Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.03.2025 | 12:18

img491

“MEN AYOL ZOTIDA BIR JAHON KO‘RDIM…”

Xalqimiz azal-azaldan ayolga ehtiromni kelajakka e’tibor sanab, bu ezgu a’molni hamisha baland tutib, yuksak qadriyat sifatida e’zozlab keladi. Zotan, millatning buyukligi ilm-ma’rifatli ayollarga har jihatdan bog‘liq. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev: “Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning ma’naviy darajasini, avvalo, shu yurt ayollarining ma’naviy saviyasi belgilaydi”, deya ta’kidlaganlari bejiz emas.

Xotin-qizlarning ma’naviy saviyasi borasida taraqqiyparvar ziyolilar – jadid bobolarimiz ko‘p va xo‘b qayg‘urishib, Turkiston kelajagini bevosita ayollarning savodli bo‘lishi bilan bog‘liq hodisa deb baholashgan. Ular kishilar ongida ayollarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini uyg‘otish uchun sharafli harakatlar olib borar ekan, qizlarga o‘g‘il bolalardan kam e’tibor qaratmaslik kerakligini bot-bot uqtirishar, birinchi navbatda ularning o‘zlari xalqqa o‘rnak-namuna bo‘lib yo‘l ko‘rsatishardi.

Misol uchun, Mahmudxo‘ja Behbudiy dast­labki ta’limni olishi uchun qizi Parvinaxonni (Surayyoxon ham deyishadi) o‘n yoshigacha Abduqodir Shakuriyning “usuli jadid” maktabiga beradi. Keyin uy sharoitida qo‘shimcha o‘qib-o‘rganishi uchun rus hamda fransuz tillari muallimlarini yollaydi, shu tariqa kerakli muhitni yaratib beradi. Behbudiy bu xatti-harakati orqali o‘g‘illar qatori qizlarning ham xat-savodli bo‘lishi, ko‘proq til o‘rganishi kerakligini uqtiradi.

O‘zbek adabiyotining yorqin namoyan­da­laridan biri Cho‘lpon – o‘z ijodida ayollarni ulug‘lab, ayni paytda ularning jamiyatda murak­kab jarayonlar ishtirokchisi ekanini ham unutmaydi. Asli toshkentlik muallim Nur­muhammad Dadamuhammedovning qizi, shoir Cho‘lponning 17 yashar shogirdi Matluba Muhammad xonim o‘z zamonasida “Xalqimga” she’ri bilan sovet davlatini larzaga solgan edi. “Mudom Chorning qo‘lida ko‘p ezilgan Millatim” misrasi bilan mashhur bu she’r Yevropa gazeta-jurnallarida qayta-qaytalab bosilib chiqadi. Oqibatda ish shoira o‘qiyotgan Moskvadagi O‘zbek maorif institutining yopilishigacha borib yetadi. O‘shanda matbuotda faol chiqishlari bilan shuhrat qozongan jadid, olim Sattor Jabbor bu o‘tli misralarni nemis tiliga o‘girib, “…ezilgan Millatim” ahvolotini olamga yoyadi. Bu haqda tarjimonning o‘zi: “Sovetlar qanchalik bosim qilmasin, adabiyotimiz Cho‘lponlarni yetishtirishda davom etmoqda, millatning orzu-maqsadlari shu fidoyi qizning qalbidan otilib chiqmoqda”, deydi faxr bilan.

Yana bir muhim jihat – xotin-qizlarning xorijda o‘qishi masalasi. Qizlar shundog‘am oddiy maktabga qatnashining o‘ziyoq jiddiy qarshiliklarga uchrayotgan bir vaqtda ularning tahsil uchun xorijga yo‘l olishini hech ikkilan­may jasorat atash mumkin. Yosh shoir Botu 1922-yil kuzagida Germaniyaga o‘qishga ot­langan talaba qizlardan biriga, mohiyatan esa bar­chasiga qarata “Ehtiyot bo‘l, go‘zal qush” nomli she’r bitadi. She’r-ku she’r, birgina “ehtiyot bo‘l”ning o‘zida ayolni qanchalar avaylab-asrash, parvozini qiymaslik va yana… er kishi bo‘lib ayol taqdiridan xavotir olish seziladi.

Holbuki, tarix sahnida hali nomlari zikr etilmay, ammo yozilsa har biri alohida kitob bo‘lgulik nafosat qissalari bisyor. Xalqni ma’rifatga, hurriyatga eltishda ularning hissasi-xizmatlari ozmi deysiz?! Qatag‘on domiga tushgan har bir jadidning ahli ayoli kechinmalari, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z holicha jasorat kitobi bo‘lib o‘qilgay. Ulardan o‘q ilmay qolgan ikki kitob, ikki yozuq, ikki munisa – Mahfirat ona Yusupova hamda Rahbarxon aya haqida so‘ylaymiz.

Mahfirat ona Yusupova (O‘rozaliyeva) – Andi­jon shahrida ilk bor musulmonlar sovetini tashkil etgan, 1921-yili bolsheviklar tomonidan otib tash­langan jadid Olimjon hoji Yusupovning qizi, shaharning eng o‘qimishli, madaniyatli, ma’rifatli ayollaridan bo‘lgan. U jadidlar ilgari surgan g‘oya-tashabbuslarni xalq ongi tafakkuriga nafaqat ta’lim, san’at vositasida ham tezroq yetkazish mumkinligini erta anglagani holda, ko‘p xayrli ishlar boshida turadi. 1925-yili Andijondagi “Besh­bosh”, so‘ngra Andijon yog‘-moy zavodida badiiy havaskorlar to‘garagini tashkil etadi. Aslida, bu ayol maqomi-martabasini yaqqol sezish uchun uning ta’lim-tarbiyasida bo‘lgan ko‘plab atoqli san’atkorlardan Xalq artistlari Tamaraxonim, Halima Nosirova, Gavhar Rahimovani sanab o‘tishning o‘zi kifoya. Shogirdlar har safar Andi­jonga qadami yetganda ustozini, albatta, yo‘q­lashar, xonadonida tongotar suhbatlar quri­shardi.

Mahfirat ona o‘sha qattol zamonda bevaqt yashab o‘tgan ko‘psonli ayollardan ediki, oldiniga otasi, keyin turmush o‘rtog‘i (jadid, diplomat Akbar O‘rozaliyev) qatag‘on tig‘iga uchraganda najot, adolat istab kirmagan eshigi qolmaydi, tegishli idoralarga betinim ariza, iltimoslar yo‘llaydi. Ularning sa’y-harakatlari bilan padari buzrukvori hamda turmush o‘rtog‘ining nomlari oqlanib, bugun Andijon ko‘chalariga bu jadidlar ismi qo‘yilib, nomlari abadiylashtirilgan.

Rahbarxon ayani esa rosmana matonat timsoli, desak yanglish bo‘lmaydi. Turmush o‘rtog‘i taniqli jadid, siyosiy rahbar, publitsist, dramaturg Rasuljon Rahimov xalq orasida obro‘-e’tiborga ega ijodkorlardan edi. Uning qalamiga mansub “Ontarish”, “Xoin” dramalari 30-yillarda Andijon va O‘sh teatrlari sahnasida namoyish etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan. Shunday ma’rafitparvar insonning rafiqasi bo‘lish Rahbarxon aya zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklasa, Rasuljon Rahimov uchun “O‘zbekistonning necha qizlari ichidan saralab, zo‘rg‘a diydoriga yetgan” yor bilan turmushi – oilada halovat, ijodda unum, hayotda farog‘at edi. Toki…

1937-yil 21-avgust. Rahbarxon ayaning yaqin qarindoshlaridan besh kishi: turmush o‘rtog‘i Rasuljon Rahimov Andijonda o‘z uyida, amakisi Usmonxon Eshonxo‘jayev Moskvada, tog‘asi Shohrux Xolbotirov Samarqandda, tog‘asi Sulton­mahmud Xolbotirov hamda amakisi Mamatxon Eshonxo‘jayev – bari hibsga olinadi. Rahbarxon aya yolg‘iz boshi bilan beshovlonni avvaliga oila bag‘riga qaytarish uchun yelib-yugurgan bo‘lsa, otuv hukmidan so‘ng nomlarini oqlash uchun o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urdi. Boyaqish, turmush o‘rtog‘ining fojiali taqdirini bilish, haqiqatni tiklash ilinjida uzoq Xabarovsk o‘lkasiga, NKVDning Amursk lagerigacha yo‘l bosadi.

Shu o‘rinda mahbus Rasuljon Rahimov o‘zining beaybligi yuzasidan O‘zbekiston SSR Bosh prokuroriga yo‘llagan murojaatiga ko‘z tashlar ekanmiz, ariza nohaq qamalgan mahbus holatidan ko‘ra ko‘proq sog‘inch ifodasi o‘laroq o‘qilishiga guvoh bo‘lamiz. Mana, undan parcha:

“Qimmatli rafiqam! Sizga sog‘inchli salomlarni “ko‘ndirish” so‘ngida ayriliq azobi orqada qolib, sevinchli kunlarning tez yetuvi va diydor ko‘rishuvni tilayman. Meni yoningizdan olib ketgan vaqti ertalab bo‘lib, ustingizda qizil ko‘ylak bor edi. Katta ko‘cha ustida turib: “Qachon kelasiz?” deganingizda NKVD xodimi “soat 12 larda keladi”, deb aytib edi. Bugun ular aytgan “12”larning nechtasi o‘tib ketdi. To‘rt yildirki Sizdan, ko‘zim nuri qizimdan yiroqdaman. Axir bu kunlar qancha og‘ir va mudhish bo‘lmasin, ko‘z o‘ngimdan bir minut nari ketmaysizlar. Menga qarab “Qachon kelasiz?” degan so‘zingiz hozirgina aytilganday qulog‘imga tovush berib turar. Rahbar, men ma’naviy jihatdan o‘lik va ruhiy tarafdan sog‘lig‘ini yo‘qotgan, qolaversa, hamma narsadan judo bo‘lgan, ayniqsa, O‘zbekistonning necha qizlari ichidan saralab, zo‘rg‘a diydoriga yetgan suygilimdan uzoqdaman. Bilsangiz, bu men uchun oson bo‘lmas. Ammo bir narsa, u ham bo‘lsa hukumat adolat qilar, ishim tekshirilar, bu kutayotganlar qatoridan Vatanimga qaytarman… Mana shu umid meni ushlab turadi, shu umid bilan yashayman”.

Ayol nainki hamma zamonlar, har qanday sharoitda ham muqaddas moʻjiza! Uni shundayin muqaddas bilgan, e’zozlagan insonning-da, millatning-da ertasi yorqin bo‘lajak. Shoir yozganidek: “…Men ayol zotida bir jahon ko‘rdim, U barcha insonning ma’sum bunyodi”.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img79

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img595

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img593