11.03.2025 | 17:51
361
MAKTUBIM JAVOB ISTAB…
Ushbu yozayotgan xatim tez va oz kunlar ichida yetib borib ma’lum bo‘lg‘aykim, o‘shal shahri azimda o‘ynab-kulib yurgan aziz noibimiz, J.Gʻ.Biyronovga, deb bilgaymiz. Biz, Sizni suyib tanlagan saylovchilaringiz o‘shal o‘zingiz bilgan go‘sha – hamisha ko‘hna va navqiron Cho‘rindi mavzeyida amal-taqal uchma-uch qilib, bu g‘animat hayot ne’matlaridan bahramand bo‘lmoq ilinjida yashab turibmiz.

Qadrli J.Gʻ.Biyronov! Siz bilan ilk uchrashuvimiz yodingizda bo‘lsa kerak. Qaroqchitol MFYda o‘tkazilgan nomzodlar bilan muloqot tadbirida men zalning qoq o‘rtasida tovuspat jemperda boshyalang o‘tirgan edim. Nomzodlar orasidan aynan sizni ajratib olganimning sababi, o‘zingiz ham bir yarim soatlik maylis davomida nuqul men tarafga qarab ma’ruza urdingiz. Ana shu otashin nutqingiz meni sobiq adabiyot o‘qituvchisi sifatida benihoyatda hayajonlantirib tashladi. Ayniqsa, “Men sizni kelajagingizni o‘ylayman, siz baxtli yashashingizni xohlayman va aynan sizning Saodatingiz uchun bir umr dastur asosida kurashaman!” deb ont ichganingiz meni tosh yuragimni g‘ilt-g‘ilt eritib tashlagandi. Qolaversa, o‘rtancha qizim Saodatni ham tilga olganingiz meni yolg‘iz ona sifatida o‘tayam umidvorlikka soldi.
Yuragimni tosh deb ataganim sizga g‘alati tuyilayotgandir, Javlon aka. Balki dilbandimni otigacha aniqlab, turish-turmushimgacha astoydil qiziqqan sizdek nozikta’b adibning sinchkov nazari mening o‘jarligim, uncha-munchasiga darrovdanga ko‘nib ketaveradigan kapalaktabiatlardan emasligimni aniq-tiniq ilg‘ab olgandir.
Ha, hayot meni qayta-qayta sinovlarga soldi, har xil va turfa maqsadli insonlarga yo‘liqtirdi. Ammo men o‘zligimda sobit qoldim, bir kuni men Uni toparman degan orzuda yashadim. To‘g‘ri, birinchi turmushim ota-onamning majburiyati asosida ro‘y berdi. Men esimni tanir-tanimas, endigina yigirma besh bahorni qarshi olayotgan navnihol chog‘imda o‘zimdan naq ikki yosh katta bo‘lgan fizika o‘qituvchisiga uzatib yuborishdi. Endi o‘zingiz o‘ylang, qanday qilib, mening lolaqizg‘aldoqday nozik ko‘nglimga uning “ishqalanish kuchi” to‘g‘ri keladi? Men juda-juda azob chekdim. U meni tushunmasdi. Tushunishni ham istamasdi.
Bayt:
Har kechada g‘ussalarim borayotir orta-orta,
Kelib xolimni so‘rmaysan, jigarso‘xtam, torta-torta…
To‘yimizdan ikki oy o‘tar-o‘tmas men maktabimizdagi ximiya o‘qituvchisiga ko‘ngil qo‘ydim. U ham tez orada xotinini qo‘ydi-yu, menga uylanishga majbur bo‘ldi. Nega majbur bo‘ldi, deb hayron bo‘lmang. Sevgi shunday qudratga egaligini ijodkor sifatida yaxshi bilasiz. Ammo bu turmushimiz ham uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki tez kunlarda birinchi erimdan homilam borligini zolim qaynonam ilg‘ab qoldi-yu, hayotimizni ostin-ustun qilib yubordi. Men chekmagan jabr-u-jafo, qayg‘u sitamlar qolmadi. Ko‘zyoshlarim daryo bo‘lib oqdi. Ammo nachora…
Oyning o‘n beshi yorug‘ deganlaridek, o‘sha kezlari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Pahlavon aka jonimga ora kirdi. U o‘zining baquvvat qo‘llari bilan meni tushkunlik botqog‘idan tortib oldi. Ikki haftacha baxt-u farog‘at og‘ushida yashadik. Ammo badniyat kimsalar biz Sarqo‘rg‘ondagi shiyponlarning birida muhabbat dostonini baralla kuylab yurganimizni ota-onamizga, eng yomoni, Pahlavon akamning yalmog‘iz xotiniga yetkazibdi. Yovuz va johil kimsalar bizning beg‘ubor orzularimizni poymol qilishdi: maktab pedsovetida muhokama qilib, ikkimizni ishdan mosuvo aylashdi. Bu orada men dekretga, Pahlavon akam chet elga ravona bo‘ldik.
Oradan kunlar o‘tdi. Yana kutilmaganda bosh ustimda ishq quyoshi charaqlab, baxtim ochilib ketdi. Tug‘ruqxona rahbari Sopponqul aka mening jamolimni ko‘rib, ko‘z ostiga olib qo‘ygan ekan, ko‘zim yorib, chillam chiqar-chiqmas qovun sayliga taklif qilib, shaxsan o‘zi avtoulov yubordi. Shunday qilib, biz muhabbatdan sarxush bo‘lib Sirdaryo bo‘ylarida ko‘p va xo‘p qovunxo‘rlik qildik. Lekin men sho‘rpeshonaning baxti qora yozilmish ekanmi, qovunga to‘ygan Sopponqul maraz kimdandir eshitgan uzunquloq mish-mishlarga ishonib, mening dong‘im maktab chog‘imdayoq butun tumanda ovoza bo‘lganini yuzimga soldi-yu, nomardlarcha mashinasiga o‘tirib meni hijronlarga tashlab ketdi. Shu tariqa Sayhun sohilida qon yig‘lab qolaverdim.
Istaram issiqligi, ko‘zga yaqinligim, eng muhimi, qalbim pokligi hamma joyda ish beradi, kishilar diqqatini tortmay qo‘ymaydi. Bu ne toleki, o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas istiqbolimda o‘sha to‘qaylarning egasi bo‘lgan fermer Olimjon aka oq otda namoyon bo‘ldi. Biz ikki yosh beixtiyor bir-birimizga dil bog‘ladik, bir umr ajralmaslikka ahd qilib, bearmon yashayberdik.
Azizim Javlon akajon, men xatim boshida juda ko‘p nohaq jafolar chekkanimni aytib o‘tgandim. Bu gal ham charxi-kajraftor mendan chirtta yuz o‘girdi. Bir haftalik turmushimiz kutilmaganda qamish chayladek ag‘darildi. Olimjon akam xayr-ma’zurni nasiya qilib, oq otini choptirgancha g‘oyib bo‘ldi. Amal-taqal qilib ona qishlog‘imga qaytib kelgach, ariza-pariza qilib ishga tiklandim-u, g‘alati ahvolga tushdim: Olimjon akamdan yukli bo‘lib qolgan ekanman. Qisqasi, ko‘p sarguzashtlardan keyin o‘rtancham Saodatxon Qarag‘andadagi sarishta bir ovulda dunyoga keldi.
Musofirlikning noni qattiq deyishadi. Musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmaysan, degan gap ham bor. Sizning qimmatli vaqtingizni olmaslik uchun muxtasar aytsam, safarga yolg‘iz borib, uchovlashib qaytdik. Ya’ni, Saodatxondan keyin Sarsanbay ismli azamat o‘g‘ilchali ham bo‘lgandim. Hozirda siz saylangan okrugda besh nafar farzandim bilan sizdan avval noiblik qilgan Miltiqboy akadan esdalik bo‘lib qolgan ikki sotixli kottejda muqim yashab kelmoqdaman. Yetti yilki, vaqtincha ishsizman. Meni qora niyatli badkirdor hamkasblarim axloqsiz deb mag‘zava to‘kib, diplomim go‘yo qalbaki ekanini ro‘kach etib, maktabdan chetlatishga muvaffaq bo‘lishgan. Axir qanaqasiga diplomim soxta bo‘lsin, uni shaxsan tuman tunqorovuli Yorqinjon Pinhonov tug‘ilgan kunimga tortiq etgan bo‘lsa?! Bu yog‘ini so‘rasangiz, shukur, farzandlarim maktabda, bog‘chada javlon urishyapti, faoliyatimga xalal berishmaydi, eslari ko‘p.
Javlonjon akaginam, maktubimdan murod shuki, tez-tez hududimizga kelib turibsiz, bir oyog‘ingiz shu yerda bo‘p qolgan. Tuman rahbarlari bilan kelishib, saylovchingiz bo‘lgan mengina mushfiq yolg‘iz ayolga olti sotixli kottej olib bersangiz. Bitta xonasini o‘zingizga mehmonxona qilib berardim. Qanaqadir shubhali mehmonxonalarda yotib yurmasdan, mening g‘amxo‘rligimdan bahramand bo‘lardingiz. Osh-ovqat, kir-chir, issiq-sovug‘ingiz mening mehrli e’tiborimda, yondosh xonangizda dingquloq yashardim, vaqti bemahal kirdi-chiqdi qilib turardik. Men nega bu qadar dadil taklif tashlayotganim boisi shuki, u kuni oynayi jahonda she’r o‘qiganingizni ko‘rib qoldim. Aniq bildimki, siz ham meni unutolmay qiynalib yuribsiz. Ilk uchrashuvimiz hamon qalbingiz to‘rida. “Gulzoringni ko‘zlab turar bulbulim” degan satringizni men judayam teran tushundim va chuqur his qildim.
O‘zimning bulbuligo‘yo shoirginam, siz menga boshpana undirib, g‘amxo‘rlik qilish barobarida, ham noiblik majburiyatingizni, ham insoniylik burchingizni hamda yigitlik vazifangizni sharaf bilan bajargan bo‘lardingiz. Aks holda va’daboz Miltiqboy noibga o‘xshab, bemahal g‘oyib bo‘lib, yosh ketmang, deyman-da. Sizdan qondiruvchi javob kutib, yo‘llaringizga intizor ko‘z tikib qoluvchi saylovchingiz: Chamandagul Ochildiyeva”.
Oqqa ko‘chiruvchi
Mulla XUNOB
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
126
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
224
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
709

