07.04.2025 | 12:58
432
“MARKAZIY OSIYO – YEVROPA ITTIFOQI” SAMMITI MUHIM IMKONIYAT
“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi rasmiy sammitining Samarqand shahrida o‘tkazilishi bejiz emas. Samarqand ko‘p asrlardan beri ilm-fan, madaniyat, savdo-sotiq markazi bo‘lib kelgan. Bu qadim kentning tabiati, iqlimi, tarixiy obidalari va shaharsozlik madaniyati jumla jahonga ma’lum-u mashhur.

Ulug‘ olim Abul Fath Bustiy demishki:
Ul dunyoda jannat bordir mo‘minlarga atalgan,
Bul dunyo jannatining nomi erur Samarqand.
Yetti iqlimga dong‘i ketgan buyuk shaharning nufuzi istiqlol sharofati bilan yanada yuksaldi. Ayniqsa, keyingi yillarda davlatlar rahbarlari, dunyo olim va siyosatshunoslari uchun o‘zaro hamkorlik rishtalari bog‘lanadigan markaziy maydonga aylanib bormoqda.
Joriy yilning 3-4-aprel kunlari aynan Samarqandda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi” birinchi rasmiy sammiti ham mintaqamizning barqaror rivojlanishiga vosita bo‘lguvchi katta tarixiy imkoniyatdir.
Sammitdan ko‘zlangan asosiy maqsad – Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, hozirgi xalqaro notinch vaziyat, urushlar va Afg‘onistondagi beqarorlik tufayli Yevropa Ittifoqining mintaqaga bo‘lgan geosiyosiy ta’sirini kuchaytirish, iqtisodiyot, transport va energetika sohasida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish orqali hamkorlikni kengaytirish; xalqaro huquq, jahon xavfsizligi, barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha, o‘z dunyoqarashlarini, muvofiqlashtirish uchun muhokama, muloqot maydonini yaratishdan iborat.
Shuningdek, ekologik muammolar va global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini muhokama qilish sammit kun tartibidagi asosiy masalalardan biridir. Bunda ko‘rib chiqiladigan asosiy muammolardan biri yashil energetika va Yevropa energetika tashabbuslariga integratsiya qilish uchun energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda qazib olinadigan resurslarga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida shamol va quyosh energiyasidan foydalanishni kuchaytirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistondagi nanotexnologiyalarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan nodir metallar xomashyosini qazib olish va ularni qayta ishlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tomonidan yetarlicha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida logistika tuzilmalarini, jumladan, transkaspiy yo‘nalishi bo‘yicha muhim loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu infratuzilmani rivojlantirish uchun Yevropa ittifoqi Yevropa investitsiya banki orqali qariyb 1.5 mlrd yevro ajratishni rejalashtirgan. Shuningdek, yuk tashish jarayonlarini yaxshilash va ekologik salbiy ta’sirni kamaytirish uchun intellektual boshqaruv tizimlarini, ya’ni transport infratuzilmasini raqamlashtirishni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dasturlarni moliyalashni kengaytirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tashabbuskor bo‘lib, maxsus jamg‘arma tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo hududi cho‘llanish va tuproqlar degradatsiyasi bo‘yicha eng ko‘p talafot ko‘radigan o‘lkalardan biriga aylangan. Orol dengizining tobora qurib ketayotgani bu muammoning yanada kuchayishiga sabab bo‘lyapti. Global iqlim isishi natijasida suvning kamayib ketayotgani ona sayyoramizga juda katta xavf tug‘dirmoqda. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi ekologik loyihalarni amalga oshirish, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun sarmoya kiritishga moyillik bildirishmoqda. Jahon SOR-29 sammitida ajratilgan moliyaviy resurslar, rivojlanayotgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlashga doir mablag‘lar bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun uning bir qismini jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Markaziy Osiyodagi nodir metallar qazib olish ham iqlim siyosatining muhim bir qismidir. Yevropa Ittifoqi bu resurslardan oqilona foydalanishga intiladi. Chunki, nodir metallar yangi energiyaga o‘tish uchun muhim strategik ahamiyatga ega.
Yana eng muhim masalalardan biri sifatida iqlim o‘zgarishini muntazam tarzda monitoring qilib borish uchun Markaziy Osiyodagi eng chekka va olis hududlarda ham sun’iy yo‘ldosh internet tizimlarini joriy etish muhokama qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, Samarqand sammitida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida ekologiya va iqlim muammolarining yechimini topishda va ularni integratsiya qilish yo‘lida muhim qadam tashlanadi.
Shodi XOLIQULOV,
qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
43
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
123
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
313



