13.04.2024 | 14:03
300
XALQ MULKI MUQADDAS!

Bugungi kunda jamiyatimiz hayotida “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari o‘zaro hamohang va uyg‘un shaklda qo‘llanilib, xalqimizning yagona maqsad sari intilishida asosiy yo‘nalish bo‘lib xizmat qilmoqda. Darhaqiqat, mustaqil taraqqiyot yo‘limizni belgilab olganimizdan beri o‘tgan vaqt mobaynida “Yangi O‘zbekiston” tushunchasining hayotimizga kirib kelishi ham o‘ziga xos zarurat mahsulidir.
Ayni vaqtda O‘zbekiston o‘tmishda boshlangan ishlarning barcha jihatlarini chuqur idrok etib, tarixiy tajribaga tayanib, o‘z taraqqiyotining butunlay yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ymoqda, deyishga to‘la haqlimiz.
Bunday mas’uliyatli pallada yosh avlod ta’lim-tarbiyasi mamlakat taraqqiyoti va farovonligi uchun nihoyatda muhim hisoblanadi. Ma’rifatparvar olim va adibimiz Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, bugun tom ma’noda “tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.
Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimizning tashabbusi bilan ta’lim tizimining muhim bosqichi – xalq ta’limi sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu masala davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarildi.
Shu bois “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli vazifalar belgilandi. Sohaga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, xalq ta’limiga 2021-yilda qariyb 32 trln. so‘m, 2022-yilda 37,5 trln. so‘m, 2023-yilda 47 trln. 15 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 52 trln. 777 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati, boshqa byudjet tashkilotlari kabi xalq ta’limi muassasalari xodimlarini ham turli hasharlar, jumladan, paxta yig‘im-terimiga jalb etishga chek qo‘yildi. Pedagogning maqomi qonun bilan belgilanib, uning huquq va erkinliklari davlat tomonidan himoya qilinishi mustahkamlandi.
Albatta, yaratilayotgan bunday sharoit va imkoniyatlar haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin bu soha adolatli, shaffof va korrupsiyasiz sohaga aylanmas ekan, qancha ish qilinmasin, qancha mablag‘ sarflanmasin, kutilgan natija va qo‘yilgan maqsadlarga erishish qiyin kechishini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Ochiq aytish kerak, o‘tgan davrda xalq ta’limi tizimining ayrim sohalarida poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, suiiste’molchilik avj olgan edi. Afsuski, bunday illatlardan hozir ham to‘liq xalos bo‘la olganimiz yo‘q. Shuncha e’tibor va g‘amxo‘rliklarga qaramasdan, sohada korrupsiya holatlari, jiddiy muammo va nuqsonlar saqlanib qolayotgani barchamizni, xususan, o‘z hayotini ushbu sohaga bag‘ishlagan fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarimizni tashvishga solmoqda.
Ayniqsa, ta’lim tizimidagi korrupsiyaviy omillar tahlili, birinchi navbatda, sohadagi ayrim mansabdor shaxslar tomonidan byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ularning davlat tomonidan zahmatkash pedagog xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va ish haqini oshirish uchun ajratilayotgan mablag‘larga chang solayotgani juda achinarlidir.
Shu o‘rinda ayrim misollarga murojaat qilsak. Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limining mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish haqida soxta hujjatlar tuzib, “O‘zAsbo” dasturiga kiritish orqali ikki yil ichida qariyb 34 mlrd. so‘mni talon-toroj qilgan. Bu ham yetmaganidek, ular mazkur dasturiy ta’minotga maktablarda umuman ishlamaydigan 41 nafar, ishdan bo‘shab ketgan yoki homiladorlik ta’tilida bo‘lgan 384 nafar fuqaroni ham kiritib, go‘yoki ularga ish haqi berish vaji bilan yana 12 mlrd. so‘m pulni o‘zlashtirgan. Shuningdek, 604 nafar ishchi-xodimga ish haqi, mukofot, mehnat va tug‘ruq ta’tili uchun to‘lovlarni hech bir asossiz ko‘paytirib yozish yo‘li bilan qo‘shimcha 2,5 mlrd. so‘m mablag‘ ham o‘marilgan.
Holbuki, ushbu mablag‘larni qanchadan qancha pedagog xodimlarning sharafli mehnatini rag‘batlantirish uchun yo‘naltirish mumkin edi.
Xalqimizda: “Yangisini qurmay turib, eskini buzma”, degan hikmatli naql bor. Biroq ta’lim tizimidagi ayrim mutasaddilar maktab binolarini o‘rinsiz ravishda buzish yo‘li bilan ham xalq mulkini talon-toroj qilishmoqda. Masalan, Angren shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari qalbaki buyruq asosida ushbu hududdagi 5-maktab binosini buzib, 400 mln. so‘mdan ortiq maktab mulkini o‘zlashtirgan. Yoki Xo‘jaobod tumanidagi 17-sonli nuqsoni bor bolalar davlat ta’lim muassasasi direktori I.R. mazkur muassasa ixtiyoridagi 1 gektar yer maydonini go‘yoki tanlov amalga oshirish yo‘li bilan yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratish to‘g‘risida tuman hokimining soxta qarorini qabul qilishga erishib, davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.
Xalqqa foydasi tegadigan bino-inshootlarni qurish qanchalik savobli ish ekani hech kimga sir emas. Afsuski, nafsi hakalak otgan ayrim kimsalar maktab qurishga yo‘naltirilgan mablag‘larga ham ko‘z olaytirishmoqda. Denov tumani xalq ta’lim bo‘limi mansabdorlari bir guruh shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, tumandagi to‘qqizta umumta’lim maktabini kapital ta’mirlash maqsadida davlat byudjetidan ajratilgan 8,6 mlrd. so‘m mablag‘ning 2,5 mlrd. so‘mini obyektlarda amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali o‘zlashtirishgan.
Ma’lumki, ta’lim muassasalarida pedagog xodimlar va o‘quvchilarga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ta’lim sifatini oshirish maqsadida o‘quv xonalari zamonaviy vositalar bilan ta’minlanmoqda. Biroq ayrim nopok kimsalar maktablarga o‘quv-mebel jihozlarini yetkazib berishda ham qalloblikka yo‘l qo‘yib, bu yo‘nalishdagi islohotlarga to‘siq bo‘lmoqda.
“K.E.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.S. maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” davlat unitar korxonasi mansabdor shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, Qashqadaryo viloyatidagi umumta’lim maktablariga jami 19,6 mlrd. so‘mga 45 turdagi o‘quv-mebel jihozlarini yetkazib berish yuzasidan 2021-yil 18-iyunda o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘ladi. Biroq u tender shartlarida qayd etilgan texnik tasnifda va davlat standartlariga mos bo‘lishi lozim bo‘lgan o‘quv-mebel jihozlarini atayin kichik o‘lchamlarda tayyorlash va bahosini qimmat narxda hisoblash orqali 1,8 mlrd. so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirishgan. Eng achinarlisi, ushbu nostandart jihozlardan foydalanishi oqibatida o‘qituvchi va o‘quvchilarning sog‘lig‘iga yetkaziladigan zararning bahosini hech qanday mablag‘ bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
O‘rni kelganda yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildik. Ma’lumki, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 61-moddasida davlat va fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart ekanligi belgilab qo‘yilgan. Albatta, xalqimizning bebaho ma’naviy xazinasini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
Biroq prokuratura organlari tomonidan madaniy meros obyektlarini asrash va muhofaza qilish borasida olib borilgan o‘rganishlarda bu yo‘nalishda ham bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Misol uchun, O‘zbekiston Milliy universitetining axborot-resurs markazi direktori I.K. qo‘l ostidagi xodimlar bilan til biriktirib, unga ishonib topshirilgan XIII–XIX asrlarga oid “Qur’oni karim”, “Zafarnoma”, “Al-muxtasar al-viqoya”, “Tarkibi bandho”, “Kitobi tavzihot”, “Sharh ala fiqhi Kaydoniy”, “Nur ul-anvor ala sharh kitob al-minar”, “Latoif va taroyiq”, “Nasix ut-tavorix”, qadimiy sanskrit tilidagi “Shukasaptati” (keyinchalik “To‘tinoma” nomi bilan shuhrat topgan) kabi jami 57 dona noyob tarixiy va badiiy ahamiyatga ega qo‘lyozma asarlar, mashhur ulamolar qalamiga mansub 12 dona toshbosma asar hamda 9 ta tarixiy hujjatni talon-toroj qilgan. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, mazkur noyob asarlarning umumiy qiymati 2,6 trln. so‘mga baholangan. Mazkur qabih talon-torojlikka oid ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan jinoyat ishi apelyatsiya instansiyasi tartibida ko‘rib chiqilib, javobgar shaxslarga jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Bundan tashqari, 27 ta madaniy meros obyektidan biron-bir huquqiy asossiz noqonuniy foydalanib kelingan. 35 ta foydalanishga (ijaraga) berilgan obyektda ilmiy ekspert kengashining ruxsatisiz qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, 12 ta madaniy meros obyektidan oqilona foydalanilmagan. Misol uchun, Buxoroda Mavlonoi Sharif ansambli, Jizzaxda Sa’d Ibn Abu Vaqqos majmuasi, Qashqadaryoda “Dorus Saodat” majmuasi, Navoiyda Mir Said Bahrom maqbarasi, Namanganda Umarxo‘ja Eshon masjidi, Andijonda Bandi ota ziyoratgohida ruxsatsiz ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, tarixiy obidalarga jiddiy zarar yetkazilgan.
So‘nggi 5 yilda madaniy meros obyekti hisoblangan 59 ta masjidni ta’mirlash, restavratsiya qilish uchun 36,9 mlrd. so‘m hamda 51 ta ziyoratgoh uchun 60,1 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari sarflangan. Shu davrda Milliy ro‘yxatga kiritilgan barcha 239 ta obyektni restavratsiya qilish uchun byudjetdan jami 268,6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Ammo o‘tkazilgan o‘rganishlarda loyihada ko‘rsatilmagan 50 ta ish uchun 7 mlrd. so‘m, ruxsat olinmagan 15 ta ish uchun 17,5 mlrd. so‘m asossiz sarflangani, 68 ta holatda 3 mlrd. so‘m o‘zlashtirilgani hamda 10 ta obyektga 8 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.
So‘nggi ikki yilda bu yo‘nalishda qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 148 ta taqdimnoma kiritilib, 108 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi va 84 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, yetkazilgan zararning 8,2 mlrd. so‘mi undirildi.
Bundan tashqari, prokuratura organlari tashabbusi bilan tarixiy obyektlarda homiylik asosida qariyb 2,6 mlrd. so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda ta’lim sohasida uchrayotgan yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz holatlar hamda bebaho madaniy merosimiz namunalarini asrash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar har bir yurtdoshimizni tashvishga solishi tayin. Shu bois ushbu sohalarda qonun ustuvorligini ta’minlash uchun kelgusida ham barcha qat’iy choralar ko‘riladi.
Nig‘matilla YO‘LDOSHEV, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori
“Jadid” gazetasi 2024-yil 8-mart 11-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



