18.04.2025 | 12:31
789
ADAB YOTLARDAN ADABIYOT QUTQARADI
Suhbatdoshimiz – Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul

– Jabbor aka, Sizni folklorshunos olim, mohir tarjimon sifatida bilamiz. Sohada yuzlab ilmiy maqolalar muallifisiz. Bu raqam tagzamirida yotgan mehnatni biz bilan baham ko‘rsangiz. Bugungi shiddatli zamonda adabiyot va san’atning ahamiyati haqida fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
– Adabiyotga, so‘zga ehtiyoj qadim davrlardan bugungi kunga qadar zinhor susaymagan. Insoniyat tarixini ona tili taraqqiyoti, badiiy so‘z san’ati tarixi, deyishimiz mumkin. Hali yozuv kashf qilinmasdan oldin ajdodlarimiz o‘zining shonli o‘tmishi, madaniyati, qadim tushuncha-tasavvurlarini so‘zga boqiy muhrlab, oldiniga og‘zaki tarzda meros qoldirgan. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari avlodlarga mana shunday jonli ijro holida yetib kelgan. Hozirgacha ham shu an’analar og‘zaki tarzda o‘zlashtirilib, og‘izdan og‘izga ko‘chib, necha asrlardan buyon o‘z holicha asrab-avaylab kelinyapti.
Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy yashagan davrda til va adabiyotga ehtiyoj qanday yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Navoiy zamonida ham “avjdan quyi enmagan”. Allomalarimiz ibn Sino, Forobiy bolalikdan adabiyotga oshno tutingan. Adabiyot ajdodlarimiz ongida evrilishlarga, olamshumul kashfiyotlarga yo‘l ochgan. Ular qoldirgan meros nafaqat biz uchun, balki butun insoniyat uchun ma’naviy xazina hisoblanadi.
Til va adabiyot millatni tarbiyalovchi, insonni sharaflovchi buyuk kuch. Hazrat Navoiy ham tilning faqat insongagina ato etilgan “guhari sharif”, ya’ni so‘zning qudratli qurol ekanini urg‘ulaydi. Millat tarixi, insoniyat tarixi – bu til tarixi demakdir. Biror bir millat tarix sahnida qolishi undagi til taraqqiyoti, adabiyot takomiliga bog‘liq.
Milliy uyg‘onish davri adabiyoti namoyandalari ham millat ravnaqini bevosita til va adabiyot bilan bog‘laydi. XX asr boshlarida jadidlar xuddi Navoiy singari til masalasini, avvalo, ma’naviy-ma’rifiy sathda idrok etadi. Ya’ni, ular boshqa til unsurlaridan xoli, o‘z lug‘at boyligi va imkoniyatlariga tayangan sof milliy lison uchun kurashga kiradilar. Navoiy asarlari orqali turkiy til boyligi, jozibasi, qudratini dunyoga keng yoygan bo‘lsa, jadid ma’rifatparvarlari uni o‘z imkoniyatlari negizida taraqqiy ettirmoqni ko‘zlaydi. XX asr boshlarida Gʻozi Olim Yunusov, Elbek, Fitrat kabi ijodkorlarimiz milliylikni til, folklor va adabiyot bilan bog‘lagani bejiz emas.
Inson milliylik, o‘zligidan uzoqlashgani sayin tafakkurida ham bir xillikka moyillik ortib boradi va bu holat-jarayon o‘z-o‘zidan uning axloqi, tafakkuriga ta’sir o‘tkazadi. Deylik, yapon maktablarida o‘quvchilarga urf-odat va an’analar aynan adabiyot darslarida singdirib boriladi. Bugun biz ham eng katta e’tiborni adabiyotga qaratishimiz kerak, nazarimda. Adabiyot ayrimlar aytmoqchi asarlar jamlanmasi yo axloqshunoslik emas, aksincha, u tom ma’noda millat ruhini tarbiyalovchi fan.
– To‘g‘ri aytasiz, ustoz. Shu ma’noda aytish mumkinki, bolalar tarbiyasida adabiyotning, so‘zning ahamiyati katta…
– Va aynan ona tilidagi badiiy so‘z ahamiyatining! Mana bu holda bolalar tafakkuri tamomila boshqacha shakllanadi. Bugun global jamiyatda yuz berayotgan ishlarga sinchkov razm solsak, e’tibor ko‘proq inson ichkarisiga, botiniga qaratilganiga guvoh bo‘lamiz. Bunda adabiyot ta’siri, o‘rni va ahamiyati yanada muhim. XX asr jahon falsafiy tafakkuri o‘sishiga katta hissa qo‘shgan buyuk faylasuflardan biri Nitsshe o‘z asarlari orqali nemis tilini bir pog‘ona yuqori ko‘targani aytiladi. Darhaqiqat, biror bir tilda yaratilgan chinakam badiiy asar, avvalo, millat tili va tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ham qimmatlidir.
– Folklorshunos olim sifatida sohaning yutuqlari, kamchiliklari va siz xalqimiz chuqurroq bilishi kerak deb hisoblaydigan jihatlar xususida ham to‘xtalsangiz.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda madaniyatga, folklor san’atiga juda katta e’tibor berilyapti. Xalqaro baxshichilik festivallari Termizda, Nukus va Sirdaryoda bo‘lib o‘tdi. Bu soha rivoji uchun ham, baxshilarimiz uchun ham juda katta voqelik bo‘ldi. Chunki bu yerga kelayotgan ijrochi – baxshi, oqin, jirovlar turli millat, elatga xos madaniyat, san’at, ijro usuli va repertuarlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishyapti.
Sir emas, baxshichilikka qiziqish ko‘pgina o‘lkalarda haminqadar. Shu bois ham ular buni jonli holatda tasavvur qila olmaydi. Yurtimizga kelib, dostonlarni jonli eshitish imkoni ular uchun katta yangilik hisoblanadi. Bir paytlar amerikalik olimlar Melman Perri va Albert Lord Yevropaga kelib, so‘nib borayotgan baxshi ijrosi bilan tanishib, juda katta kashfiyot qilishgan. Ular Gomerning shoir, ya’ni individual ijodkor emas, xalq dostonlari ijrochisi, baxshi bo‘lganini fanda isbotlab berishgan. Keyingi muhim qadam – jonli ijroga xos bo‘lgan epik formula, ya’ni dostonlarda takrorlanib keluvchi misralar nazariyasiga asos solishgani bo‘ldi. Ingliz olimlari ushbu tadqiqlari orqali butun dunyoda dovruq qozonishdi. Lordning “Baxshi” kitobi esa shov-shuv bo‘lib ketdi…
Xalqaro baxshichilik festivali arafasida “Alpomish” dostonining bir necha variantini O‘zbekiston xalq baxshilari Abdunazar Poyonov, Qahhor Rahimov, Boyqo‘chqor Ahmedov, Shodmon Egamberdiyev ijrosida yozib oldik. Qolaversa, “O‘zbek xalq ijodiy yodgorliklari” nashr qilinyapti. Bugungi kungacha qirqta jildi bosmadan chiqdi. Birinchi navbatda, qadimdan jonli ijroda kuylab kelinayotgan doston namunalari, ertak, xalq qo‘shiqlari, maqol-matal, afsona, rivoyatlar ulardan joy oldi. Bu esa o‘zbek xalq og‘zaki ijodi nihoyatda boy va rang-barang ekanidan dalolat.
Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, bugungi kunda xalqaro YUNESKO tashkiloti insoniyatning nomadaniy va madaniy merosiga alohida urg‘u beryapti. Ular merosni katta besh guruhga bo‘lib o‘rganishadi. Dostonlar ana shu beshtalikning birinchisiga kiradi. Chunki doston ijrochiligi yer yuzining hamma joyida ham bizdagidek tabiiy holda saqlanib qolmagan. Shu tufayli dostonlarimizga dunyo olimlari yuksak qiziqish bildirib, ularni o‘z tillariga tarjima qilishyapti. Birgina “Alpomish”ning o‘zi yapon, koreys, turk va boshqa tillarda, shuningdek, Amerika, Germaniya va Rossiyada nashr qilindi. Germaniyada Karl Rayxl ismli professor olim bor. U dunyoga turkiy xalqlar eposi tadqiqotchisi sifatida tanilgan. Olimning ham o‘rganayotgan mavzusi aynan o‘zbek dostonlari va baxshi ijrochiligi sanaladi.
– Shuncha sharoit mavjudligiga qaramay, bu noyob merosni nafaqat yoshlar, balki kattalar ham yetarli darajada o‘rganmayotgandek…
– Muammo shunda. Ilk navbatda baxshilarimizdan kuylayotgan dostonlarini jonli ijroda ko‘proq yozib olishimiz zarur. Afsuski, bu jarayon sust. E’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan ikkinchi masala, ilmiy tadqiqotlarni keng olib borish, kuchaytirishdir.
Folklor – o‘zak, ildiz. Adabiyot shu ildizdan suv ichadi. Ana shunday buyuk merosni xalqaro miqyosda bor bo‘yicha ko‘rsatish, yanada ko‘proq targ‘ib qilish ehtiyoji mavjud. Xabaringiz bor, mamlakatimiz rahbari Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari sammitida tarixiy ahamiyatga ega muhim taklifni, ya’ni tashkilotga a’zo davlatlar tilida turkiy ellarning folklor namunalarini ko‘p jildda nashr etish fikrini o‘rtaga tashladi. Buni nafaqat o‘zbek, balki turkiy xalqlar folkloriga bo‘lgan ulkan e’tibor, e’tirof deb aytishimiz mumkin. Chunki turkiy ellar folklor namunalari shu paytgacha yaxlit nashr etilmagan. Ushbu ezgu tashabbus turkiy ellarning tili, tarixi, madaniyati va badiiy so‘z san’ati namunalarining ildizi bir ekanini urg‘ulaydi. O‘ylaymanki, bu turkiy xalqlar tarixidagi juda katta voqelik bo‘ladi.
– Mana shunday ulkan voqeliklarda bugun Siz rahbarlik qilayotgan muzey faoliyati, hissasi qanday? Shular haqida ham fikrlashsak…
– Fanlar akademiyasi tizimida uchta muzey bor: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi.
Eslayman, Fanlar akademiyasidagi ko‘pgina ilmiy muassasalar, jumladan, bizning muzey ham tarqatilib, oliy ta’lim muassasalariga qo‘shib yuborilgandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakatlari bilan Fanlar akademiyasi butunlay boshqatdan tashkil etildi, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi hayotini boshladi.
Davlat adabiyot muzeyi boshqa muzeylardan farqli, bir paytning o‘zida ham muzey, ham ilmiy muassasa sifatida faoliyat yuritadi. Bu yerda nodir qo‘lyozma va toshbosmalar bo‘limimiz bor. Shuningdek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari ulug‘ ajdodlarimiz qo‘lyozmalari saqlanadi. Asosiy vazifamiz ana shunday nodir merosni asrab-avaylash va ularni ilmiy tadqiq etishdir. Muzey ilmiy xodimlarining tadqiqotlari faqat yurtimizda emas, xorijda – Yaponiya, Eron, Ozarbayjon, Turkiyada ham amalga oshirib kelinmoqda.
Adabiyot muzeyining uzoq yillarga mo‘ljallangan rejasi mavjud. Undagi asosiy e’tibor nodir qo‘lyozmalar hamda shoir ijodkorlar arxivi fondini tadqiq etishga qaratilgan. Shoir ijodkorlar fondi – noyob arxiv. Bunaqasi boshqa biror muzeyda yo‘q. Unda o‘tgan asr boshlaridan to yaqin yillargacha yashab ijod etgan shoir, adabiyotshunos olimlarning qo‘lyozmalari, hujjatlari saqlanadi. Ular o‘zbek adabiyoti tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.
O‘tgan yili muzeyning ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shahnoza Nazarova tomonidan Cho‘lponning shu paytgacha noma’lum bo‘lgan “Zamona xotini” qo‘lyozmasi bizning muzeyda topilib, nashr qilindi. Bu fond so‘nggi yillarda Tohir Malik, Rauf Parfi, Baxtiyor Nazarov, Naim Karimov kabi shoir va akademik olimlarimizning ijod arxivi bilan boyidi.
Shuningdek, muzeyda “Adabiy meros” nomli ilmiy jurnal chop etiladi. Nashr tahrir hay’atida xorijlik ko‘plab taniqli olimlar bor. Unda tilshunoslik, folklorshunoslik, adabiyotshunoslik, matnshunoslik va dunyo adabiyotiga doir dolzarb mavzudagi maqolalar berib boriladi.
Bu yil muzeyimizning yangi binosi tamomila zamonaviy shaklda, xorij arxitektorlari loyihasi asosida qad rostlayapti. Muzeyning yangi ko‘rinishda dunyo nazarida turadigan madaniy muassasalardan biriga aylanishiga ishonaman.
– Yuqorida adabiyotni millat ruhini tarbiyalovchi fan, dedingiz. Shoir “Nadir holing bu fandan tashqarida”, deganidek ba’zan yon-verimizda milliy qadriyatlar, urf-odatlarimizga bepisand kishilarni uchratamiz. Ularni bu fan ichkarisiga olib kirishda nimalar qilmoq kerak?
– Birinchi qiladigan ishimiz ularni, ayniqsa farzandlarimizni ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq tutish lozim. Ilgari har bir xonadonning o‘z tartib-qoidalari, o‘ziga yarasha tutumlari bo‘lardi. Yoshlar mana shu odatlar, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topardi. Deylik, dasturxon boshida o‘tirganda, kattalarning kichikka, kichiklarning kattalarga munosabati barchasi tarbiyaga, ibratga yo‘naltirilgan. Bu endi shunchaki pand-nasihat emas, tarbiyani so‘z, adabiyot kuchi bilan olib borish edi, desak yanglish bo‘lmaydi.
Hozirda faqat bizda emas, butun dunyoda ma’naviyatga xurujlar ortib bormoqdaki, aksariyati ijtimoiy tarmoq qo‘li bilan amalga oshirilyapti. Bu ko‘rinmas og‘u ta’sirida axloqan aynishlar avj olyapti. Ayni darddan xalos bo‘lishning birdan bir yo‘li adabiyot, milliy an’analardir.
Onalarimiz aytgan alla, baxshilarimiz kuylagan doston, oilada kattalar ovoz chiqarib o‘qib bergan kitoblar – barchasi tarbiya. Hozir alla aytilyaptimi? Unutib qo‘ydik. Kimdir baland ohangda kitob o‘qib beryaptimi? Eslolmaymiz. Aslida, millat ruhini tarbiyalashning zimmamizda turgan bir qirrasi mana shular. Taassufki, biz bugun bolalar qo‘liga kitob emas, telefon berishni ma’qul ko‘ramiz. Oqibatda ular tarbiyasida nuqsonlar yaralmoqda. Farzandlar tarbiyachisi biz emas, ijtimoiy tarmoqlar bo‘lib qolyapti.
Shaxsan menga taskin, quvonch beradigani – bugun yurtimizda kitobxonlikka katta e’tibor qaratilayotir. Bunday sa’y-harakatlar biz kutgan hosilni berishini istasak, farzandlarimiz tarbiyasida mas’ullikni tarmoqlardan o‘z qo‘limizga olishimiz shart. Siz o‘qisangiz, farzandingiz ham kitobga talpinadi. Bordi-yu telefon bilan mashg‘ul ekansiz, bola ham sizdan o‘tib qayga borardi? O‘zimiz o‘rnak bo‘laylik. Qisqasi, ta’lim-tarbiya avvali oilada. Shunday ekan, o‘zimiz barobarida oilani adabiyotga, kitobga yaqinlatishimiz kerak. Zotan, adabiyotgina jamiyatni adab yotlardan tozalaydi, poklaydi, qutqaradi.
– Jabbor aka, foydali va samimiy suhbat uchun Sizga minnatdorlik bildiramiz.
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-apreldagi 15-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



