30.04.2025 | 09:06
593
MusoPIR DARAXT
Muhammad Siddiqning “Musofir daraxt”idan qo‘l olib, to‘g‘risi, yuragim allatovur bo‘lib ketdi. Shoir qisqa satrlarda juda lo‘nda va teran yashabdi. Mana, sizga she’r: “Hilol – yuragimning tilingan joyi”. Bo‘ldi. Shuning o‘zi bitta she’r. She’r bo‘lgandayam, iztirobi katta she’r.

Muallif bamisoli nuqta-nuqta qo‘yib, noan’anaviy usulda surat chizayotgan musavvir. Fikrim isboti va izohi uchun, keling, yaxshisi misol keltiray:
O‘ZIMNI OVUTDIM
Kaftimga suv to‘ldirib
chopayotganga o‘xshayman,
Boy berib borim
nedir topayotganga o‘xshayman.
* * *
Angladim ellikning arafasida,
Qiziq, avval neni bilgan ekanman?
Aslida, talato‘p dunyosiga men
Bir seni axtarib kelgan ekanman.
Butun umrini, o‘z mohiyatini salmoqlab, bor-yo‘g‘ini taroziga solib ko‘rayotgan shoir og‘riqli masalalarga yondashuv nuqtasidayam, uslub, shakl, hatto mazmunda qo‘qqisdan badiiy kashfiyot qilib ko‘rsatyaptimi, demak, bilasizki, u allaqachon shakllanib, o‘z yo‘lini, adabiy imijini topib qo‘ygan bo‘ladi. Muhammad Siddiqning eng qisqa satriga bir ko‘z tashlasangiz ham, beixtiyor uning ichki dunyosiga ko‘zingiz tushib, hang-u mang bo‘lib qolasiz, chunki yondashuv nuqtasining o‘zi badiiy kashfiyot bu og‘amizning. Mana bu she’rlar shu fikrning yaqqol tasdig‘i:
MOZOR
Buncha ko‘p bo‘lmasa bu yerda
Baland-past yopig‘liq qozonlar.
SUJUD
Yerning qulog‘iga aytdim
Seni yaxshi ko‘rishim.
Yoki… tiq etsa eshikka qaraydigan, kiminidir kutayotgan, qalbi sog‘inchga limmo-lim sho‘rlikning ruhiy holatini qarang, qanday inja rakursda tasvirlanyapti:
Sog‘ingan odam uchun
eng go‘zal qo‘shiq –
Gʻiytillagan eshik nolasi...
Va, nihoyat “DIYDOR”:
Istarang issig‘ida isindim.
O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov ham kitob so‘zboshisida e’tirof etganidek, “Muhammad Siddiqning barcha she’rlari, (mana) shunday rang-barang go‘zal topilmalar asosiga quriladi. Rahmatli Erkin Vohidov shunday topilmalarga usta, topag‘on edi”. Ha, hassos munaqqidimiz nishonga urganidek, “Uning she’r va hayotdan topgan hikmatlari barchasi g‘ofillik va ziyraklik orasida turadi. Ba’zan lohut va nosubdan so‘zlaydi. Gʻofillikda yo‘qotganlari, tiyraklikda kashf qilganlarini topilmalar tarzida ifodalaydi. Bularning barini u o‘zi ochgan, o‘zi topgan, she’riy hadyaga aylantirgan. Va bari ma’nodor”. Ishonmasangiz, mana sizga:
URUSH ODAMLARI
Bobomning yengiga qarab bilar edik
Shamol qay tarafga esayotganin.
Ko‘rib turganingizdek, to‘g‘rirog‘i, shoir ko‘zingizga ko‘rsatganidek, ushbu qisqa satrlarda hayotning, inson ruhiyati va tafakkurining turli qirralari yalt etgan chaqmoq yorug‘ida bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. Akaning aytmay turib aytgan gaplari, ayniqsa, “yopig‘liq qozon”i o‘ylantiradi odamni. Demoqchimanki, siz ham bu kitobni o‘qing, obrazli qilib aytganda, MusoPIR daraxtning qo‘lidan tuting. Keyin… chaqmoq yorug‘ini muzlatib qo‘ying-da, ichki dunyoning eng go‘zal manzaralarini xohlaganingizcha tomosha qiling.
Ildirgi: Aytmoqchi, muhim bir gapni unutayozibman, kamina bir vaqtlar “Tol tusli Majnun”da qiyosning kiftini keltirganidek, Siz katta daraxtsiz, Majnuntolsiz, shoir aka:
Men havas qilaman tol tusidagi
Majnunda ko‘rsam-da, aftoda chehra:
Olar u yer osti ham ustidagi
Hayotdan bir vaqtning o‘zida bahra.
Hech yurak qolmasin gunoh kasriga,
Minib chopsa hamki hayot qilib ot.
E’tiqod susaygan bizning asrda
Bormi shu daraxtday barkamol bir zot?!
Shuhrat AZIZOV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
98
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
135
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
328

