08.07.2025 | 11:13
773
ALASH QAHRAMONI
Taniqli jamoat arbobi, ma’rifatparvar, “Alash” partiyasi a’zosi, jurnalist va dramaturg Bilol Suleyevning suronlar ichida o‘tgan qisqa umriga nazar tashlagan odam uning sermahsul faoliyati va achchiq qismatidan mutaassir bo‘ladi.
U qo‘shni qozoq diyorida tashkil qilingan Alash o‘rda hukumatida hurriyat, milliy davlatchilik uchun fidokorona xizmat qildi. Ma’rifatparvar pedagog sifatida ko‘plab shogirdlar tarbiyaladi, darslik va qo‘llanmalar yaratdi. Quyida 45 yoshida erk va ma’rifat yo‘lida qurbon etilgan qozoq o‘g‘loni hayotiga razm solamiz.

Bilol Suleyev 1893-yil hozirgi Qozog‘iston Respublikasining Olmaota viloyati Sortepa qishlog‘ida dunyoga kelgan. Mahalliy chorvador boylardan sanalgan otasi Suley hoji Meyliuli – qozoqlarning nayman urug‘iga mansub bo‘lib, ovul bolalariga muallimlik qilgan ma’rifatparvar inson edi.
Bilol Suleyev 1908–1911-yillari Yesengul Mamanulining “Mamaniya” jadid maktabida o‘qiydi.
So‘ng ustozining tavsiyasi bilan Ufa shahridagi mashhur Oliya madrasasida tahsil oladi. Bu yerda keyinchalik mashhur shoir bo‘lib yetishgan Mag‘jan Jumaboy, yozuvchi Beimbet Maylin bilan hamsaboq bo‘ladi. 1913–1916-yillarda esa Orenburg o‘qituvchilar seminariyasida o‘qib yurganida taniqli publitsist, turkolog Ahmad Boytursun bilan tanishadi.
Shu yillarda Orenburgda chop etilgan “Qozoq” gazetasida ilk maqolalari bilan ishtirok eta boshlaydi. Jumladan, “Qaptig‘ay” imzosida qator maqolalari, “To‘lqin”, “O‘zgarishga”, “Umid” kabi ko‘plab she’rlari chop etiladi. Uning maqolalari jadidlik g‘oyalari bilan to‘yingan bo‘lib, milliy o‘zlik va ruhni tashviq qiladi hamda qozoq bolalarining o‘z ona tilida ta’lim olishini olqishlaydi. U bolalar eng avval milliy shoirlar Abay, Ahmad va Mirjaqib o‘lanlarini bilishi shart deb hisoblaydi. Shuningdek, tatarlarning “Vaqt”, “Sho‘ro” jurnallarida ham chiqishlar qiladi.
Yosh Bilolning siyosiy tafakkuri shakllanishida 1916-yilgi “mardikorlikka olish voqealari” hamda A.Bukeyxonov, A.Boytursun, A.Kenjin, F.Galimjanov kabi Alash yetakchilarining qarashlari muhim o‘rin egallaydi. U ana shunday ilg‘or fikrlar ta’sirida Minsk shahriga borib, qozoq yigitlariga yordam qo‘lini cho‘zadi. Lekin mustabid va beqaror siyosiy vaziyat milliy muammolarni hal qilishga yo‘l qo‘ymas edi. Ilk bor jiddiy siyosiy inqirozni boshdan kechirgan Bilol najot ilmda ekanini anglab yetadi va 1917-yildan Orenburgdagi qishloq xo‘jaligi bilim yurtida o‘qiy boshlaydi.
Shu bilan birga, u Kopaldagi tatar maktabida o‘quv bo‘limiga rahbarlik qiladi. 1917-yilning kuzida Yettisuv viloyatidagi Verniy shahrida bo‘lib o‘tgan musulmonlar syezdida Muhammadjon Tinishbayev bilan tanishadi. Bu voqea dunyoqarashini keskin o‘zgartirib yubordiki, u qurultoy so‘ngida “Alash” partiyasiga a’zo bo‘lib, yurt hurriyati va ozodligi uchun kurashga qat’iy bel bog‘ladi. Muhammadjon Tinishbayev qurultoydan so‘ng Toshkentga kelib, tez orada Qo‘qon shahrida e’lon qilingan Turkiston muxtoriyati hukumatining rahbari etib tayinlanadi.
Bilol Suleyev esa 1918–1919-yillarda Semipalatin shahridagi Alixon Bukeyxonov rahbar bo‘lgan Alash O‘rda hukumatiga sidqidildan xizmat qiladi. “Sari–Arqa” gazetasining 1918-yil dekabridagi sonida bosilgan telegrammada Bilol Alash o‘rdaning Kopal uyezdi bo‘limi boshlig‘i sifatida qayd etilgan. Shuningdek, ushbu noma bolsheviklarning oddiy xalqqa qilayotgan dahshatli zulmlaridan xabar beradi. U muxtor hukumat himoyasi uchun muallimlikni tashlab, qurolli yigitlar guruhiga qo‘shiladi. Afsuski, 1919-yil so‘ngida qizil armiya shiddatli va qonli janglardan keyin Sibir, Orenburg, Oqto‘ba hududlarini qo‘lga kiritib, Alash o‘rda hukumatini ham tugatadi. Hukumat faollarining bir qismi muhojirotga ketishga majbur bo‘ldi, boshqasi noma’lum sabablar bilan o‘lim topdi. Aksar qismi esa sovet hukumati xizmatiga kirishdan bo‘lak chora topa olmadi.
Bilol Suleyev ham bir muddat ishsizlikdan so‘ng 1920-yili maorif sohasiga qaytishga majbur bo‘ladi. Bunda rafiqasi – muallima Fotima Gabitova (1903–1968)ning xizmati katta bo‘lgan. Oradan bir yil o‘tib u Yettisuv viloyati xalq ta’lim boshqarmasi mudiri lavozimiga tayinlanadi.
Bolsheviklar Alash o‘rda hukumatini kuch bilan tarqatib yuborgan bo‘lsa-da, uning a’zolari qalbidagi istiqlol va erk orzusini yo‘q qila olmadi. Ular Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissarligi majlislari munosabati bilan Toshkentda, Olmaotada, Orenburgda to‘planishar ekan, millatni ma’rifatga boshlash va hurriyatga erishish bo‘yicha harakatlar rejalarini ishlab chiqishar edi. Ular Muhammadjon Tinishbayev, Turor Risqulov boshchiligidagi milliy istiqlol kurashi qahramonlaridan ko‘p narsalarni umid qilishardi. Erkparvarlar milliy g‘oya, din va milliy qadriyatlarni yo‘qotmaslikka qancha tirishmasin, sovet hokimiyati kun sayin kuchayib boraverdi.
Bilol Suleyevning tinimsiz mehnati tufayli Yettisuvning aksar ovullarida boshlang‘ich maktab va internatlar ish boshladi. Ayni paytda uning ijodiy faoliyati ham to‘xtab qolgani yo‘q. “Matay”, “Qaptag‘ay”, “Buyras” taxalluslari ostidagi ocherklari, she’rlari, maqolalari bilan vaqtli matbuotda faol ishtirok etdi. Xususan, “Tilshi” gazetasining deyarli har sonida “Qaptag‘ay” imzosi ostida uning materiallari bosilardi.
Taniqli ma’rifatparvar 1925-1926-yillarda Qozog‘iston Maorif xalq komissarligi kasbiy ta’lim va texnikumlar masalalari bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan kezlari qisqa muddatda 19 ta boshlang‘ich maktab va 11 ta texnikumni ochishga muvaffaq bo‘ladi. Uning rahbarligida Toshkentdagi qozoq pedagogika instituti Semipalatin shahriga, Orenburg pedagogika instituti Oqto‘ba shahriga ko‘chirib keltiriladi.
1926-yil 26-fevral–5-mart kunlari Boku shahrida lotin alifbosiga o‘tishga bag‘ishlangan qurultoyda u bir qator taniqli qozoq pedagog va olimlari bilan birga ishtirok etadi. 1928-yili u O‘roz Jondo‘sov bilan Olmaota shahrida birinchi qozoq universitetining ochilishiga bosh-qosh bo‘ladi.
Bilol muallim 1929-yil Oqto‘ba viloyati xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasiga tayinlanib, oilasi bilan u yerga ko‘chib keladi. O‘sha yilning so‘ngida esa Semipalatin pedagogika instituti direktorligiga o‘tkaziladi. Albatta, uning bu qadar samarali faoliyat yuritishi ayrim g‘arazli kimsalarga yoqmasligi tayin edi. Ular zimdan Bilolga tish qayrab yurardi. 1930-yilning yozida So‘zoq va Sarisuv tumanlarida sovetlarning g‘ayriinsoniy iqtisodiy siyosatiga qarshi yuz bergan xalq qo‘zg‘oloni hasadchilarga qo‘l keldi. Ana shu voqea-hodisalar jarayonida ardoqli qozoq farzandlari ham o‘z xalqining yonini olib, sho‘ro ma’murlaridan zulmni bas qilishini talab etadi. Biroq sovetlar hukumati barcha aybni Alash o‘rda a’zolarining bo‘yniga ilishga intiladi. Shu yili qozoq xalqining eng ilg‘or ziyolilaridan qariyb 30 nafari, jumladan, Muhammadjon Tinishbayev, Xalil Dosmuhammedov, Bilol Suleyev birin-ketin hibsga olinadi. Noyabr oyida esa qahramonimizning uchinchi farzandi Ozod dunyoga keladi. Biroq…
Bilol Suleyev nohaq ravishda zax turmada uzoq vaqt ushlab turildi. Nihoyat, 1932-yili u o‘zining aybsizligini isbotlab, ozodlikka chiqdi. Bu vaqtda uning xotini Fotima ikki farzandi bilan Olmaotaga qaytib ketgan edi.
Mislsiz nohaqliklarni boshidan kechirgan Bilol Suleyev adolat istab Moskvaga yo‘l oladi. Lekin u davrda haqiqat qaror topishi amrimahol edi. U 1935-yil To‘rtko‘l shahriga kelib, Qoraqalpog‘istonning Maorif xalq komissarligi oliy va o‘rta maktablar bo‘limida ish boshlaydi. Qisqa muddatda mehnatkash, fidoyi xodim sifatida taniladi. Yevdokiya Ivanovna ismli ayol bilan turmush quradi. Ular bir umr baxtli yashashi mumkin edi, ammo…
1937-yil. Mash’um qatag‘onning sovuq nafasi har bir uyga, har bir qalbga kirib keldi. Har kuni bir sovuq xabar eshitib, yuragini oldirib qo‘ygan odamlar eshik hatlab ko‘chaga chiqmay qo‘ygan. O‘sha yilning 7-sentyabr tunida balo-qazo To‘rtko‘l shahri, Inqilob maydoni ko‘chasi, 6-uyning eshigini ham buzib kirdi. Tintuv, xatlov, hibs, yig‘i-sig‘i, o‘lik sukunat…
O‘sha kuni imzolatilgan shaxsiy anketada oila a’zolari haqida ham ma’lumotlar qayd etilgan. Ukalari – o‘qituvchi Muborak (1897), ikki yilga qamalib 1936-yil ozodlikka chiqqan Abdukarim (1906), Almati davlat teatrida xonanda bo‘lib ishlaydigan Hamid (1908), iqtisodchi Majid (1910). Otasi – Suley hoji, kollektivlashtirish davrida 200 bosh qo‘yi, 20 ta oti, 20 sigiri, 5-6 tuyasi davlat foydasiga musodara etilib, o‘zi quloq sifatida siyosiy huquqlaridan mahrum etilgan…
1937-yil 9-sentyabr kuni Bilol Suleyev aksilinqilobiy “Alash” partiyasi a’zosi sifatida O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 67-moddasi bilan aybdor deb topiladi va uni qamoqqa olish haqida qaror chiqariladi.
So‘roqlar davomida uning Muhammadjon Tinishbayev, Danshe Adilov, Xalil Dosmuhammedovlar bilan hamkorlikdagi faoliyatiga qayta-qayta urg‘u beriladi. Qariyb bir yil davomida u sabot ko‘rsatib, faqat haqiqatni so‘zlaydi va biror insonga nisbatan yolg‘on ko‘rsatma bermaydi.
Faqatgina uzoq davom etgan tahqir va qiynoqlar oqibatida 1938-yil 23-aprel kuni to‘liq tuhmatdan iborat bo‘lgan qog‘ozlarga Bilol Suleyevning imzosi qo‘ydiriladi. Shu vaqtgacha so‘roqlarda nomi tilga olinmagan insonlar va voqeliklar uning ashaddiy jinoyatchi ekaniga dalil sifatida talqin etiladi…
Shu tariqa ayblov bayonnomasida Bilol Suleyev zarariga ishlovchi ayblovlar paydo bo‘ladi: QASSRdagi trotskiychi aksilinqilobiy tashkilot a’zosi; 1930-yilgi So‘zoq va Sarisuv qo‘zg‘oloni tashkilotchisi; 1935-yildan To‘rtko‘l xalq ta’limi bo‘limidagi hamma kamchiliklar – oliy ma’lumotli o‘qituvchilarning ozligi, aholining savodxonlik darajasi pastligi, maktablar kamligi, darsliklar yetishmasligiga aynan u sababchi!
Vaholanki, u qisqa muddatda ulkan ishlarni amalga oshirgan haqiqiy ta’lim fidoyisi edi. Misol uchun, 1936-1937-yillarda u Qoraqalpog‘iston maorif xalq komissarligida boshlang‘ich maktablar uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqdi, maktab darsliklari uchun A.Pushkin, I.Dobrovskiy, I.Turgenovlarning asarlaridan tarjimalar qildi. Bundan tashqari, hukumatning iqtisodiy, ijtimoiy siyosatini xalqqa yetkazish maqsadida ko‘pgina ma’ruzalarni ham mahalliy tilga o‘girdi.
1938-yil 13-oktyabr kuni Toshkent shahrida tuzilgan mash’um uchlik soat 14:10 dan 14:25 gacha, ya’ni atigi 15 daqiqa ichida Bilol Suleyev ishini ko‘rib, uni hech bir dalil-isbotsiz oliy jazoga hukm qiladi. Mash’um qaror shu tunning o‘zidayoq ijro etiladi.
Afsuski, keyinchalik qozoq oydini farzandlarining hayoti ham oson kechmagan. Bilol Suleyevning to‘ng‘ich qizi Farida 1930-yili o‘n bir yoshida vafot etadi. 19 yoshli Jonibek esa 1942-yil armiyaga ixtiyoriy yozilib, 1943-yil mart oyida Smolensk etaklaridagi jangda halok bo‘ladi. Faqat kenja farzandi Ozod (1930–1997) turkolog va tarjimon bo‘lib yetishib, otasi orzu qilgan mustaqil yurtni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldi. Uning nabirasi Jonibek Suleyev (1962) bugun Qozog‘istonda ko‘zga ko‘ringan jurnalist va jamoat arboblaridan biri sanaladi.
Sovetlar qancha harakat qilmasin, yurtning asl o‘g‘loni xotirasini hayotdan butkul yo‘qota olmadi. Fidoyi ma’rifatparvar Bilol Suleyevning porloq xotirasi bugungi avlodlari va yurtdoshlarining qalbida barhayot yashamoqda.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Oyina.uz saytidan olindi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



