Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.04.2025 | 12:31

img656

“OLISLARDAN BIR SADO…”

AQShning Michigan universiteti professori, taniqli adib va shoir, jadidshunos olim Temur XO‘JAO‘GʻLI bilan suhbat

– Muhtaram Temur Xo‘jao‘g‘li janoblari, istiqlol arafasida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) auditoriyasiga Sizni ustoz-professor Begali Qosimov olib kirgan edi. O‘shanda talabalar orasida men ham bor edim. Shu uchrashuvni, latofatli nutqni, samimiyatni hali-hanuz yaxshi eslayman. Bugun ham xuddi shundaysiz. Sizni ko‘pchilik ziyolilarimiz yaxshi bilgani uchun men an’anaviy tarzdagi tarjimayi hol bilan bog‘liq savollardan biroz chekinib, o‘sha tashrif va uchrashuv taassurotlarini eslashingizni istar edim.

– Shunday tasodiflar bo‘ladiki, ular inson hayotida burilish nuqtasini yaratadi. 1990-yilda O‘zbekistonga sayohatim hayotimdagi ana shunday eng muhim burilish nuqtasi bo‘ldi, desam yanglish bo‘lmaydi. Buning bir necha sababi bor. Otam Usmonxo‘ja (1878–1968) 1922-yil oxirida 44 yoshida Buxorodan, umuman Turkistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan edi.

Men esa 43 yoshimda – otamning bu ketishidan 68 yil keyin – 1990-yil 20-oktyabrdan 15-noyabrgacha O‘zbekistonda bo‘ldim. Bunga qadar chet ellarda – Turkiya, Pokiston, AQShda tahsil olayotganda dastlab ota-onamdan yurtimiz haqida turli ma’lumotlar olib, keyin maktab va universitetlarda shu mavzularda bakalavriat, magistratura va doktorlik dissertatsiyalarimni yozib chiqdim.

Ikkinchi muhim voqea, O‘zbekistonga ziyoratimda ota tomondan yaqin qarindoshlarim bilan tanishganim bo‘ldi: ulardan biri atoqli tarixshunos olim professor Sulaymon Inoyatov – amakimiz Otaulla Xo‘jayevning (1880–1937) nevarasi edi. O‘sha paytda Xo‘jayev familiyasi “xavfli” bo‘lgani uchun Sulaymonjon bobomiz Inoyat ismini o‘ziga familiya sifatida olishga majbur bo‘ladi.

Men va Sulaymonjon ungacha bir-birimizni hech bilmas edik. Bir kuni shoir Jamol Kamol bilan Toshkentdan Buxoroga qo‘nganimizda Sulaymon bilan aeroportda besh daqiqacha ko‘rishib-gaplashdik, u kishi Toshkentga uchib ketayotgan ekan. Biz tanishmasdan oldin Sulaymonning boshidan qiziq voqea o‘tgan, keyinroq menga aytib berdilar:

Sulaymon Inoyatov 1987-yilda Moskovda doktorlik dissertatsiyasini yoqlayotganda domlalar uning dissertatsiyasida chet el olimlariga qarshi yetarli tanqid topolmay, qo‘liga chet tillaridan ruschaga tarjima qilingan maqolalarni tutqazib, dissertatsiyangizda bularni qattiq tanqid qiling deyishgan. Ular orasida mening 1973-yilda AQShdagi bir ilmiy kitobda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (1920–1924) haqidagi maqolam ham bo‘lgan. Sulaymonjon u paytda “Timur Kocaoğlu” ismli shaxsning o‘ziga qarindosh bo‘lganini, albatta, bilmagan. Keyinroq menga aytgan: “Maqolangizdagi fikr va faktlarni to‘g‘ri topgan bo‘lsam ham, sizni sovetga qarshi burjua tarixchisi deb qoralab raddiya yozishga majbur bo‘ldim!” Mana bu voqea ham biz qarindoshlar orasida o‘sha temir pardaning qanchalik kuchli to‘siq bo‘lganidan dalolat.

Uchinchi muhim voqea 1990-yilning oktyabr oyida ToshDUga borgan chog‘imda yuz berdi. Universitetning o‘zbek filologiyasida o‘sha paytlari dars bergan Gʻulom Karimov, Abduqodir Hayitmetov, Ahmad Aliyev, Hasanxo‘ja Muhammadxo‘jayev, Umarali Normatov, Karim Nazarov, Abdug‘afur Rasulov, Begali Qosimov, Iristoy Qo‘chqortoyev, Norboy Xudoyberganov va boshqa ulug‘ olimlar bilan tanishdim. Ular asr shajarasida o‘chmas iz qoldirgan, bugungi avlod uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, afsonaviy ustozlar hisoblanadi! Shaxsan men uchun ular bilan suhbatlar hayotimning eng unutilmas onlaridir…

Begali Qosimov va  talabalar bilan auditoriyada qizg‘in suhbat kechgandi. Demak, siz ham o‘sha paytda talabalar orasida bo‘lgansiz, bundan cheksiz xursand bo‘ldim.

Shu uchrashuvdan so‘ng Umarali Normatov meni Erkin Vohidov uyida yig‘ilishga taklif etdi. U yerda ham ko‘p shoir-yozuvchilar bilan tanishdim.

Keyinroq shoir Rauf Parfi bilan bir necha bor ko‘rishdik, uyida mehmonda bo‘ldik. Shoir Shukrullo, Dadaxon Hasan, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov va boshqa ustoz ijodkorlar suhbatida bo‘lganmiz, hatto mashhur raqqosa Tamaraxonim bilan ham bir to‘yda gaplashganimizni eslayman.

– Ustoz, sizni serqirra ijodkor deb bilamiz: jurnalist, publitsist, shoir, adabiyotshunos olim, faol tashkilotchi… Barchasining uddasidan chiqib, qomusiy bir yo‘sinda ijod qilish oson emas. Temur Xo‘jao‘g‘li degan insonga siz chetdan qarab, uning ijodiy faoliyatiga qanday baho berasiz? Shoir Temur Xo‘jao‘g‘lining qaysi she’rini har doim xirgoyi qilib yurasiz?

– E’tirof uchun tashakkur. Mening turli yo‘nalishda ishlab ijod qilishimga otam Usmon Xo‘ja va onam Hakimaxon To‘rani bosh sabab deb bilaman. Ular vatan tuyg‘usini ong-u shuurimga shunday mahkam joylashgan ekanki, boshlagan ishimga qanday sho‘ng‘ib ketganimni o‘zim ham bilmay qolaman. Ona tomondan bobom Sayyid Akramxon To‘ra Qo‘qon xoni Xudoyorxonning jiyani bo‘ladi. Qo‘qon xonligi chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, Koson hokimi bo‘lgan Sayyid Akramxon To‘rani 1880-yilda Abdurahimxon o‘zi bilan birga Afg‘onistonga olib ketadi. U yerda taxtga o‘tirgach, Akramxon To‘rani o‘ziga noib etib tayinlaydi. Otamiz 1922-yil oxirida Kobulga kelganida Akramxon To‘ra ularni o‘z saroyida saqlaydi. Sovetlar Afg‘onistonga siquv qilib Usmon Xo‘jani qaytarib berishlarini talab qilishganida otamizga Istanbulga yo‘l olishini aytib, qizi Hakimaxonni turmushga beradi. Onamiz folklorni – alla, matal, ertag-u dostonlarni yod bilardi, bolaligimda menga ko‘p aytib berardi. Otam esa menga Navoiy, Bobur, ayniqsa, Fitrat va Cho‘lpon kabi jadid shoirlar ijodidan o‘qib berar, ularni yodlashimni tayinlardi. Bolalikdan o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot hamda jadid adabiyotini puxta o‘rganib, ular ichida o‘sdim, yashadim.

Bu diqqat-e’tibor keyingi qadamlarimda, ilm yo‘lida katta yordam bo‘ldi. Ayniqsa, oliy o‘quv yurtlarida – Turkiya va AQShda tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarixchilik bilan birga, sovet tuzumi tufayli marksizm, kommunizm, siyosat, xalqaro munosabatlar sohalarida darslar olib, ilmiy izlanishlar olib borishimda turtki bo‘ldi.

Maktabda o‘qib yurgan yillarimda qisqa hikoya, she’rlar yozar va ular Turkiyadagi bolalar jurnallarida chop etilardi. Talabalik davrimda turk shoirlari ijodi bo‘yicha adabiy-tanqidiy, tahliliy chiqishlar qildim. Keyinroq o‘zbek adabiyoti yuzasidan turkcha va inglizcha maqolalarim Turkiya va AQShdagi bir qator jurnal, ensiklopediyalarda nashr etildi.

1987-yilda ijod namunalarimdan biri turk hikoyachiligining mumtoz vakili Umar Sayfiddin nomidagi mukofotga loyiq ko‘rildi. 2018-yilda turkcha she’rlardan iborat “Sevgi so‘zlari” kitobim nashr etildi. O‘zbek shoiri Yo‘ldosh Eshbek ushbu kitobdan she’rlarimni o‘zbekchaga o‘girgach, shu nomda Toshkentda nashr qilindi.

O‘zbekcha she’rlar ham yozganman, albatta. 1992-1993-yillarda “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnali, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida nashr etilgan. Ular orasida “Olislardan bir sado” she’rimni chet ellardagi o‘zimni tasvirlaganim uchunmi, ayro yaxshi ko‘raman:

Ona yurtim, tong chog‘i
Menga o‘xshash bir sabo
Yetkazar tog‘lar oshib
Olislardan bir sado.
Bu sado iltijomas,
Bu sado bir tebranish.
Bu sado intihomas,
Bu sado bir uyg‘onish.
Sabo bo‘lib sochingda
O‘zimga taxt qurayin.
Sado bo‘lib qalbingda
Elimga baxt so‘rayin.

– Ustoz, bugun jadidlar mavzusi juda dolzarb va muhim. Biz o‘zbek jadidshunos olimlarining asarlari, tadqiqotlaridan yaxshi xabardormiz. Ammo jadidlik harakati paydo bo‘lgandan to hozirga qadar bu masala turli millatga mansub xorijdagi olimlar tomonidan ham tadqiq qilinadi. Yaqinda yurtimizda yaponiyalik jadidshunos professor Hisao Kumatsu mehmon bo‘ldi. Ancha suhbatlashdik. Gazetada suhbatlari ham berildi. Endi undan boshqa, sizga yaxshiroq tanish bo‘lgan, deylik, Edvard Ollvort, Adib Xolid, Ingeborg Baldauf, Turaj Atabaki, Yavuz Akpinarlar bor. Shu kabi bizning yaqin tariximizni xolis, odil o‘rganib baho bergan boshqa yana kimlarni ayta olasiz? Ya’ni olim sifatida nomlari sanalgan va sanalmagan xorijlik qaysi jadidshunoslarning qanday nomdagi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish muhim deb hisoblaysiz?

– Bahodirjon ustoz, Siz aytgandek, bizning umum Turkiston, shu bilan birga Volgabo‘yi, O‘roldan Qrimga, u yerdan Ozarbayjon, Afg‘oniston, Sharqiy Turkiston va Usmonli davlati paytidagi jadidlik harakati XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi judayam kuchli bir taraqqiyparvar ziyolilar uyg‘onishi hamda demokratiya va mustaqillik harakati o‘laroq ayniqsa turkiy xalqlar orasida keng yoyilgan edi. Oldiniga xalqni uyg‘otish uchun erkin matbuot va zamonaviy maktab ta’lim-tarbiyasi bo‘lib boshlagan bu harakat qisqa muddatda siyosiy tus oldi. Chor Rossiyasi davri oxiri va bolshevoylar hokimiyatining ilk davrida Muxtoriyat va keyin mustaqil respublikalar tashkil qilina boshlaydi: 1917-yili Qrim, Turkiston, Alash-O‘rda muxtoriyatlari, 1918-yili Ufada Butunrossiya Turk-tatarlari muxtoriyati, 1918-yili Ozarbayjon jumhuriyati, 1920-yilda Buxoro va Xorazm jumhuriyatlari. Men bu yerda “respublika” so‘zi o‘rniga “jumhuriyat” so‘zini qo‘llaganimning boisi, bu davlatlarda “respublika” atamasi o‘rniga “jumhuriyat” atamasi qo‘llanilganidir. Buxoro va Xorazmda qurilgan davlatlarning to‘liq nomlari shunday edi: Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati va Xorazm xalq sho‘rolar jumhuriyati. Demak, ularda “sovet” atamasi o‘rniga Islom davlatlarida ham keng iste’mol qilinayotgan “sho‘ro” atamasi qo‘llanilgan: “Sho‘royi islomiya” kabi. 1878-yildagi Usmonli davlati va 1906-yildagi Eronda mashrutiy tuzumlarga o‘tilganda, ulardagi majlis, ya’ni parlamentga ham “sho‘ro” deyilgan.

Muxtoriyat talabini taklif qilgan jadid Mahmudxo‘ja Behbudiydir. U 1907-yilda “Turkiston madaniy muxtoriyati” loyihasini Moskovdagi Dumaning Musulmonlar fraksiyasiga topshiradi. Bu muhim hujjatni men 1999-yilda Ismoilbek Gʻasprali arxivida topib, 2001-yilda otam sharafiga nashr qilingan “Armug‘on” kitobida matni va suratlarini taqdim etgan edim. Ustoz olimlar Begali Qosimov va Naim Karimov ushbu nashrimni O‘zbekistonda ham e’lon qildilar. Loyiha “Turkiston madaniy muxtoriyati” deb nomlangan bo‘lsa-da, uning moddalariga ko‘z tashlansa ma’rifatparvar Behbudiyning faqat madaniy emas, siyosiy muxtoriyat talab qilgani ham ayon bo‘ladi.

Xususan, loyihada yer-suvni boshqarishni tub aholiga berish, Turkistonga chet eldan musulmon bo‘lmagan muhojirlar olib kelib joylashtirilmasligi, maktablar boshqaruvining turkistonliklar qo‘lida bo‘luvi talab qilinadi.

Otam jadid adabiyoti haqidagi ilk chiqishini 1927-yilda Istanbulda nashr qilingan “Turkiston” jurnalining 1-sonida yozgan bo‘lib, maqola “Turkistonda yangi adabiyotning xususiyatlari” deb nomlanadi.

Siz sanab o‘tgan xorijlik olimlar jadidlik davri haqida ko‘p muhim tadqiqotlar olib borgan. Ulardan biri ustozim, ilmiy rahbarim, professor Edvard Ollvorddir. Eng muhim ilmiy izlanishi doktorlik dissertatsiyasi bo‘ladi: “Uzbek Literary Politics” (O‘zbek adabiy siyosati). 1965-yilda nashr etilgan. Bu g‘oyat muhim, noyob tadqiqot. Unda o‘zbek mumtoz, jadid va sovet davri adabiyotidagi siyosat tahlil qilinadi. Ustozim, ayniqsa, o‘zbeklar va Turkiston tarixi mavzulariga ko‘p to‘xtalgan. Umuman olganda, 1929–1992-yillarda Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Hindistonda jadid davri haqida ilmiy asarlar ko‘p nashr etilgan. Jahon bo‘yicha jadidlik alohida ilmiy tadqiqot sohasiga aylanib qolgan. 1921–1923-yillarda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan, bunga qadar Turkiya universitetlarida tahsil olgan atoqli olim, professorlar Tohir Chig‘atoy, Ibrohim Yorqin hamda 1941-yili Germaniyaga urushga yuborilib, so‘ng o‘sha yerda qolgan atoqli tarixchi Boymirza Hayit Turkiston tarixi va jadidlik haqida muhim asarlar nashr qilgan.

Shu kunlarda “Germaniyada Turkiston adabiyoti: 1923–1945-yillar” nomli ikki jildlik adabiyot antologiyasini tayyorlayapman. Germaniyadagi o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman adabiyoti vakillarining asarlari o‘sha paytda adabiy baquvvat asar sifatida e’tirof etilib, lotin yozuvida chop etilganicha qolib ketgan. Hali chuqur o‘rganilmagan bu asarlarni so‘nggi 30 yil ichida Germaniya va boshqa mamlakatlardagi kutubxonalardan izlab topdim.

– Siz o‘z kutubxonangizdagi kitoblarni Buxoroda tashkil qilinayotgan kutubxona-markazga taqdim qilyapsiz. Shu kitoblar son-sanog‘i va ular orasida Siz jamlagan eng nodirlari xususida ma’lumot bersangiz. O‘sha manbalar to‘g‘risidagi ma’lumot bizning tadqiqotchilar foydalanishi uchun zarur deb o‘ylayman.

– Mening kitoblarimdan ayrimlari otamdan qolgan “Axloqi nosiriy” kabi qo‘lyozmalar; ko‘plari Yevropa mamlakatlari, AQSh, Turkiya, Hindiston, Yaponiyada turli tillarda bosmadan chiqqan Turkiston tarixiga oid ilmiy asarlar va esdalik sayohatnomalar; shuningdek, Chor Rossiya zamonida oz sonda nashr etilgan Turkiston hayotiga tegishli fotoalbomlar; jahondagi barcha turkiy tillar lug‘atlari, grammatika, shevalariga doir tilshunoslik manbalaridan iborat. Ular orasida, qolaversa, Turkistonning turli joylarida, Qrim, Bog‘chasaroy, O‘renburg, Qozon, Ufa, Boku, Istanbulda 1880–1920-yillarda chop etilgan jadid davriga oid kitob, jurnal, gazetalar arxivi ham bor.

Buxoroda tuzilayotgan alohida tadqiqot markazi uchun mendagi 16 mingga yaqin kitob va jurnal yaxshi manba bo‘lishiga ishonaman.

– Jadidlik borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning qaysi jihatlari sizga ma’qul va qaysi qirralaridan ko‘nglingiz to‘lmaydi?

– Arxiv materiallaridan foydalanilgan asarlar juda muhim. Bundan keyin jadid adabiyoti borasidagi tahliliy asarlarga ko‘proq zarurat bor. Jadid yozuvchilarining nasriy asarlari, ayniqsa, Cho‘lpon va boshqa jadid shoirlar she’rlaridagi majozlarni qiyosan o‘rganish zarur.

Yana bir muhim masala – hozirgi o‘zbek lotin yozuvini isloh qilish zarurati. Chunki hozir O‘zbekistonda ishlatilayotgan kirill hamda lotin alifbosida yozilgan matnlarda jadid adabiyotining asl unli tovushlari berilmayapti, jadidlar o‘z asarlarida to‘qqiz unlidan foydalanishgan (ham arab, ham lotin imlosida), hozir o‘zbek lotin va kirill alifbosida faqat oltita unli harf bor, bu juda katta kamchilik.

Turkiy davlatlar tashkiloti 9 ta unli tovush uchun 9 ta harf bo‘lgan 34 harflik mukammal turkiy tillar o‘rta lotin alifbosini taklif qilishdi. Umid qilamanki, O‘zbekistonda ham ushbu alifbo ma’qullanadi, albatta.

– “Jadid” gazetasi nashr etila boshlaganiga bir yildan oshdi. Undagi manbalarni kuzatib borish imkoni bo‘ldimi sizda?

– Bu suhbat orqali “Jadid” gazetasiga minnatdorlik bildiraman. Uning dastlabki sonlarida mening ham suhbat, maqolalarim nashr qilingan. Umuman, gazeta jadidlik mavzusida keng ko‘lamda muhim ma’lumotlar taqdim etmoqda. Uning har bitta sonini elektron shaklda kuzatib boraman. Shunday teran mulohazali nashrning jonkuyarlariga, xususan, tahrir hay’ati, ijodiy jamoasiga cheksiz hurmatimni bildiraman.

– “Jadid” sahifalarida aytishim lozim degan yurakda tugib yurgan eng muhim fikr-mulohazalaringiz bo‘lsa, marhamat.

– Unda yana bir yangilik haqida boshlang‘ich ma’lumot bersam: ikki yilcha bo‘ldi, “Buxorodagi uy” nomli roman yozyapman, o‘zbek tilida. Shu yilning kuzaklarida nihoyalasam, Toshkentda chop etish niyatim bor. Roman voqealari Buxoroning Labi hovuz yaqinidagi tarixiy uylardan birida kechadi. Roman avvalida ko‘zi ilingan qahramonimizga ko‘hna kentdagi va boshqa joylardagi uylar hikoyalar aytib beradi. Umid qilamanki, asardan parchalar eng avval “Jadid” gazetasida nashr qilinadi.

Bahodir KARIM suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599