Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.05.2025 | 12:34

img795

MILLIYAT TOMIRINGIZ QANDAY URADIR?

…1918-yil “Chig‘atoy gurungi” tuzildi. Bu jadidlarning ochiq siyosiy faoliyatdan endilikda murosa yo‘liga o‘tganini anglatar, ular butun kuch va g‘oyalarini adabiyotga, ayniqsa, she’riyat va ilmga ko‘chirishni maqsad qilishgandi. “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-20-yillardagi sonlarida “Chig‘atoy gurungi” dasturi yo‘nalishida ko‘plab she’rlar e’lon qilinadi. Bu g‘oyaviy butun, hurriyatni kuylovchi asl she’riyat edi, uni Fitrat, Cho‘lponning izdoshlari yaratdi. Keyinchalik tashkil etilgan “Qizil qalam” jamiyati ham “Chig‘atoy gurungi”ning yangi bosqichi sifatida faoliyat yuritishi ko‘zlangan edi. Ammo…

1918-yillardan sotsialistik matbuot ham izga tusha boshladiki, 1920-yilga borib sotsializm ancha kuchaydi, bolsheviklar Buxoro va Xivani egalladi. Juda ko‘plab ijodkorlar hayotida yanglish tushunchalar, ikkilanish, tayinsizlik boshlandi. 1894–1904-yillarda jadid-qadim ziddiyati davom etgan bo‘lsa, 1919–1924-yillarga kelib ulamolarning o‘zi qadimchi va taraqqiyparvar deb ataluvchi ikki guruhga ajratildi.

Juda katta ma’naviy to‘lqin sifatida yuzaga kelgan “milliy she’r” masalasi ham millat ziyolilari o‘rtasidagi nizoga aylantirildi. O‘z vaqtida ko‘plab uyg‘oq fikrli ijodkorlar jadid adabiyotini yaratishga bel bog‘lagan edilar. “Milliy ash’ori Tarjimon” majmuasi noshir va muharriri Bahrombek Davlatshoyev ham “Hurmatli o‘quvchilar!” sarlavhali so‘zboshida “G‘aflat, jaholat chuquriga chuqur botdikmi, boshqa shoirlar kabi milliy she’rlar yozish bilan shug‘ullanmas, ularni millat uchun lozim va lobidligini xayolga ham keltirmas edim… Shuning uchun o‘tmish shoirlariga taqlid qilib, ular kabi ma’shuqalarning nozik qadlaridan yozib yurgandim”, deya iqror keltiradi. Shuningdek, uning “Emdi hamdlar o‘lsunki, 1905-milodiy sanasidan buyon musulmonlar o‘rtasina bir his ishtiboh asari ko‘runub, bul sababli matbuot ishi ilgari bordig‘i ko‘runmoqda va adabiyoti milliyamiz doira tariqig‘a kirmoqdadur… Bul o‘rtada meni-da milliyat tomirim harakatga kelib, milliy she’rlar yozmoqg‘a va Vatani azizim o‘lan turkistonli o‘z dindoshlar g‘aflatindan va ibratsizliklarindan va bir necha kamchilik va kelishsiz ishlarindan bahs etmoqg‘a majbur etdi”, deya yangilik yo‘liga kirgan edi.

Ammo siyosiy ta’sir ostida, aytganimizdek, “milliy she’r” masalasi ulamo, ma’rifatparvarlar va jadidlar o‘rtasida keskin bahsli holatni yuzaga keltirdi, endilikda u Fitrat, Cho‘lpon timsolida ayovsiz qarama-qarshiliklarga uchrardi. Shu tariqa Fitrat va Cho‘lpon ijodi matbuot sahifalarida adabiy tanqidning alohida bir tarmog‘iga aylanib bordi.

“Turkiston” gazetasining 1923-yil 23-mart sonida “Uyg‘onish” sarlavhali imzosiz taqriz-maqola bosiladi. Bu shunday maqolaki, uning bo‘ynini istagan tomonga burish mumkin edi. Muallifning “Turmush g‘avg‘olari, qo‘zg‘alon va o‘zgarish to‘lqinlari bizning eskilik quchog‘ida va belgusiz xurofiy saodat umidida yong‘on xalqimizga o‘zbekning qo‘pol va qattig‘ haqiqatini ko‘rsatdi. Tinch bir kechish va xayoliy fikr va tuyg‘ular bilangina yashamoq davrining o‘tganligini va yelish-yugurishlik, tinchsizlik zamonining boshlang‘onlig‘ini achchiq bir suratda sezdirdi… Shoirlarimiz gul va bulbul madhi o‘rnida zamon va muhit kuylarini o‘qumoqqa boshladilar”, tarzidagi fikrlarini sog‘lom nazar bilan mutlaqo qabul qilish mumkin. U Cho‘lpon she’rlarini “juda nafis va she’riyat muhiblarining ko‘ngillariga muvofiqdir”, deya ta’riflar ekan yoki “xayoldan haqiqatga o‘tish davri o‘rganish kunlarining yuragiga ilk bergan tuyg‘ular umidsizlik, o‘ksinish, aldanish shaklida og‘izlardan to‘kiladir” der ekan, bu mulohazalari va keltirgan misoli davr haqiqati hamda mantig‘iga zid emas:

Nechuk ochildi ko‘zim,
qayg‘a ketdi uyqularim,
Bu uyg‘onishda to‘lub-toshdi,
oshdi qayg‘ularim…

Chunki uyg‘onish og‘riqsiz bo‘lmaydi, bu tabiiy jarayon. Muallifning mana bu xulosalovchi fikri bo‘lsa dudama qilichga o‘xshaydi: “…umidsizlik bizning so‘ngg‘i davr adabiyotimizning ko‘zga ko‘rinarlik va haqiqatan achinarliq xususiyatidir… haqiqatning achchig‘lig‘ini bilmagan bormi?” Ehtiyotkor muallif aytgan haqiqat siyosat qo‘lida bora-bora ayblov darajasida o‘sib bordi va Cho‘lponni halok qildi.

Gazetaning 1923-yil 4-may sonida Z.Bashirning “O‘zbek shoiri – Cho‘lpon she’rlari”, 1-iyul sonida “O‘zbek shoiri – Elbek” maqolasi chop etilgan. Muallif bu davrni o‘zbekchig‘atoyadabiyotiningyangidavri deb ataydi. Cho‘lponni “…she’rlari tekis va nafis bo‘lib tizilib keladir… chin yurak va his shoiri (lirik) bo‘lg‘oni holda… ochiq va ma’lum bo‘lg‘on bir maqsadg‘a qarab yoziladir”, deya alqaydi. Cho‘lponga qo‘yila boshlagan qator ayblarni rad etadi: “xayolga juda boy bo‘lg‘oni holda ul o‘zini kishilik olamidan chiqorg‘uchi xayollardan ham uzoqda; she’ri tasvirga boy bo‘lib, ma’nosidan so‘zi oz va shularni sof o‘z tilida yozadi”. Z.Bashir imzosiz muallifning maqolasini “to‘g‘ri yo‘l”ga solmoqchi bo‘ladi, shoirning umid va imoni haqida yozishni lozim topadi, maqola, aslida, shu jumla uchun yozilgani oydinlashadi: “Cho‘lpon o‘rtoqda zor va fig‘on juda oz. Ul zor va fig‘onlarni yozg‘onda ham ularni umidlik iboralar bilan tushuntirib ketadir”. “Turkiston”, “Qizil bayroq”, “Qizil O‘zbekiston” sahifalarini kuzatganda, bir shoirning, ayniqsa, Cho‘lponning umid va imoni to‘g‘risida yozish jasoratdek tuyuladi. Ammo muallif tanqid qilishdan tiyilmaydi: “Cho‘lpon o‘rtoq “el” va “xalq” so‘zlarini qancha ko‘b yozsa va so‘zlasa ham, ul xalq shoiri emas, xalqqa yaqin bo‘lg‘on ziyolilar shoiridir”.

Z.Bashir Cho‘lpon she’riyatida xalqchillik juda ozligi, uning idealistlikka yaqinlashib borayotgani, tabiat tasvirlarida keraksiz falsafiy mushohadaga berilishi, “el”, “xalq” so‘zlarini me’yordan ortiq qo‘llashini ham tanqid qiladi. “Kuz” she’rida tabiatning mazlum sharqqa muqoyasa qilinishi tanqidchiga malol keladi. Z.Bashir shoir ideallar bilan yashashi, tekis, nafis, lirik she’r jangovar va to‘pori xalqchillikdan yiroq bo‘lishini qabul qilolmaydi. Ammo bir haqiqat borki, davr tanqidchilari qaysiki shoirni tekshirar ekan, Cho‘lponni mezon sifatida oladi. Elbekka bo‘lsa “dostonchi bo‘lg‘onda ham xayol dunyosida uchquchi idealist ziyolilar uchun yozg‘uchi dostonchi bo‘lmasdan, sof xalq dostonchisidir”, deya ta’rif beradi. Z.Bashir bir necha sabablarni ko‘rsatib, Elbekka kuchli, iste’dodli yosh shoir nomini berishga hali erta ekanligini yozadi: unda yurak shoirligi va yolqunliq hislar oz ko‘riladir; masallarida juda og‘ir iboralar va jumlalar ko‘b; tabiat tasvirlariga ham uncha usta emas; so‘zlarni keraksiz ko‘b ishlatadi. Muallif bu kamchiliklarni sanaydi-yu, ammo uni boshqa iste’dodli, yurak yolqiniga boy shoirlardan ustun qo‘yadi: u ruhi bilan xalq shoiri; quruq hisga berilib, xayol olamida uchish yo‘qdir; “yo‘qsillar adabiyoti”ga yo‘l solishiga umid bor.

Z.Bashir adabiyotga, she’riyatga qo‘yiladigan mezonlarni juda yaxshi biladi, ammo uni san’at maqomidan tushirib, mardikorga aylantirish tomon boradi va buni ongli tarzda bajaradi, xayolan Elbekni Cho‘lponga qarshi qo‘yadi. Mana shunday maqolalardan xulosa qilish mumkinki, 1923-yildan milliy adabiyotda zo‘riqish, qoliplarga tushish boshlangan edi.

Ne’mat Hakim “O‘zbek adabiyotida tanqid va adabiy muhokamalar” maqolasida Elbek, Fitrat, Cho‘lponni shoir sifatida yo‘qqa chiqarishga urinadi: “Elbek shoir ham emas… u tirishqoq bir ishchidir… Fitratni ham hozirg‘i Yevropa tarozisi bilan o‘lchog‘onda shoir bo‘lib chiqmaydir. Balki Buxoroyi sharif va Eron she’riy mezonlari bilan o‘lchong‘ondag‘ina yaxshi bir falsafiy shoirdir. Cho‘lponga kelganda ul milliy xususiyat bilan qoynoydir, lekin shuni ma’lum bir suratga kiritib yetkara olmaydir. Shunday bo‘lsa ham uning yozg‘onlarining 95 % olib tashlag‘anda 5 % bilang‘ina lirichiskiy bir shoir deyarga yorarliqdir”.

Bu 1917-yildan o‘z qiyofasiga ega bo‘lgan chinakam yangi o‘zbek she’riyatining rad etilishi, unga qo‘yilayotgan o‘z o‘rnini qizil she’riyatga bo‘shatib berish talabi edi. Bularga javoban yana V.Mahmud o‘rtaga tushadi va o‘zbek adabiyotining borligiga shubha qilayotganlarga Cho‘lpon nomi bilan javob bermoqchi bo‘ladi (“Turkiston”, 1924-yil 25-iyun). Bu kurashlar ichida Cho‘lpon “Ulug‘ hindiy” maqolasini e’lon qildi, bu bilan u adabiy tanqidga adabiyot va she’riyatga kattaroq mezonlar hamda o‘lchovlar bilan qarash kerakligini, chin adabiyot aslida qanday bo‘lishini eslatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. U eski, yangi yoki g‘arb adabiyotining o‘z qiymati borligi, adabiyotga adovat bilan qarab bo‘lmasligini yozdi. Milliy adabiyotni dunyo adabiyoti miqyoslari bilan o‘lchar ekan, mavjud vaziyatni juda mohirlik bilan ifodaladi: “…o‘zbeklar eskidan – hech sababsiz! – arazlag‘on, xafa; yangiga – endigina suqulib kirmoqda. U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan: yosh bola, go‘dak, chaqaloq; eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz, besprizorniy, o‘zboshli! Jur’at qilib, “yo‘lsiz” deb yuborayin deyman-u qo‘rqamen, negakim, boshlab… o‘zim yo‘lsiz!” Cho‘lpon maqolasida adabiy avlodlar silsilasini quyidagicha tizadi:

Navoiydan to Muqimiygacha bo‘lgan davr; u bir xilligi bilan shoir yuragini toldiradi, chunki bu vaqtga kelib ushbu adabiyot o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgandi;

Avloniy, Tavallo, Siddiqiy, Hamzalar avlodi – uyg‘otuvchi avlod; Cho‘lpon ularni “o‘qimaymen, o‘qimaymen, meni shu holg‘a solg‘an o‘shalar”, deya iztirob chekadi;

o‘z avlodi – uyg‘ongan, yuragi millatga ochilgan avlod; o‘z avlodi qiyofasini Cho‘lpon “Nechun ochildi ko‘zim. Qayga ketdi uyqularim?..” misrasi bilan ifodalagan;

Botu, G‘ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqunboylar avlodi; Cho‘lpon ulardan quvonadi, “yong‘on chiroqlar” deya alqaydi va ertasini ularda ko‘radi.

Cho‘lpon “ortiq yangilik, g‘arbliq yo ortiqcha sharqlilik”ka berilmagan, sharq va g‘arb o‘rtasida oltin ko‘prik bo‘ladigan bir she’riyat yaratilishini xohlaydi, har go‘dakda bir Tagor, bir ulug‘ Hindiyni ko‘radi. Uningcha, hali go‘dak bo‘lgan o‘zbek adabiyoti o‘zida buyuk kelajakni kamolga yetkazadi. Garchi butun matbuot, yig‘inlar-u majlislar bor ovozda Cho‘lponni umidsizlikda ayblagan bo‘lsa-da, u 1935-yilda ham “Bizning ulug‘ mamlakatimiz va ulug‘ xalqimiz – ertaga bugundan ham kuchliroq, hakimroq va baxtliroq bo‘ladi”, deya yozadi. U o‘zidan umidni uzganda ham kelajakdan umid uzmaydi. Ammo Cho‘lponning bu maqolasi matbuotda ko‘tarilgan shovqin-suronlar ichida eshitilmay ketdi. Aksincha, yosh kuchlarni Cho‘lpon ta’siridan “saqlash”, adabiyot kuchlarini to‘plash masalasi ko‘tarildi, Oybekka “baloga yo‘liqqan” deya tashxis qo‘yildi. Munavvar qorining: “Mafkura uchun kurashilmasin, isloh qilinsin”, deya aytgan so‘zlarini hech kim eshitmadi. Botu oktyabr inqilobidan so‘ng adabiyot tayin ijodiy kuchlarni bermagani, bir joyda depsinib turib qolganidan ogohlantirdi: “Oktyabr inqilobidan so‘ng borliq ko‘rsatgan adabiy oqim “jadid” adabiyotini maydondan chiqarib tashladi. Bir necha yil ichida bir to‘da yosh qalamkashlarni ko‘pchilik nazariga taqdim etdi. Lekin bu yangi o‘zbek adabiyoti ham birinchi davrda butunlay milliy ruh bilan sug‘orilg‘oni uchun belgilik yo‘lda o‘sdi… “Chig‘atoy gurungi” yosh kuchlarni to‘plab harakat qildi va “Gurung” yo‘qolg‘anidan so‘ng yangi o‘zbek adabiyotida ko‘b yangiliklar borliqqa chiqorilmadi. “Chig‘atoy gurungi” bayrog‘i ostig‘a to‘plangan kuchlar ikki katta to‘daga ayrildilar. Bir to‘da tilak, yo‘l va shaklda “Gurung”ga sodiq qolib ilgariladi. Ikkinchi to‘da bo‘lsa u tilakka va u yo‘lga qarshi chiqdi; yangi yo‘l, yangi shakl izlashga kirishdi. Biroq bu fikrda birinchi to‘dadan butunlay uzoqloshg‘on bo‘lsa ham, shu kungacha o‘zbek adabiyotida boshqa yangiliklar yaratolg‘oni yo‘q” (Botu, “Qizil qalam” va uning galdagi vazifalari”. “Qizil O‘zbekiston”, 1927-yil 23-sentyabr).

Botu murakkab shaxs, to‘laqonli jadid emas. Ammo u muhim o‘rinlarda Fitrat va Cho‘lpon yo‘liga sodiq qolgan, nazarimizda. Bu uning “Qizil qalam” jamiyati “Chig‘atoy gurungi” bajargan vazifani biroz o‘zgargan shaklda davom ettirishiga umid bog‘lashida, shuningdek, bu yangi jamiyatning ma’ruzachilari ro‘yxatiga jadidlarning kiritilishida jonbozlik ko‘rsatganida aniq namoyon bo‘ladi. Adabiyotshunos B.Nazarov fikricha, 1927-yilgacha tanqidchilikda jadid maqsadlari ham, sho‘roviy maqsadlar ham aralash-quralash ilgari surilib kelingan. Bu hatto 1927-yil adog‘iga qadar davom etgan.

Oybekning: “Dunyoda hech kim xayolsiz shoir va xayolsiz adabiyotni tasavvur eta olmas… Cho‘lpon yangi adabiyotda yangi narsalar yaratdi, muvashshah adabiyoti o‘rniga bu kunning badiiy zavqiga yarasha yoqimli, go‘zal she’rlar o‘rtaga chiqdi” kabi sog‘lom qarashlari qabul qilinmadi. Cho‘lpon Tagor orqali milliy, ammo milliy mahdudlikdan uzoq ijod yo‘liga chaqirardi.

Yunus Latif aruzni adabiyotdan siqib chiqarish kerak degan da’vo bilan chiqadi, yangi o‘zbek she’riyatining so‘nggi to‘lqinlari bo‘lgan Oybek va Bektoshga bo‘lgan hujumni davom ettiradi. Matbuot sahifalaridagi bu manzara ancha noxush kayfiyat uyg‘otadi. 20–30 yillarda yashab ijod etgan ziyolilarni o‘rganar ekan, adabiyotshunos I.Yoqubov ularni ikki avlodga bo‘ladi: oktyabr to‘ntarishigacha dunyoqarashi shakllangan, har ikki tuzumni chog‘ishtirish imkoniga ega bo‘lgan avlod (Fitrat tipidagi keksa avlod vakillari) va bevosita shu tuzum tarbiyalab voyaga etkazgan avlod (O.Hoshimov singari yoshlar). I.Yoqubov fikricha, 1925-yil 18-iyun rezolyutsiyasidan so‘ng keksa avlod ham “markschi”lar bilan til topishishga harakat qilgan.

M.Solihov jadid adabiyotining faoliyat maydonini quyidagicha chizib beradi: “…1917-yildan boshlab 1928-yilgacha panturkizm mafkurasini aks ettirgan adabiyotning o‘zbek proletar-sotsialistik adabiyotga qaraganda kuchli tusda oqib kelganini ko‘ramiz… 1928-yilga kelganda asta-sekin o‘sib va kengayib kelgan proletariat adabiyotining g‘olibona qarshiliqig‘a uchrab, o‘zining keng va ochiq faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa-da, u tarixgacha o‘zbek-sovet matbuotida ancha keng va kuchli o‘rin tutib keldi”. Shu tariqa vulgar sotsiologik yondashish ustuvor mavqega ko‘tarila bordi, butun kuchlar qiyofasiz avlodni maydonga chiqarish uchun kurashdi. Cho‘lpon, Alaviy, Elbeklardan tamom ajralib turuvchi bu shoirlarni M.Solihov “yo‘lovchi shoirlar” deya alqadi. “Milliy she’r” yaratish va unga doir bahslar butunlay boshqa yo‘llarga kirib ketdi.

Bunday murakkab, ziddiyatli, nosog‘lom muhitda yangi she’riyatning nazariy asoslarini ko‘rsatish zarurati bor edi. Adabiy bahslar bu masalani chetlab o‘tar, ular g‘oyaviy intilishlarga kuch berardi. Bu qorishiqlik ichida yangi o‘zbek she’riyatining asl qiyofasi, ilmiy asoslanganlik jihati, eng muhimi, jadid she’riyatining g‘oyaviy butunligi, vazn va ritm muammolari qay tarzda hal etilgani juda tumanli tarzda namoyon bo‘lardi. “Milliy she’r” qanday bo‘lishi kerak, u she’riyatdagi alohida turmi yoki jadid adabiyoti ichidagi alohida adabiy harakatmi, degan savollarga Fitrat to‘laqonli javob berdi va o‘z risolalarida uning modelini yaratdi. Milliy Vatanning milliy modeli – Turkiston muxtoriyati bo‘lsa, she’riyatning modeli – milliy she’r edi.

Shahnozaxon NAZAROVA,
filologiya fanlari doktori, dotsent

“Jadid” gazetasining 2025-yil 25-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605