15.05.2025 | 15:52
694
QATTOL QIRGʻIN ASORATLARI YOXUD NEGA YUZ MILLIONLIK NUFUSGA YETMADIK?
Ikkinchi jahon urushi yillarida endigina o‘n yoshidan hatlagan qizaloq – onam kattalar qatorida kolxozda ishlashga majbur bo‘lgan. Majbur qilingan. Onam rahmatli ko‘p aytardi: “Och o‘tiray-to‘q o‘tiray, sira urush bo‘lmasin!”

Go‘dakligidayoq jismiga singib ketgan urush vahmi onamni umri poyonigacha tark etmadi. Nogoh nevaralari tushirib qoldirgan non ushog‘ini ko‘rib qolsalar, darrov terib olib, peshonalariga surtib bosh chayqardilar: “Urush vaqti shugina ushoqni topolmay ochlikdan shishib o‘lganlar bo‘ldi. To‘qlik zamonamdan aylanay…”
Jahon tarixidagi eng so‘nggi, eng ko‘p qurbonlar berilgan Ikkinchi jahon urushidan bizni ko‘p emas – atigi sakson yil ajratib turibdi. Shoir aytmoqchi “tarix uchun bu muddat qosh va kiprik orasi”.
Keyinchalik aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, urushda 52 million kishi halok bo‘lgani, sakson milliondan ortiq inson mayib-majruh qaytgani qayd etilgan. Halok bo‘lganlar qabrini Moskvadan Berlin-u Uzoq Sharqqacha bo‘lgan hududlarda o‘t-o‘lan bosganiga sakson yildan oshdi.
Urush o‘choqlaridan eng kami to‘rt ming chaqirim masofada joylashgan qadim yurtimiz undan eng ko‘p yo‘qotishlar bilan chiqqani quyidagi raqamlarda ayon ko‘rinadi: 1418 kun davom etgan Ikkinchi jahon urushi arafasida respublikamizda 6 million 551 ming kishi yashagan. Ulardan
1 million 951 ming 700 nafari urushga bevosita va bilvosita safarbar qilingan. Bevosita janggohlarda qatnashgan yurtdoshlarimizdan 530 ming kishi halok bo‘lgan. Ellik ming askar asir tushgan. 870 942 kishi mayib-majruh bo‘lib qolgan (ma’lumotlar manbalarda har xil). 158 ming askarning taqdiri hali-hamon noma’lumligicha qolmoqda.
Nufusi yarim milliondan sal ko‘proq bo‘lgan Xorazm viloyatidan 131 600 kishi urushga safarbar qilingan va ularning uchdan ikkisi uyiga qaytmagan.
U paytda viloyatda oltita tuman bo‘lib, ularning eng kattasi Hazorasp edi. Tumandan 20 821 g‘o‘r yigit urushga olib ketilgan. Yarim majruh holida bo‘lsa-da, uyiga omon qaytganlar soni olti mingdan sal ortiq.
O‘sha vaqtda Hazorasp tumani tarkibida bo‘lgan elatimizda tashkil qilingan kolxozdagi 42 oiladan 22 nafar yigit urushga ketgan. Uyiga qaytganlar soni 7 nafar. Ulardan uch nafari qo‘l yoki oyog‘idan ajralgandi.
…Amakimiz Ro‘zmat biyning ikki o‘g‘li – Rajabboy va Karimboyning jasadi janggohda qolgan. Bu amakilarimiz urushga ketganlarida endigina 18 yoshga to‘lishgandi.
Elatdagi kolxoz raisi, amakimiz Egamberdi Eshniyozov 1942-yilda urushga otlangan va Vlasov armiyasida vzvod komandiri bo‘lgan. Armiya qurshovda qolib, nemislarga asir tushganidan so‘ng taqdiri nima kechgani noma’lum. Xayriyatki, amakimiz uylangan bo‘lib, undan ikki o‘g‘il qolgandi.
Yoki shu kolxozda ombor mudiri bo‘lib ishlagan Qo‘chqor kulol uch norasida bolasini tashlab, urushga otlanadi va Stalingrad ostonalarida tuproqqa ko‘miladi…
Urush ortida ro‘y bergan fojialar frontdagidan kam bo‘lmagan. Borini frontga yuborgan aholi ro‘y bergan ocharchilik, turli yuqumli kasalliklardan qirilib bitgan. Qariyalar aytishardi: “Elatimizda “qoroqlar” degan qavm bor edi. Bu oilada qirq kishi yashardi. Hammasi 1943-yil bahorida yurtga yopirilgan vabodan qirilib ketishdi, butun qavmdan bir tirik jon qolmadi”.
Otam kolxozda traktorchi bo‘lgani uchun urush boshlamasida “bron” bilan qoldirilgan bo‘lsalar-da, 1942-yil qishida frontda vaziyat og‘irlashgani ortidan bir kunda urushga olib ketilgan. Urushni Berlinda tugatgan otam 1946-yil qaytib keladi va yarim xaroba uyini, ochlikdan o‘lar holatga kelgan ukalarini ko‘radi. Urush arafasida vafot etgan akalaridan yodgor qolgan o‘smirni esa begona birov asrab olgan bo‘ladi.
Otam aytardi: “Urushga ketganimizda elatdagi 42 imorat mo‘rilaridan tutun chiqib turardi. Qaytib kelib ko‘rdimki, to‘rt yil oldin hayot qaynagan shu xonadonlarning yarmisi ham qolmabdi. To‘rt yillik urush elatimizga o‘nglab bo‘lmas qirg‘in solgan edi”.
Sotvoldi kakir tog‘amizning 16 yashar ukasi Ko‘klam tog‘amiz elatlik bir guruh tengqurlari bilan 1943-yilda Sibirdagi harbiy zavodlarda ishlash uchun olib ketilgan. O‘sha vaqtda buni “FZU – fabrika-zavod boshqarmasi” deyishgan (qariyalar o‘zaro gurunglarida “Falonchining mushtdek bolasi “pzu”ga ketib, qaytib kelmadi” deb xotirlashardi). Ko‘klam tog‘amizning bir yildan so‘ng o‘ligi kelgan. Yosh o‘smir Sibirning qora sovug‘ida o‘pkasini sovuqqa oldirgan…
Ellik yashar Rahmatullo amakimiz ishchi batalyoniga olib ketiladi va ikki yildan so‘ng yarim nogiron bo‘lib qaytadi. Bilagidan kuch, belidan quvvat ketgan ellik yashar inson Moskva yaqinidagi qurilishda kuniga 14 soat ishlashga majbur qilinadi. Amakimiz xotirlardi: “Oramizda oltmish yoshga yetganlar ham bor edi. Bechoralar ishlash u yoqda tursin, belkurakka suyanib turishga-da yaramaydilar. Ammo zulm yomon – har kunlik ish normasi qat’iy belgilangan. Normani bajarmasa, o‘sha beradigan bir burda qora non ham yo‘q. Ishchi batalyonga safarbar qilinganlarning yarmidan ko‘pining o‘ligi o‘sha yoqlarda qoldi…”
Urush davri musibatlarini yozaversak adog‘i yo‘q. O‘zim bilgan, qavmi-qarindoshlar boshiga tushganlaridan ayrimlarini esladim, xolos.
Xayolan hisob-kitob qilaman: yurtimizning juda kichik bir bo‘g‘ini bo‘lmish bizning “Mesit” elatimizdan 22 yigit urushga olinib, ulardan atigi 7 nafari qaytib kelgan; urushga ketgan va qaytmagan yigitlardan atigi uch nafari uylangan bo‘lgan; taqdiriga jahannamdan omon chiqish nasib qilgan 7 nafar sobiq jangchi uylanib, ro‘zg‘or tutib, elatni qayta tiklashgan; bugun ularning avlodlari 165 oilaga yetib, aholi to‘rt yuz nafardan ortiqni tashkil qiladi…
Endi tasavvur qiling, janggohlarda qolib ketgan 15 nafar yigitdan (ulardan uch nafari urushgacha uylanishgan, o‘zlaridan zurriyot qoldirishgan) 12 nafari ham omon qolishganida… yo‘q, o‘sha la’nati urush degani ro‘y bermaganida bugun elatimiz kamida uch yuz uylik, bir yarim ming nafarlik nufusga ega bo‘lmasmidi? Hech shubhasiz, shunday bo‘lardi!
Tabiatda har bir jonzotda o‘zidan nasl qoldirish majburiyati bor. Bu o‘zgarmas qonuniyat. Afsuski, ayrim tadqiqotchilar urushga “insoniyatning tabiiy tanlanish lahzasi” deya ta’rif berishadi. Ular nazdida Yer shari imkoniyatlaridan kelib chiqib, aholi sonini shu taxlit muvozanatda saqlab turish kerak emish. Naqadar noinsoniy, jirkanch falsafa!
Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan davrda dunyoda bir milliarddan ko‘proq odam yashagan. O‘tgan sakson yilda insoniyat 8 milliardlik marradan o‘tdi. Bu har o‘n yilda insoniyat bir milliardga ko‘paymoqda degani.
Agarda o‘sha la’nati urush bo‘lmaganida bugun dunyoda eng kamida yuz million O‘ZBEK yashayotgan bo‘lar va eng ko‘psonli millatlardan biriga aylanardik. Yurtimiz hududi, tabiiy sharoiti, boyliklari, hosildor yerlari shu miqdor aholi to‘kin-sochin yashashlarini ta’minlashga qodir (Aytarli yerosti boyligi bo‘lmagan, ekin yer maydonlari bizdan deyarli besh marta kam bo‘lgan Yaponiyada bugun 130 million aholi bor. Poytaxti Tokio aholisi soni respublikamiz aholisi sonidan ko‘proq).
Moskvadan Berlingacha jang maydonlarini piyoda kechib o‘tgan rahmatli otam lug‘atida “urush” so‘zi uchramasdi – yo‘q edi. Otam o‘zi, oilasi, qavmdoshlari boshiga tushgan bu kulfatni bir so‘z bilan atardi – “qirg‘in”. Gohida urush davri xotiralarini gapirishga o‘zlarida kuch topganlarida “Yurtga qirg‘in keldi”, “Odamlar qirilib ketishdi”, “Uch yil qirg‘inda yurdik”, derdilar.
Ushbu maqolani yozishga muhtaram Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan frontorti ishtirokchilarini moddiy rag‘batlantirish, “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medalini ta’sis etish to‘g‘risidagi Farmonlarida belgilab berilgan vazifalar, ya’ni qirg‘inda halok bo‘lganlarni xotirlash, shu jabhada qatnashgan va hali-hamon hayot bo‘lgan insonlarga munosib ehtirom-e’zoz ko‘rsatish borasida qilinadigan ishlar ko‘lami sabab bo‘ldi. Bizga o‘sha olis vahshatli kunlar ishtirokchilari bo‘lgan urush qatnashchilarining har biriga o‘n ming AQSh dollari miqdorida mukofot berish, frontorti zahmatkashlarini ham munosib taqdirlash yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining timsoli!
…Va hozirda dunyoning bir qator davlatlarida yer, til, din talashish o‘laroq kelib chiqqan va davom etayotgan urushlar oqibatida halok bo‘layotgan, uysiz-boshpanasiz qolayotgan, nogiron-u notavon askarlar-u tinch aholi vakillari dod-faryodlari yoyinlanayotgan lavhalarga ko‘zim tushganida “Ey odamzod, qachon urush-u qirg‘in so‘zini lug‘atingizdan o‘chirasizlar!” deb hayqirgim keladi.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
117
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
628
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
622



