinddan butkul xalosdur,

O‘zbek, qirg‘iz, qozoq, tojik, balki xakosdur,

Uyg‘ur, totor, chuvosh, turkman turkiyga xosdur,

To‘qson ikki elati bor Sohibqironning.

Allohga qul, Muhammadni rasul bilgan el,

Amir Temur davlatida toshib to‘lgan el,

Temur o‘tgach har tarafga tarqab ketgan el,

Butun kelib o‘zligini anglab yetgan el,

O‘zbek degan millati bor Sohibqironning.

Temur o‘tgach saltanatni buzdilar uzoq,

Turkiylarning ko‘ksida bu alamli bir dog‘,

Lekin Temur saltanatin poydevori sog‘.

Dilni poklab, poydevorga g‘isht qo‘ying oppoq,

Shunday buyuk davlati bor Sohibqironning.

Minoralar Temuriylar savlatidandur,

Madrasalar pok iymonning sarhadidandur,

Alisher ham Temuriylar avlodidandur,

Sherali ham uning buyuk davlatidandur,

Tugab bitmas san’ati bor Sohibqironning!

QATORINGDA NOR BO‘LSA

Yuking yerda qolmag‘ay, qatoringda nor bo‘lsa,

Aro yo‘lda qolmaysan, do‘sti yoring bor bo‘lsa,

Sevib-sevib olganing go‘zal – betakror bo‘lsa,

Oltin-u zar ko‘rinmas yoningda dildor bo‘lsa.

Oqibatli qarindosh ajralmagay ming yilda,

Me’roj otang boshida, jannat onang poyida,

Ketsa agar topmassan, yuz-ming yilda joyida,

Oyog‘ini o‘p doim ota-onang bor bo‘lsa.

Belingda kuch borida oilangni shod ayla,

Qo‘yningdagi haloling ko‘nglini obod ayla.

Farzanding-chun Allohdan baxt tilab, duo ayla,

Inson nomi o‘chmagay o‘g‘il-qizi bor bo‘lsa.

Hisobini bilmasang, tijorating mo‘l bo‘lmas,

O‘ylamasdan qo‘yilgan qadamlaring yo‘l bo‘lmas.

Kelinlari tul bo‘lmas, o‘g‘lonlari qul bo‘lmas,

El tinchligi buzilmas, insonlar hushyor bo‘lsa.

Vatan deb oh urmakni vatansizdan so‘rab ko‘r,

Vatanini sotmakni iymonsizdan so‘rab ko‘r,

Vatanga yov ko‘z tutsa, iymoningni sinab ko‘r,

Vatan qo‘ldan ketmagay mard o‘g‘lonlar bor bo‘lsa.

Tangri o‘zi bermasa, zar bersang-da bor bo‘lmas,

Tangri aziz etganlar ikki dunyo xor bo‘lmas.

Ishlari bekor bo‘lmas, nomardlarga zor bo‘lmas,

Dunyo ko‘zga tor bo‘lmas Tangri madadkor bo‘lsa.

BIR GUMON

Bir gumon bordir mening qalbimda doim begumon,

Bu gumondan lahza ham qalbim topolmas hech omon,

Voh, ne tong, boqqach u mohro‘ ruxsorim etmishdur somon,

Bu nigohdin qochmoq istab, o‘zni tashlab har tomon,

Chin xazondek poyin o‘pdim zora topsam deb omon.

Vah, qutulmoqlik gumondir bargi xazondek ham yotib,

Nozaninlar sayr etarda nozik oyog‘iga botib,

Iltifot qilg‘ay yana shirin-shakar so‘zlar topib,

Bu ne sorig‘ barg ekan, deb olg‘ay ro‘molig‘a taqib,

Yuz-u ko‘zidan yiroqroq ko‘rmadim o‘zni hamon.

Men sanamlardan necha qochsam-da, oxir topdilar,

Ro‘yi afgorim ko‘rib, qayg‘u-alamg‘a botdilar.

Qop-qaro tun sochlarin jonsiz tanamg‘a yopdilar,

Lab qo‘yib suvsiz labimg‘a Iyso sifat uyg‘otdilar,

Jonim o‘rtandi yana labga lab yetgan zamon.

Ushbu holim anglag‘ach borg‘il dedi piri mug‘on,

Xonaqoh mehrobida topg‘il o‘zing, bo‘lg‘il omon,

Sajda ayla Haq yo‘lida, qalbingda qolmas der gumon,

Xonaqoh mehrobida, e voh, ko‘zim surtgan zamon,

Zarralardan termulib turgay sanamlar men tomon,

Shul gumon bordir mening qalbimda doim begumon,

Bu gumondan lahza ham qalbim topolmas hech omon.

DO‘ST BO‘LSANG

Kelgil, ey jon-u dilim, sen mening yonimda tur,

Yonda ne? Balki manim aylanar qonimda tur,

Beqaror qon bu nadir?! Sen shirin jonimda tur,

Bevafo jon deydilar, pokiza iymonimda tur,

Har yomon-u yaxshi kunda – barcha imkonimda tur,

O‘ngda tur, yo so‘lda tur, do‘st bo‘lsang, yonimda tur.

“Do‘sti ko‘p qaddi bukilmas”, – deydilar qon kechsa ham,

Kechmagay mard do‘stidan, mol-u jondan kechsa ham,

Borma deb, garchi raqiblar zar choponin yechsa ham,

Garchi taqdir xush kelib, yo‘lingga gullar sochsa ham,

Mayli, har ne kechsa ham, do‘st bo‘lsang, yonimda tur.

Mol-u davlat qo‘lda bo‘lsa, do‘st-u yor ham ko‘p bo‘lar,

Qayga borsang, olqish-u maqtovchilar ham xo‘b bo‘lar,

Hech qoqinma, gar qoqinsang g‘iybatchilar to‘p-to‘p bo‘lar,

Munofiq ham soxta do‘sting dushmaningga aylanar,

Mayli, har ne gap bo‘lar, do‘st bo‘lsang, yonimda tur.

Har yomon-u yaxshi kunda ko‘zlarim do‘st axtarar,

Bu ko‘ngil har soniya ming shirin so‘z axtarar,

Kimki oni topmadi, bitta gulyuz axtarar,

Charx urib oy-u quyosh ham kecha-kunduz axtarar,

Top, meni, do‘st axtarar, do‘st bo‘lsang, yonimda tur.

Nozaninlar bazmida aytilar mastona so‘z,

Termulib joningni olg‘ay surmali mastona ko‘z,

Kelgil, ey jonimki, sendan tinglayin do‘stona so‘z,

Qo‘llarim tutsin belingdan, surtayin poyingga yuz,

Bazmi dildoshlarni tuz, do‘st bo‘lsang, yonimda tur.

Ota-onag‘a o‘g‘il-qiz mehribondir do‘st bo‘lsa,

Hatto sevgan sevgiling ham vafodor do‘st bo‘lsa,

Yuzni burma og‘a-ini garchi ming xil so‘z bo‘lsa,

Yetti yot begonalar ham birodardir do‘st bo‘lsa,

Mayli har ne so‘z bo‘lsa, do‘st bo‘lsang, yonimda tur.

Bu jahonda do‘st yo‘q, deb urma oh, qilma xitob,

O‘zni top ham Haqni top, deb, Tangri bergan bir kitob.

Haqni topsang, do‘stni topding, do‘st qidirsang – Haqni top,

Zarra imkoning bo‘lsa, bir g‘arib ko‘nglini top,

Haq yo‘linda qil savob, do‘st bo‘lsang, yonimda tur.

Sherali Jo‘rayev, O‘zbekiston xalq artisti

“Jadid” gazetasi 2024-yil 23-fevral 9-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596