13.04.2024 | 11:03
352
LA’NATGA QOLGAN MAYMUN

Dunyoda nomini aytishga odam hayiqadigan kasalliklar bor. OITS va OIVga chalingan bemorlar dardini yashirib, oramizda jimgina yurishibdi. Bu kasallikni shunchaki isnod deb bilishadi. Chunki bu, odamlar nazdida, egri yo‘lga kirganlar yoki giyohvandlar kasalligi hisoblanadi. Darhaqiqat, savol tug‘iladi: OITS kasallikmi yo isnod? Bu kasallik chindan ham faqat noto‘g‘ri jinsiy aloqadan paydo bo‘ladimi? Tibbiyot tizimida bu kabi kasalliklarni yuqtirishning yuz foiz oldi olinganmi?
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda dunyoda OIV kasalligiga chalinganlarning soni jami 39 million kishini tashkil etgan. Shundan 1,7 million nafari bolalardir. Ularning orasida chaqaloqlardan tortib, o‘smirlargacha bor. O‘zbekistonda ularning soni 48 mingdan oshgan, kasal bolalar esa 600 nafarga yaqinni tashkil etadi.
Xo‘sh, mamlakatimizda OITS va OIV kasalligi bilan og‘riyotganlar shuncha ekan, ularning davolanishida, odamlar orasida yurishida, ijtimoiy xizmatlardan foydalanishida, umumiy jamoat joylarida muammolar tug‘ilmayaptimi? Tug‘ilyapti.
Biz Yevropada emas, O‘zbekistonda yashaymiz. Hali-hanuz shifokor yoki tibbiyot xodimlarining e’tiborsizligi va loqaydligi tufayli kasallik yuqtirib olganlarni ham yengiltaklar safiga qo‘shib gapiramiz. Holbuki, chaqaloqlar, go‘dak, o‘smirlar bu kasallikni bolaligida ko‘taradi, katta bo‘lganda-chi, uni faqat noto‘g‘ri jinsiy yo‘l orqali yuqtirgan, degan shubha bilan ta’qib qilmaymizmi?..
Har yili 1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan sinfxonalarda ma’ruzalar o‘qiladi. Ularda kamida kasallikning beshafqat oqibatlari haqida gap-so‘z yuritiladi. Asosan, noto‘g‘ri jinsiy aloqa bu kasal yuqishiga bosh omil ekani ta’kidlanadi, e’tiborsizlik va loqaydlikdan yuqtirilganini esa aytishmaydi. Qolaversa, o‘sha sinfxonalarda OIVga chalingan bolalar borligi nazarda tutilmaydi. Axir, kimlarningdir xatosi uchun bolalar umri bilan tovon to‘layotganini nega e’tibordan soqit qilamiz? Nega bu kasallik haqida ochiq-oshkora gapirmaymiz?
Odamlarning OIV bilan kasallanganligi to‘g‘risida dastlabki tasdiqlangan fakt Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinshasada topilgan. Virus 1959-yilda omon qolgan to‘qima namunalarida aniqlangan. Shuningdek, Afrikaning 15 foiz aholisi OIV va OITS bilan og‘riyotgani ham ma’lum. Butun dunyoda OIV bilan zararlanganlarning 67 foizi Afrikaning Sahroi Kabirida istiqomat qiladi.
O‘zbekistonda esa OIV bilan og‘rigan ilk bemor 1989-yilda aniqlangani aytiladi. Angoladan kelgan talaba bu kasallikni olib kelgan. Bundan yuz yil muqaddam Afrikada shimpanze maymunidan kasallikni yuqtirib olgan ilk bemorni, qon quyish uskunalari va qonlarni yaxshi tekshirmayotgan tibbiyot xodimlarini qoralashdan va la’natlashdan oldin bu kasallik tug‘dirayotgan xavf, uning yuqish omillari, ushbu yo‘nalishda bemorlarni davolash yoki umrini uzaytirish yo‘lida olib borilayotgan harakatlarni jiddiy tartibga solish lozim.
Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshidagi maxsuslashtirilgan shifoxona shifokori Nafisa Rahimova biz bilan suhbatda bu haqda shunday dedi:
– O‘zbekistonda OIV infeksiyasining aniqlanish darajasi yildan-yilga kamayib borayotgan bo‘lsa-da, dunyodagi ayrim davlatlarda bu ko‘rsatkich hamon yuqoriligicha qolmoqda. Hozirgi kunda Yer yuzida OIV infeksiyasi qayd etilmagan hudud qolmagani ma’lum. Ayanchlisi shundaki, JSST ma’lumotlarida dunyo bo‘yicha har daqiqada 7 nafar odam OIVni yuqtirib oladi va 3 nafar odam OITS oqibatida vafot etadi deb ko‘rsatiladi.
Ha, OIV surunkali kasallik, uni butunlay davolash imkoni hali topilgani yo‘q. Shu sababli bemorlar umri davomida tibbiy yordamga muhtoj bo‘ladilar. Shuningdek, OITS yoki OIVga chalingan bemor shu millatning bir fuqarosi o‘laroq oramizda bemalol yura oladimi? Ularning huquqlari himoya qilinadimi? Bu haqda suhbatdoshimiz shunday dedi:
– Qonun hujjatlarida OIVni yuqtirib olganlarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilishning chora-tadbirlari ham belgilangan.
OIVni yuqtirib olganlarda OIV infeksiyasi mavjudligini asos qilib, ular bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga, ularni ishga qabul qilishni rad etishga (bundan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatda nazarda tutilgan ayrim kasbiy faoliyat turlari mustasno), ta’lim muassasalariga (bundan ta’lim muassasalarining qonun hujjatlarida belgilangan ayrim turlari mustasno) va tibbiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalarga qabul qilishni rad etishga, shuningdek, ularning boshqa huquq va qonuniy manfaatlarini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tabiiyki, jarrohlik amaliyotida yoki undan so‘ng bemorlarga qon quyiladi, quyilayotgan qon qay darajada ishonarli? Axir, bir necha yil OITS qonda yashirin davrni yashashini inobatga olsak, bu kasallik bolalar organizmiga bildirmaygina kirib olishi mumkin-ku! Tibbiy uskunalar buni o‘z vaqtida aniqlay oladimi? Bu haqda Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori Vinera Barotova quyidagilarni gapirib berdi:
– Oldinlari bu kasallik yomon yo‘lda yuradigan odamlarga xos, deb hisoblangan. Keyin qaralsa, hatto yo‘ldoshi filtr vazifasini o‘tovchi homilador ayollarda ham kasallik onadan bolaga yuqqan. Shuningdek, OIV aniqlanmagan onalarning farzandlarida tibbiyot maskanlaridan OIV yuqishi bolalarda 2003-yildan boshlab aniqlana boshlagan. Davlat bosh sanitariya vrachining 2004-yil 22-dekabrdagi 42-sonli qaroriga ko‘ra, qon quyish markazlarida donorlardan olingan qonlar tekshirilmaguncha qon quyishga berilmaydi. Olingan qon OIV infeksiyasi, virusli gepatit V va Sga, brusellyoz, zaxm kabi qon orqali yuqishi mumkin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha tekshirilib, yaroqliligi aniqlangach, foydalanishga ruxsat beriladi.
Bir paytlar gepatit Sning davosi yo‘q, deb qaralardi. Bugun uning davosi topildi. Hozirgi kunda dunyoning 5 ta mamlakatida, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklarida ham OITSga davo topish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilyapti. Umid qilamizki, bu, albatta, o‘z natijasini beradi.
OIVning onadan bolaga yuqishi xavfi 2011-yildan 2023-yilgacha uch martaga qisqardi. 2023-yilda butun dunyo bo‘ylab OIV bilan kasallangan taxminan 1,3 million homilador ayolning 85 foiziga OIV bolalariga yuqishining oldini olish uchun antiretrovirus preparatlari berilgan.
So‘nggi paytlarda OITSning davosi topilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Aslida bu xabarlar ertakka o‘xshaydi. Timoti Braunning hikoyasi, ayniqsa, quvonchli: u o‘n yildan ortiq vaqt davomida OIV bilan kasallangan. Shifokorlar unga suyak iligi transplantatsiyasini o‘tkazib, uning o‘rnini OITSga qarshi kurashishga imkon beradigan mutatsiyaga ega donor bilan almashtirdilar. Braun bugungi kunda suyak iligi ko‘chirib o‘tkazish orqali OIVdan tuzalgan birinchi bemordir. Uning sog‘lig‘i tahdiddan xoli, biroq afsuski, suyak iligini almashtirish jarayoni juda xavfli, bunda o‘lim xavfi 40 foiz. Kasallikni erta aniqlash OIV infeksiyasi bilan ham uzoq umr ko‘rishning omilidir.
Poytaxtimizning Chilonzor, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida bu kasallikka qarshi muolaja qilinadigan shifoxona va markazlar mavjud. Bemorlar esa aynan shu markazlarga qatnab, antiretrovirusga qarshi vositalarni olishadi.
Bugun OITS markazlariga onalari bilan birga qatnab, muolaja olayotgan bolalar ertaga voyaga yetishadi. OIV bilan tili chiqqan, tishi chiqqan bolalar, o‘zlarini majruh kelajak kutayotganini, ehtimol, anglar, ehtimol yo‘q. Ehtimol, OITSga shifo topadigan ilk tadqiqotchi ularning orasidadir. OIVga chalingan farzandlarini bir siqimgina bo‘lib katta qilayotgan ota-onalar esa, balki bolalariga qo‘shilib, Afrikadagi o‘sha qop-qora maymunni la’natlayotgandir. Musulmon olamida Taqdir Allohning o‘lchovi ekanligi aytiladi. Zotan, taqdir – Allohning siridir.
Go‘zal BEGIM
“Jadid” gazetasi 2024-yil 23-fevral 9-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



