11.03.2025 | 14:00
416
QOG‘OZLARDA QOLGAN OH-U FARYODLAR
“Ilm o‘rganing, zero u faqirlikda davlat, boylikda ziynatdir” degan hikmat bor. Jadidlar ilm bilan ziynatlangan, ta’lim-tarbiyani hayot-mamot masalasi deb bilgan orif shaxslar edi. Bu safda savdogar-tojirlar ham bor ediki, ularning ko‘zlovi-murodi faqatgina aqcha emas edi. Balki orttirilgan mablag‘ni el-yurtni xat-savodli qilish uchun vosita deb sanashardi. Tijoratning yana bir afzalligi shuki, savdo taqozosi bilan o‘zga yurtlarni kezib, boshqa xalqlar turmushi, madaniyati va ilmidan boxabar bo‘ladi. Ayni paytda dunyo ko‘rgan odamda qiyosiy tahlil imkoni paydo bo‘ladi va u o‘z millatini taraqqiy ettirish yo‘riqlarini anglab yetadi. O‘z davrining elkezar tijoratchisi Abdullajon Yo‘ldoshqoriyev ana shunday taqdir egalaridan biri edi.

1884-yili Namangan shahrida savdogar oilasida tug‘ilgan, bolalikdanoq savdo-sotiq ishlarida pishgan Abdullajon qalbida faqat shaxsiy manfaat emas, balki millat kelajagi uchun qayg‘urish hissi bor edi. Shu tuyg‘ular undovi bilan u 1912-yili Turkiyada yuzaga kelgan uyg‘onish harakatiga qiziqib, Istanbulga safar qiladi va u yerdagi turli siyosiy jarayonlar bilan bevosita tanishadi. Keyinchalik ona yurtiga qaytgan qahramonimiz Namanganda savdo bilan bir qatorda, Istanbul xulosasi asosida jadidlar harakatida faol ishtirok etadi.
Dunyo o‘zgarayotgan, taraqqiyot shiddat bilan oldinga yurayotgan bir paytda Turkiston eski an’analar changalida qolib ketayotgandi. Abdullajon ham boshqa jadidlar singari bu holga befarq qarab turolmasdi. U ham oydinlar qatorida turib “ilmsiz kelajak yo‘q” deya maktablarni rivojlantirishga bel bog‘ladi. Taraqqiyotga yo‘l faqat ilm-u fan bilan ochilishiga ishongan, bunga ko‘zi yetgan, ammo natijasini ko‘rishga umri yetmagan qahramonimiz xalq xizmatiga astoydil kamarbasta bo‘lib, bolalar jaholat zulmatida qolib ketmasligi uchun hayot-mamot kurashiga kirdi. Ming mashaqqat bilan bolalar uchun savodxonlik kitoblari chop etilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Ilmga chanqoq o‘quvchilar bu kitoblarni qo‘lma-qo‘l, ishtiyoq bilan mutolaa qilayotgani johil xurofotchilar hamda chor mulozimlariga yoqmadi. Chunki ular bilimli avlod shakllanishidan, bolalarning ilm-u ma’rifatli bo‘lishidan rosmana cho‘chirdi. Ongli odam zulmga bo‘yin egmasligi ularga kunday ayon edi. “Nega bu maktablarni davlat emas, balki boylar moliyalashtiradi?” deyishdi mustamlakachilar jig‘ibiyron bo‘lib. “Xudosiz boyvachchalar yangi usul maktabi ochib, bolalarimizning fikrini kafforat tomon og‘diryapti!” deyishdi qadimchilar. Alaloqibat “Bu maktablar bizning mafkuramizga zid!” deb hukm chiqarildi.
Bunday ziddiyatlar ichida kun sayin toblanib borayotgan Abdullajon Yo‘ldoshqoriyev 1917-yildagi fevral inqilobidan keyin Turkistonda yuzaga kelgan milliy harakatlardan biri – “Jamiyati Islomiya” tashkilotiga a’zo bo‘ladi. Bu tashkilot jadidlar tomonidan tuzilib, maqsadi islom dinini xurofotdan tozalash va xalqni jahoniy tamaddunga yuzlangan milliy ruhda tarbiyalash edi. Abdullajon bu harakatga katta kuch va mablag‘ sarflab, bir qator jadid maktablarini qo‘llab-quvvatlarkan, tabiiyki, “ilonning dumini bosib qo‘yadi”. Unga nisbatan mahalliy boshqaruv va iqtidorga kelgan bolsheviklar tomonidan tazyiq va ta’qib kundan kunga avj olib boradi.
Ozodlik qanday saodat ekanini teran anglagan qahramonimiz Namangan va Qo‘qondagi milliy harakatlarga rahbarlik qiladi, shuningdek, Turkiston muxtoriyatining tuzilishida ham faol qatnashadi.
Abdullajon Yo‘ldoshqoriyev Muxtoriyatni kuchli milliy armiyagina qutqarib qolishi mumkinligini, buning uchun esa moddiy ta’minot zarurligini uqtirib, mahalliy zodagonlarga “harbiyat uchun xayriya” so‘rab murojaat qiladi. Ammo kaltabin mulkdorlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamaydi. Natija esa bugun hammamizga ma’lum.
20-yillardan keyin sovetlar milliy ozodlik harakatini asta-sekin bostirib, shu bilan birga hurfikr millat peshqadamlarining ovozlarini bo‘g‘ib, imkoniyatlarini cheklay boshladi. Shunday tahlikali sharoitda ham o‘z e’tiqodidan voz kechmagan qahramonimiz qayerda va qaysi vazifada faoliyat yuritsa ham, yurt ozodligi, millat ravnaqi va ilm-fan rivoji yo‘lida qat’iy kurash olib bordi.
Albatta, bunday fidoyi shaxs sovet hukumati qoliplariga sig‘mas, u totalitar tuzumning ashaddiy dushmani sifatida baholanardi. Shu tariqa 1937-yil 12-oktyabr kuni sovet hukumatining repressiyalar to‘lqini Abdullajon Yo‘ldoshqoriyev xonadonini ham o‘z domiga tortdi. Tergov ishida u bir qator millatchi tashkilotlarga – “Jamoati tashkilot” va “Milliy ittihod”ga a’zo bo‘lganlikda, Namangandagi ishchi otryadlarini qurolsizlantirishda tashkilotchilik qilganlikda aybdor deb topiladi.
Hatto 1913-yili ukasini til o‘rganish uchun Turkiyaga yuborgani ham unga qarshi dalil sifatida ko‘rsatiladi. Holbuki, bu sovet hukumatini ag‘darish harakati emas, balki bor-yo‘g‘i ilmga intilish ishtiyoqi edi.
1937-yil 21-oktyabrda Abdullajon Yo‘ldoshqoriyev rasman jinoyatchi deb topiladi va NKVD tomonidan Namangan turmasiga tashlanadi.
Bu fojia uning turmush o‘rtog‘i Fotimaxon Qoriyevaga, ayniqsa qattiq zarba bo‘ldi. Qatag‘on qopqoniga tushgan ko‘plab ayollar erining begunohligini isbotlash uchun turli idoralarga, Stalin nomiga, NKVDga, Markaziy Komitetga umidlanib murojaatnoma yozishga tushgan bir damlar edi. “Erim xalq dushmani emas, u faqat ilm-ma’rifatga xizmat qilgan!”, “Uch bolam bilan och qoldim, iltimos, erimni qaytaring!”, “Yo‘qchilikdan sillamiz quridi, bolalarim och…”, “Nechun biz jazolanyapmiz?” kabi oh-u faryodlar arxiv qog‘ozlarida muhrlanib qolgan. Yomoni shu, faqat qog‘ozlardagina qolgan…
Ilm – olov. Uni o‘chirish mumkin, ammo butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi. Miltirab turgan cho‘g‘ni qayta alanga oldiradigan olovqalblar borki, ular yoqqan mash’ala ozodlik yo‘lini ko‘rsatib, xalqni ezgulikka chorlayveradi…
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori,
professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



