Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.05.2025 | 11:13

img717

QAPCHIG‘AYLIK QARCHIG‘AY

Chimyon bilan Polosonning naq o‘rtasida, magistral yo‘l yoqasida, qirlar orasida Qapchig‘ay otlig‘ qishloq bor. Nomining o‘zidan o‘tmish nafasini sezgandirsiz. Manbalarda kelishicha, bu so‘zning tub ildizi mo‘g‘ulcha bo‘lib, “dara”, “o‘tish qiyin bo‘lgan joy” kabi ma’nolarni anglatadi. O‘shandayam biznikilar ikki tomonda turib, bosqinchilarning rosa ta’zirini bergan ko‘rinadi.

Aholi uylariga yondosh bu tepaliklar yaqin-yaqingacha quyoshda kuyib, jizg‘anagi chiqib yotardi. Qishloq xo‘jaligida ro‘y berayotgan tub islohotlar samarasi o‘laroq bu yaydoqlarda uch-to‘rt yil ichida yuzlab gektar tokzorlar paydo bo‘ldi.

Hammaning nimagadir ishqibozligi, qattiq berilgan bir hunari bo‘ladi-ku, desangiz, bog‘bonning ham ashaddiysi bo‘larkan. Abduvohid Mamatqulov – ana shunday yuragida o‘ti borlardan, “Islom” fermer xo‘jaligi rahbari. Uch gektar uzumzorni parvarish qiladi. Abduvohid akani yaxshi ma’noda o‘qimagan olim desak bo‘ladi. Bog‘dorchilik ilmidan boxabar, soha yangiliklaridan, dunyodan voqif odam. Hovlisida qo‘lbola laboratoriya ham bor. Doim izlanishda, yangi navlar daragini eshitsa, dunyoning u burchagidan bo‘lsa ham, Qapchig‘ayga olib kelmaguncha ko‘ngli joyiga tushmaydi. O‘zimizning iqlimda sinab ko‘radi, tabiatini o‘rganadi, tajriba qiladi. O‘xshasa, qo‘shni bog‘bonlarga ilinadi.

– Abduvohid aka, gap-so‘zingiz bama’ni, olim odamga o‘xshaysiz. Ilmiy darajangiz ham bormi? – deb qiziqaman.

– Ilmiy daraja… O‘ttiz yildan berisi yer ichidaman, – deb vazmin gap boshlaydi mezbon. – O‘zim dehqonning bolasi, diplom beradigan o‘qishlarga hafsala qilmadim. Yerga mehr berdim, Xudo rizq-ro‘zimni yerdan undirib berdi. Ish faoliyatimni kichkina bog‘dan boshlagan bo‘lsam, tinmay izlandim, bilmaganimni ustozlardan so‘rab o‘rgandim. Umrimni shu sohaga bag‘ishladim. Bilasiz, Oltiariqda meva-cheva mo‘l. Ayniqsa, uzum. Asosiy daromadimiz eksportdan. 2018-yil biz ham dunyoning qo‘yniga qo‘l solib ko‘rdik. Dubayga “Rizamat ota”dan bir quti namuna jo‘natdik. Lekin shartnomaga bozorboshisi unamapti. Nimaga desam, bir donasini kesib ko‘rib, “Urug‘i bor ekan, hozir urug‘siz uzumga talab yuqori”, deganmish (o‘yga cho‘madi bog‘bon akamiz).

Qadrli gazetxon, bog‘bon akamiz o‘yini o‘ylab tursin, orada men ham sizga aytarlarimni shipshitib o‘tay. Jadidlik harakatining ilk kurtaklari Qrimda potrab ochilgan bo‘lsa, ozodlik epkini uning iforini Turkistonga keltirdi. Ma’rifatparvar bobolarimiz bolaridek yelib-yugurib nektar to‘pladi, harakat yoyilib gurkiradi. Abduvohid akani ham yangilikka ilhomlantirgan inson o‘sha Qrimdan Rustam ismli olim yigit ekan. Tarixdan bilasiz, qattol tuzum jallodlari qardosh qrim-tatarlarni uch kecha-kunduz ichida yoppasiga o‘z vatanlaridan surgun qiladi. Rustamning oilasi ham o‘sha talotumlarda biz tomonlarga kelib qolgan. Asli Andijonda tug‘ilgan Rustam o‘n to‘rt yoshida “ajdodlar chorlovi”ga javoban oilasi bilan ota yurtiga qaytib ketadi. Lekin O‘zbekistondan, et-u tirnoq bo‘lib ketgan jigarlaridan qanday uzilsin?!

Qisqasi, Abduvohid aka shu olim do‘stidan ulgi oldi, Yevropa, Amerika tajribasini o‘rgandi. Shundaymi, Abduvohid aka?

– Shunday. Birinchi muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin o‘zimcha xulosa qildim: “Ha, demak, dunyo bozori urug‘siz uzumga o‘tibdi”. Yon-verimga qarasam, hamma yoq bir xil, yangilik yo‘q. Jahonga bo‘ylashmasak bo‘lmaydi, dedim. Jahon bozorida talabgir navlarni yetishtirib, o‘zimizda ko‘paytirishni maqsad qildim. Birinchi o‘rinda negizga e’tibor qaratdik. Poydevor mustahkam bo‘lsa, devoring qulab tushmaydi. Qrimdan ikki yuz dona payvandtag olib keldik. Payvandtag degani bu hosil olishga mo‘ljallangan nav ulanadigan ildizli ko‘chat. Bilsangiz, Yevropa davlatlarining to‘qson foizi shu usuldan foydalanadi. Payvandtagning dunyoda yuzdan ortiq turi bor. Bizda o‘ttiz xili ommalashgan. Bugun eng a’losi mana shu Amerika payvandtagi – Kober 5BB bo‘lib turibdi. Unga ulangan tokning hosildorligi biznikidan 20-30 foiz ortiq. Yevropada bir gektar uzum bog‘idan 90 tonna hosil olishar ekan. Tasavvurga sig‘dirish qiyin, to‘g‘rimi? Bizda 50 tonna uzum solgan bog‘lar “charchab” qoladi. Tagiga ming ishlov bering, o‘g‘it soling – ko‘tarolmaydi. Mana shuning uchun payvandtag tanlashda gap ko‘p. O‘zimizda “So‘g‘diyona” degan gigant uzum bor. Urug‘i bo‘lmaydi. Birinchi shundan ekdim. O‘zbekistonda eng etdor mayiz shu uzumdan chiqadi. Urug‘siz navlarning yana bir yaxshi tarafi – mabodo bozorda ketmay qolsa, mayiz qilib sotsangiz bo‘ladi. Shu-shu, izlanib-izlanib, yangi navlarni o‘zimizning sharoitda sinab ko‘ra boshladik. Amerika, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindistondan qalamcha buyurtma qilib keltirdik, turli navlardan bir gektar yerga payvand qildik. Hozir bog‘imizda uzumning saksondan ortiq xili mavjud. Hosilga kirganiga ikki yil bo‘ldi. Yesangiz karsillab, mazasi og‘izda qoladi. Har birining o‘ziga xos ta’mi bor, dimog‘ingizga shirin hid uriladi. Bir xilidan gul, boshqasidan rayhon isi keladi. Hatto olma, banan ta’mini beradiganlari bor.

Bog‘bon bizga mehnatlari samarini ko‘rsatgisi, batafsil tushuntirgisi keladi, aytadigan gapi ko‘pligidan qay birini oldin, qaysini keyin aytishga shoshib, tutilib-tutilib qoladi. Qilayotgan ishidan zavq-shavq tuygan insonlarda shunday bo‘ladi. Uning hayajoni bizga ham yuqib, ichimiz qiziydi. Mezbonga ergashib, sekin uyga ichkarilaymiz.

– Bu xona mening laboratoriyam. Qarang, bu qutilar kichkina ko‘ringani bilan hozir ichida ikki yarim mingta nishona bor. Bu – ikki yarim gektar bog‘ degani. Ko‘chatlar kuzga tayyor bo‘ladi, keyinchalik o‘zidan qalamcha ko‘paytirib, so‘raganlarga tekinga tarqatamiz. Chunki hosilni qancha ko‘paytirsak, eksport hajmi shuncha oshadi. Chet elning katta firmalari katta oxurda yem yeydi. Deylik, menda bir tonna uzum bor, lekin yakka o‘zim katta bozorga kirolmayman. Dengizga qayiqda chiqilmaydi. Yuz tonna yetkazib beraman desangiz, zumda shartnoma taklif qiladi. Yuz tonna hazil gap emas, ammo bog‘bonlar birlashib evini qilsak bo‘ladi. Endi yangiliklardan gapirsam, Hindistonda Vijay Shankar Desi ismli seleksioner oshnam bor. Shankarlarning yaxshisi (kulib). Shu odam uni bunga chatishtirib, dunyoga mashhur yangi nav yaratdi. “VCD” deb o‘z ismining bosh harflaridan ot qo‘ygan. Uzumning donasi o‘rtacha “Shudring” bodringiday, urug‘i yo‘q. Uning oldida “kelinbarmog‘imiz” ham kaltalik qilib qoladi. Yaqinda shu navdan ham keltirdim. Manavi qalamchalar bizga suvqog‘ozda o‘ralgan holda keladi, – deydi Abduvohid aka sohibkor bog‘bonlarga xos mehr bilan nish otgan ko‘chatlariga suqlanib. – Yerga o‘tqazguncha tayyorlov bosqichlaridan o‘tadi. Hozir tinim davrida, bizda harorat issiq, shuning uchun muzlatkichga qo‘ydik. Haroratni asta-sekin pasaytirib, oxiri minus bir, ikkiga tushiramiz. Chunki qirov ko‘rgan kaltaklarning joni qattiq bo‘ladi, kasalga chalinavermaydi. Shu tartibda qalamchalar 15–20 kun uyquga ketadi. Keyin qutidan chiqarib, ikki-uch kun uy havosiga o‘rgatamiz. Orada quyoshga olib chiqib, qayta kiritib turamiz. Bir haftadan so‘ng issiqxonaga o‘tkazamiz. Bizda payvand mavsumi boshlanadi-ku, ana o‘sha paytga rosa tayyor bo‘ladi.

Yana yaponlarning “Ruby Roman” uzumidan bor. Mana bu qalamcha o‘shandan. Rangi qizil, dumaloq, donasi yong‘oqdek keladi. Hozir dunyodagi eng qimmat uzum shu. Bozorda hayratlanarli narxda sotiladi. 2020-yil Yaponiyadagi kimoshdi savdosida bir boshi 11 ming dollarga sotilgan! Sababi tengsiz sifat va kamyobligidan.

“Shine Muscat” navi ham Yaponiyaning ilmiy-tadqiqot instituti mahsuloti. Donasi yirik-yirik, bittasi 13 gramgacha tosh bosadi. Yevropa bozorlarida narxi 60 yevrodan boshlanadi. Bilsangiz, bizning aksar uzumlar po‘sti yupqa bo‘lganidan yomg‘ir, do‘l urganda yoriladi, katta muzlatkich kameralarida ham uzoq muddat saqlab bo‘lmaydi. A, bu uzumdan uch-to‘rt boshni tajriba uchun tokda qoldirdim. Oxirgi yomg‘irlarda ham bandida turgan edi. Qani, nima bo‘larkin, deb kuzatdim. Bir donasi ham yorilmadi. Yangi navlarning afzalligi shunda. Hali sotish uchun ozlik qiladi, bir bosh, ikki bosh qilib sovg‘aga berib turibmiz. Yana shu “shayn muskat”ning Xitoydan kelgan ko‘k navi ham bor. Ko‘rinishi zo‘r-u, yesangiz maza-matra yo‘q. Uzum degani chiroyiga yarasha totli bo‘lsa-da. Ko‘pchilikka manfaatli bo‘ladi, deb yaxshi niyatda “Avatar uzumchilik” degan telegram guruhi ochgandim. Yaxshi yurib ketdi. Hozir obunachilar soni ikki yuz mingga yetib qoldi. Viloyatlardan tortib Qoraqalpoqdan, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qrim tomonlardan do‘stlarimiz qo‘shilgan. Ular ichida ishga endi kirishgan bog‘bondan tajribali mutaxassislargacha bor. Kimning nima savoli bo‘lsa, kirib bemalol so‘raydi, tajribamizdan kelib chiqib maslahat beramiz. Shu tarzda uzoq-yaqindagi dehqon, bog‘bonlar doimiy muloqotda bo‘lamiz, fikr almashamiz. Ziroat ham tirik jon. Qo‘qqis sovuq tushib qolishi, kasallik tarqalishi mumkin. Darrov bir-birimizni shu yerda ogohlantirib, chora-tadbirini ko‘ramiz. Hammaga manfaatli. Xullas, shunaqa, tirishib yotibmiz-da, aka…

Qadrli gazetxon, qishloq odamining yerga munosabatini ko‘rib qoyil qolmay ilojingiz yo‘q. Chaqaloq atak-chechak qilib oyoqqa turguncha qancha mehr, e’tibor ko‘rsatilsa, bir nihol bo‘y cho‘zib, qaddini rostlashi uchun ham shuncha parvarish kerak. Ungacha dehqonning halovati, bog‘bonning oromi bo‘lmaydi.

Gap ko‘p-u, ko‘mir oz. Vodiy xalqi odamoxun, mehmondo‘st emasmi, qarasak, bog‘bon akamiz gapni sekin aylantirib, bizni olib qoladigan – Rishton oshining ta’rifiga o‘tyapti. Hali qilajak ishlarni vaj qilib, qahramonimiz bilan qo‘lni mahkam siqib xayrlashdik.

* * *

Taraqqiyot hech bir sohani chetlab o‘tmaydi. Hamma zamonlarda yangilikni kimdir boshlab beradi, sinovdan o‘tgan tajriba ommalashib, soha yanada rivojlanadi.

Abduvohid Mamatqulovning ham izlanishlari o‘z samarasini berib, ezgu niyatlari ro‘yobga chiqsin! Hali bu ko‘chatlar kuchga to‘lib, larzon-larzon bog‘lar bo‘lajak! Birinchi navbatda O‘zbekistonning eksport salohiyati ortadi, jahon ayvonida yurtimiz nufuzini ko‘taradi. Ertaga rastalarda tovlanib turgan uzumdan tatib ko‘rgan arab-u ajam, hind-u xitoy, olmon-u farang “Bu ajoyib ta’mli uzumlar qayerdan?” deb so‘raydi. O‘shanda biznikilar qadoqni burib, “o‘zingiz o‘qib oling” degandek katta harflarda bitilgan yozuvni ko‘rsatadi: “Made in Uzbekistan!”

Jamoliddin BADAL

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600