Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.07.2024 | 20:22

img3153

“ILMSIZ INSON MEVASIZ DARAXT KABIDUR…” yoxud Abdulla Avloniy ma’rifati

O‘zbek jadid allomalarining hayot yo‘li, ijtimoiy faoliyati ibratli, so‘zlari hikmatli. Millat va Vatan, ma’rifat va ma’naviyat ularning dardi, qayg‘usi, amali va a’moli edi. Ular shu el-yurt istiqboli uchun dard chekdi, qayg‘urdi, g‘amga botdi, o‘yga toldi. Ular yangi usul ta’lim maktablari ochib, farzandla­rini savodli qildi, fikrini o‘stirdi, dunyoni tanitdi. Ular teatrda tomoshalar qo‘yib, ijtimoiy, maishiy muammolarni sahnaga ko‘chirdi va o‘sha “ibratxona” orqali olamga ibrat nazari bilan qarashni tashviq qildi. Badiiy asarlarida kundalik turmush muammolarining adabiy manzaralarini aks ettirdi.

 Shunday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgan moʻta­bar jadid allomalar qatorida Abdulla Avloniy ham bor. Avloniyning hayoti va ijod yo‘li barcha maslakdoshlari kabi turli-tuman va serqirra. O‘z e’ti­rofiga ko‘ra, u yoshligida hunar o‘rganadi; “g‘isht quyish, suvoqchilik, pech­kachilik, duradgorlik ishlari” bilan shug‘ul­lanadi. Turmush tashvishlarining naq o‘p­qonida yashaydi. Keyin Abdulla Avloniy mat­buotchi, muallim, adib, jamoatchi, elchi, jurna­list sifatida taniladi. 1907-yili “Shuhrat” gaze­tasini nashr ettiradi. Gazetaning o‘nta soni chiqar-­chiqmas taqiqqa uchraydi.

1913-yili “Turon” teatr truppasini tuzadi. Sah­­na­da o‘zi rollar ijro etadi, ya’ni mushaxxis – ak­t­yor­lik ham qiladi. Hayotdan olgan saboq­lari­dan sahnada, badiiy asarlari uchun tanlagan obraz­larida foydalanadi. Uning “Hijron” taxallusi bilan e’lon qilgan she’rlarida da’vatkorlik, yaxshi­likka chaqiruv, jaholatni qoralash ohang­lari kuchli.

“Yaxshi birla yursa, har kim maqsudi hosil bo‘lur,

Yursa nodonlar ila, bir kun borib qotil bo‘lur.

Kattalar qilgan nasihatni kichiklar olmasa,

Oqibat xulqi buzuq bir beadab johil bo‘lur”.

Shoirning axloqiy dasturi va ma’naviy mezoni shunday. Avloniyning bir necha juzdan tarkib topgan “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” majmuasi o‘z vaqtida shuhrat topdi; maktablarda darslik sifatida o‘qitildi. Uning she’rlarida ma’rifatparvarlik, jadidona g‘oya­lar, xususan, ilm-u adabni ulug‘lash mavzusi yetakchi o‘rinda turadi. She’rlarini shunga mos “Maktab”, “Maorif nadur?”, “Jaholatdan nafrat”, “Ilm ahvolindan bir manzara”, “Ilmga targ‘ib”, “Ilm” kabi nomlar bilan atadi. Avloniy fikricha, ilm barcha xursandchiliklar uchun ma’dan, barcha fazl-u karamlar manbayidir. Ilmsizlar uchun jahonning keng ayvoni tor bo‘lib qoladi, ilmsizlarga butun “dard-u alam yor” bo‘ladi, ilmsiz odam tirikchilik yo‘llarida adashadi. “Ilm ikki jahon shavkatining barposi”. “Ilm bir nuri ziyo” – uning jilosi ketmaydi. Ilm nuri odamni aziz qiladi, ilmli insonga xorlik va zorlik yaqin yo‘lamaydi. Shoir xitoban yozadi:

“Ayo ey sohibi urfon! Vatan bog‘inda faryod et!

Otib tashla arodin eski odatlarni, barbod et!

Maorif-la funun tahsilina qil rahnamolig‘ san,

Qarong‘uda qolan millatni nuri ilma irshod et!”

Ilm nuri, ilm manfaati, ilm yo‘li, ilm saodati – bular shoir nazmida juda ko‘p takrorlanadi. Abdulla Avloniy ilm­ni ulug‘lab yana yozadi: “Ilm inson uchun g‘oyayi oliy va muqaddas bir fazilatdur. Zeroki ilm bizga o‘z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko‘rsatur. Zehnimizni qilich kabi o‘tkur qilur. Savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurub berur. To‘g‘ri yo‘lga rahnomolik qilub, dunyo va oxiratda mas’ul bo‘lishimizga sabab bo‘lur. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur…”

Darhaqiqat, ilm inson qalbiga sayqal beradi, ma’naviy-ruhiy dunyosini yoritib go‘­zal­lashtiradi. Insonni ulug‘ martabaga ko‘ta­radi. “Ilm” so‘zi oddiy o‘qish-yozishdan tor­tib, cheksiz borliq haqiqatini, insondek murakkab xilqat mohiyatini anglash, bilish kabi qator tushunchalarni o‘zida jamlaydi. Garchi ilmga mohiyat e’tibori bilan diniy va dunyoviy tarzda tasnif berilsa ham, ular orasida, aynan inson ma’naviyatiga aloqadorligi jihatidan, ziddiyat yo‘q. Aksincha, biri ikkinchisini taqozo etadi, to‘ldiradi, mukammallashtiradi. Qora bulut quyoshning yuzini qoplab, nurlarini to‘sib olganidek, jaholat, xurofot va bid­’at ham haqiqat yog‘dusini xiralashtiradi. Oydin, haqqoniy tushunchalar rangini qoraytiradi. Teran fikrlarni muj­mal­lashtiradi. Bular, tabiiyki, vaq­tincha…

Abdulla Avloniy insonga badan tar­biyasi bilan birga fikr tarbiyasi muhimligini aytadi. Yaxshi tarbiya olgan odamning fikri quvvatli, ziynatli va keng bo‘ladi. “Fikr oynasi”ni zang bosadigan bo‘lsa, ruhi kirlanadi, qalbi nursiz­lanadi.

Abdulla Avloniy she’rlarida yor, gul, bulbul, yil fasllari – bahor, yoz, kuz, qish kabi obrazlar uchraydi. Ammo ularning mazmuni, mohiyati an’anaviy mumtoz she’riyatdagi ramzlardan nisbatan farq qiladi. Jadid shoirlari nazmidagi obrazlarning yangicha mazmun kasb etganiga diqqat qaratgan munaq­qid Vadud Mahmud yozadi: “Bu shoi­rimiz ham oshiqdur, ma’shuqasi xalqdur, millatdur. Millat va xalqiga muhabbati ­uning ishqidur… Uning bu hayajonlari yasama emasdur, chindur, tabiiydur. U ko‘z yoshi to‘ksa, millat uchun to‘kadur, birovdan xafalansa, millat holiga boqmagani uchun xafalanadur. Birovdan xursand bo‘lsa ham millati, xalqi uchun bo‘ladur”. Samarqand­lik jadid shoir Sidqiy Ajziyga qarata aytilgan bu fikrlar Avloniy ijodiga ham mos keladi. Zero, Abdulla Avloniy ham eski va yangi davr, eski va yangi adabiyot rishtalarini bog‘lovchi ijodkor edi. U ham qadimiy Sharq she’riy shakliga o‘z adabiy-es­tetik qarashlarini olib kirdi va shu yo‘l bilan millatni ilm-ma’rifatga, o‘zligi­ni anglashga, umuman, ma’nan uyg‘oq bo‘lishga chorladi. Abdulla Avloniy­lar avlodini adabiyotshunos Abdurahmon Sa’diy va’z-nasihatlar yozgan “o‘gitchi shoirlar” deb atagan edi. Umumiy birlikka eri­shish, millat va el-yurtni yuksaltirish, o‘quv va maktab-maorif ishlarini rivoj­lantirish, ilm va hunarni targ‘ib etish, iqtisodiy va ma’naviy ahvolni yaxshilab, madaniy jihatdan taraq­qiy qilish – ana shu “o‘gitchi shoirlar” qal­bidagi ezgu niyatlar edi. Shu bilan birga, Sa’diy o‘tgan asrning 20-yillarida Abdulla Avloniy qatoridagi shoirlar haqida: “Ular XV asrning tili, uslubini, shaklini, vaznini XX asrda biroz yengillashdiraroq davom ettirdilar”, deb yozdi. Bu fikrda ham asos bor.

Jadid shoirlari yigirmanchi asr avvalida turk shoirlariga ergashdi, fuzuliyona nazmiy mashqlarini taqdim etishdi. Shuning uchun ham Avloniy she’r­larida “Maskani firdavs bog‘indan xabar verganlaring”, “Har darding o‘lur chorasi, har yig‘layan o‘lmaz”, “Bunla­ring turmushlari bir darsi ibrat go‘starur” kabi fuzuliyona misralar kuzatiladi. Shuningdek, “bola”, “bor”, “yig‘lasin”, “ko‘rsat”, “ayladi” kabi o‘nlab so‘zlar o‘rni bilan “jo‘juq”, “vor”, “og‘lasun”, “go‘star”, “aylayur” singari muqobili aralash qo‘llaniladi.

Bunga o‘xshab “shevada Fuzuliy yo‘lini tutgan” holatlari Avloniylardan o‘tib, Cho‘lponning ayrim she’rlarida ham davom etdi. So‘ngra to‘xtadi. Fikrda uyg‘onish va millat fikrini uyg‘otish, badiiy adabiyot – she’riyat tilini yangilash, yangicha adabiy shakllarni sinab ko‘rish barcha jadid adib­lari, jumladan, Avloniy ijodiga ham xos xususiyatdir. Dunyo adabiyoti namunalariga mos roman va hikoya janri, shuningdek, dramatik asarlar ham jadid adabiyoti negizida maydonga keldi. Behbudiyning “Padarkush” fojiiy dramasidan keyin Nusratulla Qud­ratulla, Abdulla Qodiriy, Hoji Muin, Hamza Hakimzoda Niyoziy o‘z dramalari bilan maydonga chiqdi. Adabiyotshunos Shuhrat Rizayev “Jadid dramasi” kitobida “o‘zbek jadid dramaturgiyasining shakl­lanish davrida nisbatan ko‘p pyesalar yozgan musanniflardan” biri sifatida Abdulla Avloniy faoliyatiga alohida urg‘u beradi. Darhaqiqat, Abdulla Avloniy “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, “Biz va Siz”, “Purto‘g‘liyo inqilobi” kabi dramalar yozgani, sahnada rollar ijro etgani, rejissyorlik qilgani ma’lum.

Abdulla Avloniyning millat tarbiya­si bobi­da qayg‘urib, Sa’diy Sheroziyning axloqiy riso­la­lariga havaslanib “Turkiy Guliston ­yo­xud axloq” nomli didaktik ruhda yozgan asari o‘z vaqtida sevib o‘qildi va ha­mon o‘qilmoq­da. Avloniyning “tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur” degan fikri aynan yuqorida nomi aytilgan kitobidan olingan. Bu fikr asrlardan asrlarga o‘tib, abadiyat yo‘liga chiqqan hikmatlar sirasiga kiradi.

Avloniy milliy til va milliy adabiyotga urg‘u berib yozadi: “Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur… O‘zi bilgan-bilmagan turli tillarning so‘zlarini “aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”. Haq gap ham shu.

“Nafsning rohati, qalbning matonati, fikrning salomati, vijdonning halovati halim tabiat bilan hosil bo‘lur. Chunki halim kishilar har qancha quvvat va qudrat sohibi bo‘lsa ham, o‘zidan ojiz kishilarga shiddat ila muo­mala qilmas. Fikri salomat kishilarning qalbi halim, tab’i karim bo‘ladi”. Tarbiya bobida bunday hayotiy hikmatlar, Payg‘ambari­miz (s.a.v.) hadislari, dunyo allomalari­ning aforizmlari bilan to‘yintirilgan Abdulla Avlo­niy­­ning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asari hamon o‘z qadr-qiymatini saqlab keladi.

Gohida jadidlarning bir xildagi fikr­la­ri nashr­­lardan nashrlarga, ki­tob­­lardan kitob­lar­­ga, maqolalardan maqola­larga ko‘chib yuradi. Holbuki, bu adiblar ijodiy merosi­da ko‘chirma olishga va, eng muhimi, olin­gan ko‘chirmalar hikmatiga amal qilishga arziy­digan mulohazalar juda ko‘p. Abdulla Avloniy asarlari fikrimiz uchun dalil. Allomaga ko‘ra, eng afzal xulqlardan biri “nazari ibrat”, ya’ni dunyodagi har narsaga ibrat ko‘zi bilan qarashdir. Olamga ibrat ko‘zi bilan qaramagan odam haqiqat nurlaridan bebahra qoladi. Jumladan, o‘tgan ajdodlarning ma’naviy mulkiga, Abdulla Avloniydek adiblar ijodiga ham aynan bugun ibrat nazari bilan qarash lozim. Shunda haqiqat zuhur etadi, shunda ma’rifat nuridan ko‘ngillar yorishadi.

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori, professor


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596