Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


15.10.2025 | 09:28

img379

ASL SHARAF

Barmoq chiziqlari mutlaqo mos keladigan ikki odam bo‘lmaganidek, hayot yo‘li butkul o‘xshash odamlarni ham topish mushkul. Taqdir Asil Rashidovga mutloq o‘ziga xos hayot yo‘li, yirik davlat arbobi va mashhur adibga ukalik baxtini nasib etdi. Lekin navqiron Asiljon bundan mag‘rurlanmadi, ongli, samarali hayotning kaliti mehnat va faqat mehnat ekanini erta anglab yetdi. U o‘ziga nomzodlik ishi sifatida “O‘zbek qissalarida mehnat tasviri” mavzusini tanlagani ham aslo bejiz emas.

Asil Rashidov umrining oxirigacha mehnat qildi. Birgina misol, 2008-yilda “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” kitobini salkam yuz betga yaqin yangi materiallar, tahlillar bilan boyitib, to‘ldirib nashr ettirdi. Aytmoq joizki, Asil aka adib asarlarini tarjima qilish jarayonida uning ijodi tadqiqotchisiga aylana bordi va natijada nafaqat tarjimon, balki yirik aytmatovshunos olim darajasiga ko‘tarildi.

Asil Rashidov Chingiz Aytmatovdan qilgan tarjimalarini muttasil tuzatib bordi, ularni mukammallashtirdi. “Birinchi muallim” va “Yuzma-yuz” qissalari tarjimasiga qaytadan murojaat qildiki, bunga alohida sabablar mavjud edi. “Birinchi muallim” dastlab Zaynab tomonidan tarjima qilingan bo‘lib, “Sarvqomat dilbarim” (1964) kitobiga kirgan edi. Gap shundaki, Chingiz Aytmatovning o‘zi qissaga ayrim juz’iy o‘zgartishlar kiritgan. Bu o‘sha davr siyosati bilan bog‘liq edi.

Men bir maqolamda “Birinchi muallim” qissasidagi “Suvjon, shu kunlarning hamma shaltoq, ifloslarini yuvib ket” degan gap tarjimasini adashib Asil akaga nisbat bergan holda, “Suvjon” so‘zining qoyilmaqom ishlatilgani haqida yozgan edim. Aslida, bu tarjima Zaynabga tegishli edi. Lekin Asil aka bu parchani maromiga yetkazib tarjima qildi: “Ey, hayotbaxsh suv, senga ming qatla shukrlar bo‘lsin, bu qaro kunlarning barcha najaslari-yu razolatlarini oqizib ket!”

Asil aka ayrim zamondosh-tengdoshlaridan farqli ravishda, odam o‘tgandan keyin ham hayot to‘xtab qolmasligi, o‘limdan keyin ham tiriklik mavjudligiga ishonar edi. U kishining so‘nggi kunlariga guvoh sifatida ayta olamanki, Asil aka umrining so‘nggi daqiqalarigacha ishladilar, 90 yoshning zalvori, talay kasalliklar shitobiga qaramay.

Shunda Abu Rayhon Beruniyning so‘nggi daqiqalari haqida yozib qoldirilgan voqea beixtiyor yodga keladi. Beruniy o‘lim to‘shagida yotganida, olim do‘sti Abulhasan Valvolijiy yonida edi. Beruniy ko‘zini ochib: “Sen bir vaqtda “Jaddatul fosida” (“Meros masalasiga doir hisob”) to‘g‘risida menga ba’zi so‘zlarni aytib eding, o‘sha masalaning mohiyatini tushuntirib berishingni so‘rayman”, dedi. Do‘sti olimning og‘ir yotganini ko‘rib: “Hozir bu haqda so‘rashning va unga javob berishning o‘rni ham, vaqti ham emas”, dedi. Abu Rayhon: “Ey, ulug‘ do‘stim, bu dunyoda tug‘iladigan har kim muqarrar ravishda o‘ladi, ammo aql menga bir vaqtlar sen aytgan masalaning mohiyatini bilib olishni ta’kidlamoqda. Buni men butunlay bilmaganim yaxshiroq edi va shu holda o‘lib ketgan bo‘lur edim. Shu sababli bilib o‘lishim bilmagan holda o‘lishimdan yaxshiroqdir”, deydi.

Eslaganim sababi, Asil Rashidov “Birinchi muallim”ni qayta tarjima qilib, mukammal holga keltirganidan tashqari, “Yuzma-yuz” qissasi tarjimasi ustida ham so‘nggi damlarigacha ishladi va uni 1988-yilda to‘ldirilgan holda nashr ettirdi. Asarda “Muallifdan” deb nomlangan kirish so‘zida shunday yoziladi: “Yuzma-yuz” qissasi “Oktyabr” jurnalida chop etildi, kitobxonlar e’tiboriga sazovor bo‘ldi, tanqid ham uni chetlab o‘tmadi, lekin takror aytaman, oradan ko‘p vaqt o‘tdi va men yana qissaga qaytishga, o‘sha kezlar senzura talablari bo‘yicha voz kechishga majbur bo‘lgan ayrim boblar, qahramonlarimning ayrim harakatlarini qayta tiklashga qaror qildim”.

Shu tariqa, avval nashr etilgan qissa ellik sahifa atrofida bo‘lsa, keyingi nashrda 90–95 sahifani tashkil etdi. Muallifning yozishicha, bir paytlar qissaga kiritilmagan parcha aynan sovet davrida ishbilarmon dehqon sinfini tugatishga qaratilgan quloqlashtirish jarayonlariga oid edi. Shuningdek, keyingi parchada avval juda kam o‘rin berilgan ona obrazi faollashadi va mukammallashadi. Uning kasallikka chalinishi va vafot etishi, qabrga qo‘yish jarayonini olisdan pisib kuzatishga majbur qochoq o‘g‘ilning alam-iztiroblari kuchli dramatizm bilan tasvirlanadi.

Ona tirikligida o‘g‘lining qilmishini tushunganday bo‘ladi, uning ushbu so‘zlari urushni ko‘klarga ko‘tarayotgan mustabid tuzum siyosatiga yoqmasligi aniq edi: “… Baxti qora o‘g‘lim esa qochqinda, uni la’natlay olmayman: axir, urushni u chiqargani yo‘q-ku, uning ham qurbon bo‘lgisi kelmaydi”. Onaning bu tarz fikrlashi bejiz emas. U tuzumdan minnatdor emas, alamzada. Akalari, qondoshlari quloqlashtirish siyosati tazyiqidan qochib, birov ustidan birov hukmron bo‘lmagan Chotqolga oilalari bilan ketishgan.

Senzura nimtalagan dastlabki nashrda onaning taqdiri mavhum edi. U “tentirab, allaqayerga – dashtlikka chiqib ketdi”, deyilgandi. Tabiiyki, muallif onaga oid bunday gaplarni asardan chiqarib tashladi, obrazga boshqa vazifa yukladi. Onaning vafoti qochoq Ismoilning ahvol-ruhiyasi hamda fojiasini ko‘rsatishga, quloqlashtirishga qarshi motiv esa qahramon xatti-harakatini psixologik asoslashga xizmat qiladi. Endi Ismoilning urushga borishdan bosh tortishini mustabid tuzumga qarshi o‘ziga xos isyon tarzida anglashimizga imkon tug‘iladi:

“So‘ng esa u xuddi mast odamday bor ovozi bilan qichqira boshladi: “Onajon, onajon, kechir! Meni kechir! Meni la’natla! Narigi dunyoda la’natla! Urushni la’natla! La’natla! Urushni la’natla!” Bu hali hammasi emas. Qahramonning faryod va tahdidi haddi a’loga chiqadi: “So‘ng u bir zum jimib qoldi, xuddi nimanidir o‘ylab qolganday yana g‘azab bilan dahshatli bo‘kira boshladi. “Nafratlanaman! Qasos olaman, qasos, hammasidan qasos olaman! Hech kimni ayab o‘tirmayman…”

Xuddi shu yerda kiritma tugaydi va qissa voqealari avvalgi maromda davom etadi. Lekin kiritma asarning g‘oyaviy a’moliga kuchli ta’sir o‘tkazadi, ya’ni qochoq Ismoil, bosh jabrdiyda Saida obrazi to‘lishib, boyishiga, polifonik belgilar kashf etishga, asarda kuchli tragizm yaralishiga zamin yaratadi, tayanch bo‘ladi. Muallif yozganidek, “zero o‘ttiz sahifa material qo‘shganimdan so‘ng his qildimki, bu amal, har qalay behuda ketmadi, o‘z natijasini berdi”.

Maqolada keltirilgan barcha misollar Asil Rashidov tarjimonlik qalami mahsuli bo‘lib, talay o‘rinlarda asliyat bilan bahslashadi, ayrim hollarda undan o‘zadi ham. Chingiz Aytmatov o‘zbekcha yozsa, shunchalik yozardi-da, deysiz beixtiyor.

Chingiz Aytmatov yapon mutafakkiri Daysaku Ikeda bilan qilgan muloqotida,  300 sahifadan iborat bu dialog “Ruh ulug‘vorligiga qasida” deb nomlanadi, o‘zining ilk qissasi haqida gapiradi: “Mening ilk qissam – “Yuzma-yuz” o‘ttiz yil o‘tgach qochoq va uning onasi haqidagi qahramonning xatti-harakatlarini psixologik tahlil qilishga bag‘ishlangan yangi bob bilan to‘ldirildiki, avvallari mafkuraviy sabablarga ko‘ra uni asarga kiritib bo‘lmasdi”. Shu yerda suhbatdosh Ikeda qissa yapon tilida “Saidaning kulfati” nomida nashr etilib, yapon jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otganini ta’kidlaydi.

Ozroq cho‘zilgan yuqoridagi mulohazalardan maqsad avval olib tashlangan, so‘ng qissaga kiritilgan parchaning badiiy ahamiyatini hamda u Asil Rashidov tomonidan yuksak saviyada tarjima qilinganini ta’kidlashdir. Asil aka asarning badiiy-g‘oyaviy yo‘nalishini global hayotiy haqiqat tomon burgan ushbu kattagina kiritmani umrining so‘nggi yillarida sabot bilan ona tilimizga o‘girdi va nashr ettirdi. Ustoz tarjimonning Chingiz Aytmatovdan qilgan tarjimalari yaxlitlik kasb etdi, o‘z badiiy qiyomiga yetdi.

Asil aka shu sohada amalga oshirgan ishlarining ilmiy jihatdan qayd etilishi va tadqiq qilinishini istadi hamda shu ishni bajarishni mendan iltimos qildi. Men bu iltimosni vasiyat sifatida qabul qildim va uni shu yerda baholi qudrat ado etmoqdaman.

Qo‘limda Asil aka o‘z dastxatlari bilan yozgan: “Ushbu material do‘stim Suvonqulga topshiriladi. Mavzu: Ortga bir nazar yoki bir asarning ikki tarjimasi xususida” deya boshlanadigan salkam bir varaq xat ham bor. U 2020-yil 18-aprelda yozilgan va shu kuni menga berilgan. Nasib etsa, Asil aka taklif qilgan mavzuda ham bir maqola yozarmiz.

Hazrat Navoiyning kichik zamondoshi, buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z “Boburnoma”sida ul zotning “Nozuk mijoz”ligi haqida so‘zlab, “El nazokatini davlatining g‘ururidin tasavvur qilur edilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy (tug‘ma) ekandur” deb yozadi. Shunga yaqin mulohazani Asil akaga ham qo‘llash mumkin, u kishi ancha-muncha odamni o‘ziga yaqinlashtirmas, kam sonli do‘stlarini esa g‘oyat qadrlar edilar. “Elektr simidagi ikki qush qiyshiq o‘tirsa g‘ashimga tegadi”, degan edi ustoz birgalikdagi sayrlarimizdan birida. Hamma narsada tartib-intizom, me’yor va uyg‘unlik qat’iy hayotiy talabi va a’moli edi Asil akaning.

Asil Rashidov ta’lim bergan shogirdlar el-yurtga naf keltirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda, u kishi yaratgan ilmiy asarlar o‘z fanniy vazifasini bajarmoqda. Ona tilimizga mohirona o‘girgan asarlari, ayniqsa, Chingiz Aytmatovning hikoya va qissalaridan tortib “Asrni qaritgan kun” romanigacha hamon sevib o‘qilmoqda, teatr sahnalarida ta’sirchan namoyish etilib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Demak, Asil Rashidov ma’nan barhayot, u kishi qoldirgan meros hamon harakatda. Bu meros ishlamoqda, mehnat qilmoqda.

Chingiz Aytmatov taniqli jurnalist Anvar Jo‘raboyev bilan suhbatida Asil aka haqida shunday degandi: “Ana shunday adib va tarjimon dastlab mening ijodim bilan o‘zbek adabiyoti o‘rtasida ko‘prik yasagani men uchun cheksiz quvonchdir”. Darhaqiqat, o‘zbek kitobxoni va butun xalq ongida Asil Rashidov nomi olamshumul adib Chingiz Aytmatov bilan yonma-yon qoldi.

Asil Rashidov akasi Sharof Rashidov shuhratidan foydalanmadi, yirik davlat arbobining soyasida qolib ketmadi. Chingiz Aytmatovday ulug‘ adibning ishonchini suiiste’mol qilmadi. Shuning barobarida, u akasiga ham, ustoz adibga ham munosib jigar va shogird bo‘lib qoldi. Bu taqdir in’omi, qolaversa, asl sharafdir.

Suvon MELI,
filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596