17.03.2025 | 11:28
695
ATAMALAR… “ATALA”GA AYLANMASIN! YOXUD O‘ZLIKNI UNUTISH ASORATLARI
…O‘tgan yil bahorida ko‘chamizga berilgan atama lavhalarini tarqatishganida hamma ajablandi – “Charog‘bon”. Yo‘q, atama mazmun-mohiyatan yaxshi – insonni yorug‘likka undaydi. Ajablanganim, bizning elat asrlarki “Biylar elati” deb yuritiladi. Xon zamonlarida qaysidir bobomiz zimmasiga elga bosh bo‘lmoq – biylik tushgan. Elatdagi qirqdan ortiq xonadon egalarining laqablari ham shu bobomiz tufayli – biy. O‘sha ko‘chada yashaydigan xonadonlarning sakson foizi biylar avlodlaridir.

Yetti-sakkiz yil oldin elatning boshqa bir ko‘chasi “Kulollar” deb nomlanganida ham ajablangandik. Negaki, o‘tgan asr boshlarida elatimizning huv chekkasida bir kulol yashab o‘tganini eshitganmiz. Uning avlodlari hozir ko‘pi bilan uch xonadonga yetmaydi. Bu yoqda “navishlar”, “biylar”, “shog‘ollar” kabi laqabli ko‘p uylik xonadonlar bor-da. O‘shanda mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullariga e’tirozlarimizni aytganimizda “Mayli, keyingi gal taklif-e’tirozlaringizni hisobga olib, sizlar ma’qul ko‘rgan atamani qo‘yamiz”, deyishgandi. Mana o‘sha “takliflarimiz inobatga olingani” – kimdir o‘ylab topgan atama tanlangan. Tamom-vassalom!
Elatimizdan oqib o‘tadigan ulkan ariq “Xitoy” deb ataladi. Ariq oxirida shu nomdagi katta qishloq bor. Bu qishloq kishilari yuz tuzilishi, so‘zlashlari va ayrim urf-odatlariga ko‘ra boshqa qishloq odamlaridan farqlanadilar. Tarixdan ma’lumki, 1172-yili Xorazmshohlar saltanati hukmdori El Arslon vafot etgach, uning ikki o‘g‘li o‘rtasida taxt uchun salkam yigirma yil kurash ketadi. Da’vogar shahzoda Olovuddin Takash taxtni qo‘lga kiritish uchun qoraxitoylar yordamida saltanatga ega chiqadi… Ikki da’vogar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qaqshatqich janglarda yordamga kelgan qoraxitoylardan anchasi halok bo‘lgan, jarohat olgan. Aynan yaradorlarga shoh o‘z hududidan istiqomat uchun yer ajratib beradi. Xitoy qishlog‘idagilar o‘shalarning avlodlari. Qoraxitoylar tarixda nom qoldirgan katta urug‘. Ularning hozirgi xitoylarga aytarli aloqasi yo‘q. Ming yillik Xitoy qishlog‘i atamasi o‘zgartirilishiga esa aynan shu o‘xshashlik sabab qilingan. Tarixda xitoylar yurtini Chin deb yuritilgani birorta mas’ulning yodiga kelmagan…
…Viloyat oynayi jahonida bir suhbatga nogoh ko‘zim tushdi. Qadim Xiva shahri mas’ullaridan biri “Kaptarxona” mahallasi nomini o‘zgartirish uchun yuqoriga taklif yubordik”, deb bilag‘onlik qilayotgan ekan. Xon zamonlaridan xotira atamani ko‘r-ko‘rona o‘zgartirishga sabab… nom g‘alatiligi emish.
Mirzo Bobur hazratlari “Boburnoma” asarida otasining shahid bo‘lgani voqeasini keltirib “…jar yoqasidagi kaptarxonadan uchib shunqor bo‘ldi” deb yozadi. O‘sha zamonlarda raiyatda kaptar boqish rusm bo‘lgani, bu an’ana tarzida hamon davom etayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, kaptar boqishga xonlar ishtiyoqmand bo‘lishganki, bu ularning fe’l-atvori, tabiat moʻjizalariga munosabatini ham bildiradi. Tariximizdan so‘ylovchi atama “g‘alatiligi” uchun yurtdan badarg‘a qilindi.
Xorazm vohasining Hazorasp tumani hududidagi yoshi uch ming yil ekani arxeologlar tomonidan aniqlangan “Dev solgan” qal’aning (“Sulaymon qal’a” ham deyiladi) kunbotar tomonida Juvondir qishlog‘i bor. Bu qishloqning yoshi qal’adan ham ulug‘roq. Saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjar va Xorazm hukmdori qizi To‘rabekxonim o‘rtasida tarixan ro‘y bergan voqea ko‘plab qadim bitiklarda qayd qilingan. Qishloq nomi ana shu voqea bilan bog‘liq. Qishloq uchta mahalla hududiga bo‘linganida birisiga el qadimiyligi ramzi o‘laroq “Juvondir” mahallasi deb nom berilgandi. Yaqinda esa… mahalla shoir va mirob Munis Xorazmiy nomiga o‘zgartirildi. Ikki asr ilgari yashab o‘tgan shoir va mirob asli Xivada tavallud topgan, uni Juvondir bilan bog‘laydigan biror tarixiy voqea yoki holat yo‘q. Salkam ming yillik atamani o‘zgartirish kimga va nimaga kerak bo‘lib qoldi?
Viloyatda mahallalar tuzilganida aksar qishloqlarning qadim nomi saqlab qolindi, aksarida esa bunga e’tibor qaratilmadi. Bizga qo‘shni Dehqonobod qishlog‘ida Os hamda Mitan elatlari bor. Os – eng qadim turkiy urug‘ bo‘lib, bu atama butun qit’a – Osiyo atamasiga o‘zak hisoblanadi. Vohada o‘zagida “os” so‘zi bor atamalar anchagina. Nezaxos, Pirnaxos. Va hatto ayrim tarixiy manbalarda Hazorasp atamasi Hazaros ko‘rinishida keladi. Ogahiyning tarixiy asarlarida ham buni kuzatamiz. Mitan ham to‘qson ikki bovli o‘zbek urug‘laridan birining nomi. Shu elatlarda tashkil qilingan mahallalarda necha ming yillik atamalar “o‘gay”lik qildiki, ularga bog‘-rog‘ bilan bog‘liq atamalar tirkaldi. Yoki bizning qishloq atamasidagi Qulon, qishloq kunbotaridagi elatning Nukus elatlari nomlari ham o‘zbek qavmlari atamalari hisoblanadi. Shu hududdagi mahallalar esa tamoman boshqa nomda.
Tarixiy atamalarning ko‘r-ko‘rona yo‘q qilinishini sanayversak adog‘i ko‘rinmaydi. Yangi tirkalgan atamalar esa hokimlik kabinetlarida o‘ylab topilgan. Bu jarayonga na yerlik xalq, na tarixchi olimlar jalb qilingan. Shu sababdan yangidan qo‘yilayotgan atamalar atrofida ham ajabtovur ishlar ro‘y beryapti.
…Qo‘shni mahalladagi eng katta ko‘cha Muhammad Yusuf nomi bilan ataladi. Yaqinda ushbu ko‘chada yashayotgan katta-yu kichikdan “Ko‘changiz kimning nomiga qo‘yilganini bilasizmi?” deb so‘radim va ularning: “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi bilan atalgan” degan javoblaridan yoqa ushladim. Demak, ko‘chaga mashhur shoir nomini berish haqida kimdir bildirgan taklif qabul qilingan. Mas’ullar esa lavhalarni tarqatayotgan vaqtda shoir va shayx shaxsini chalkashtirib yuborgan.
Mustaqillikdan so‘ng atamalarni milliylashtirish bo‘yicha juda katta ishlar qilindi. Sovet tizimidan qolgan bizga yot atamalar borki, voz kechildi, ko‘plab manzillarga qadim atamalar qaytdi. Bugun vohada o‘zbekning to‘qson ikki urug‘i nomlari bilan ataladigan o‘nlab qishloq va yashash maskanlari bor. Do‘rmon, Qiyot, Nayman, Qatag‘on kabi qishloq va elatlar ahli ajdodlari xotirasi shu taxlit tiklanganidan xursand – “Biz do‘rmonlikmiz yoki bizlar naymanlikmiz!” deb faxr-la aytishlariga izn berilgani uchun istiqloldan minnatdorlar. Qolaversa, atama o‘sha hududlarda ming yillarki yashab kelgan urug‘lar haqida ma’lumot beradi – avlodlar va ajdodlarni o‘zaro bog‘lab turadigan rishta hamdir.
Ammo yuqoridagi kabi holatlar ham borki, (oz emas) bu bilan elning xotirasi ustiga bilib-bilmasdan chiziq tortilgan.
…Elatimiz yonidan oqib o‘tadigan katta ariq xalq tilida “Xitoy” (yana “Mesit”) deb atalishini eslatgandim. Ammo bu ariq rasmiy hujjatlarda “R-5” deb qayd qilingan. “R” harfi nima ma’noni anglatadi? Ayrimlar uni rus tilidagi “reka” so‘zi qisqartmasi deb ham o‘ylaydi. Aslida “R” harfi “распорядитель”, ya’ni “taqsimlovchi” so‘zi tarjimasi. Viloyatda xuddi shu kabi bitta harf va raqamli suv yo‘llari anchagina – “R-3”, “R-7”, “R-7a”, “R-8” va hokazo. Qizig‘i, vaqt o‘tib raqamli bu atamalar odamlar tilida “yerlashib” “Ertri”,“Erpet”, “Ersema”, “Ervosem” ko‘rinishini olgan. Bu atamalarni mazkur suv yo‘llarining qadim atamalariga almashtirish mavzusida o‘tgan yili matbuotda ikki marta chiqish qilishimga to‘g‘ri keldi. Ammo o‘tgan asrning qirqinchi yillarida qadim suv yo‘llariga taqalgan sun’iy atamalar hali hamon yo‘l ko‘rsatkichlarida “manaman” deb turibdi. Ilk tanqidiy chiqishim viloyatdagi suv yo‘llari tarmog‘i uchun mas’ul tashkilot rahbarlarini uyqudan uyg‘otmagach, mavzuga qaytib bu masalani viloyat hokimligi e’tiboriga havola qildik. Afsus, bu safargi e’tirozimiz ham havoda qolib ketdi. Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi nishonlanadigan kezlarda ham salkam bir asr ilgari o‘zgalar tomonidan sun’iy tarzda yopishtirilgan atamalar g‘oyatda yashovchan ekanligini namoyon qilmoqda.
…O‘quv dargohlarida bo‘lib o‘tadigan ijodiy uchrashuvlarda yoshlarning o‘zlari yashaydigan joy atamasi va uning mazmuni haqida so‘rashga odatlanmagan. Afsuski, aksar yoshlar bu savolimga “Bizning qishloq “partsyezd”, “kommunizm” yoki “sotsializm” deb javob qaytarishadi. Sezamanki, ular sovet zamonida tarqalgan atamalarni ota-onalaridan eshitishgan. Keksa avlod vakillari tillari hamon o‘sha atamalarni aylantirib, chaynab yuribdi.
Viloyat markazi yoki tumanlarda boshqa hududlarga qatnaydigan jamoat ulovlari – avtobus yoki yo‘nalishli taksilar peshtoqlarida ham eski atamalarga ko‘zimiz tushadi: “Urganch–Kommunizm”, “Bog‘ot–Lenin–Atov” kabi. Yoki viloyat markazida harakatlanuvchi ulovlardagi “Водник”, “Зоналний” kabi ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratadigan mas’ulning o‘zi yo‘q. Insoniyat tamadduni, taraqqiyoti va xalqlarning kelib chiqishini o‘rganadigan olimlar inson ongi, tafakkurida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar silsilasini bir avlod almashinuvi bilan bog‘laydilar. “Ellik yilda el yangi” otaso‘zimiz shunga ishora qiladi. Yurtimiz bir yarim asrlik mustamlakadan qutulib, tezkor taraqqiyot bosqichlarini tizimli bosib o‘tmoqda. Bu insonlar zehniyatida ro‘y bergan, berayotgan o‘zgarishlarda ham ko‘rinadi. Zero, jadid bobolarimiz elni ma’rifatga boshlaganlarida aynan zehniyatimizda inqilob qilish orzusida bo‘lishgan. Bu degani eskilik sarqitlaridan qutulish, o‘zligimizga qaytishdir.
Bugun og‘riq bilan tilga olayotganimiz – joylarda atamalarning tartibsiz ravishda yo‘q qilinayotgani, tushuniksiz atamalar tirkalayotgani – bir so‘z bilan aytganda, atamalar ayrim hollarda “atala”ga aylantirib yuborilgani mas’ullar zehniyatida eskilik qusurlari halihamon mavjudligi, yashayotganidan dalolat!
…Ha, darvoqe, amaldagi yilda mahalla raislarining vakolatlari 3 yildan 5 yilga uzaytirilishi va shu bilan birga ayrim mahallalarni yiriklashtirish, ya’ni bir-biriga qo‘shib yuborish nazarda tutilyapti. Ishonamizki, qayta qo‘shilish jarayoni qadim atamalar saqlanib qolishiga ta’sir qilmaydi. Aksincha, yiriklashtirish tufayli asossiz ravishda olib tashlangan qadim atamalar yana o‘z o‘rniga qaytadi.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



