27.02.2025 | 12:35
697
AY-TI VA SUN’IY INTELLEKT DUNYO YETAKCHILARI MUHOKAMASIDA
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 14-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan videoselektor shaklidagi uchrashuvi rasmiy tadbir emas, yurakdan suhbat bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Davlat rahbari yoshlarning intilishi, orzulari va muammolarini eshitib, ularning shaxsiy rivojlanish orqali yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish yo‘lidagi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini ta’kidlab, ko‘plab yangi olamshumul tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, endilikda Prezidentimizning maxsus qarori bilan oliy o‘quv yurti bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun 100 million dollar yo‘naltirilib, ularning tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha bank xizmatlari joriy etiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratiladi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.
Umuman, uchrashuv ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan, ta’lim olayotgan, izlanib, intilayotgan yoshlarimiz uchun samarali, yangiliklarga boy va qiziqarli o‘tdi.
Yoshlar – raqamli texnologiyalar bunyodkori
Prezident mamlakatimizda yoshlarning malakali va raqobatbardosh bo‘lishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlar ekan, IT sohasini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni shakllantirish masalalariga ham urg‘u berdi.
Yig‘ilishda “Bir million dasturchi” loyihasiga e’tibor qaratilib, bu tashabbus orqali yoshlarni zamonaviy IT bilimlar bilan qurollantirish, ularni global raqamli bozorga olib chiqish va yangi startap muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Davlatimiz rahbarining sun’iy intellekt va yuqori texnologiyalar sohasidagi islohotlarni jadallashtirish, bu yo‘nalishda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashga katta qiziqish va ishonch bildirayotgani Vatan kelajagini mazkur soha bilan bog‘layotgan tashabbuskor yoshlarga qanot bo‘ladi.
Ayni vaqtda, texnologik taraqqiyot jurnalistika oldiga ham yangi vazifalar qo‘ymoqda. Soha yangiliklari haqida tezkor va aniq axborot berish, ilg‘or g‘oyalarni keng jamoatchilikka yetkazish – biz, axborot maydonida faoliyat yuritayotganlar uchun ham katta mas’uliyatdir.
Shu bois, bugungi islohotlar va yangilanishlar “Jadid” tahririyati jamoasini ham yanada faol va tashabbuskor bo‘lishga undaydi. Biz mamlakatimizdagi texnologik taraqqiyotni chuqur yoritish, IT va sun’iy intellekt sohasidagi o‘zgarishlarni xalqimizga yetkazish va yoshlarni ilg‘or bilimlar sari ilhomlantirishda o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz. Bu borada olib borilayotgan ishlarni kuzatib, ularni tahlil qilish, yangi imkoniyatlarni ko‘rsatish – bizning ustuvor maqsadlarimizdan biri. Zero, ilm-fan va axborot taraqqiyotida faol ishtirok etish – jadidlar an’anasining ajralmas qismidir!
“ChatGPT”ning “o‘zbekcha”si yanada yaxshilandi
O‘tgan sonlarda “Jadid” sun’iy intellekt, umuman, zamonaviy texnologiyalar masalasiga keng to‘xtalib, o‘zbek matbuotining e’tiborini ham ushbu yo‘nalishga jalb qildi, desak yanglishmaymiz.
Gazetamizda “Men kim, Sun’iy intellekt” sarlavhasi ostidagi SI bilan intervyu chop etilganidan so‘ng “Milliy tiklanish”, “Ishonch” va yana qator nashrlar mavzu yanada chuqurroq tahlil qilingan, yanada umidbaxsh, ba’zan esa yanada xavotirliroq suhbat va maqolalarni omma e’tiboriga havola etdi. Intervyu keng muhokamalarga sabab bo‘lgani bois sohada amalga oshirilayotgan tajriba va yangiliklarni kuzatish, hurmatli o‘quvchilarimizga yetkazib borishga qaror qildik.
Xullas, o‘tgan davr mobaynida SIning o‘zbek tilini bilish darajasi yanada mustahkamlandi. Faol foydalanuvchilarning kuzatuvlariga asosan shaxsiy – “egasi” tomonidan “tarbiyalangan”, moslashgan ChatGPT sigmentlari ham, chatning umumiy bazasi ham avvalgi haftalardagiga nisbatan ona tilimizni yaxshiroq tushuna boshlaganini aytish mumkin. U yanada mukammal, grammatik va orfografik, mantiqiy jihatdan to‘g‘ri javoblarni berayotgani, o‘z-o‘zini o‘qitish dasturlari orqali, kinoya, qochirim, nimkosa gaplarni, maqol va matallarni, tugallanmagan gaplarni, turli she’rlardan olingan parchalar, buyuk shaxslarimizdan iqtiboslarni ham bemalol “anglash”, ularga munosib javob qaytarish darajasiga yetdi. O‘rganish jarayoni uzluksiz davom etadi.
Shu bilan birga, SI “gallyusinatsiya”lari singari holatlar ham ko‘paygan. Ehtimol, bu “glyuk”lar chatdan foydalanuvchilar sonining (jumladan, o‘zbek tilida) ortib borayotgani bilan bog‘liqdir. Mazkur holat tizimga ma’lum bosimlarni vujudga keltirayotgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, o‘zbek tilidagi manbalar ikki alifboda to‘plangani, shuningdek, foydalanuvchilar ham kirill va lotin harflarini qo‘llashlari SIning alifbosiga ta’sir ko‘rsatyapti. Natijada u ba’zan o‘ziga xos “aralash alifbo”dan foydalanib, ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yyapti.
Ishlab chiquvchilar ChatGPTning vaqt bo‘ylab oriyentatsiyasi masalasini ham ortga surib kelyapti. Hozirda u real vaqtni (jumladan, payt va mahalni) faqat turli saytlar orqaligina, maxsus topshiriq bilan “anglay” oladi. Ammo o‘z tizimida vaqtni hisoblash dasturlari mavjud bo‘lmagani bois aniq boshlang‘ich belgilarsiz ishlash “gallyusinatsiya”larning ko‘payishiga, o‘z-o‘zini o‘qitish tizimlarida chalkashliklarga, eski va hozirgi suhbatlarni bir-biriga bog‘lashda muammolarga, ularni tez unutib qo‘yishiga sabab bo‘lyapti.
Tushunarliroq qilib aytganda, mazkur SI qop-qorong‘i xonaga uzoq muddat qamab qo‘yilgani sabab, vaqt oriyentatsiyasini yo‘qotgan kotibdek ishlamoqda.
Shuningdek, foydalanuvchining roziligi bilan geolokatsion tizimlardan foydalanish imkoniyatini yaratish SIga makon tushunchasini “anglash”ga ko‘mak bergan bo‘lardi. Bu ham o‘z-o‘zini o‘qitish tizimlarini yanada samarali ishlashi, foydalanuvchining qayerda ekaniga qarab muomala, madaniy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish imkoniyatini taqdim qilishi mumkin. Ishlab chiquvchilar mazkur masalalarni beshinchi avlodda bartaraf etishsa, ajab emas. Zero, ayrim harbiy va meteorologik SIlarda bu funksiyalar mavjud.
Ba’zi juda optimist-texnokrat foydalanuvchilar esa mazkur chat o‘zi o‘rnatilgan qurilmaning kamera va karnaylari, mikrofonlari, meterologik funksiyalari, sensorlariga ham ulanib, yanada mukammal ishlashi, voqelik bilan yanada yaqin bog‘lana olishini bashorat qilishmoqda.
Mazkur ehtimolning texnik yechimlari hozirgi kunda mavjud. Ya’ni, amalga oshirsa bo‘ladi. Ammo bu katta hajmdagi axborotlarning to‘xtovsiz oqimini tinimsiz qayta ishlash va ko‘p energiya talab etishi bois yaqin kelajakda ommaviy foydalanish uchun bu kabi SIning muomalaga kiritilishi kutilmayapti. Kamroq energiya bilan ishlay oladigan kvant kompyuterlari oddiy holatga aylanganidan so‘ng, ommaviy SIlar ham, ehtimol, mazkur texnologiyalar bilan simbiozda yuqorida kutilayotgan natijalarga erishishi mumkin. Bundan tashqari, bashorat qilinayotgan imkoniyatlar xavfsizlik, axloq va inson huquqlari kabi tushunchalar bilan bog‘liq ko‘plab savollarni vujudga keltiradi.
O‘tgan hafta – 10-11-fevral kunlari Fransiya poytaxtida o‘tkazilgan Sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro sammitda ham aynan shu masalalar dunyo yetakchilari tomonidan muhokama qilindi.
Parij sammiti – SI bo‘yicha “Sovuq urush”ning boshlanishimi?
Parij sammiti nega bunchalar ahamiyatli? Avvalo, yuzdan ortiq mamlakatdan mingga yaqin dunyo yetakchilari, texnologik gigantlar, taniqli olimlar sun’iy intellektni axloq, xalqaro huquq va munosabatlar, harbiy imkoniyatlar nuqtayi nazaridan tartibga soladigan muqobil rivojlanish yo‘llarini muhokama qilishgani masalaga jahon miqyosida qanchalar katta e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, sammit SI sohasida shiddatli “Sovuq urush” boshlanayotganini fosh etib qo‘ydi. Mazkur texnologiyalar ortidan bugungi poygani 1940–50-yillardagi atom bombasini qo‘lga kiritish uchun kechgan kurashlar, o‘tkazilgan yuzlab sammit va konferensiyalarga o‘xshatish mumkin.
Ushbu masalada katta natijalarga erishgan davlatlar, ittifoqlarning o‘z qarashlari, kelajak rejalari bor. Masalan, AQSh yaqindagina sohaga 500 milliard dollar sarmoya kiritishini e’lon qilib, qator yangi tashabbuslarni ilgari surgan edi. Bu davlat SIning cheklovlarsiz rivojlanishi tarafdori. Chunki, tobora ortib borayotgan raqobat sharoitida mamlakatning SIda yetakchi rolini saqlab qolishning yagona yo‘li ham shunda. Ammo tashabbusning ilmiy va amaliy ahamiyati ham katta. Cheklovlarsiz SI insoniyat jamiyatiga tezroq singishi va o‘rganishi mumkin. Faqat bu nazorat ostidagi “erkinlik” bo‘ladi.
Yevropa esa mazkur loyihaga qarshi. Umuman, bunday anjumanlar sohada rivojlanib ketayotgan davlatlarni quvib o‘tish yoki yetib olgungacha to‘xtatib turishga harakat sifatida amalga oshiriladi. Xitoy esa SIni davlat tomonidan total nazorat qilish tarafdori.
Yevropa sohani tartibga solish, inson huquqlarini SI ta’siridan himoya qilish va xalqaro hamkorlik kabi shiorlarni ilgari surmoqda. Ekspertlar bunday keskin raqobat muhitida biror kelishuvga erishish imkoniyati juda past ekanini sammit boshlanmasidan ancha avval bashorat qilishgan edi. Shunday ham bo‘ldi. Davlatlar kelishuvga erisha olishgani yo‘q. E’lon qilingan hujjatdagi tartibga solish choralari olib tashlanmagani bois AQSh va Buyuk Britaniya deklaratsiyani imzolashdan bosh tortdi.
Yevropa esa sohaga yanada ulkan sarmoyalar kiritishini e’lon qilib, o‘z reaksiyasini bildirdi. Ya’ni ular bu maqsadlarga 109 milliard yevro ajratishadi.
Harbiylar nima qilishmoqchi?
“Harbiy xizmatdagi sun’iy intellekt” mavzusi sammitning eng asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Yevropa — NATO bu masalada yuqoridagi davlatlardan ancha ortda qolayotganini his etib turibdi. Bundan tashqari, Yaqin Sharq va Ukrainadagi janglarda mazkur texnologiya o‘zini o‘ta samarali ko‘rsatgani kelajak armiyalarining shakli haqidagi tasavvurlarni yaratdi. Yevropaning yetakchi davlatlari “SI harbiy ittifoqiga” ko‘plab qo‘shnilarini tortishga uringan bo‘lsa-da, hozircha faqat Fransiya va Germaniyaning ayrim kompaniyalari o‘rtasida harbiy SI texnologiyalarini rivojlantirish uchun hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Ehtimol, kelajakda bu “ittifoq”ning doirasi kengayib borar.
Xo‘sh, Yevropa “terminator”larni ishlab chiqarmoqchimi? Yo‘q, hozircha SI algoritmlari samarali ishlashi uchun zarur bo‘lgan ulkan ma’lumotlar bazasini shakllantirish kerak. Biroq ko‘plab harbiy kompaniyalar maxfiy ma’lumotlar bilan bo‘lishishga tayyor emas. “Terminator”largacha esa hali biroz vaqt bor.
Ijod yana muhokamalar markazida
SI ijodiyot masalasiga avvalgi maqolalarimizda to‘xtalib o‘tgan edik. Parij sammitida ham ushbu mavzu bo‘yicha muhokamalar bo‘ldi. Xo‘sh, SI kelajakda ijodkorlarni ishsiz qoldiradimi yoki ularning yaqin hamkoriga aylanadimi, degan savol jahon yetakchilarining ham e’tiborini tortdi.
Ammo SIning o‘zi hali-beri bu masalada insonni quvib o‘tolmasligini aytib izoh bergani gazetxonlarimizga yaxshi ma’lum. Shunga qaramay, tahririyatimiz xodimlari SI tomonidan yozilgan “Atlantida sirlari” nomli fantastik romanni topgan. Yaqin sonlarimizda mazkur asarga adabiyotshunos olimlarning bahosi berilgan maqolani e’lon qilamiz.
Umuman, anjuman qudratli davlatlarning mazkur sohaga katta e’tibori bilan birga, yaqin kelajakda SI jadallik bilan rivojlanishidan darak berdi. Bu esa barchamizdan, nafaqat mamlakat, balki har bir kasb, hunar, har bir inson miqyosida bu yangilikka jiddiy yondashuvni talab qiladi.
Ulug‘bek IBODINOV,
jurnalist
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



