02.04.2025 | 17:53
808
“ESKI”MI YO “MUMTOZ”?
Jadidlar ijodi hamda ulardan avval yozilgan tarixiy-adabiy asarlarni o‘rganish asnosida “eski o‘zbek yozuvi”, “arab imlosiga asoslangan o‘zbek eski yozuvi”, “arab alifbosidagi eski yozuv”, “eski o‘zbek alifbosi” kabi istilohlardan foydalanilganini ko‘rish mumkin. O‘n asrdan ko‘proq vaqt amalda bo‘lgan yozuvga tegishli bu atama-birikmalar haqida beixtiyor o‘ylanib qoldim. Tilimiz tarixi bilimdonlariga ham aytdim. Ular orasida bu masalani til siyosatiga, o‘tmishdagi bebaho adabiy-ma’naviy merosni zamondan ajratishga uringan mafkura korchalonlari zimmasiga yuklovchilar ham, til va yozuvga siyosiy tus berganlar ham bo‘ldi.

To‘g‘ri, rus tilida yozilgan “Грамматика староузбекского языка” tipidagi kitoblar bor. Ammo bugungi kunda o‘zbek olimlarining darslik va o‘quv qo‘llanmalarini “eski” deb atash hollari ko‘p uchraydi. Zotan, til tarixi kitoblarida “eski” atamasi bilan bog‘liq juda ko‘p ikkilanishlar bor. Oliy o‘quv yurtida o‘qitiladigan kurs ham “Eski o‘zbek yozuvi va tili” deyiladi. Bu talabada mumtoz adabiy-ma’rifiy merosga nisbatan allaqanday begonasirash va oraliq masofani uzoqlashtirish kayfiyatini uyg‘otmasmikan?!
Yaqin tarixda “Eski o‘zbek yozuvi” nomli maxsus qo‘llanmalar nashr qilindi. Ular hozir ham amalda.
Arab imlosiga asoslangan yozuvni nomlash yuzasidan tadqiqotchilar orasida muhokamalar bo‘lgani shubhasiz. Zero, o‘tgan davrlar mobaynida bu yozuv va til “eski o‘zbek yozma adabiy tili”, “eski turkiy til”, “eski o‘zbek tili”, “eski o‘zbek tilining klassik bosqichi”, “eski o‘zbek klassik yozma adabiy tili”, “chig‘atoy turkchasi”, “klassik chig‘atoy tili” va shu kabi ko‘plab nomlar bilan atalganini kuzatish mumkin.
Nima bo‘lganda ham xun-runikdan keyin, uyg‘ur yozuvi bilan yonma-yon, parallel qo‘llangan yozuvni har qanday vaziyatda arabiy alifbo birlashtirib turadi. Shu birlik negizida paydo bo‘lgan manbalarning tili va yozuviga nisbatan “eski”ni qo‘llash noo‘rin nazarimda. Menimcha, “eski”dan voz kechib, “mumtoz”ni qo‘llash lozim. Qolaversa, ayrim ilmiy adabiyotlarda “klassik” ham qo‘llanilgan. Bizda “eski o‘zbek tili” atamasiga o‘xshagan “eski o‘zbek adabiyoti” ta’biri deyarli ishlatilmaydi.
Bu dunyoda muayyan bir millat borlig‘i va birligini milliy tili va adabiyoti belgilab beradi. Ular et bilan tirnoqdek, birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmaydi. Shunday ekan, birini “eski”, boshqasini “mumtoz” deb nomlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. “O‘zbek mumtoz adabiyoti” atamasi bugun muomalada faol ekan, shunga muvofiq “o‘zbek mumtoz yozuvi”, “o‘zbek mumtoz tili” atamalarini qo‘llash har jihatdan o‘rinli bo‘ladi. Kimlardir N.Erkilmann, A.Frezkayner yoxud D.Sekretaya kabi dunyoga mashhur sotsioprotlingvistlardan iqtiboslar olib, balki bu gapga e’tiroz bildirishlari ham mumkin. Ilmda fikr o‘zgarishi, rivojlanish va taraqqiyotni inobatga olish muhim. Aslida “eski”dan voz kechishni taraqqiyot deb ham bo‘lmaydi. Bunga o‘zlikni anglash deb, o‘z-o‘zini kamsitish va pastga urishdan voz kechish deb qarash kerak.
To‘g‘risi, bir qarashda “eski” yoki “qadimgi nemis tili, alifbosi”, “qadimgi rus” yoki “eski rus tili va alifbosi” tarzidagi atamalar ilm-fan iste’molidan o‘rin olgan. “Qadimgi”, “eski”, “yangi” kabi sifatlar dunyo tillari tasnifi va yoki tarixini davrlashtirishda ham bor. Bu dalilni ko‘pchilik biladi. Ammo dunyoda o‘sha toifadagi qator tillarga tegishli “eski alifbo” – uning eskicha shakldagi ko‘plab harflari bugun amalda emas.
Ayni voqelikdan farqli o‘laroq, bugun biz “eski yozuv” degan alifbodan hozir ham dunyoning ayrim mamlakatlari aholisi, xususan, afg‘onistonlik, arabistonlik o‘zbeklar, uyg‘urlar foydalanib kelishadi. Bu esa alifboning “eski” emas, balki “tabarruk” va “mumtoz”ligini ko‘rsatadi. “Mumtoz” so‘zi “saralangan, ajratilgan” ma’nolarini anglatadi.
XX asrda mumtoz yozuv umriga barham berildi, mumtoz yozuv yangi zamondan ajratildi. Holbuki, ayni yozuvda o‘zbek mumtoz adabiyotining eng sara, bebaho asarlari yozilganini inkor qilib bo‘lmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, ko‘p asrlik o‘zbek mumtoz adabiyoti o‘zbek mumtoz yozuvi va o‘zbek mumtoz tili hamda betakror poetik tafakkuri mahsulidir. Qolaversa, bu yozuvdagi ko‘plab harflarning shakllari, deylik, “alif”, “dol”, “nun”, “jim” kabi qator harflar mumtoz poetikada obraz holiga keldi. Bu mumtoz yozuv asosidagi ming yillik maxsus kollegrafik yozuv san’ati amalda qo‘lladi.
Darvoqe, bu fikrga qo‘shilmaydigan kimdir odatdagidek “Hissiyotga berilmang” deyishi mumkin. Aslida hissiyot – bebaho tuyg‘u. Muammolar his qilish, anglash, tuyg‘ulanish va haqiqatni tuyish ortidan yechim topadi.
Bahodir NURMUHAMMAD
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



