13.04.2024 | 11:10
854
“AL-ISLOH” MA’RIFATI

“Al-Isloh” jurnali Abdurahmon Sayyoh va Munavvar qori Abdurashidxonov tashabbusi, sa’y-harakati bilan 1915-yil 14-yanvarda Toshkent shahrining O‘rda dahasidagi G.Y.Yakovlev bosmaxonasida dunyo yuzini ko‘rdi. 1915-yilgi sonlari shu bosmaxonada, 1916, 1917, 1918-yillardagi sonlari O.A.Porsev litografiyasida chop etilgan. 1918-yilgi 5-soni Asqarxon Pahlavonov muharrirligida nashr qilingan. 1915, 1916, 1917-yildagilari har bir soni 32 sahifadan, 1918-yilgi sonlari 16 sahifadan iborat bo‘lib, bir oyda ikki martadan chiqqan.
“Al-Isloh”ning maqsad va vazifalari haqida jurnalning 1915-yilgi 2-sonida quyidagilar yozilgan: “Isloh”i zamon musulmonlarga diniy va dunyoviy xizmat qiladurg‘on majalladur. “Isloh” musulmonlarni Kitob va sunnat tarafiga chaqiradurgan majalladur. “Isloh” musulmonlarni nomashru’ ishlardan qutqaradurg‘on majalladur. “Isloh” musulmonlarni masalayi fiqh va e’tiqodi zaruriyatdan xabardor qiladurg‘on majalladur”.
Mazkur jurnalda diniy hamda dunyoviy mavzularga oid maqolalar bosilgan. Hamza, Saidahmad Vasliy, Karimbek Kamiy, Sidqiy Xondayliqiy, Is’hoqxon Ibrat, Tavallo Xo‘jamyorov, Mahmud Alizoda Toshkandiy va boshqa ijodiy faoliyati shu paytgacha deyarli o‘rganilmagan mualliflarning asarlari berib borilgan. Jurnal dunyoviy islohotchilik yo‘lini tutdi, jamiyatda ro‘y berayotgan bid’at, xurofotlarni tuzatishga katta ahamiyat qaratdi, milliy g‘oyalarning tarqalishida muhim vazifani bajardi. Jurnalning chiqishini jadid ziyolilari xursandchilik bilan kutib oldilar, uning maqsad va vazifalari, milliy matbuot ravnaqidagi o‘rni haqida she’rlar, ta’rixlar yozdilar.
“Al-Isloh” jurnalining 1915–1918-yillardagi sonlarida bosilgan 101 asardan 74 tasi she’riy, qolgan 27 tasi esa nasriy asarlardir. Adabiyotga doir materiallarni badiiy saviyasiga ko‘ra ikki turga ajratish mumkin: birinchisi, g‘oyaga birlamchi ahamiyat berilgan asarlar; ikkinchisi, yuksak badiiyat namunalari. Nazmiy asarlar ma’rifiy, diniy va ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi she’rlardan iborat, 74 ta she’rdan 51 tasi o‘zbekcha, 23 tasi esa fors-tojik tilida.
Nazmiy asarlarda bo‘lgani kabi nasrdagi ijod namunalarida ham badiiylikdan ko‘ra ijtimoiylik birinchi o‘rinda. Jurnalda, asosan, axloqiy mavzudagi va din tarixiga oid hikoyatlar, hikmatli so‘zlar, shuningdek, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidga doir maqolalar ham bosilgan. Jumladan, “Odil kishi” (1915, 2-son), “Qoyil qilmoq” (1915, 1-son), “Sa’y va ko‘shish” (1915, 1-son), “Muzokarai “Isloh” (1915, 4-son), “Usuli taraqqiy” (1915, 10-son), “Ulamoi salaf va tolibi ilm” (1915, 1-son) kabi axloqdan bahs yurituvchi hikoyatlar shular jumlasidandir. Masalan, “Usuli taraqqiy” hikoyatida madaniyatli inson ilmlilik, yovvoyi odam esa ilmsizlik timsolida ko‘rsatilgan, inson kamoloti va jamiyat ravnaqi uchun ma’rifatning zarurligi hayotiy misollar orqali tasvirlangan.
Jurnalda bosilgan nasriy asarlarning badiiy saviyasi yuqori bo‘lmasa-da, ular millatni uyg‘oqlikka chaqirishga, o‘sha zamonning dolzarb ijtimoiy muammolarini bartaraf etishga qaratilgani bilan ajralib turadi.
“Al-Isloh” jurnalida sof badiiy asarlar bilan birga, adabiyot nazariyasiga oid va adabiy-tanqidiy maqolalar ham chop etilgan. Shubhasiz, bu maqolalar ham adabiy jarayon, adabiy muhit tarixini o‘rganishda muhim manba vazifasini o‘taydi. Jumladan, “Adabiy shijoat nimada?” sarlavhali maqolada (1917-yil 5 – 6 – 11-sonlar) milliy adabiyotimizning XX asr boshlaridagi va o‘tgan asrlardagi ahvoli qiyosiy tahlil etilgan. Ibrohim Tohiriyning “Matbuot va isloh” (1915-yil, 5-son), “Matbuot va isloh baqiyasi” kabi adabiy-tanqidiy maqolalari (1915-yil, 6-son), “Sho‘ro” jurnalidan ko‘chirib bosilgan “Intiqodning (tanqid) shartlari” nomli adabiy tanqid nazariyasiga oid tadqiqot (1917-yil 1 – 2 – 3-sonlar) shular jumlasidandir. Zamonaviy adabiy tanqidning ilk kurtaklari bo‘lgan bu maqolalarda adabiy jarayon, yangi asarlar haqida fikr bildirilgan, asarlarning badiiy saviyasi, imlo va tilida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar haqida ham so‘z yuritilgan.
Jurnal sahifalarida ta’lim islohi mavzusida, ma’rifatga targ‘ib etuvchi turkum maqolalar, she’riy va nasriy asarlar yetakchilik qiladi. Jumladan, Mahmud Alizoda Toshkandiy (1916-yil, 3-son) “Milliy aloqa” she’rida yozadi:
Bizda ko‘p jahlu g‘azab, arbobi g‘aflat ichra biz,
Ma’rifat ilm-u funun aylab kirom isloh qil…
To‘y uchun sarf aylagaymiz necha yuz dinorlar,
Rusum deb isroflar ming-ming diram isloh qil.
Masjid-u maktab madoris sori qilg‘il nazar,
Onlari ilm-u odobda muntazam isloh qil.
Shoirning ushbu misralarida Turkiston xalqi hayotidagi qoloqlikni, ma’rifatsizlikni isloh qilish g‘oyasi mujassam.
Ma’rifat targ‘ibi, maktablar islohi Saidahmad Vasliy ijodida ham alohida o‘rin tutadi. Vasliy birgina diniy bilimlar bilan chegaralanib qolmay, dunyoviy bilimlarni ham o‘rganish zarurligini uqtiradi. Jaholatda qolgan “qora xalqning oqarishi”da birdan-bir vosita ma’rifat ekanini alohida ta’kidlaydi. Uning “Al-Isloh” jurnali 1915-yil 17-sonida chop etilgan “Islohi tadris haqinda” sarlavhali musaddasi bu jihatdan diqqatga molik.
She’rda dars islohi dinu shariat jismiga jon bag‘ishlashi, dars “ko‘ngillar ichra toza ruh hosil aylashi” haqidagi teran fikr betakror badiiyat bilan ifodalanadi. “Dars isloh o‘lmasa, o‘lmas biza fayzu futuh”, deya o‘sha vaqtda Turkistonda ta’lim tizimi zamon talablariga javob bermay qolganidan iztirob chekadi. Ayniqsa, shoirning “Bu zamonda olim o‘lmoqg‘a kerakdur umru Nuh” degan so‘zlari bu iztirobning naqadar teranligini ko‘rsatadi. Vasliy kuyinish bilangina cheklanmaydi. Bu holatdan chiqish choralarini izlaydi va “Osmoni ilm uchundir nardbon islohi dars” degan xulosaga keladi.
Boshqa jadid bobolarimiz kabi Vasliy Samarqandiy ham Turkistonning o‘sha davrdagi holatiga tanqidiy nazar bilan qaraydi. “Ishlari darsxonalarda “iyob ila zihob” – kelmagu ketmakdangina iborat bo‘lgan, asosiy vazifasini – bilmagu bildirmakni unutgan tolibi ilmlarni ko‘rib, ularning holiga achinadi. “Aylasak islohi tadris, ey guruhi mustatob, Bo‘lmas erdi holati avlodimiz bo‘yla xarob”, deya taassuf qiladi. Jaholatdan najot topmoqning yagona chorasi darsni – ta’lim tizimini isloh qilish ekanini ta’kidlaydi. Aytish joizki, “Al-Isloh” jurnalida ta’lim islohi masalasida faol eshtirok etgan muallif Vasliydir. Jurnalning 1915-yil 13-sonida “Himmat ur-rajo” maqolasida maktab va madrasalarning qurilish loyihasidan tortib, dars xonalarining ichki jihoz, uskunalarigacha, dars necha yil bo‘lishi kerak, bir kunda necha fan o‘qitilishi zarur, talabalarning darslarni o‘zlashtirishi va imtihon olish usuli qanday bo‘lmog‘i lozimligi haqida batafsil to‘xtaladi.
Bu masalalarga boshqa ziyolilar ham befarq qaragan emas. Ular ham muhokama va munozarada faol ishtirok etgan. Buxorolik Ziyovuddin qori jurnalning 1915-yil 17-sonidagi “Insonning bir necha vazifasi va saodati” sarlavhali maqolasida tahsil o‘n besh yilga mo‘ljallangan bo‘limni, bir yilda to‘qqiz oy o‘qish, haftasiga besh kun, har kuni ikki fan o‘qitilishi lozimligini ta’kidlaydi. Iqtidorli talabalar ta’limni o‘n ikki yilda yakunlashini uqtiradi.
Maqola yakunida Turkiston ulamolariga xitob qilib, maktab va madrasalarning ayanchli ahvoliga kuyunib, bong uradi: “Ey! Ustoz va ulamolar, endi vaqtni zoye’ etmangiz, bizlarning va o‘zlaringizning moziy va istiqbolimizni tushuningiz: kim eduk, na o‘lduk, na o‘lajag‘miz, fikr etingiz! Vatan va millat avlodining ta’lim-tarbiyati sizlarning hamiyat va g‘ayratingizg‘a bog‘lidur”.
Ta’kidlash joizki, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi masalasida ulamolarning fikrlari turlicha bo‘lgan. Ayrimlari eski usul barobarida yangi usul jadid maktablarining ham tarafdori edi. Ayrimlari esa jadid maktablari haqida tanqidiy fikr bildirgan. Bu toifa Yevropa madaniyati musulmon bolalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan saqlanmoq zarur, deb hisoblagan. Saidahmad Vasliy “Sadoi Farg‘ona” gazetasida chop etilgan “Usuli jadid” maqolasida yangi usul eski o‘qitish tizimidan afzal ekanligini sodda va tushunarli qilib quyidagicha bayon etadi: “Emdi yangi tartibda o‘qitmoqni ma’nosi shulki, maktabga kirgan bolaga saboq berish bilan bir vaqtda harflarni ham yozib ko‘rsatur. Yangi tartibda o‘qigan bola 4-5 oyda o‘qimoq va yozmoqni o‘rganur… ”.
Vasliy ushbu maqolasida 10-12 yil o‘qigan mullalar eng muhim ilmlardan bexabar qolganliklarini ta’kidlash bilan birga, ularning madrasalarda o‘rgangan bilimlari amaliy hayot ehtiyojlaridan juda uzoq ekani hamda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilmay, amaliyotdan ajralib qolgani haqida muhim ijtimoiy-siyosiy masalani ham ilgari surgan edi.
Umuman, “Al-Isloh” jurnali milliy uyg‘onish davrining boshqa nashrlari qatori millatni asriy jaholat girdobidan olib chiqish, taraqqiy etgan millatlar darajasiga ko‘tarishdek zamonning eng muhim masalalari yo‘lida xizmat qildi.
Qo‘ldosh PARDAYEV, filologiya fanlari doktori,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori
2024-yil 23-fevral 9-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596


