18.04.2025 | 09:35
911
BEHBUDIY VA JUG‘ROFIYA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yilda “Turkiston jadidlik harakati asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ma’rifatparvar bobomiz merosini har tomonlama o‘rganish uchun muhim asos vazifasini o‘taydi.

O‘z zamonasining ilg‘or fikrli vakili sifatida Behbudiy nafaqat mamlakat yoki mintaqa, balki dunyo miqyosida fikrlay olgan, sayyoramizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan mamlakat taraqqiyoti yo‘lida samarali foydalanish imkoniyatlarini ko‘ra olgan. Sharqshunos olim Laziz Azizzoda 1926-yilda Behbudiy to‘g‘risida: “Agar O‘zbekiston fani va madaniyatida Navoiy va Ulug‘bekdan keyin turuvchi uchinchi shaxsni abadiylashtirish lozim bo‘lsa, shubhasiz, bu Mahmudxo‘ja Behbudiydir”, deb yozgan edi.
Behbudiy qator dunyo mamlakatlarini kezib chiqqan sayyoh, o‘z kuzatishlari natijasida yangi uslub maktablari uchun geografiya fanidan muhim darsliklarni birinchi bo‘lib yaratgan olimdir.
Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda zamonaviy geografiya fanining poydevori aynan Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan XX asrning boshlarida chop etilgan qator jug‘rofiy asarlar bilan bog‘liqdir.
Yoshligidanoq arab tili grammatikasi, matematika, huquqshunoslik asoslari, geografiya, mantiq, filologiya kabi fanlarni chuqur o‘rgangan alloma XX asr ostonasida dunyo mamlakatlariga sayohat qilish, ulardagi ijtimoiy hayotni o‘rganish orqali o‘z dunyoqarashini kengaytirishga ahd qildi. Jumladan, 1899-yilda u muqaddas Haj ziyoratiga borish maqsadida o‘zining ilk safarini boshladi. Safar Rossiya, Qrim, Eron, Turkiya va Misrning turli shaharlari orqali amalga oshirilgan. Olim uzoq yo‘lni o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan barcha vositalar – poyezd, kema, ot va tuyalar hamda ba’zi joylarda piyoda bosib o‘tgan. Sayohat Behbudiyga turli hududlarni ko‘rish, ularni qiyoslash va mavjud tafovutlarni tahlil qilish imkonini yaratdi.
Demak, birinchi haj safari qahramonimiz uchun katta ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan. Chunki olim o‘sha vaqtlarda ilm-u fan va ta’lim rivojlangan mamlakatlarga tashrif buyurdi. Bu yurtlardagi o‘qitishning yangi uslublari, madrasa va pedagogik tizimlarni islohot qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning shohidi bo‘ldi. Tashrif buyurgan manzillarida sotib olingan gazeta, kitob, jurnal, darslik va o‘quv dasturlaridan esa safardan so‘ng Turkistonda ma’rifatni rivojlantirish yo‘lida keng foydalandi.
Ilk haj safaridan qaytganidan uch yil o‘tgach, Behbudiy 1903-1904-yillarda Sankt-Peterburg, Moskva, Qozon, Orenburg shaharlari va Qrimga sayohat qilib, bu yerlardagi ta’lim metodlari bilan tanishdi. Olimning ushbu safari uning Turkistonda yangi uslubdagi maktablarni rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Turli mamlakatlarda bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z faoliyatida dunyoviy bilim va madaniyatni targ‘ib qilishga alohida ahamiyat qaratdi. U 1913-yildan “Samarqand” gazetasi va shu yilning avgustidan “Oyina” jurnalini nashr ettira boshladi.
Sakkiz oylik sayohati davomida ma’rifatparvar sayyoh ulkan hajmdagi ilmiy ishlarni, jumladan, o‘zi tashrif buyurgan shaharlar va mamlakatlar aholisining ijtimoiy-siyosiy ahvoli bo‘yicha kuzatishlarni amalga oshirdi. Kuzatishlari natijalarini o‘z safar kundaligida qayd etib, ularni “Sayohat xotiralari” nomi bilan chop qildi. Mazkur xotiralar tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, Rossiya imperiyasi va Yaqin Sharq mamlakatlari shaharlarining XX asr boshlaridagi hayotining yaqqol manzarasini namoyon qiladi.
Jumladan, ushbu hududlarning aholisi, qishloq xo‘jaligi madaniyati, yashash tarzi va savdo aloqalarining turli jihatlari sayyoh tomonidan qiziqarli ifodalangan.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi Misr, Suriya, Jazoir va qator arab mamlakatlariga Behbudiy tomonidan berilgan tavsif tahsinga loyiq. Olim o‘z esdaliklarida ushbu hududlarning me’morchiligi, siyosiy ahvoli, aholining asosiy mashg‘uloti, urf-odatlari, banklar, temiryo‘l va boshqa muassasalarning faoliyati, hatto, yo‘l chiptasi hamda mehmonxonada tunash narxlari haqida hikoya qilgan.
Esdaliklar turkistonliklarga xorijiy mamlakatlar hayotining barcha qirralari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Bu haqda nemis olimi I.Baldauf shunday yozgan edi: “Behbudiyning “Oyina” jurnali O‘rta Osiyoliklarni Parijdan Yaponiyaga qadar bo‘lgan mamlakatlar bilan tanishtirgan bo‘lsa, “Sayohat xotiralari” Turkiston ahli uchun asosan musulmonlar yashaydigan Sharqni kashf qildi”.
Behbudiy o‘z asarlarida tarix va geografiyaning jamiyatda tutgan o‘rniga ham alohida ahamiyat berib, uning insoniyat jamiyatida ilk davrlardayoq shakllangan dunyodagi eng qadimgi fanlardan ekanini ta’kidlagan. U bu boradagi ilmiy qarashlarini “Tarix va jug‘rofiya” deb nomlangan ilmiy maqolasida bayon etgan. Uning fikricha, tarix va geografiya inson uchun quyosh kabi zarurdir.
Tarixni yaxshi bilmoq uchun geografiyadan, ayniqsa, tarixiy geografiyadan puxta xabardorlik zarur. Shu bois, Behbudiy o‘zining “Oyina” jurnalida chop etilgan ilmiy maqolalarida muntazam ravishda turli fanlar haqida qiziqarli ma’lumotlarni berib borgan. Mazkur jurnalda chop etilgan mavzular iqtisod, siyosat, madaniyat va fanning turli sohalariga daxldor bo‘lib, ularda qator muammoli masalalar ko‘tarilgan.
Ayniqsa, olim “Geografiya nima?”, “Dunyoda qancha aholi va xalq bor?” nomli maqolalarida geografiya fanining vazifalari, uning tadqiqot obyektlari, aholi geografiyasi va etnografiya haqida so‘z yuritgan. O‘rta Osiyo va Turonning Behbudiy tomonidan tasvirlangan qadimgi geografik chegaralari hozirgi zamon mutaxassislari e’tiborini tortishi shubhasiz.
Olimning “Ulug‘bek rasadxonasi”, “Yer”, “Quyosh” kabi ilmiy-ommabop maqolalari, boshqa mamlakatlarda chop etilgan adabiyotlardan tarjimalari o‘z zamonasida qiziqib mutolaa qilingan. Bunday maqolalarning geografik miqyosi keng bo‘lib, turli hudud va qit’alarni qamrab olgan. “Oyina” jurnalida Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Rossiya aholisining ijtimoiy hayoti haqida qiziqarli lavhalar muntazam chop etilgan.
Zamondoshlari olimning to‘la asarlari to‘plamini chop etishni rejalashtirib, u haqda qator maqolalar yozishgan. Ammo XX asrning 30-yillaridan boshlab Behbudiyga sovet ma’murlari tomonidan “millatchilik harakati yo‘lboshchisi” tamg‘asi bosilib, qatag‘onga uchrashi tufayli ushbu rejalar amalga oshmay qolgan.
Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekistonda milliy ta’lim tizimini yaratishga katta hissa qo‘shgan jadidlarning, shu jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning faoliyatiga oid tarixiy haqiqat qaror topdi. Ularning ilmiy merosi, shu jumladan, Turkistonda geografiya fani rivojiga qo‘shgan hissasi hozirda O‘zbekiston Respublikasidan tashqari Germaniya, Turkiya, AQSh, Yaponiya va O‘rta Osiyo mamlakatlari olimlari tomonidan keng o‘rganilmoqda.
Zero, Behbudiy yaratgan asarlar yurtimizning XIX asr oxiri va XX asrning birinchi choragidagi geografiyasi, shu jumladan, iqlimi, tabiiy resurslari, aholisi va ijtimoiy hayotiga oid qimmatli manba hisoblanadi.
Karomiddin GADOYEV,
geografiya fanlari nomzodi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



