13.04.2024 | 14:15
643
“YANGI YO‘L”DAN “SAODAT”GACHA

Ma’lumki, o‘tgan asrning 20-yillarida yurtimizda “Yangi yo‘l” nomli jurnal nashr etila boshlangan. Bu jurnal dastlab gazeta shaklida bosilgan. Ziyo Said o‘zining “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927)” risolasida bu haqda ma’lumot bergan va 1924-yil 1-yanvardan boshlab chop etilgan ushbu gazeta haqida “Turkiston Ishtirokiyun firqa markazqo‘mi qoshidagi xotinlar bo‘limining fikr tarqatg‘uchisi”, deb ma’lumot bergan. Demak, “Yangi yo‘l” o‘sha davrdayoq xotin-qizlar uchun alohida gazeta sifatida yuzaga kelgan, dastlab ikki haftada bir martadan, keyinchalik haftada bir marta chiqa boshlagan. Xotin-qizlar erkinligi ushbu nashrning asosiysi mavzu hisoblangan. Gazeta ilk kezlarda xotin-qizlarga tekin tarqatilgan. Adadi dastlab 500, keyinchalik 2000 taga yetadi. “Yangi yo‘l” gazetasi Toshkent shahrining Eski shahar mavzesidagi birinchi bosmaxonada bosilgan. Ziyo Said, shuningdek, “Xotinlar ichida yaxshi yozuvchilar bo‘lmaganidan, bunga ko‘pincha er muharrirlar qatnashdilar”, deb yozadi. Bu fikr, albatta, bahstalab. Dastlab taniqli shoir Elbek ushbu gazetani chiqarish, materiallarini tuzatish va tartibga solish bilan shug‘ullanadi. Lola Sayfullina, Sobira xonim kabi ayollar bir qancha vaqt muharrir bo‘lib ishlashadi. Gazeta jurnalga aylanguncha talaygina ijodkorlarni kashf etadi. Xosiyat Tillaxon qizi, Zufar Nosiriy, Alimov, Mahbuba Rahim qizi, Ramz, Toshqin, Tojixon Shodiyeva, Olim Bog‘bon qizi, Hojar Gʻulom qizi, Olmosxon, Saodat Shamsiddin, S.Burnasheva, Oydin, Zarifa kabi qalamkash ayollar shular jumlasidan. Taniqli adib Oybek “Yangi yo‘l”da bosilgan she’rlarni to‘plab, 1926-yilda “Erk kuylari” nomli bayoz tuzgan. O‘ttiz sahifalik bayozning muqovasida “O‘zbek yosh shoiralarining she’rlaridan bir to‘plam” degan so‘zlar bitilgan. S.Lyubimova unga so‘zboshi yozgan. Oybekning fikrlari “Bir-ikki so‘z” sarlavhasi ostida keltirilgan. Bayozdan Xosiyat Tillaxon qizi, Oydin (Mashhura Sobirova), Hojar Gʻulom qizi, Erkchi (Mahbuba Rahim qizi), Saodat Shamsiddin, Sh.Burnasheva, Erk Chirchiqboyeva, Zarifa, Halima Shoumar qizi va Xosiyat Musinaning she’rlari o‘rin olgan. “Yangi yo‘l” gazetasi 1925-yil dekabridan jurnalga aylantiriladi. Ziyo Said o‘z asarida mazkur jurnal haqida ham ma’lumot beradi: “Oyida ikki topqir chiqa boshladi. Maqsadi xotin-qizlarni yangi bilim qurollari bilan qurollantirib, madaniyat olamiga chiqarish, ularni paranjidan qutqazib, amaliy ravishda erlar bilan teng huquqli qilish, har turli hunarxona va artellarda yig‘ilib ishlash yo‘llarini ko‘rsatib… ularni tarbiyalashdan iborat”, deb yozadi. Jurnalning faoliyati yangi zamon mafkurasiga mos edi. “Yangi yo‘l” sahifalaridan 20-yillar adabiyotiga doir ma’lumotlarni topish mumkin. Ushbu jurnalga o‘sha davrga oid adabiy-madaniy hayotning o‘ziga xos ko‘zgusi sifatida yondashish foydadan xoli bo‘lmaydi. Ushbu nashrning adadi yildan-yilga ko‘payib borgani odamlar orasida unga qiziqish ortganidan dalolat beradi. Chunonchi, dastlab 1500–2000 nusxada chop etilgan jurnalning tiraji 1929-yilga kelib 7500 nusxaga yetadi. 1927-1936-yillarda jurnalga Tojixon Shodiyeva, Sobira Xoldorova, Xosiyat Tillaxonova, Saodat Shamsiyeva kabi ayollar muharrirlik qiladi. O‘sha kezlarda “Yangi yo‘l” xotin-qizlar hayotining barcha jabhalarini qamrab olishga harakat qilganini ko‘rish mumkin. E’tiborli jihati, uning sahifalarida Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Gʻayratiy, Elbek, Mirtemir kabi taniqli ijodkorlarning asarlari ham bosilganini ko‘rish mumkin. “Yangi yo‘l” jurnali shu tariqa uzoq shakllanish yo‘lini bosib o‘tib, 1936-1950-yillarda “Yorqin turmush”, 1950-1965-yillarda “O‘zbekiston xotin-qizlari” va nihoyat, 1966-yildan “Saodat” nomi bilan chop qilina boshladi. Ushbu jurnal hozirgi kunda o‘zbek xotin-qizlarining hayotini faol yoritib kelayotgan yetakchi nashrlarimizdan biri hisoblanadi. O‘z davrida O‘zbekiston xalq shoirlari Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva bosh muharrir sifatida uning obro‘si va nufuzini oshirish yo‘lida salmoqli ishlarni amalga oshirganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni paytda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, iste’dodli shoira Munavvara Usmonova rahbarlik qilayotgan “Saodat” jurnalining mazmun-mundarijasi yanada kengayib, ziyoli xotin-qizlarimizning sevimli minbariga aylangan.
Sitorabonu SHOMURODOVA, Xalqaro Nordik universiteti dotsenti
“Jadid” gazetasi 2024-yil 8-mart 11-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
97
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



