04.04.2025 | 16:41
689
ANORA (HIKOYA)
Bu dunyoda faqat ikkisi bor edi. Xuddiki Momo Havo bilan Odam Ato kabi. Va yana bahor bor edi. Bahor o‘zi bilan birga baxtni, shodlig-u muhabbatni olib kelgandi.
– Oxirgi nafasgacha birga bo‘lamiz!..
Kaftlarida turgan yuraklarini bir-birlariga tutadi.
– Bu senga.
– Bu sizga.
Momo Havo bilan Odam Ato bir-birini qanday suygan bo‘lsa, ular ham shunday suyishardi va ardoqlashardi bir-birlarini.

* * *
Keyin haqiqiy hayot boshlandi. Uy-ro‘zg‘or, oshxona-tomorqa, og‘ilxona va paxta terimi…
Tirikchilik tashvishi har kuni yangidan boshlanadigan voqeaga o‘xshaydi. Kecha ham shu tashvish, bugun ham, hatto ertaga ham…
Eri erta bahor kunlari bo‘zga o‘rog‘lik nimadir olib keldi.
Juvon hayron.
– Ko‘chat, – dedi eri uning savolchan nigohlariga javoban. – Anor ko‘chati. Noyob turi ekan. Kelasi yili hosil beradi. Hovlimizga ekib qo‘yaman.
Keyin hovlining qumoq tuproqli, nami yetarli bir burchiga ko‘chatni suqib qo‘ydi.
– Anor yozda gullaydi, kuzda meva tugib yetilib pishadi. Ana o‘shanda mevalaridan mazza qilib to‘yib-to‘yib yeysan. Qara, shoxlarida tikanak kam. Shirin anorda shunaqa bo‘larkan. Kelasi yilgacha senam boshqorong‘i bo‘lib qolarsan, a?..
Eri o‘zi bilmagan holda u bilan anorning qismatini birlashtirib qo‘ydi…
Bu shunchaki daraxt emas, balki ishq daraxti edi.
Kechalari erining ishdan kelishini kutarkan, mitti ko‘chatning nafasini, kun sayin barg chiqarganini, shoxchalari tarvaqaylab atrofga yoyilayotganini eshitib yotardi.
Ko‘chatning bo‘yi cho‘zilib, shoxlari tikanakli bo‘lib qoldi.
Har kuni yuragi hapriqqancha uni kuzatardi. Salsabil bulog‘idan to‘yib suv ichayotganday, daraxt po‘stlog‘ining rangi bilinar-bilinmas o‘zgara boshladi. Jigarrang shoxlarda nimyashil novdalar nish urayotgandi.
Hademay ularda nozik jajjigina yashil yaproqlar yoziladi. Barglari mayda, nashtarsimon…
Gulg‘unchalarning yengil nafas olishlari eshitila boshladi.
Hademay ular orasidan to‘p-to‘p qizil g‘unchalar ochiladi!
* * *
Ayolning anor yegisi keldi. Bu xabarni eshitgan kuni eri bozordan anor ko‘tarib keldi. Bir dunyo. Ol, istaganingcha ye. Ammo… ayolning ko‘ngli bog‘dagi anor mevasini tilayotgandi.
– Mening bahorim keldi, sening yozing qachon keladi?
– Yozga maktub yubordim. Kelar hademay…
Devordagi soat uni shoshirgani kabi u ham daraxtni shoshirdi. Bo‘la qol! Mevalaringni tuga qol! Ko‘nglim faqat sening mevalaringni tusayapti. Shunday tusayaptiki…
Quvonchning umri qisqa bo‘ldi. Qornidagi homilaning ham. Olti oylik bo‘lganida nobud bo‘ldi.
– Og‘ir narsa ko‘targansan, – deya yozg‘irdi eri uni yupatish o‘rniga.
Qaynona bo‘lmish tarafini olgan bo‘lib chandib qo‘ydi.
– Voy, nimaga kelinga zarda qilasan? Bu uyda og‘ir ko‘taradigan qanday yuk bor? Men bilan singillaringdan boshqa!
Qaynona bo‘lmish hali juda qarib ketmagan, anchagina dali-g‘uli ham, xuddi ming qo‘yli boyning xotiniday kerilib, sallona-sallona yuradi, lekin basharasi uzoq vaqt oftob yuzini ko‘rmagan so‘lg‘in olxo‘rini eslatadi.
Ikkala qaynsingil ham o‘ttizga yaqinlashib qolgan, ammo ikkisi ham nega sochlari to‘kilayotgani haqida o‘ylab ham ko‘rmaydigan laqma xotin misol beg‘am edilar.
* * *
Butoq shoxlarida kurtak nish urib, mayin-mayin yaproqchalar uch berib qoldi. Hademay g‘unchalar bo‘rtib gul ochadi…
– Hoy kurtaklar, tezroq ochiling… Hoy g‘unchalar, jilmaying tezroq… Bahorim, mening bahorim, tezroq kelsang-chi…
Nihoyat… Anor gullariga sovchilar – kapalaklar, asalarilar kela boshladi. Kun bo‘yi butoqning boshidan g‘o‘ng‘illash arimaydi.
Tunda shoxlarda tunab qolgan shabada uyg‘onib, qip-qizil gulg‘unchalarni allalay boshlaydi.
Tongda quyoshning oppoq nurlari gulbarglarning yuzini silaydi.
Novdalardagi dasta-dasta gullar kundan kun ko‘paygandan ko‘payib qulf ura boshladi.
Lolarang gullar baxtdan ko‘zlari namlangan juvon kabi suluvdan suluv edi.
Ikki yil o‘tib juvon yana homilador bo‘ldi. Ammo… bunisi ham turmadi.
Anor butog‘i ham har yili qiyg‘os gullaydi-yu… mevasidan darak yo‘q.
Daraxt yupanchga muhtoj boladay ingraydi.
Tun bo‘yi devorlar nimagadir zirillaydi.
Uyi yonida har kuni qo‘shni bolalar koptok surishadi. Qiy-chuv avjiga chiqadi. Yig‘lagani kim, kulgani kim…
Gʻamginlik bir qo‘shiq kabi lablariga qo‘ndi. So‘ng ko‘zlariga… yuzlariga…
Tinchlan, yurak. Nechun buncha notinch tepasan? Nimaga va qayerga oshiqasan? Hali oldimizda imkonimiz mo‘l-ku, kutamiz, kutamiz va yana kutamiz… Bizga atalgan mitti qushchalar hali uyquda. Ularning uyg‘onishini kutmaymizmi?.. Mitti qushchalar uchib keladi. Axir bejiz tushlarimga kirmayotgandir… Kutamiz, dilim, kutamiz, sukunatga g‘arq bo‘lib…
– O‘ksinma, anorginam. Bu dunyo umidli dunyo. Kelasi yil ikkalamiz ham boshqorong‘i bo‘lamiz, xudo xohlasa!..
Biroq juvon hadeganda boshqorong‘i bo‘lavermadi.
Bahor ketidan bahorlar o‘tdi hamki, xushxabar qanot yozavermadi.
Xuddi begona inga kirib qolgan qushday his qila boshladi o‘zini…
Dam-badam yuragi uvishib butaga tikilib, uning shoxlariga diqqat bilan razm soladi.
– Menga o‘xshab sen ham mushtoqmisan?
Nazarida, daraxt go‘yo osmon sari qo‘l cho‘zib, iltijo qilayotganga o‘xshardi – bamisoli bahorning kelishiga muntazirday.
– Bahorim, kela qolsang-chi! Ey g‘unchalar, tezroq jilmayinglar…
Hamma narsa ko‘ziga belanchakka o‘xshab ko‘rinadi. Hatto shamol ko‘tarilganda daraxt soyalari ham xuddi belanchakdek tebranayotganday tuyuladi.
Havo dim. Gʻir etgan epkin yo‘q. Tun undan hatto shabadani ham darig‘ tutadi. Qaynoq hovur nafasini qaytaradi. Uning esa butun vujudi titraydi, xuddi sovqotayotganday.
Tez bo‘l, tez bo‘l, shoshil!
Jimir-jimir qilayotgan yulduzlar orasidan kimdir mo‘ralab turganday juvon osmonga qarab nola qila boshladi: Nega mening ikkala qo‘lim ham, bag‘rim ham bo‘m-bo‘sh?.. Sabrimni, sabotimni sinamoqchimisan?
Yulduzlar orasidan mo‘ralab turgan zot quloqlarini bekitib, o‘zini panaga olganday, birdan osmon qorayib ketdi. Jimir-jimir qilayotgan yulduzlar ko‘rinmay qoldi. Zum o‘tib momoqaldiroq qaldiradi. Chaqmoq chaqdi, ammo uning bag‘rida ziyodan asar yo‘q edi. Bu zimistonda etni junjiktiruvchi nimadir borday.
Tongda yig‘i ovozidan uyg‘ondi.
Deraza ortida kimdir xo‘rsingancha achchiq-achchiq yig‘lardi. Keyin uzoqlashayotgan qadam saslari…
O‘rnidan turib derazani ochdi.
Ko‘cha boshida uning bahori yashil etaklarini sudragancha behol ketib borardi… Baxtga to‘ymagan, baxti yarim bahor…
Eshik taqilladi.
Ostonada mayin jilmayib yoz turardi:
– Ko‘chimni tushiraveraymi?
* * *
Hovli katta edi. Endi butun ko‘ch-ko‘roni bilan joylashib olgan yozning ertaklari boshlangan: erta-yu kech bir zum tinim yo‘q. Ro‘zg‘or yumushlari, dala, tomorqa va paxta… go‘yo azal mashshog‘i har kuni bitta kuyni chalayotganday!
Dugonalari unga ochiqdan ochiq havas qilishardi. Sening ering o‘rnida bizniki bo‘lganidami… allaqachon javobimni berardi yo ustimga xotin olardi!
Dugonalarining tillaridan uchayotgan so‘zlar samimiy edi, ammo uning yuragiga anor tikaniday sanchilardi.
Darvoqe, eri chindan ham ko‘ngli daryo odam… yo‘q, yo‘q, ummon! U shunday bir ummonki, oldida eng katta daryo ham kichik bir irmoqdek gap.
Eriga daxldor nima bo‘lsa, hammasi unga yoqardi. Hatto dastro‘moli ham. Dunyoda erkak zoti ko‘p, ammo eri uning uchun bittagina, yagona edi.
Kunlar bir-biriga tutqich bermay o‘tar, devordagi osma soat asta-sekinlik bilan sezdirmay uning umrini yamlamay yutardi.
Nihoyat juvon homilador bo‘ldi yana… va… yana tuproqqa topshirdi…
– Ajrashaylik… – dedi kunlarning birida eriga azbaroyi yaxshilik tilaganidan. – Anavi anorniyam kesib tashlang!
– Men shunday noyob anorga ega insonman. Shunday bo‘lgach, nega uni kesib tashlarkanman! – deb javob berdi eri.
Juvonning mehri iyidi eriga, ammo uning aybsiz ekanini biladigan odamday dadil javob berganidan ajablandi.
Shunga qaramay, umidini uzmadi. Tushlarida belanchak ko‘raverdi, ko‘raverdi… Xuddi anor qiyg‘os gullagani kabi u ham homilador bo‘laverdi, bo‘laverdi… Xazon bo‘lgan gullarni yig‘ib olib tandirga tashlashdi. Uning nargis ko‘zli gullarini esa… tuproqqa…
Qaynonasi o‘zini yetti yot begonaday tuta boshladi. Qaynsingillari undan ham oshib tushardi. Hatto hol-ahvol so‘raganlarida ham nafaslaridan sovuq ufurib turardi. Ular hozircha ochiq gapirmagan bo‘lsalar-da, o‘zgargan muomalalari zamirida nimalar yashirinligini payqash qiyin emasdi. Juvon hammasiga chidardi.
Juvon ularning qovoq-tumshuqlari osilganini sezmaganday ro‘zg‘or ishlariga unnab ketadi. Ovqat qiladi, idish-tovoq yuvadi…
Oilasidagilar kechki ovqatni yeb-ichib, uxlashga yotganlarida yolg‘iz o‘tirib ovqatlanadi. To shungacha qorni ochganini sezmaydi, ovqat haqida o‘ylamaydi ham. Keyin xonasiga kirib to‘shakka cho‘ziladi. Ammo darrov uxlay olmaydi. Erini kutadi. Soat ikki bo‘ladi, keyin uch… Eridan darak yo‘q.
Allamahalda eri shirakayf tebrangancha uyga kirib keladi.
Xuddi hozirgina sartaroshxonadan chiqqanday sochi yaxshilab taralgan. Ko‘rinishi sokin. Yuzi… go‘yo ichidan allaqanday chiroq yoritib turganday nurli. Ammo qarashlarida allaqanday o‘ychanlik borday. Ichida allanechuk qaldiroq bor-u zo‘r berib o‘zini beparvo ko‘rsatishga urinsa ham, o‘sha nimadir qaldirab ketadiganday… ehtiyotkorona boqardi.
Shuncha ko‘rgiliklarga qaramasdan eri baxtli ko‘rinardi. Shubhali tarzda baxtli. Go‘yo hayotida hech qanday kemtiklik yo‘qday. Lekin ayol eridan hech qachon shubhalanishga o‘ziga ixtiyor bermasdi. U kutyapti. U umidli odam. Bu dunyodan shunday o‘tishimizga u ishonmaydi. Axir…
Baribir eridagi nimadir sergaklantirardi.
Hayot mantig‘i shundaymikin: sen g‘amdan dilxun bo‘lasan, boshqalar esa mamnun…
Shunday bo‘lsa-da, kun bo‘yi yaxshi kayfiyatiga g‘ubor qo‘ndirmay yuradi. Biroq qaynona bo‘lmish va qizlari xuddi til biriktirganday nuqul uning joniga tegishadi. Juvon bezillab qolgan yuragini hovuchlab yurardi.
Kuzda… bexosdan ayolning qo‘lida ushlab turgan yuragi tushib ketdi.
– Bu bexosiyat mevasiz daraxt qachongacha so‘ppayib turadi? Birov uning mevasini yeb baraka topmasa… O‘tin bo‘lishdan boshqaga yaramaydi. Hoziroq chopib tashla! – deb buyurdi qaynona bo‘lmish o‘g‘liga.
Qaynsingillar onaning gapini ma’qullashdi.
– Buni foydasidan zarari ko‘p. To‘kilgan gullari hovlini ivirsitib yuboryapti.
Eri ko‘z ostidan unga qaradi. Boltaga qo‘l cho‘zmadi.
– Qo‘ying, shugina o‘saversin. Uning borligi ko‘zimni, ko‘nglimni yashnatadi. Dunyodagi hech bir daraxt yoki butoq u bilan tenglasholmaydi!..
Qaynona bo‘lmish zarda bilan nari ketdi.
– Irimi shunday-ku… He g‘alcha!.. Yaxshilik yoqmagan!.. Tavba… Bu xotinlarni jannatning o‘rtasiga o‘tqazib qo‘ysang ham rozi bo‘lmaydi, – dedi u xuddiki o‘zi ayol qavmiga yot bir narsaday.
Keyin xonasiga kirib eshikni taraqlatib yopdi.
Juvon qaynonasi aytganiday “irimi”ga bo‘lsa-da anorga ozor yetishini istamasdi. Axir bu… kasal xotinga endi keraging yo‘q deyish bilan baravar emasmi?
Birozdan keyin qaynsingilning kichigi kelib akasini onasi yo‘qlayotganini aytdi.
Eri “tergov”ga chaqirilgandi.
***
Keyingi safar g‘irt mast erining o‘zi boltani qo‘liga olib anorning oldiga yugurib bordi-da, daraxt tanasini zarb bilan tepa ketdi.
– Bexosiyat! O‘tin bo‘lishdan boshqaga yaramaydi! So‘ppayib turgandan ko‘ra o‘tin bo‘lgani yaxshi… Hoziroq chopib tashlayman! Hammasi jonga tegdi! Jonga tegdi!..
Gʻazab eriniki edi, ammo so‘zlar qaynona bo‘lmishniki…
Tepki zarbidan daraxt tanasi zirillab ketdi, anchagacha dir-dir titrab turdi. Go‘yo o‘ksinib-o‘ksinib yig‘layotganday…
Kutilmaganda qaynona bo‘lmish va qaynsingillar dod solgancha eriga yopishdilar.
– Daraxtda ne gunoh? Nega unga zahringni sochasan? – deya o‘g‘lining qo‘lidan boltani tortib olarkan qaynona bo‘lmish juvon tomonga qarab qo‘ydi. – Sabr qil, meva berib qolar!
Keyin bexosdan kulib yuborib, o‘g‘liga tanbeh berdi.
– Ha, qilig‘ing qursin… Odamni qo‘rqitib yubording-ku!
Qaynona bo‘lmishga qo‘shilib qaynsingillar ham kulishadi. Hammalarining yuzida tabassum va kulgi, go‘yo hozirgina bo‘lib o‘tgan dilxiralik yuz bermaganday…
Go‘yoki bu safar ham “irimi”ni qilishdi. Ammo juvon qaynona bo‘lmishning o‘tkir nigohlaridan “Ko‘rdingmi istasam o‘g‘limni ne ko‘yga solishimni? Men bilan o‘ynasha ko‘rma!” degan ma’noni uqdi.
Jumboq bu odamlar. Yuz yil bir uyda yashasang-da, bu jumboqni yecholmaysan…
Qaynona bo‘lmish ham, qaynsingillar ham indamay uyga kirib ketishdi.
– Mening bahorim tugayapti. Sening ham yozing tugadimi?
Sovchi kutaverib anor gullari ham sarg‘aydi.
Kuzning sariq ko‘ylagi kabi orzular ham, umidlar ham sarg‘aydi.
Xazon hidi anqirdi…
Tengqurlari avval sunnat to‘y qilishdi. Keyinroq borib ularni kelin to‘yga, qiz oshiga taklif qiladigan bo‘lishdi. Eri do‘stlarining hech birining to‘yidan qolmasdi. Kerak bo‘lsa, qamishdan bel bog‘lab xizmat qilardi. Lekin biror marta ko‘ngli o‘ksib, mahzun tortib kelmagan. Hamisha bahor quyoshiday iljayib turar, yuz-ko‘zlari baxtiyorlikdan chaqnardi. “Meni o‘ylab o‘zini shunday ko‘rsatyapti. Aslida buning ham ichi to‘la tutun!” Eri uning uchun mehr-muhabbat va sadoqat timsoliga aylanib borardi.
Juvon tug‘ish yoshidan o‘tgandi. Ammo hamon tushlarida belanchak ko‘raveradi, ko‘raveradi… Anor daraxti ham har yili qiyg‘os gullayveradi, gullayveradi… Xazon bo‘lgan gullarni yig‘ib olib tandirga tashlashadi. U esa… ikki qo‘li bir tepa bo‘lgancha qolaveradi.
* * *
Ko‘p narsalar unchalik bilinmagan, sezilmagan ekan. Mana endi ayon bo‘lyaptiki…
Hamma hamon erini yaxshi odam derdi. Ammo ayol… endilar o‘sha yaxshi odamning nigohlarida bo‘rining yovuzligini ko‘radigan bo‘lib qoldi. Erining osilgan baqbaqasi va shishib ketgan ko‘z ostlari uzum tokda zardobi chakillab mis tog‘oraga tomib turadigan suzma xaltani esga solardi. Chak-chak… chik-chak…
Anor shoxlarida esa son-sanoqsiz alvon gullar bamisoli gulxanday qip-qizil nur sochadi. Go‘yo yer bilan osmon birlashib ketganday borliq shafaqrangga bo‘yalgandi.
Anor daraxti sehrli gullari bilan unga mag‘rur va tik qarab turardi.
Ma’sum gullar endi ayolning yurak-bag‘rini tilka-pora qilardi.
Birdan ayolning ko‘zlari kattalashdi. Anorning olovrang shoxlari aro imillagan bir o‘rgimchak to‘r to‘qirdi. Go‘yo uning borligidan, to‘r to‘qiyotganidan boshqalar bexabarday o‘rgimchak sokinlik va xotirjamlik bilan o‘z ishini davom ettirardi.
Seskandi. Umidsizlik to‘lqini yuziga urildi. Yoqasi tor kelib qolganday yuragi siqildi.
Shu kuni ilk bor erining g‘udda boylab, yog‘ bosgan bo‘yniga ijirg‘anib qaradi. Eri buni sezdi, ammo parvo qilmadi.
Tengqurlari avval aqiqa qilishdi, so‘ngroq nevaralarning sunnat to‘yi harakatiga tushishdi.
Ayolning silliq peshonasiga dangasaning dastxatiday – aji-buji ajinlar tushdi.
Asta-sekin erining unga bo‘lgan qiziqishi susayayotganini sezib qoldi. Anorni-ku butkul unutgandi. Gohi mahallari kun bo‘yi uyda bo‘lsa-da, anor haqida so‘ramasdi, ayol atay gap ochganida eshitishni ham istamasdi. Go‘yo o‘zi olib kelib ekkan butoq bu olamda bo‘lmaganday…
Bora-bora ayolning so‘zi, xatti-harakati jig‘iga tegdimi, hatto bir dasturxon ustida o‘tirish ham azobga aylanib qoldi…
Ertalab:
– Nonushta tayyormi?
Kechqurun:
– Ovqat tayyormi?
Kechasi:
– Men bugun barvaqtroq uxlayman.
Ayol eriga javoban nimadir deydi, aytmoqchi bo‘lgan so‘zlari bo‘g‘zini bo‘g‘ib qo‘yganday ovozi shikastalik bilan xirillab chiqadi.
Mehr-muhabbat va sadoqat ham odamning me’dasiga tegarkan-da…
* * *
Erining bo‘ynidagi bo‘qoq kabi o‘zini ortiqcha va keraksiz his qila boshladi.
– Agar men ayol bo‘lib tug‘ilmaganimda, albatta, senga o‘xshab anor bo‘lardim, – deb yig‘ladi ayol daraxtni quchoqlab.
– Mening ham o‘tin bo‘lgim kelyapti… – degan ovoz eshitildi daraxt qa’ridan. Keyin ovozini baralla qo‘yib yig‘lab yubordi.
Uning nolasini eshitishni istamagan osmon yuziga bulut chodrasini tortdi. Quyosh yugurib borib chodra ortiga bekinib oldi.
Ayol daraxtning ko‘zyoshlardan nam tortgan tanasini quchdi.
– Ketsammikin… Nima deysan?..
– Peshonamizga faqat sabr yozilganmi…
Odatda, ketaman degan odamga bahona ko‘p bo‘ladi. Ketish uchun atrofida yo‘llar-u bahona-sabablar ham. Ammo qayoqqa boradi?.. Ota-onasi bor. Opalari bor. Lekin o‘zini hech kimi yo‘qday his qiladi. Agar ota-onasiga orqa qiladigan bo‘lsa, allaqachon bu xonadondan ketishi kerak edi.
O‘zi xohlamadi!
Shuncha gap-so‘zlarga qaramasdan o‘z uyi unga dunyodagi eng beg‘am joyday tuyulardi.
Avvallari erini faqat yaxshi ko‘rardi, endi bo‘lsa ham yaxshi ko‘radi, ham undan qo‘rqadi.
Qafasga o‘rgangan qushdan farqi qolmagandi. Itoatkorlik ramziga aylanib borardi.
Baxtsizlikni o‘ziga yo‘latmaslikka qancha urinmasin, ro‘y bermasligini istagan ko‘ngilsizliklar yuz bera boshladi.
– Bu… qachon ketadi?.. Itniyam haydasa ketadi-ku…
– O‘zi bilib… bir nima demagandan keyin… men nima deyman?
– O‘g‘lingning bo‘yi cho‘zilib qopti. Qachon elga ma’lum qilib, qo‘lini halollaysan?..
Qanoti kuygan kapalakday bir zumda adoyi tamom bo‘ldi.
Shu oqshom tushida oy bilan quyosh birga chiqqanini ko‘rdi…
* * *
Ayol anor bilan xo‘shlashdi.
– Omon bo‘l. Endi qololmayman… Men uchun hammasi tugadi…
Ayol oh tortdi. Bu xo‘rsiniq shu zahoti daraxt tanasiga o‘tib, uning ichini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi: xiyonat hamma zamonda davr-u davron surganmi?..
Kun yondiraman derdi. Ammo ular… ikkisi ham ayozda qolganday qaltirashardi.
– Shunaqa… – dedi ayol alam bilan kulimsirab. – Bizning ulushimiz teshikkulchaning teshigi-yu puch yong‘oq ekan…
Ayol tugunini bag‘riga bosganicha ko‘cha eshik tomon yurdi.
– To‘xta… sabrimiz toshdan ham qattiq edi-ku…
Daraxt dahshat ichida uning ortidan tikildi. Shoshma… Birga ketamiz deganday qo‘llarini oldingga cho‘zdi.
Va… birdan nafas olmay qo‘ydi. Keyin yelkasidan og‘ir yuk bosganday shoxlari egila boshladi. Xuddi bir yeri og‘riyotganday tanasi bukchaydi.
Yashnab turgan gullari to‘kila boshladi.
Avvaliga bitta-bitta… ishq to‘la mitti yurakchalar uzilib tushdi, tushaverdi.
Keyin go‘yo qizil qor yog‘ayotganday minglab qizil yulduzchalar yerga to‘kildi.
– Gumrohman… gumroh… – degan nola eshitildi bag‘ridan.
Daraxt atrofida o‘t yoqilmagan bo‘lsa-da, birdan uning shoxlari qorayib, shamol turganday tebrana boshladi: sovun ko‘pigidan qasr qurmoqchi bo‘libman-a…
Bir zumda tanasi qurib-qovjiradi, go‘yo xazon to‘foni qo‘pdi-yu, yerdan girdibod ko‘tarilib, daraxtni quyuq to‘zon qopladi va u qip-qizil alanga ichida qoldi.
Bir kapalak telbalarcha uning tegrasida aylanardi.
Zulfiya Qurolboy qizi
Muallif haqida: Zulfiya QUROLBOY qizi Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Jizzax pedagogika institutini bitirgan.
“O‘lim hech narsa emas” (2010), “Qadimiy qo‘shiq” (2011), “Ayol” (2020), “Boyvuchcha” (2024) kabi hikoyalar to‘plami, “Armon asirasi” (2006), “Mashaqqatlar girdobi” (2007), “Mashaqqatli hayot so‘qmoqlari” (2021), “Oyimtilla” (2025) nomli romanlari nashr etilgan. Hikoyalari rus, bolgar, koreys, qozoq, turk va ingliz tillariga tarjima qilingan.
“Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-martdagi 13-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



