Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.06.2024 | 20:25

img757

“TARAQQIY”DAN “JADID”GACHA

O‘zbek matbuoti tarixi jadidlik harakati va jadid ziyolilari nomi bilan tabiiy ravishda bog‘lanadi. Jadidlik ancha chuqur, murakkab, ziddiyatli, ayni damda yangiliklarga, ezgu orzu-niyatlarga, amaliy faoliyatlarga to‘la bir ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ma’rifiy harakatdir. Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni yangi o‘zanga solish, teatr sahnasini ibratxonaga aylantirish naqadar muhim bo‘lsa, milliy matbuot tashkili va taraqqiysi ham shu darajada ahamiyatli edi.

Jadidlar zamonida matbuotdagi haq so‘zning kundalik ha­yotga, odamlarga, jamiyatga ta’siri kuchli bo‘ldi. Vaqtli matbuot odamlarning ijtimoiy hayotiga faol aralashmog‘i va dunyodan boxabar bo‘lmog‘i uchun zaruratga aylandi. Dastlab gazetalar oyda bir bora bazo‘r nashr qilindi; asta-sekin haftalik va kunlik nashrlar shiddat bilan odamlar orasiga kirib bordi; sahifalari­dagi maqola va ma’lumotlar ma’naviy ehtiyoj tusini oldi.

Darhaqiqat, jadidlar millat ma’naviyatini isloh etish, odamlarni ma’rifatli qilish, olamga ochiq nazar bilan boqishga o‘rgatish va mudroq tafakkurni uyg‘otishning eng asosiy omili sifatida matbuotning qadrini baland ko‘tardi. Matbuot ular nazdida fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ong-u shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim edi. “Ulfat” ko‘ngillar birligidan so‘z ochishi, “sado”lar ma’rifat va ma’naviyat, odobiyot va adabiyotning ovozi bo‘lishi kerak edi. Gazeta va jurnallar nomi shu ezgu niyatlarga moslab tanlandi.

Turkistonlik ziyolilar o‘zlari gazeta chiqargunga qadar bir muddat Qrimga – Bog‘chasaroyga ko‘z tikishdi. Ismoilbek Gʻaspralining “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oyalariga havaslanib qarashdi.

Jadidlar shu allomaning “Tarjimon” (1883–1914) gazetasini o‘qib, ­uning muxlisi va muhibiga aylanishdi. Gazetaning yo‘li, maslagi va maqsadi aniq edi: “Tarjimon” – har turli ish, ahvol va ixtilofga “haqqoniyat” va “mumkiniyat” jihatidan boqajakdir. “Tarjimon” tavhidi lison, tavhidi afkor va maorifi milliya masalalarida g‘ayrati doimiyda bo‘lajakdir. “Tarjimon” – har na so‘ylar va yozar bo‘lsa, bu kunda millatning anglami, idrok va qabul ­etishi suratda arz va bayon etajakdir”. Garchand Turkis­tonda “Tarjimon”ning o‘quvchilari ko‘p bo‘lsa-da, dastlabki paytlar gazetada turkistonlik yozuv­chilarning chiqishlari kam kuzatildi. Biroq XX asr­ning o‘ninchi yillaridan Mah­mudxo‘ja Behbudiy (Samar­qand), Oxund mulla Mavdud Ohimov (Toshkand), Mir­husayn Mirrahimov (Qo‘qon), Abduqodir Shakuriy (Samarqand), Hoji Mu’in (Samarqand), Qozi Ziyo­uddin Mahmud ibn Domla va mudarris Fayzrahmat (Buxoro) nomlari gazetada ko‘zga tashlana boshladi. Mualliflar ba’zan maqola-xabar yozishsa, ayrim hollarda o‘zlarining eng muhim savollariga javob olish niyatida “Tarjimon”ga maktublar yo‘llay­di. Abdulhamid Cho‘lpon 1913-yili Ismoil Gʻaspraliga yozgan maktubida “Shalola”, “Turk yurdi”, “Shahbal”, “Tarjimon”, “Vaqt” va “Iqbol” kabi jadid qardoshlarning gazeta va jurnallari­ni yodga oladi, ular­ni o‘qib borayotganini aytadi.

Turkiston ziyolilari “Tarjimon”dan juda mamnun bo‘ladilar. Deylik, shu mamnuniyatni toshkentlik shoir Karimbek Kamiy “Moʻtabar “Tarjumon” va Ismoilbek Gʻasprali janoblari haqqinda” degan she’rida izhor etdi. Unda gazetaning barchaga manzuru maqbul ekani, undan o‘quvchi “hilm-u odob-u maosh-u ilm-u fan” o‘rganishi mumkinligini ta’kidlab, “Har hurufi gul kabi, har nuqtasi g‘uncha misol, Xush tamosho istayanlarg‘a guliston “Tarjimon”, deb yozdi. I.Gʻasprali va “Tarjimon”ning to‘rt tarafga sochgan fikrlari, ilg‘or qarashlari, jadidona ruhiyatli fikrlari barchaning yuragidan birdek o‘rin oldi. Jadidshunos Begali Qosimov o‘rinli ta’kidlaganidek, “Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar”. Gʻaspraliga ergashar va “Tarjimon”ini e’zozlar edilar.

Turkistonlik jadidlar I.Gʻasprali­ning “Tarjimon” gazetasidan har vaqt saboq oldi. Keyinchalik esa, 1906-yili o‘zlarining birinchi “Taraqqiy” gazetasini chiqarishdi. Yangi gazetani ham birinchi bo‘lib “Tarjimon” tabrikladi. “Turkistonning bunday taraqqiyparvar bir gazetaga ko‘pdan beri ehtiyoji bor edi”, deb yozdi. Biroq “jadidlar­ning eng suyukli va to‘ng‘ich gazetasi”ning umri qisqa bo‘ldi. Yigirmata soni chiqqandan keyin chor hukumati tomonidan yopib qo‘yiladi va muharriri qamoqqa olinadi.

Shundan keyin Munavvar qori­ning “Xurshid” (1906-yil sentyabr), Abdulla Avloniyning “Shuhrat” (1907-yil dek­a­br) gazetalari chop etiladi. Bi­roq bu gazetalar faoliyati ham uzoq­qa cho‘­zil­maydi. “Tarjimon” (1907-yil, 14-son) bu xususda ham yozdi: “Matbuo­timizda taassuf bo‘lgan bir hol-da bordir: bu Toshkandda chiqqan “Taraqqiy” va “Xurshid” do‘stlarimiz­ning taqiqlanishi. O‘rta Osiyo uchun rasmiy bo‘lgan “Turkiston gazeti” yetarli emas”. O‘z g‘oyalari, maslaklari targ‘ibi uchun naqadar foydali ekanini chuqur anglagan jadidlar gazetachilik jabhasida sa’y-harakatdan to‘xtama­di. “Tujjor”, “Osiyo”, “Samar­qand”, “Sadoyi Turkis­ton”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Tirik so‘z” kabi gazetalar yonida Mahmudxo‘ja Behbudiy­ning “Oyina” jurnali paydo bo‘ldi. 1913–1915-yillarda uning oltmish sakkiz soni bosildi. Ziyo Said jurnal­ning maqsadi is­lom millatining saodati va islohi, musul­monlarning ma­da­niyati va zamo­­naviy fanlardan foydalanishlari yo‘lida xizmat qilishini yozar ekan, Behbudiy­ning “tavahhudi lisoniya” (turkiy tillarni birlashtirish) tarafdori ekaniga urg‘u beradi. Bu g‘oya­ning ildizi ham “Tarjimon”ga borib taqaladi, albatta.

“Oyina” jurnali o‘z vaqtida juda yuksak bir obro‘ga ega bo‘ldi, har bir o‘quvchining suyukli jaridasiga aylandi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ushbu jurnali xuddi “Tarjimon”dek ulkan va olamshumul bir missiyani ado qildi: ma’rifat tarqatdi, odamlarni fikr tarbiyasiga o‘rgatdi; yangi paydo bo‘lgan matbuot nashrlarini targ‘ib-tashviq qildi. “Sadoyi Turkiston” va “Sadoyi Far­g‘ona” gazetalarini “Turonning egi­zak farzandlari” deb atar ekan, gazet­xonlarga shu nashrlarni o‘qish va ularga obuna bo‘lishni tavsiya etadi: “Millatg‘a iona va olib o‘qumoq­larini ojizona tavsiya etarmiz, chunki matbuot chirog‘ va niholdek bo‘lub, anga yog‘ va suv berib tarbiyat qilmaguncha, ma’zolloh, so‘nub qurumog‘i tabiiydur”.

O‘zbekiston matbuoti tarixida jadid ziyolilari nashr qilgan gazeta va jurnallar son-sanog‘i yo‘q. Bir marta chiqib to‘xtaganlari bor. Ularning ba’zilari o‘z yo‘l-yo‘rig‘iga ko‘ra jiddiy farqlanadi ham. Garchand o‘z­aro qarama-qarshi kayfiyatda bahslashadiganlari bo‘lsa ham, ular oldiga qo‘ygan maqsadlari nihoyatda ulug‘, niyatlari ezgu, qarashlar aniq va tiniq edi. Millatni uyg‘otishdek ulkan vazifa ijrosiga bel bog‘lagan edi jadidlar va ularning maktabi, maorifi, teatri, adabiyoti va matbuoti.

Muhim bir fikr shuki, davriy nashr­lar qaysidir ma’noda ijtimoiy hayot­dagi o‘zgarishlar tarixi bilan uyg‘un-hamqadam edi. O‘zgarish­lar, yangila­nishlar gazeta va jurnallarda aks etdi. Yoki shu o‘zgarish­larga mos yangidan yangi matbuot nashrlari vujudga keldi. Shunga ko‘ra 1917-yilgi fevral o‘zga­rishi, Turkiston Muxtoriyati, oktyabr inqilobi kabi voqea-hodi­sa­lar munosabati bilan “Najot”, “Turon”, “Kengash”, “Ulug‘ Turkiston”, “Yurt”, “Hurriyat” kabi nashrlar paydo bo‘ldi. “Yashasin, Turkiston muxtoriyati!” shior­larini o‘rtaga tashlab, ozodlik va hurriyatdan, tenglik va adolatdan so‘z ochdi. Muhit girdobi va ziddiyalari bois ularning ayrimlari tezda botqoqzor va uyumuqlar bag‘riga cho‘kib ketdi… 

Darhaqiqat, matbuot insonlarni ma’naviyat ufqlari sari parvozga chor­­la­gan jadidlik harakatining keng qulo­ch­li qanoti edi.

Inqilob, hokimiyat tepasiga kelgan ishchi va dehqonlar boshqaruvi jamiyatni tubdan o‘zgartirdi. Yoshlar nisbatan bu vaziyatga tez moslashdi. Ammo yurt hurriyatini o‘ylagan va orzulari sarobga aylanganidan mahzun tortgan jadid ziyolilari ong-u shuurida, xayollarida o‘z niyatlari yashab qoldi. Garchand sho‘ro jamiyatining hukmronligi kun-kundan ortib borayotgan va bu yangi ijtimoiy tuzum millatla­r­aro tenglik, insonlararo adolat kabi juda ko‘p ijtimoiy va’dalar bersa ham, amaldagi vaziyat ancha boshqacha – gapdangina iborat edi. Shu bois XX asrning 20-yillari matbuotida “Og‘izda emas, amalda bo‘lsin!” kabi maqolalar bosildi. Uning muallifi: “Eski idora yerlik xalqni yot ko‘rish barobarida sag‘ir hisoblab, vasiylik qilishni o‘z ustiga olgan edi. Ajal sayyodi u bechoraga o‘z jomidan ajal sharbatini ichirdi.

O‘zgarishdan keyin yana bizni “tarbiya” qilish uchun vasiy bo‘lguvchilar topildi. Lekin so‘nggi vaqtda girif­tor bo‘lg‘on vasiylarimiz ham, o‘tgan marhum vasiylarimiz kabi bizga vasiyi mutloq bo‘lib, muqaddiratimizni o‘z qo‘llarida tutib kelmoqdalar. Rusiya o‘zgarishi bo‘lg‘on 1917-yil edi, hozir o‘zgarishning 1922-yilida turibmiz. Shu muddatda biz “sag‘ir”lar haqiga “vasiylarimiz” tomonidan ozmi taar­ruz­lar bo‘ldi?

Sag‘ir bolalarning ishi yig‘idir; biz yig‘ladik. A, bizni ovutish yo‘lini bergan vasiylarimiz, bizni haqimiz bo‘lg‘on semiz sigirlarning sutidan bahrasiz qildi, quruq emizukni og‘zimizga soldilar. Ilgarigi vasiylarimiz biz sag‘irlarni “siz yot, begona bolalarsiz” deb emi­zuk berganda, o‘zgarishdan ke­yingi vasiylarimiz bizning peshonamiz­ni silab “bechora, benavo yetimlarim, sizdan baynalmilalchi vasiy otangiz aylansin” deb ko‘nglimizni sindirmasdan ovutib keladilar” (Oziyoliq. Og‘izda emas, amalda bo‘lsin. “Qizil bayroq”, 1922, 11-avgust), deb qo‘rqmay ochiqcha yozdi.

Bu davr matbuoti keyinroq keladigan hibslar, so‘z erkinligi bo‘g‘ilgan muhitdan nisbatan farq qiladi. Jadid ziyolilari yangi hukumatning va’dalari­ga goh ishondi va ba’zan shubhaga borishdi. Ichki bir milliy tuyg‘u ziyolilar ko‘nglini hamisha be­zovta etdi. Erkparvar shoir Cho‘lpon bir she’rida zulm chekayotgan o‘lkaga qarata: “Nega tag‘in tanlaringda qamchilar­ning ku­lishi?” deya so‘roqli xitob qiladi. Shoir “Qo‘zg‘alish” (1922-y.) she’rida yana shunday dedi:

“Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!

Ey! Ustimda bir umrga  xo‘ja bo‘lmoq istagan,

Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,

Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!”.

XX asrning 20-yillari oxiriga borib matbuotda cho‘lponizm bahslari boshlandi, Cho‘lponni tanqid va tahqir qilishlar, anjumanlar majlislaridan haydab chiqarish jarayonlari boshlandi. Cho‘lpon darhol tuzalib, yangi jamiyatga moslashib keta olmasligini, bu jarayon sekin-asta bo‘lishini e’tirof etdi. Shoir haqida “Qizil O‘zbekiston”da “Aqlli jinni” degan maqola bosildi. Aynan erkin matbuotda nisbatan erkinlab va erkalab yozgan “Yig‘indi gaplar” hangomasi uchun Julqunboy ma’nan majruh qilindi: 1926-yili uch oy qamoqda o‘tirdi.

1922-yili jadidlar “Haqiqat” degan jurnal ham chiqarishdi. “Dinsiz ja­miyat, jamiyatsiz din yo‘qdir…” – ular­ning shiori edi. Cho‘lponning “Kishan” she’ri shu jurnalda bosiladi. “Haqiqat” ham ikkita sondan keyin sindiriladi.

Alohida ta’kidlash kerakki, o‘sha yillari o‘zbek matbuoti bilan birga o‘zbek adabiy tili ham qayta shakl­lanish bosqichini boshidan kechirdi. Adabiy tildagi turli islohotlar, ular bilan bog‘liq muammo va takliflarni jadidlar matbuoti yoritib bordi. “Chig‘atoy gurungi” o‘z qarashlarini Fitrat boshchiligida nashr bo‘lgan “Tong” jurnalida ­e’lon qildi. “Miya o‘zgarmaguncha bosh­qa o‘zgarishlar negiz tutmas” degan gap ular­ning shiori edi. Zamonaviy adabiy til uchun qoidalar ishlab chiqildi; o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlari, badiiy til fasohati va balog‘ati jadidlar yozgan badiiy asarlarda yaqqol ko‘rindi. Shu e’tibordan jadid adabiyotidagi poetik nutqning yangilanishi va unga xos ilmiy-nazariy tamoyillar alohida tadqiqot qamrovida o‘rganish uchun o‘z egalarini kutib turibdi. Nafaqat jadid adiblari asarlarining tili, balki nodir fondlardagi jadidlar chiqargan gazeta va jurnallar, ulardagi adabiy, publitsistik, ilmiy manbalarning joriy imloga tabdillari, zamonaviy nuqtai nazardan qayta baholash va qayta nashri ham yosh ilmiy kuchlarning odil, xolis, jiddiy va mehr-muhabbatli talqinlariga juda-juda muhtoj, menimcha.

Shuningdek, asr boshida boshlangan ma’rifatparvar ziyolilarning jadi­dona kayfiyati, matbuotda chiqishlaridagi jadidona ruhiyati mus­ta­bid sovet tuzumi davrida ham ming mashaqqat bilan, “ezopona til”ga ko‘chgan ravishda qaysidir ma’noda davom etganini ham ta’kidlashni istar edim…

Aslida jadidlar orzusida bo‘lgan so‘z erkinligi, har bir narsani o‘z nomi bilan atash uchun Istiqlol yillari imkon berdi. Samarqandda bitta gazeta XX asrning 20-yillarida “Mehnatkashlar tovushi”, “Mehnatkashlar o‘qi”, “Kambag‘allar tovushi”, keyin “Zarafshon” deb nomlandi. Sobiq tuzum davrida bu nomlar o‘chirildi. Ammo hozir Samarqand viloyatining bosh gazetasi “Zarafshon” deb ataladi. O‘sha yaqin moziyda poytaxtda bosilgan bitta gazeta “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, keyin “Turkiston” deb nomlandi. Keyin­chalik u “Qizil O‘zbekiston”, “Sovet O‘zbekis­toni” bo‘ldi. Istiqlol yillarida gazetalarning biri uchun “O‘zbekiston ovozi” nomi qayta tiklanganini ko‘pchilik yaxshi biladi. Jadidlar orzu qilgan zamonlarning gazetalar nomidagi eng sodda ifodasi bu.

Tarixdan ibrat olish har bir inson uchun juda muhim. Jumladan, o‘zbek matbuotining jadidlari faoliyati bilan bog‘liq ancha qiziqarli, murakkab va ibratlarga to‘la tarixi bor. Gazeta chiqarish, fikrni hukmron “nozirlar” chig‘irig‘idan o‘tkazish, obuna, chiqqan gazeta va jurnallarni tarqatish yo‘l-yo‘riqlarini tasavvur qilish lozim. Umri “qo‘lmiya”larga tikilib o‘tayotgan hozirgi yosh avlodga bu tarixni o‘rga­tish ham kerak. Shundagina bugungi ijtimoiy tarmoq egalari, turli xabarlarni beto‘xtov yozib tarqatayotgan mualliflar o‘z vijdonini oyinaga solib ko‘radi. O‘zlari yog‘dirayotgan so‘z bo‘ronlarining talafoti yoki saodatini mulohaza qilib ko‘radi, albatta.

Darvoqe, o‘zbek matbuoti tarixini batafsil o‘rganadigan gazetashu­noslar 1906-yilda bosilgan “Taraq­qiy”dan bosh­lab, to 2024-yil 1-yanvari­da ilk soni chiqqan “Jadid” gaze­ta­sigacha bo‘lgan davrni qamrab olishlari lozim bo‘ladi. Zero, bu ulkan davrdagi o‘zgarish va yangilanishlar, ma’lumot va bahs-munozaralar, quvonch va armonlar – barcha-barchasi milliy matbuotimiz ruhini o‘zida aks ettirishi tabiiy.

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 21-iyun | 26-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600