Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.03.2025 | 15:37

img750

ESKI ARAVA IZIDAN

Qirq yil avvalgi gap. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yig‘ilishda bir olim “Ozod Sharafiddinov maktabda o‘zbek mumtoz adabiyoti kerak emas, uning o‘rniga hozirgi adabiyot o‘qitilsin, deyapti. Bu qanaqasi?” deb qoldi. Hamma hayron. Ozod aka esa izoh berish uchun so‘z oldi.

– Men bunday demaganman, qanday qilib Navoiy, Muqimiy asarlari o‘qitilmasin, deyish mumkin?! Aksincha, klassik so‘z san’atimizni bolalar yaxshiroq anglashi uchun bir taklif aytgandim, ammo uni bu odam tushunmapti, – dedi. – Gap shundaki, bizda adabiyot tarixi ham xuddi mamlakat tarixi kabi, xronologik tarzda – eng qadimgi davrlardan boshlab asrlar osha bugungi kunga qarab rivojlanish tarzida o‘rgatiladi. Biroq o‘tmish adabiyotimizning tili og‘ir, chunki arabiy-forsiy so‘zlar ko‘p. Bolalar tushunib olgunicha o‘quv yili tugaydi. Masalan, hozir to‘qqizinchi sinfda klassik adabiyot, o‘ninchi sinfda esa sho‘ro davri adabiyoti o‘qitiladi. Holbuki, bolaning so‘z boyligi yildan yilga oshib boradi, yoshi ulg‘aygan sari o‘qigan narsasini to‘liqroq anglaydi. Shuning uchun men to‘qqizinchi sinfda hozirgi adabiyotni, o‘ninchi sinfda esa o‘tmish adabiyotini o‘qitib ko‘raylik, deganman. O‘ninchi sinf bolasining so‘z boyligi o‘tgan yildagidan ko‘ra, sal bo‘lsa-da, ortadi, o‘qigan asarini yaxshiroq tushunadi.

Izlanish, yangilanish kerak-ku pedagogikada ham? Bir zaylda o‘qita berish shartmi?

Bor gap shu. Ko‘rib turibsiz, maktabda o‘tmish davr adabiyoti o‘qitilmasin, demaganman. Unaqa gapni aytish uchun odam yo jinni bo‘lishi kerak, yo ana shu tanqidchi do‘stimizdaqa bo‘lishi kerak, – dedi-da, joyiga o‘tirdi.

Ozod domla o‘tkir notiq edi, bahslashgan kishi, agar nohaq bo‘lsa, ham boshi bilan, ham quyrug‘i bilan suvga sho‘ng‘igan o‘rdak holiga tushib qolardi.

Domlaning o‘sha tashabbusi hamon yodimda. Axir, u gaplarning mantig‘i bor-ku! Nega bu ulkan olimning da’vatini quloq tagidan o‘tkazib yubordik, loaqal tajriba qilib ko‘rmadik? Axir maktab sho‘rlikning boshidan “o‘ynatib shamshirlarin” necha-necha metodlar-u texnologiyalar o‘tdi va o‘tyapti ham-ku? Yo qo‘llab ko‘rish uchun metodika, albatta, chet elniki bo‘lishi kerakmi?

To‘qqizinchi va o‘ninchi sinflar adabiyot darsligini almashtirib o‘qitishni hatto tajriba qilib ko‘rishga ham yo‘l berilmaganini ko‘rib, o‘tgan asr boshlarida katta islohotlar o‘tkazgan jadid otalarga qanchalar og‘ir bo‘lganini tasavvur qilavering. Ular butun boshli ta’lim tizimida inqilob yasash orqali o‘zbek elini ma’rifatli qilishga bel bog‘lagan edilar.

Ha, bolalari chuqur bilimli bo‘lishini hamma istaydi. Ammo unga qanday qilib erishamiz, deb so‘rasangiz, aravani hamma har yoqqa tortadi. Eng osoni – hali Yaponiyaga, hali Koreyaga, hali Finlandiyaga taassub qilish, ularning tayyor modellarini o‘zbek maktablariga tatbiq qilish bo‘lib ko‘rinadi. Go‘yo, maorifchilar izlanayotganday, dunyoning eng zo‘r metodlarini o‘rganib, tanlab olishayotganday. Balki, niyat shundaydir, ammo ta’lim ham, tarbiya ham milliy bo‘lsagina bemalol palak yozadi-ku? O‘zga elniki – begona, yaxshi unmaydi. Ta’lim bilan tarbiya so‘zlari qo‘shib yozilishi bejiz emas, ular bir-birini har jihatdan taqozo etadi.

Masalan, ta’lim – italyancha, tarbiya – o‘zbekcha bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q, aslo. Buni soddaroq tushuntirsak, ba’zi anoyi odamlar ikki kuchli narsa qo‘shilsa shifo bo‘ladi, deya yong‘oqni tuyib, talqon qilib, asal qo‘shib “dori” tayyorlaydi. Undan badxo‘r, ko‘ngilni aynitadigan bir qorishma hosil bo‘ladi. Chunki bu ikki shifobaxsh ne’mat o‘zaro bir-birining payini qirqadi. Bemorga undan hech bir naf yo‘q. Ajnabiy pedagogik usullar esa foydasizgina emas, balki zararli ham: bolaning tarbiyasida o‘zbekchilikka putur yetadi, bilimi esa haminqadar bo‘ladi.

Bu gaplarga “shunchaki mulohaza” deb qarab, bovar qilmasangiz, bir dalil keltiray: ellik-oltmish yildan beri ta’limni rus tilida, tarbiyani o‘zbekcha olgan bolalar ichidan kim chiqdi butun millatimiz faxrlanadigan? Nima karomat ko‘rsatishdi ular?

Yapon pedagogikasi yapon, fin pedagogikasi fin bolalari uchun juda maqbul narsa. Shaksiz. Biroq agar hammaga baravar foydali bo‘lganida, bizdan avvalroq uni inglizlar-u xitoylar o‘zlariga joriy etishgan bo‘lardi.

Ulardan nusxa olib tatbiq qilish – bizda o‘zbek pedagogikasi yo‘q deb, bori ham hech narsaga arzimaydi, deb yozilgan taslimnoma (kapitulyatsiya)ga imzo chekishdir. Behbudiy, Avloniy, Ibrat va Hamza kabi muallimlarning portretini “hurmat bilan” devorlarga osib qo‘yib, bu yog‘iga dunyoning narigi chetidagi pedagogik usullarni joriy etib, ustozlar ruhini chirqiratgandan ko‘ra, o‘zbek pedagogikasi g‘oyalarini o‘rgansak, tajribalarini tatbiq qilsak, eng maqbul jihatlaridan foydalanib, yanada  rivojlantirsak bo‘lmaydimi?

Biz hozir qo‘llab kelayotgan ta’lim tizimi, jumladan adabiyot tarixini o‘rgatish rus pedagogikasi yo‘rig‘ida. Shuning uchun bolalarning ko‘pi o‘tmish adabiyotimizni yaxshi bilmaydi.

Bu da’vo juda g‘alati bo‘lib tuyulsa kerak. Axir, rus o‘quvchilari mumtoz rus adabiyotini: Pushkinni, Tolstoyni, Chexovni yaxshi biladi-ku? O‘zbek bolalari Navoiyni, Boburni yuzaki bilsa, ayb maktab ta’limining bo‘shligida emasmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Rus pedagogikasi chikora?

O‘qitish tizimi – bir vosita, xolos. Uni ayblash noo‘rin. O‘rinli qo‘llansa, har qanday ta’lim usuli joiz. Ammo yer ketmonda chopiladi, arrada emas. Mana shuni yaxshi tushunsak, Ozod domlaning taklifi mohiyatiga yetib boramiz.

To‘g‘ri, Pushkin davri tilining bugungi rus tilidan farqi bor. Ammo bu farq bizning o‘tmish va hozirgi davr adabiyoti tili darajasida ko‘p emas.

Negaki, rus va o‘zbek tillarining tabiati boshqa-boshqa. Rus tili rivojlanish tamoyiliga ko‘ra statik tildir. Ya’ni, asrlar davomida kam o‘zgaradi. Rus tilida ikki asr avval bitilgan bir asarni oddiy rus slesari yoki elektrmontyori ham bemalol o‘qib tushunadi. Biroq o‘tgan asr boshida – bir asr narida chiqqan gazetani bugungi o‘zbek tushunmaydi, yo juda xira, chala-chulpa anglaydi. Mana, shoir Furqatiy 1891-yili “Turkiston viloyatining gazeti”da chop ettirgan lavhadan parcha. Unda Xo‘jand yaqinida Sirdaryo bo‘yidagi baliq ovi tasvirlangan: “Daryo yaqosinda mohiy sayd qilmoq qasdida har fardimiz ilkimizda rishtayi qullob yurur erduk. Talab daryosidin saydimiz domig‘a hargiz maqsud mohiysi asir bo‘lmadi”… Daryo bo‘yida ko‘zi ko‘r bir mo‘ysafid ham baliq tutib o‘tirgan bo‘ladi. “Nobinoning dahr ko‘zi ko‘rmagan bo‘lgay, ul daryoga mohiylar shasti uchun domni dilrabolar zulfi yanglig‘ halqa-halqa aylab tashlab va aning rishtasini umid kafida tutib, intizor qulog‘ini ul dom sharfasig‘a solib o‘lturodur”.

Chunki o‘zbek tili – dinamik til. Turkiy tillarning tabiati shunaqa, tez o‘zgaradi. So‘zlar ham, grammatik shakllar ham. Shu bois yuqoridagi kabi gaplarni yosh bola mutlaqo anglamaydi. Ogahiyni, Zavqiyni haminqadar tushunadi. Navoiyni-ku, mutlaqo idrok eta olmaydi. Shuning uchun ham, eski maktablarda qaysi shoir ijodini o‘rgatish ixtiyori domlaning o‘zida bo‘lgan. Adabiyot darslarida asosan So‘fi Olloyor, Yassaviy o‘qitilgan, “Chor kitob” singari oson tushuniladigan, tili nisbatan sodda shoirlarga ko‘proq murojaat qilingan. Navoiy esa, tili va uslubi murakkab bo‘lgani bois, maktabda emas, madrasada, Bedil, Hofiz kabi shoirlar qatori o‘qitilgan.

Eski maktabning bu tutumi mohiyatan to‘g‘ri edi, shuning uchun ilgari har bir ilmli yosh adabiyot muhibi bo‘lgan: “Fuzuliy yaxshi kitob, – deydi Kumush, – men ham yolg‘iz qolg‘an kezlarimda bu kitobdan boshimni ololmas edim, siz hammi?” Bu bir otinoyida jo‘n savod chiqargan Kumushning gapi.

“Dilshod Barno bergan ma’lumotlarga qaraganda, XIX asr maktablarida adabiy ta’limning alohida o‘rni va mavqeyi bo‘lgan, – deb yozadi professor Boqijon To‘xliyev. – Bu haqda, jumladan, shunday ma’lumotlar bor: “Hamdam va hamsuhbatlarim zehnli shoira qizlar bo‘lib, 51 yil maktabdorlik qildim. Maktabda doim 20 va 30 qiz ta’lim olar edilar. 891 qizni savodli qilib chiqardim. Ulardan yaqin to‘rtdan bir qismi tab’i nazmi bor shoira, oqila qizlar edi”. Anbar Otindek buyuk shoira ham Dilshod Barno maktabining o‘quvchisi bo‘lganini eslasak, bu davrdagi adabiy ta’limning natijalarini tasavvur qilishimiz osonlashadi”.

Demak, maktabda adabiyot ta’limi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, o‘quvchining ma’naviy dunyosi beqiyos darajada boyir ekan.

Ana shu eski maktablarda (hatto bugungi kunda uncha xushlanmaydigan “usuli qadim” yo‘nalishida ham) bolalarga so‘z san’ati ta’limi oddiydan murakkabga qarab borgan. Yassaviydan Muqimiy zamoniga qarab emas. So‘fi Olloyordan keyin Navoiy o‘qitilgan. Shuning sharofati bilan badiiy zehn o‘sgan, yuksala borgan. Ya’ni, bolalarning yoshiga qarab soddadan murakkab sari o‘sib borilgan. Bola tushuna olmay qoladigan darajada og‘ir matnlar go‘dakka pesh tutilmagan. Maktabbolaning adabiyotdan ixlosi sovimagan.

Boshqa fanlarda ham shunday. Quyi sinflarda sodda arifmetika, so‘ngroq algebraning boshlang‘ich kursi o‘rgatiladi, institutga borganda esa oliy matematikaga navbat keladi. Ilmi hisobni tushunib o‘rganayotgan bola qachondir bir murakkab mushkulotga duch kelsa, o‘sha ondan uning matematik o‘sishi to‘xtab qoladi. Adabiy-badiiy asarlarni o‘qib-uqishda ham shunday.

Navoiy asarlari so‘z san’atining oliy matematikasi-ku!

Ko‘p ko‘ramiz, 21-oktyabr yo 9-fevral kuni nisbatan a’lochi bolalarga Navoiyning biron ruboiysi yoki g‘azali yodlattiriladi, o‘quvchilar uni buzib yo tutilib o‘qib, “qutuladi”, ammo ma’nosini umuman tushunmaydi. Ko‘pincha, bir baytdan so‘ng “esidan chiqib”, to‘xtab qoladi. Hatto inglizcha biron she’rni o‘qisa ham manzara bundan behroq. Va… uning so‘z san’atiga mehri shu bilan tugaydi. Mumtoz adabiyotni bunaqa “o‘qitish” go‘dakni undan bezdiradi, xolos. O‘tmish adabiyotini bu tarzda yuz bola o‘rganganidan ko‘ra, o‘n bola o‘z ixtiyori bilan qidirib-izlab Navoiyga yetib borgani afzal.

Haliyam bo‘lsa, biron tuman maktablarida ulug‘ adib Ozod Sharafiddinovning taklifini joriy etib ko‘rish kerak. Bu juda unaqa, “dahshat” yangilik emas, nihoyati fizika darslarida “Elektr” bo‘limini “Optika” bo‘limidan avval yo keyin o‘qitib ko‘rishday gap. Basharti besh-olti yil ichida o‘zini oqlamasa, yana avvalgi izga tushib olish mumkin.

O‘rta maktabda avval o‘n yil o‘qir edik, keyin o‘n bir yillikka o‘tkazildi, bir muddat o‘n ikki yillik ta’limni ham sinab ko‘rdik. Ikki muchal avval reyting tizimi joriy etildi, so‘ng u ham bekor qilindi. Umuman, tajribadan, sinovdan ko‘pi yo‘q. Shu sohaga tayinlangan har bir sarkarda o‘zicha “innovatsiya” qilib ko‘radi. Ammo umrining qirq yilini adabiyot o‘qitishga bag‘ishlagan Ozod domlaning katta tajribaga asoslangan, mantiqiy tashabbusiga haliveri navbat yetib kelmaydigan ko‘rinadi.

Oltmish yashar kishi bilan yetmish yashar kishining bilganlari balki deyarli farq qilmas, biroq o‘n besh yashar o‘smir bilan o‘n olti yashar o‘smirning bilimida, jumladan so‘z boyligi orasida ancha-muncha tafovut bo‘lishi aqlga tayin narsa. Pedagogika esa mana shunday “nozik” jihatlarni hisobga olib ish ko‘rishi bilan pedagogikadir.

Zuhriddin ISOMIDDINOV,
filologiya fanlari doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img99

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img610

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img607