08.04.2025 | 09:03
1157
“YOSH KITOBXON”NING MUMTOZ MARTABASI
Har yili respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi Yoshlar ishlari agentligining o‘ziga xos loyihalaridan biriga aylandi. Yil davomida tavsiya qilingan asarlarni o‘qib, uqib, anglab, o‘zini tengqurlari bilan bo‘ladigan bilimlar sinoviga hozirlagan yosh kitobxonlar bu yil Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Yoshlar kutubxonasi”da uchta yosh toifasi bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Dastlabki yillarda g‘olib bo‘lgan yosh kitobxonga mamlakat Prezidentining sovg‘asi – “Spark” avtomashinasi taqdim etilgan edi. O‘tgan yili har uch yosh toifa g‘oliblariga “Cobalt” taqdim etildi. Bu yil esa g‘oliblar “BYD” kompaniya-yoyilmasining qimmatbaho “Chazor” avtomashinasi egasi bo‘lishdi.

G‘olib kitobxon tufayli butun boshli qishloqning nomi mamlakat ahlining e’tiboriga tushishi, kitob o‘qigan bitta o‘quvchisi tufayli bir qancha maktablarning respublikaga tanilishi, kitob o‘qigani ortidan mashina olgan ma’rifatli kelinlar qaynona-qaynotalari ardog‘iga sazovor bo‘lishi, mutolaa ortidan bugungi o‘quvchi ertaga hech qiynalmasdan oliy o‘quv yurtlarining old talabalari safidan o‘rin olishlari – bularning bari “Yosh kitobxon” tanlovining mumtozligini ta’minlaydi. Tanlov haqqoniyatini, hakamlar bahosining odilligini, eng muhimi, mamlakatning turli hududlarida o‘nlab ma’naviyat buloqlari ko‘z ochayotganini, shuningdek, qalbi shijoatga to‘la yoshlar orzulari ro‘yobining tantanasini ham ifoda etadi. Yoshlarning orzusi – ulug‘, bu muhtasham orzu mehnat-mashaqqat tufayli reallashadi. Katta yoshdagi qatnashchilar hayot yo‘llarida o‘sha maromda davom etadi, ammo tanlov tufayli nisbatan yosh o‘quvchilarning tafakkur olamida bepoyon ufqlar ochiladi. Yaxshi-yomonni farqlaydi. Maqsadlari aniqlashadi. O‘zlariga ishonch ortadi. Ular tanlov kunlari do‘stlashib, kelgusidagi orzulari – kasb tanlash, o‘qish, katta hayot yo‘li borasida o‘zaro maslahatlashayotganiga ko‘p bora guvoh bo‘ldim. Ota-onalari bilan suhbatlashdim. Farzandi tufayli ular hududdan hududga, viloyatdan viloyatga o‘tib, bolalari tanlagan do‘stlarining uyiga mehmonga borishmoqda. “Yosh kitobxon” loyihasi yoshlar orasidagina emas, balki muallim va ota-onalar, oilalar o‘rtasida ham do‘stlik, qadrdonlik rishtalarini bog‘lashga xizmat qilmoqda.
Bu yilgi tanlovda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ingliz filologiyasi fakulteti 2-bosqich talabasi O‘g‘iljayron Xoldurdiyeva 15–19 yosh toifasida g‘olib chiqib, elektromobil sohibasi bo‘ldi. Otasi oddiy dehqon, chorvador. Ko‘rishdim, otaning qo‘llari mehnatdan qadoq bo‘lgan. Qizini halol mehnati ortidan ulg‘aytirib, o‘qityapti. U hali haydovchilik guvohnomasi ham olmagan. Shu choqqacha shaxsiy mashinasi ham bo‘lmagan ekan. Qiz ulkan sahnada mashina kalitini otasiga berganida uning quvonchdan ko‘zlari yoshlandi. Muhim bir jihati, O‘g‘iljayron to‘rtko‘llik turkmanlardan; o‘rta maktabni turkman tilida o‘qigan. O‘zbek tilini mukammal bilishi, nutqi, ifoda tarzi, to‘g‘risi, har kimning havasini keltiradi. Bu holatga o‘zi yashab turgan zaminga, Vatanga, shu mamlakat ahlining ona tiliga ehtiromi tufaylidir, deb baho berdim. “Yosh kitobxon”ning ko‘p millatli mamlakatimiz xalqlari, yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashi shundan ham ko‘rinadi. Mamlakatimizdagi boshqa ko‘plab millat yoshlari shu g‘olib qizdan ibrat olsa bo‘ladi.
Tanlov bahsida o‘zaro raqobatchiga o‘xshab ko‘ringan yoshlarning ko‘ngli orasta. Qalbi oq qog‘ozdek pokiza. Bu oppoq qog‘ozdagi bitiklarni hech qiynalmasdan o‘qiysiz, uqasiz, albatta. Unda bebaho odamiylik orzularini anglatguvchi tushunchalar – Kitob, Insoniylik, Vijdon, Do‘stlik, Tinchlik, Ishonch tarzida katta harflar bilan yozib qo‘yilgan. “Yosh kitobxon” tanlovi xalqimiz oldida aynan xolisligi, adolatliligi ortidan ishonch qozondi, ehtiromga sazovor bo‘ldi. Ishonch va ehtirom so‘rab olinmaydi, u amalda ish ko‘rsatib, qozoniladi.
Yosh kitobxonlarni tashkilotchi mas’ullar keyinchalik ham unutib qo‘ymasliklarini istardim. O‘z vaqtida bilimi, zukkoligi, o‘tkir zehni bilan yulduzdek chaqnagan va tengqurlariga ibrat namunasi bo‘lgan bu yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topgani, ta’limi, ruhiy-ma’naviy-oilaviy turmush tarzi shaxsan men uchun qiziq. Chunki ulardan aksariyatining orzu-niyatlaridan boxabarman. Ular o‘z qismatini kitob, ta’lim, tarbiya, til o‘rganish bilan bog‘lashgan. Nazarimda, ularni yilda ora-ora jamlab, maxsus anjumanlar o‘tkazish, davr allomalarining “hayot saboqlari”dan bahramand etish har tomonlama foydali bo‘lar edi. Chunki butun vujudi yoshlikning g‘ayrat-shijoati va ko‘ngil hayrati bilan to‘la yoshlar uchun hayotda namuna bo‘larlik ideallar zarur; ularning maqsadlari amalga oshishi uchun g‘oyalar kerak. Bu esa hayot tajribasiga ega, chin ma’nodagi haqgo‘y va vijdonli ziyolilar – allomayi zamonlar bisotidan topiladi.
Tanlov tufayli oilaviy kitobxonlar maydonga keldi; aka-ukalar, opa-singillar bir-biriga ergasha boshladi. Oila muhitida o‘zidan katta opasi yo akasi kitob o‘qiyotganini ko‘rgan kichiklar, tabiiyki, bu mashg‘ulot sababiga qiziqadi. Kitob sirtiga nazar soladi, mazmunini kattalardan so‘raydi. Sekin-asta o‘qishga kirishishi ham bor gap.
Tanlov shartlari ham yildan yil takomillashib bormoqda. Bir yili ishtirokchilar insho yozib, yozma fikr bayoni, imlo, husnixatga diqqat qaratilsa, boshqa yili “Boshqotirma” sharti qo‘yiladi. Bunda ramzlarga qarab, chuqur mantiqiy fikrlash orqali harflar kataklarga joylanadi. Natijada so‘z paydo bo‘lishi kerak. Tanlov mahali ba’zan yoshlar kayfiyatini ko‘tarishga to‘g‘ri keladi. “Farangizga qarangiz”, deb qo‘yadi hakamlardan biri. Boshqasi “Bo‘lsang ja zo‘r, ana, “Chazor”, deydi. Tabiiyki, bunday vaziyatlarda hakamlarning samimiyatidan ishtirokchilar mamnun jilmayadi; chuqur nafas olib o‘zlarini yengil his etadilar. O‘tgan bir yili tanlov boshlovchisi menga: “Domla, boshqa hakamlardan farqli baho qo‘yardingiz. Endi nisbatan bir xillashdi bahongiz”, dedi. “Bir o‘zing dono bo‘lguncha, hamma qatori devona bo‘l”, deb hazillashdim men ham.
Jiddiy gap shuki, har yili “Yosh kitobxon” loyihasida bir millionga yaqin yoshlar qatnashmoqda. Ular orasidan qirq ikki nafari respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asiga erishmoq uchun maydonga chiqadi. “Emas oson bu maydon ichra turmoq…”
Respublika bosqichida qatnashgan har bir ishtirokchiga 10 million so‘m; uchinchi o‘rin egasiga 50 million so‘m; ikkinchi o‘rin uchun 75 million so‘m mukofot puli beriladi. Birinchi o‘rin egalari esa, tabiiyki, Prezident sovg‘asiga egalik qilishadi.
Qadrli yoshlar, “Yosh kitobxon” loyihasi, uning mehnat-mashaqqati va oxir-oqibatda kitob o‘qish ortidan keladigan zavq-shavq, surur, quvonch va shon-shuhrat sizni ham kutib turibdi.
Muhtaram boshlovchimiz aytmoqchi: “Kutubxona to‘la kitob, zavod to‘la avtomashina! Kitob o‘qigan avtomashina minadi!”
Bahodir KARIM,
“Yosh kitobxon” respublika tanlovi hakamlar hay’ati raisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
43
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
123
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
313



