Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.01.2025 | 08:57

img421

BORLIQ – BASHARIYAT MULKI. UNI ASRASH UCHUN HAR BIRIMIZ MAS’ULMIZ

Taniqli ekojurnalist Nargis Qosimova bilan suhbat

– Nargis opa, keling, suhbatimizni ekojurnalistika sohasiga kirib kelishingizdan boshlaymiz. Ayting-chi, nega aynan shu sohani tanlagansiz va ekojurnalistikani bugungi kun uchun qanchalik muhim deb bilasiz?

– Bolaligimdan uy hayvonlarini, qushlar va daraxtlarni juda yaxshi ko‘raman. Bir men emas, oila a’zolarimizning hammasi jonivorparvar edi. Biz ko‘chada jarohatlangan it, mushuk bormi, yoki qanotiga nimadir bo‘lgan qush bormi, uyga ko‘tarib kelardik va travmatolog shifokor bo‘lmish otam ularni davolardi. Ana shu jonivorlarning aksariyati bizning hovlimizda yashab qolardi. Uyimizga kelgan odam o‘zini hayvonot bog‘iga tushib qolganday his qilardi.

Men veterinar bo‘lmoqchi edim. Lekin otam bu kasbni tanlashimga ro‘yxushlik bermadi. Shundan so‘ng jurnalistika sohasini tanladim.

Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qidim. Talabalik yillarimda ijodiy faoliyatim avjiga chiqdi. Meni faqat nabotot olami qiziqtirar edi. Qator maqolalar yoza boshladim. Rossiyaning bir qancha shaharlarida amaliyot o‘tadim. U yerlarning tabiati, iqlimi va hayvonot olamini ozmi-ko‘pmi o‘rgandim.

O‘zbekistonga qaytib, “O‘qituvchi”, ya’ni hozirgi “Ma’rifat” gazetasiga ishga kirdim. Ammo bu gazetada meni qiziqtiradigan soha unchalik yoritilmas, yo‘nalishi butunlay boshqa edi. Shuning uchun maqolalarimni qayerga berishni bilmay qiynaldim.

2014-yilda “ekolog.uz” degan sayt ochib, yozganlarimni joylab bordim. 2018-yilga kelib dunyo bo‘yicha ekologik muammolar dolzarblashib, bu haqda ko‘p gapirila boshlandi. Lekin aholining murojaatlari deyarli o‘rganilmas edi. O‘sha yili “ekolog.uz” telegram kanalimni ham ishga tushirdim.

Boshida kanalga kuniga bor-yo‘g‘i bitta yo ikkita murojaat kelib tushardi. Biz ko‘proq ekologik muammolarni ko‘rsatish uchun harakat boshladik. Men hech qachon murojaatchining ism-sharifini e’lon qilmayman. Saytda ism-sharifi ochiqlanmasligini bilgan odamlar ko‘proq murojaat yo‘llay boshladi.

Soha mutasaddilari “Nega odamlar bu mavzuda bizdan ko‘ra sizlarga ko‘proq murojaat qilishadi?”, deb e’tiroz ham bildirishgan. Buning sababi oddiy. Bu idoralarda tartib bo‘yicha murojaatchining ism-sharifi ochiqlanishi shart. Odamlarda esa hali-hamon ichki qo‘rquv bor, andisha kuchli. Masalan, hozir tabiatni asosan tadbirkorlar ifloslantiradi. Deylik, uning qo‘lida ishlaydigan kishi buncha balon yoqildi yoki oqava chiqindini daryoga oqizdik, deb ochiq aytsa, u ishdan haydalishi tayin-da.

Shuning uchun biz bunday ma’lumotlarni kimdan olayotganimizni sir tutamiz. Tazyiqlar ham bo‘lgan. “Kim bu ma’lumotni berdi?”, degan dag‘dag‘ali savollarga ham duch keldik. Chunki biz kichik tadbirkorlik sub’yektlarigina emas, katta-katta korxonalar ham ekologiyani buzishga “salmoqli hissa” qo‘shayotgani haqida bong urganmiz. 

Hozirgi kunda faoliyatimiz ancha kengaygan. Moʻjazgina nodavlat tashkilotimizga har kuni yo‘q deganda 20–25 ta murojaat kelib tushadi. Ekologiya vazirligi, Ekopartiya, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, “O‘zsuvta’minot” va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlik qilyapmiz. Ekologiya bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ular bilan birgalikda ish olib bormoqdamiz.

Bizda haliga qadar ekojurnalistika degan soha yo‘q edi. Dastlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida va O‘zbekiston jurnalistika ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘quv dasturlariga ekologiya bo‘yicha darslar kiritildi. Ammo faqatgina 35–40 soatlik ma’ruzalar bilan malakali ekojurnalist tayyorlashning imkoni yo‘q. Albatta, chuqurlashtirilgan bilim va amaliyot kerak bo‘ladi. Keyingi o‘quv yilidan O‘zJOKUga ekojurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ham talabalar qabul qilinadi. 20–25 nafar talaba bo‘lsa ham, har holda ekologiya masalalarini yoritadiganlar safi ko‘payadi. Men shunisiga ham xursandman.

– Ekologiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi qay darajada bo‘lyapti? Sizga kelib tushayotgan murojaatlar o‘z yechimini topyaptimi?

– Albatta, yechimini topyapti. Agar shunday bo‘lmaganida telegramdagi “bot”imiz allaqachon yopilib ketgan bo‘lardi. Mutasaddi tashkilotlar bartaraf etilgan muammolar haqida rasmiy munosabat bildiradi. Murojaatchi esa kanalimizda buni kuzatib boradi. Biz masalaning qay darajada hal qilinganini o‘zimiz tekshirib ko‘rib, ishonch hosil qilganimizdan keyin yana kanalimizda e’lon qilamiz.

– Sizningcha, bunday muammolarning ko‘payishiga ko‘proq kimlar sababchi bo‘lyapti?

– Har birimiz ma’lum darajada bunga sababchi bo‘lyapmiz, deb o‘ylayman. Mana, keyingi vaqtlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab daraxt ko‘chatlari ekilyapti. Ammo ana shu nihollarning deyarli oltmish foizi qurib ketdi. Nega? Agar ana shu ezgu tashabbus to‘liq ro‘yobga chiqarilganida hozir O‘zbekiston boshdan-oxir bog‘-rog‘larga burkanmasmidi?

Bu yerda xo‘jako‘rsinga ko‘chat ekuvchilardan tortib, oddiy fuqarolarning ham aybi bor. Bir misol aytaman, hozir odamlarning uyi oldiga ham ko‘chat ekib berishyapti. Lekin ana shu ko‘chatlar qurib qolmasin, deb birov bir chelak suv quymaydi. Axir shu nihol voyaga yetsa, ertaga uning soyasida o‘zimizning bolalarimiz, nevaralarimiz o‘ynaydi. Hech bo‘lmasa, ikki kunda bir marta sug‘orish shunchalik qiyin ishmi? 

Men ko‘p qavatli uyda yashayman. Yugur-yugur qilib, uyimizning orqa tomoniga 300 tup daraxt ko‘chati ektirdik. Ishonasizmi, ularga suv quyish uchun 64 ta xonadondan atigi uch nafar odam chiqadi. Ularning biri men bo‘lsam, ikki nafari o‘zga millatga mansub qo‘shnilar… Uch kishining 300 tup niholni chelaklab sug‘orishi oson emas. Boshqalar derazasidan bamaylixotir bizni kuzatib o‘tirishadi. Qachonki biron joyda daraxt qurisa yoki ularga shikast yetkazilsa, ko‘pchilik odamlar birdaniga “tabiat jonkuyarlari”ga aylanib qolib, ijtimoiy tarmoqlarga “negativ” joylashga tushib ketadi.

Bundan ham achinarlisi, kun sayin kamayib ketayotgan sayroqi qushlarni ovlab pul ishlayotgan, sudralib yuruvchi jonivorlarni “ming dardga davo” deya sotib hamyonini qappaytirayotgan, daraxtlarni kesib o‘tin qilayotgan kimsalar tabiatga, qolaversa, insoniyatga qanchalik zarar keltirayotgani to‘g‘risida hatto o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Biz viloyatlar bo‘ylab ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazamiz. Ana shunday tadbirlardan birida farg‘onalik bir “ishbilarmon” o‘zi chet davlatga eksport qilgan katta miqdordagi pomidor mahsulotini iste’mol uchun zararli deb topib qaytarib yuborishgach, yurtimizda juda arzon narxda sotgani va odamlar undan minnatdor bo‘lgani haqida g‘ururlanib so‘zladi. Qarang, biz nafaqat tabiatni, balki o‘z-o‘zimizni ham ayamayapmiz.

Yaqinda Chirchiqdagi to‘qimachilik fabrikalarida reyd o‘tkazganimizda chiqindini yashirin tarzda kanalizatsiya quvuri orqali daryoga oqizishayotganiga guvoh bo‘ldik. Terini qayta ishlovchi korxonalarda ishlatiladigan kimyoviy modda o‘ta zaharli bo‘lib, uni maxsus usullar yordamida ko‘mib, zararsizlantirish talab etiladi. Afsuski, ba’zi shovvozlar bu og‘uni shunchaki tuproqqa sepib yuboryapti yoki nari borsa, qo‘lbola chuqurcha kovlab, shunga to‘kyapti. Vaholanki, uning bir tomchisi yerosti suvlariga qo‘shiladigan bo‘lsa, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli. 

Umuman, ekologiya muammosi juda keng ko‘lamli mavzu, ularning hammasini birgina suhbatda qamrab olishning imkoni yo‘q. Uni asrab-avaylash esa har birimizning insoniy burchimiz hisoblanadi. Chunki tabiat, borliq butun bir bashariyatning bebaho mulkidir.

– Nargis opa, “Yashil makon” loyihasiga umummilliy harakat maqomi berilgani bejiz emas. Shu o‘rinda ekologiya sohasiga ixtisoslashgan jurnalist sifatida yashillik olamining tabiatdagi jarayonlarga ta’siri haqida aytib o‘tsangiz.

– Daraxtlar birinchi navbatda chang va tovushni o‘zida ushlab qolish xususiyatiga ega. Lekin bu – faqatgina daraxtlar hayot manbayi degani emas. Hatto, oddiy ajriq ham o‘zidan kislorod chiqaradi.

Bir narsani yaxshi bilishimiz kerakki, ignabargli daraxtlar changni o‘zlarida tutib qololmaydi, aytarli soya ham bermaydi. Bizning iqlim sharoitimizda enli bargli, sersoya daraxtlarning ahamiyati katta. Chunki bunday daraxtlar o‘zining soyasi kengligida yerning namligini ham saqlab turadi. Biz hamon archaga ishtiyoqmandlikdan voz kecha olmayapmiz. Archa o‘zidan fitosintez chiqaradi, lekin u na g‘uborni, na tovushni qaytaroladi. Buning ustiga, ignabargli daraxt bo‘lgani uchun unga qushlar qo‘nolmaydi. Katta bargli daraxtlarning kamayishi o‘z navbatida qushlarning ham kamayishiga sabab bo‘ladi.

Menimcha, daraxt ko‘chatini ekkan tashkilot uning qurib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham mas’ul bo‘lishi kerak. Yerga uch-to‘rt tup nihol qadab, tantanavor suratga tushish va yuqori tashkilotlarga tantanavor hisobotlar berib ketaverish bilan ish bitmaydi. Kelajak avlodga ona zaminimizni omon yetkazish uchun har birimiz mas’ulmiz. Aholi yashaydigan maskanlarni yashil hududlar bilan o‘rab olish kerak. Ularni parvarishlashni ham zimmamizga olish zarur.

Yer yorib o‘sgan har bir giyohning ham, ko‘z ochgan har bir jonzotning ham o‘z vazifasi bor. Dov-daraxtlar hayotga nafas beradi, havoni tozalaydi. Sudralib yuruvchilar kemiruvchilar bilan, kemiruvchilar esa tuproq ostidagi zararli hasharotlar bilan oziqlanadi. Shu tariqa tabiatda populyatsiya jarayoni davom etaveradi. Odamning asosiy vazifasi esa olamni asrashdir!

– Siz bilan suhbatlarimizni har bitta ekologik muammoga alohida yondashib, albatta, yana davom ettiramiz, degan umiddamiz. Sog‘ bo‘ling!

M.RUSTAMOVA suhbatlashdi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596