13.04.2024 | 13:10
312
ADOLAT MANFAATI

Bugun – atoqli olim va jamoat arbobi, professor Ozod Sharafiddinov tavalludiga 95 yil to‘ldi. U kishi aslida o‘z davrining chinakam jadidlaridan biri edi. Atoqli olimning ma’naviy jasorati, mashaqqatli va sharafli hayot yo‘li barchamizga ibrat bo‘lgulik. Filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimovning e’tiboringizga havola qilinayotgan quyidagi maqolasi o‘z vaqtida zabardast adibning ma’naviy qiyofasini ochib bergani bilan alohida ahamiyatga molikdir.
Har bir xatti-harakatimiz asosida manfaat yotadi desak, sodda o‘quvchi bizni xudbinlikda ayblashi mumkin. Lekin aslida ham shunday. Biz shunchaki, ermak deb qaraydigan mashg‘ulotlarimizda ham ko‘nglimizning yoxud jismimizning nimagadir bo‘lgan ehtiyojini qondiramiz. Ammo manfaat deyilganda xayolimizga, birinchi navbatda, shaxsiy manfaat keladi. Chunki manfaat so‘zini deyarli faqat shaxsga bog‘lab, yomon otliq qilib qo‘yganmiz. Aslida dunyoni ham manfaatdor boshqaradi. Chunki manfaat degani nimaningdir, kimningdir nafini, ya’ni foydasini ko‘zlab ish yuritmoqdir. Busiz hech qanday faoliyatni tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Shu jihatdan olib qaraganda, mashhur tanqidchi va adabiyotshunos, jamoat arbobi, professor Ozod Sharafiddinov faoliyatining mazmun-mohiyatini adolat manfaati va shu yo‘lda olib borilgan kurash tashkil etadi desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Sirasini aytganda, domlaning nomini bilmaydigan ziyolini mamlakatimizda topish qiyin. Hamkasblar, ilmiy-adabiy jamoatchilik bu kishini deyarli yakdillik bilan e’tirof etadi, tan oladi. Chunki u so‘z ochgan har bir mavzusini yaxshi biladi, mohiyatini teran anglaydi, hamisha zarur va asosli xulosalar chiqaradi.
Sohasiga doir keng va chuqur bilim, yondosh sohalardan xabardorlik, tabiatidagi tantilik va jo‘mardlik, ayni paytda har bir fikr-mulohazasida yarqirab turadigan adolat tuyg‘usi uning chiqishlariga alohida bir ko‘rk va joziba bag‘ishlaydi.
Uning haq so‘zi, to‘g‘rilikdagi sobitligi bilan dissertatsiyalar himoyasi, bahs-munozaralar posangisi adolat foydasiga o‘zgarib ketgan paytlarini mutaxassislar yaxshi biladi. “Deyarli” deb yakdillik bilan e’tirof etilishiga qistirma qilishimning sababi shuki, tanqidiy gap hammaga ham yoqavermaydi. Ozod Sharafiddinovning bayrog‘i esa halollik va rostgo‘ylikdir. Rostgo‘ylik, tabiiyki, tanqidni ham taqozo etadi.
U kishida o‘qigan talabalar bu nomni juda aziz tutadilar. “Men Ozod akada o‘qiganman”, degan gap juda katta ma’noni anglatadi. Va bundaylar mamlakatimizning hamma joyida bor.
Ustozga yaqin bo‘lganlar omadi kelgan kishilardir. Chunki ular domladan aql va ma’rifatgina emas, tarbiya va ibrat ham oladilar.
Har to‘kisda bir ayb deganlaridek, odatda, har bir kishining oz-ko‘p nuqsoni bo‘lguvchi edi. Masalan, iste’dodlar, ko‘pincha, injiqroq, nozikfe’lroq keladilar. Bu odam esa g‘oyat odmi, hammabop. Ko‘ngliga yoqqan kishisiga jonini beradi. Ehtimol, shuning uchun, taqdir Ozod akaga juda ko‘p narsa berdi-yu, so‘ng ortiqcha iltifot ko‘rsatmagandir. Hamisha hayot deb atalgan, sir-sanoatga to‘la dunyoning qil ko‘priklariga ro‘para keldi. Tabiat unga adabiyotni nozik his qilish va munosib baholash salohiyatini hamda uni ro‘y-rost aytish jasoratini berdi. Uning ijodda o‘rtamiyonalikka, “ko‘lmak davralar”ga (A.Oripov iborasi) toqati yo‘q edi. Hayot zamonasining deyarli barcha buyuklari bilan yuzma-yuz qildi. Ko‘pchilikning mehr-u muhabbatiga musharraf etdi. Ayrimlari bilan uzoq va davomli hamkorlikda asarlar yaratdi. Lekin hamisha ijodi va faoliyati “qilichning dami”da kechdi. Chunki u o‘rtamiyona yashay olmasdi, o‘rtamiyona seva olmasdi. Ayrimlardek ko‘nglidagini yashira olmasdi. Dilidagi tilida edi.
Yoshligi shafqatsiz urush yillariga to‘g‘ri keldi. Bu yetmaganidek, hali juda yosh ekan, ota-ona ajralib ketishdi. Shuning uchun u ota mehrining nimaligini bilmay o‘sdi. Ulg‘ayib, ilmi va qalami bilan elga tanilganida halol va rostgo‘yligi uchun ko‘p dashnomlar eshitishiga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramay, e’tiqodiga xiyonat qilmadi. Adolat egiladi, sinmaydi, deydilar. Lekin u egilganida, shoir aytganidek, necha-necha qovurg‘alar sinadi. Ozod aka boshidan o‘tganlarini “bitta o‘zi” biladi. Lekin domla hech kimga hech qachon hasrat qilgan emas. Hasrat u kishining tabiatiga yot. Bu tabiat quvnoq, hatto shaddod, lekin yon-atrofidagilarini har daqiqada shodlik va baxtga ko‘mib yuborishga tayyor turgan fazilat. Men bu qadar keng fe’llikni u kishi bilan tengdosh ijodkorlar orasida juda kam ko‘rganman. Domla chindan ham yaxshilik qil, suvga ot, suv bilmasa, baliq bilur, baliq bilmasa – Xoliq, deydiganlar toifasidan.
Men Ozod akaning qo‘lida o‘qigan baxtiyor talabalardanman, turli-tuman ilmiy-ijodiy, ko‘ngilochar dam olish, sayyohlik, zaruriy xizmat safarlarida, sport mashg‘ulotlarida birga bo‘lish nasib etgan omadli kishilar sirasiga mansubman.
1958-yil edi. 20-syezd munosabati bilan kommunistik iskanja biroz bo‘shashgan, 30-yillarning qatag‘onlari e’tirof etilib, “xalq dushmanlari”ning aslida xalq do‘stlari bo‘lgani tan olina boshlagan payt. Shu yili filologiya fakultetida konkurs juda katta bo‘ldi. Adabiyotdan og‘zaki imtihonni bugungi mashhur Naim Karimovga, tarixni Oybek domlaning o‘g‘li Omon Toshmuhamedovga topshirib, o‘qishga kirdim. Oktyabrning boshlarida Bo‘kaga paxtaga ketdik. Biz Ozod Sharafiddinovni ilk bor o‘sha yerda tanib oldik. Keng peshonali, ko‘rkam va ochiq yuzli, har bir talabaga mos gapni topib aytadigan, salobati odmilik bilan favqulodda bir tarzda qo‘shilib ketgan bu odamning qadri biz, birinchi kurs talabalari oldida g‘oyat baland edi. Goho yomg‘ir yog‘gan yoxud biror sabab bilan daladan erta qaytilgan kunlar yuqori kurslar ikkiga bo‘linib, bir tomonda Laziz Qayumov, ikkinchi tomonda Ozod Sharafiddinov boshchiligida futbol o‘ynashar, ularning yosh bolalardek beg‘ubor g‘azab va quvonchlarini tomosha qilish zavqli bo‘lardi. So‘ng uchinchi kursda Ozod akadan dars eshitdik. Ko‘pchiligimiz filologiyada o‘qisak-da, uning mohiyatini anglab yetmasdik, til-adabiyot-da, deb ketaverardik. Domlaning ma’ruzalarini tinglagan sayin bu moʻjizali olam ko‘z o‘ngimizda o‘z sir-asrorlarini namoyon eta boshladi.
Biz olgan ilk saboqlardan biri bizgacha bo‘lgan barcha adabiy haqiqatlarga shubha bilan qaramoq, tekshirib, aql tarozisidan o‘tkazmoq lozimligi bo‘ldi. Bir-birimizga beradigan so‘roqlarimizning ko‘pi “Nega?”, “Nima uchun?”, “Nima qipti?”, “Nima bo‘pti?” edi. O‘zimiz bilmagan holda “nigilist” bo‘lib qoldik. Shunday bir sharoitda domla bizni Cho‘lpon ijodi bilan tanishtirdi. “O‘tkan kunlar” nashr qilinib, Abdulla Qodiriy millionlab yosh qalblarni qayta zabt etayotgan, quloqlarni qomatga keltirgan sho‘roviy gulduroslar o‘rniga ko‘ngillarni yayratuvchi milliy ohanglar tong shabadasidek bir taralib olgan yillar edi. Shu sababli Ozod akaning Cho‘lpondan o‘qib bergan she’rlari tashna ko‘ngillarimizda muhrlanib qoldi. Chamasi, o‘sha yillari Cho‘lpon ijodini o‘rganish va xalqqa qaytarish borasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida qandaydir bir ilmiy hay’at tuzilgan va Ozod Sharafiddinov uning kotibi qilib belgilangan edi. Shu jihatdan, Ozod aka “qozon”ning ichida edi. Qo‘liga kirgan ma’lumot va materiallar bilan bizni imkon doirasida tanishtirishga harakat qilardi. Ayrimlarimizning jadidshunos bo‘lib qolishimizda bu saboqlar izsiz ketgan emas. Shulardan biri sifatida men bu xotiralarni juda katta mamnuniyat va minnatdorlik bilan yodga olaman.
O‘qishni bitirayotgan yillarimiz domlaning “Zamon, qalb, poeziya” kitobi chiqdi va biz talabalarning qo‘lida dasturilamalga aylanib qoldi. Xuddi shu yili domlaning boshiga biz bilmagan allaqanday noxush tashvishlar tushdi. Juda kamdan-kam hollarda bo‘lsa-da, ular o‘zini bildirib qo‘yar edi. Lekin Ozod aka hammasini yengib o‘tdi. Alamini ilm va ijoddan oldi. Yoshlarga homiylik qilishdan charchamadi. Butun aqli va ilmiy-adabiy jamoatchilikda erishgan obro‘-martabasi bilan yosh iste’dodlarni qo‘lladi. Sotsialistik g‘oyabozlikdan ozgina chetga chiquvchi har qanday she’rga qo‘yiladigan, mohiyatan gazeta va jurnal tahririyatlari eshigini yopib qo‘yadigan “g‘oyasiz”, “tushkun”, “yig‘loqi”, “sovet kishisining ruhiyatidan uzoq” degan ayblovlardan himoya qilishga urindi. Abdulla Oripovni birinchi bo‘lib keng jurnalxonlar davrasiga olib chiqqan va uning she’rlariga oq yo‘l yozib, she’rxonlar hukmiga havola etgan kishi Ozod Sharafiddinov edi. Keyinchalik ham u haqdagi o‘z fikrlarini dadil himoya qildi.
60-yillar oxirlab, u bilan oldinma-keyin hayotimizga kirib kelgan XX syezdning “iliqlik” yillari ham nihoyasiga yetib borar edi. Ozod akaning o‘sha yillar imkoniyatidan foydalanib amalga oshirgan eng katta ishlaridan biri 20-yillarda yashab o‘tgan va adabiyotimiz tarixidan surib chiqarilgan qirqdan oshiq shoir asarlarining majmuasi – “Tirik satrlar” nashrini tashkil qilish va amalga oshirish bo‘ldi. 1968-yili G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan. Asosiy materialni Muhsin Zokirov tayyorladi. Ayrim ijodkorlarning asarlarini ToshDU va O‘zFA xodimlari tayyorlab berdilar. Ozod aka 20-yillar adabiyoti bilan yaqindan shug‘ullangan barcha mutaxassislarni jalb etishga harakat qildi. Shular qatorida men ham bor edim. Ilk marta Cho‘lponning bir dasta she’rlari 30-35 yillik tanaffusdan keyin chop etilgan edi. Nashr haqidagi xabar yashinday tez tarqaldi. Kitobning bir qismi bosmaxonadayoq tarqab ketdi. Lekin sovetparastlik g‘alayonga keldi. Amal kursilarida o‘tirgan, Cho‘lpon, Fitratlarni, umuman jadidlikni olabo‘ji ko‘rsatish orqasidan mavqe-martaba topib kelgan akaxonlarimiz g‘azabga mindilar. “Tirik satrlar” sotuvga chiqmadi. Tiraji bosmaxonadayoq yo‘q qilindi. Fidoyi kommunistlarimiz ToshDU yotoqxonalarida xonama-xona yurib, talabalardan “buzg‘unchi” kitobni terib oldilar. Shunda ham uni saqlab qolganlar ko‘p bo‘ldi. Va keyingi salkam 20-yil davomida, oshkoralik zamoni yetib, Cho‘lpon, Fitrat nomlari emin-erkin tilga olingunga qadar muqovasiga gazetjildi qoplanib, qo‘ldan qo‘lga o‘tib o‘qib kelindi. Lekin bu kitobni nashr etganlar, birinchi navbatda, uning tashkilotchisi va mas’ul muharriri Ozod Sharafiddinov masalasi o‘sha davrning eng oliy hokimiyati hisoblangan Respublika Markazqo‘mining plenumi darajasida ko‘rildi. Gazetalar uni keng yoritdi.
Qizig‘i shundaki, bu kutilgan natijaning aksini berdi. Jamiyatda Cho‘lpon va uning atrofidagi shoirlarga qiziqish ortib, sovet mafkurachisi sifatida talqin qilib kelingan Hamzaga mehr susayib bordi. Jadidlik davri goh “ma’rifatchilik”, goh “ma’rifatchilik realizmi”, goh “Furqat an’analari”, goh “yangi ma’rifatparvarlik” kabi turli-tuman nomlar bilan o‘rganila boshlandi.
Hukmron mafkura va belini qirq yeridan bog‘lab uning xizmatida yurgan shotirlari 70-yillarning o‘rtalarida O‘zFAning Til va adabiyot instituti faoliyati haqida Toshkent shahar firqa qo‘mitasining qarorini chiqarishga muvaffaq bo‘ldilar. Odatdagidek, bir necha kishi jazo oldi. Bu gal jabrni institut direktori M.Qo‘shjonov va “ma’rifatchilik realizmi”ni tadqiq etgan E.Karimov tortdi. Qaror joriy udum bo‘yicha poytaxtdagi barcha tashkilot va muassasalarda ishlab chiqildi. Jadidlik borasidagi izlanishlar akademiyada boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va u yaqin o‘n yil adabiy fikrgina emas, ijtimoiy fikrga ham to‘g‘anoq bo‘lib keldi.
Men mazkur qarorning fakultetimizda o‘tkazilgan muhokamasini yaxshi eslayman. Shu yili Ozod Sharafiddinov fakultet partiya tashkiloti kotibi edi. Ochiq partiya majlisi (unda firqasizlar ham qatnashishi shart edi) shovqin-suronsiz, hayajonlarsiz o‘tdi. Har majlisda so‘zga chiquvchi “professional”larga vaqt qoldirilmadi. Mutaxassislar XX asr boshi adabiyotining murakkabliklariga diqqatni qaratdilar, har qanday ayblovlardan o‘zlarini tiydilar. Davrni o‘rganish kerak, degan fikrga keldilar.
Hozir bunday o‘ylab qarasam, bu fikr, ya’ni jadidlikni emas, XX asr boshi adabiy harakatini o‘rganaylik, u davr esa g‘oyat murakkab, shunga ko‘ra, ehtiyot bo‘lib o‘rganaylik, degan fikr kommunistik mafkura hukmron bo‘lgan zamonda nokommunistik (to‘g‘rirog‘i, antikommunistik) g‘oyani saqlab qolish, balki himoya qilishning eng to‘g‘ri yo‘li bo‘lgan ekan.
Ozod akaning barchamiz uchun ibrat bo‘la olurlik eng muhim fazilatlaridan biri, menimcha, mard va tantiligi, hayotdagi kabi ilm-u ijodda, fikr-u e’tiqodda so‘zi va ishining, ichi va tashining birligidir. Dinda istig‘for degan tushuncha bor. Bu bandasining o‘z qilgan gunohlariga iqror bo‘lishi va Alloh tomonidan ularni kechirishini so‘rash va shu orqali poklanish ma’nolarini anglatadi. Beayb esa yolg‘iz Parvardigordir. Buni dindorlargina emas, ateistlar ham yaxshi biladilar: ishlamagan odamgina xato qilmaydi, deydilar. Haqiqatan ham shunday.
1991-yilning 1-sentyabri davlat va jamiyatimiz hayotini tamomila boshqa yo‘lga solib yubordi. Mustaqil bo‘ldik. O‘z milliy davlatimiz, o‘z dinimiz, dunyoviy asoslardagi jamiyatimiz taqdirini o‘z qo‘limizga oldik. Shunda kimlardir birdan partbiletlarini uloqtirib, eski mafkurani fosh etishga tushib ketdi. Mana shunday paytda istig‘for kerak edi.
Ozod Sharafiddinov istig‘for keltirgan va buni rasman matbuotda dalolati va tafsiloti bilan e’lon qilishga jur’at etgan, mustaqillikning ma’naviyat bilan bog‘liq muqaddas manzillariga har jihatdan poklanib qadam bosishni vijdon amri deb bilgan ziyolilarimizdan. Bu yolg‘iz jasoratgina emas. Buning uchun yuksak axloq ham lozim.
Ozod akaning “Adabiy etyudlar”, “Iste’dod jilolari”, “Birinchi moʻjiza”, “Abdulla Qahhor” kabi o‘nlab kitoblari, “Hindiston farzandi”dan “Partiyaning oltinlari”gacha bo‘lgan o‘nlab tarjimalari adabiy-estetik tafakkurimizda, tarjimachiligimizda qanday rol o‘ynagani ilmiy maqolalarda o‘rni bilan aytilmoqda. Bugungi qizg‘in hayotimizda, birgina adabiy-madaniy emas, ijtimoiy-siyosiy jabhalarda ham muvaffaqiyat bilan ishlab turgan, xalqimizning nazar-e’tiborida kelayotgan ko‘plab iste’dodlarning Ozod akaning shogirdi ekanligi u kishining ustozlik maqomiga oydin dalil.
Domlaning hayotdagi jo‘mardligiga esa o‘nlab misollar keltirish mumkin. Bittasini aytaman: 1966-yilda zilzila munosabati bilan hozirgi “Professorlar mavzesi” hududidagi ToshDUning professor o‘qituvchilariga yer berildi. Ozod aka Chilonzorda to‘rtinchi qavatdagi “katalak” domda yashardi. Havas bilan hamkasabalari qatorida hovli quradigan bo‘ldi. Shu orada bir voqea sabab bo‘lib butun rejalar o‘zgarib ketdi. Universitetni shu yillari bitirib, shu dargohda ishga olib qolingan farg‘onalik bir yigitning xotin, bola-chaqasi bor ekan. Toshkentda turadigan joyi yo‘q, o‘zi ham yuvosh, mehr-oqibatliday ko‘rindi. Domla shart o‘ziga ajratilgan yerni bir og‘iz gap-so‘zsiz in’om qilib yubordi. Hozir shu farg‘onalik domla ishlaydi, kafedra mudiri.
Ozod akaning boy fantaziyasi-yu kutilmagan topqirliklarini, issiq-sovuqqa chidamli-yu har qanday chigal sharoitdan chiqib ketish mahoratini, katta aqli-yu kichik fe’lini yaqindan bilmoq uchun u kishi bilan safarga chiqish kerak. Afsuski, og‘ir dard – qand kasalligi so‘nggi o‘n-o‘n besh yilda domlaning sayr-u sayohatlarini keskin chekladi. Shunday og‘ir davrga qaramasdan “Jahon adabiyoti” jurnalini tashkil etdi va uni mohirona chiqardi. Keyingi ikki yilda esa shiddatli alpday vujudiga sig‘magan sheryurak, uchqurxayol olimni deyarli yurgizmay, to‘shakka bog‘lab qo‘ydi. Shunga qaramay, qachon borsangiz, dardini zarra sezdirmay, hamisha ochiq chehra bilan kutib olishini, odatdagi hazil-mutoyibani kanda qilmasligini, adabiy-madaniy hayotdan ijtimoiy-siyosiy hodisalargacha qizg‘in sharhlab, suhbat asnosida jurnal uchun, albatta, biror buyurtma berishini ko‘rib, bu odamning temir irodasiga tan berasiz. Ayni paytda bu dardning shafqatsiz olishuvlar, umrining katta qismi qilichning damida yurgani bilan bir qatorda, og‘ir yillar xotiroti bo‘lgan g‘aflat, loqaydlik va hatto xiyonat hodisalar natijasi ekanligi beixtiyor xayolingizdan o‘tadi. Shayxzodaga qo‘shilib, “Do‘stlar tirigida bir soat yo‘qlang!” – deb bong urgingiz keladi.
Begali QOSIMOV, filologiya fanlari doktori, professor.
1999-yil.
“Jadid» gazetasi 2024-yil 1-mart 10-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



