27.04.2025 | 15:06
610
SO‘NGGI DARS
1917–1922-yillarda Turkiyaning Istanbul universitetida o‘qib qaytgan muallim Shohid Eson Musayev shunday yozadi: “Eng issiq, qizg‘in va qumli bir cho‘lda tirikchilik qiladirg‘on kishiga suv, salqin havo qancha kerakli bo‘lsa, bu kungi millatlar orasida yashayturg‘on qavmlar uchun maktab va maorif ham shunchalik kerakdir… Bir zamonlar bashariyatning yo‘lboshchisi va rahbari edik.
Butun dunyo bizning yoqqan mash’alalarimizdan yorug‘liq olar edi. Bu kun esa bashariyatning falaj bo‘lib qolgan bir qo‘limiz…”

Eson afandining “Biz va maorif” maqolasidan ushbu iqrorlar bir tomondan mamlakat taraqqiyotida maorif masalasining naqadar muhim ekanligini ko‘rsatsa, boshqa tomondan “falaj bo‘lib qolgan qo‘l”dan jamiyatga yetishi mumkin bo‘lgan ziyon-zahmatni-da anglatadi.
Jadid bobolarimiz millatni uyg‘otish, jamiyatni mavjud falajlikdan olib chiqish uchun bor diqqati, umidi, maqsadini ta’limga qaratgani, bu yo‘lda kerak bo‘lsa o‘z hisobidan maktablar ochib, darsliklar yozib, xalqni ilm-u ma’rifatga undagani bejiz emas. Namanganda jadidlik harakati sardorlaridan biri, muallim Asror Zayniddinov zamonasining ana shunday yoniq qalb egasi bo‘lgan…
Asror Zayniddinov 1885-yili Namangan shahri Chuqurko‘cha mahallasida to‘quvchi-hunarmand oilasida tug‘ilgan. Bolalikdan ilmga chanqoq Asror eski maktabda tahsil ko‘rib, 17–22 yoshlarida madrasada dars bergan. Uning dunyoviy ilmlarni egallashga ham ishtiyoqi baland ediki, mamlakat kelajagi aynan shu sohada qo‘lga kiritiladigan yutuqlar bilan belgilanishini juda yaxshi tushunardi. Jadidlar ta’limga ehtiyoj borasida matbuotda to‘xtovsiz chiqishlar qilar, garchi bu o‘z boshlarini kundaga tutib berish bilan barobar bo‘lsa-da, ularning har so‘zi mohiyatan ma’rifatga borib taqalardi. Bundayin jasorat, eng avvalo muallimlarga ruh bag‘ishlar, ular shu tariqa Behbudiy aytmoqchi “dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozim”ligi, “zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lishi”ni boshqalarga qaraganda tezroq, teranroq anglardi.
Turgan gapki, sovet rejimi boshqa millatlarning ilmli, ma’rifatli bo‘lishini istamas, xalqning qalb ko‘zini ochuvchi ziyo ahlini xushlamas edi. Qahramonimiz ham o‘shanday “xushlanmas” shaxslardan biri bo‘lib, birinchilar qatorida qirg‘inga duchor bo‘ladi. Bu haqda keyinroq…
Asror Zayniddinov 1910-yildan Qo‘qondagi jadid maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlash asnosida madrasada taniqli ma’rifatparvar, yirik tilshunos, adabiyotshunos olim, Turkistondagi jadidlik harakatining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Ashurali Zohiriydan tahsil oladi.
Bilamizki, Ashurali Zohiriy Qo‘qondagi birinchi dorilmuallimin tashkilotchisi va dastlabki zamonaviy maktablarning muallimi sifatida Farg‘ona vodiysi uchun ko‘plab o‘qituvchilarni yetishtirib bergan. U asos solgan dorilmuallimin keyinchalik pedagogik texnikumga aylantirilib, 1930-yili texnikum bazasida Farg‘ona davlat pedagogika instituti tashkil etilgan.
Asror Zayniddinov faoliyatida ham ustod Ashurali Zohiriy saboqlari ulkan maktab vazifasini o‘tab, uning yo‘li jadidlar harakati bilan rosmana tutashishiga turtki bo‘lgan. Qahramonimizni 1919-yildan boshlab jadid harakatining atoqli vakillari bilan bir safda “Ittihod va taraqqiy” tashkilotida ko‘ramiz. Ushbu tashkilotning Namangandagi raisi taniqli jadid Zayniddin qori Nasriddinov bo‘lib, Asror Zayniddinov esa uning kotibi lavozimida faoliyat yuritadi.
Namanganda Asror Zayniddinov dastlab o‘qituvchi, so‘ng maktab mudiri (1921), Vaqf bo‘limi mudiri (1925), Uyezd ijroiya komiteti mas’ul kotibi (1926-yilgacha), keyinchalik “Vaqf” bo‘limi mas’ul kotibi, Namangan uyezd xalq ta’limi bo‘limi mudiri (1928-yilgacha) lavozimlarida ishlagan. O‘z faoliyati davomida Namangandagi vaqf ishlari, vaqfga qarashli maktab va boshqa muassasalarni tartibga solish, tarixiy-me’moriy obidalarni ro‘yxatga olish va ta’mirlash ishlariga bevosita bosh-qosh bo‘lgan.
Ma’rifatparvar Said Ahroriy ta’biricha, “Bir elning taraqqiysi, madaniylashmagi, baxtiyorligi u elni tashkil etgan shaxslarning bilimli, kuchli, g‘ayratli va ishsevar bo‘lishiga bog‘liqdir. Shuning uchun ko‘pchilikning kamoli shaxslarning kamoliga bog‘liqdir”.
Ayni haqiqatni boshqalardan ko‘ra ertaroq tushungan, anglagan, his qilgan qahramonimiz el baxtiyorligi uchun kurashda aslo chekinmadi. U o‘zida bor ilm-u salohiyat, kuch-g‘ayratni madaniyat va maorif rivojiga qaratar ekan, bu borada dunyoning kun sayin taraqqiylashib borar davlatlaridan ortda qolmoqlikni o‘ziga o‘lim bilan teng ko‘rdi. Elini xo‘rlikda emas, hurlikda ko‘rmoq uchun kurashdi: na bo‘hton, na ta’qib-u tazyiqlar yo‘ldan qaytaroldi. Bil’aks, 1927-yilga kelib namanganlik taraqqiyparvar jadidlar tuzgan “Milliy qo‘mita” yashirin tashkilotiga kirgach, shu paytga dovur o‘ylagan niyat-u azmi mahkamlandi. Chunki ushbu tashkilot O‘zbekistonda sovet hokimiyati tomonidan olib borilayotgan yer-suv islohoti, quloqlashtirishga qarshi chiqib, sovet hukumatidan O‘zbekiston mustaqilligini talab qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi.
1920-yillar oxirlarida sovet hokimiyati tomonidan jadidlik harakati faollarini jamiyat orasida obro‘sizlantirish, ularning sha’n-u qadr-qimmatini oyoqosti qilish, bu orqali ularni ijtimoiy faoliyatdan chetlatish, hukumat idoralaridan bo‘shatish, partiya safidan o‘chirish harakati avj oldi. Bu paytga kelib el ichra o‘ziga yarasha obro‘ qozonib ulgurgan, Namangan vaqf bo‘limi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Asror Zayniddinovni go‘yoki “fosh qilish”ga bag‘ishlangan “Tilga kelgan varaqlar” maqolasi bosilib chiqadi. Unda ustma-ust qalashtirib tashlangan bo‘htonlar, bir talay uydirmalar “asos” bo‘lib, jadid Asror Zayniddinov hamda Namangandagi “Vaqf” idorasi xodimlari ustidan “tekshiruv” o‘tkaziladi. Natijasi ma’lum: ular egallab turgan lavozimidan ozod qilinadi. Sovetlar nishoniga tushib qolgan Asror Zayniddinovning bundan keyingi hayoti halovatga begona bo‘lib, tun-u kun tahlika ostida kechdi.
XX asrning 20–30-yillari. O‘rta Osiyo mintaqasi ayollari taqdirida tub burilish yasagan davr. Xotin-qizlarning turmush tarzi, ijtimoiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni, ijtimoiy xulq-atvori o‘zgara bordi. Gap “Hujum” haqida. Sovetlar tomonidan go‘yoki “ayollarni ozod qilish” shiori ostida amalga oshirilgan ushbu harakat jamiyatda, odamlar orasida turli nizolar keltirib chiqarib, norozilik kayfiyatini kuchaytirib yuborayotgandi. Vaziyat kun sayin taranglashib borar ekan, qahramonimiz bu borada harakatni amalga oshirish usullarini keskin tanqid qilib chiqdi. Bu esa sovetlarga xush kelmasligi aniq edi. Holbuki, u mazkur jarayonni birdaniga emas, asta-sekin, tushuntirish yo‘li bilan amalga oshirish kerakligini, avvaliga ayol-qizlarga ta’lim berish, shundan so‘nggina ularni ijtimoiy hayotga qo‘shish lozimligini yoqlab chiqqandi. Biroq bu bayonotlar sovet hokimiyati siyosatiga qarshi chiqish sifatida baholanib, Asror Zayniddinov 1928-yili “ayolini ijtimoiy ishlarga jalb qilishdan bosh tortganlik”da ayblanadi va uch oy muddatga partiya a’zoligidan chetlatiladi.
Bu mahal sovet hokimiyati tomonidan muxolif tashkilotlarga a’zo bo‘lgan jadidlarga nisbatan qatag‘on jarayoni kuchaya boshlagandi. 1929-yili “Milliy qo‘mita” tashkiloti raisi Zayniddin qori barobarida tashkilotning barcha a’zolari hibsga olinadi. Ular qatorida Asror Zayniddinov ham OGPU xodimlari tomonidan turmush o‘rtog‘i va hali esini endi taniy boshlagan farzandi ko‘z o‘ngida kishanband qilinadi.
Asror Zayniddinov OGPU maxsus kollegiyasining 1931-yil 25-apreldagi qarori bilan RSFSR Jinoyat kodeksining 58-moddasi 2-, 4-, 10-bandlari bilan ayblanib, 10 yil muddatga konslagerda qamoq jazosiga hukm qilinadi. Qahramonimizning bundan keyingi taqdiri noma’lum.
…To‘g‘ri, xalqni yorug‘likka undagan millat yetakchilari nomiga “millatchi” tamg‘asi urilib, oydin yuzlar qoralandi. Biroq ong-u shuurimizdan joy olgan jadidlarni ma’rifat yo‘lida kurashdan na qamoq, na qatl qaytara oldi. Zero, ular nomini tarixga boqiy muhrlagan mangulik siri ham aynan mana shunda – jonfidolikda!
Qahramonimiz nainki muallimlikdagi murakkab qismati, balki har qanday holda ham ezgu amaliga vafo-sadoqati bilan biz o‘quvchilarga so‘nggi sabog‘ini, mangulik darsini o‘tib ketdi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



