12.12.2025 | 16:28
1118
ASRGA TATIGULIK UCHRASHUV
1990-yillarning boshi. Olis shimolda harbiy xizmatdaman. Bir kuni komandirimiz To‘raqul O‘rkachiyev Enasoy daryosi bo‘yida kimsan Chingiz Aytmatovni uchratganini aytib qoldi. Bu xushxabarni eshitganim zahoti meni ham tanishtirib qo‘yishni iltimos qila boshladim. To‘raqul og‘a biroz og‘rindi: “Qani, inim, bilib kelay-chi. Katta yozuvchining vaqti, imkoni, xohishi bo‘larmikan…” To‘g‘risi, dovrug‘i yetti iqlimga yetgan adib va arbobning oddiy askar bilan gurunglashishiga o‘zim ham ishonmasdim. U kishi prezidentlar, qirollar, kosmonavtlar, xullas, Yer yuzining kazo-kazolari bilan hamsuhbat bo‘lib yurgan bo‘lsa…
Shu xayolda uch soatni o‘tkazdim. Bir mahal komandirimiz o‘ziga xos bo‘lmagan betoqatlik bilan kelib qoldi.

“Omading bor ekan, askar! Chingiz og‘a uchrashuvga rozi bo‘ldi. O‘ziyam dangal odam ekan. Ammo-lekin seni ham yozuvchi deb yubordim. She’r-pe’ringdan ko‘tarib bor”, degancha nari ketdi.
Badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Kimsan, “Asrga tatigulik kun”, “Alvido, Gulsari!”, “Jamila” kabi asarlarni yozgan insonning oldiga “yozuvchiman” deb boramanmi? Kechirasiz, o‘rtoq komandir, Sibirning Tuva o‘lkasida oyog‘imdan sovuq o‘tsa-o‘tgandir, lekin miya faoliyatidan shikoyatim yo‘q!
Nihoyat, belgilangan vaqtda Enasoy sohiliga tushib bordik. Daryoga qarasam, anvoyi o‘tlar Marg‘ilon atlasiday tovlanadi, deng. Tomoqqa nedir tiqiladi, hayajonga yo‘yaman.
Mana, Chingiz og‘aga ko‘zim tushdi. Shu mahalgacha rangli-rangsiz suratlarini ko‘rib yurganimiz – buyuk yozuvchi bilan ota-boladay quchoqlashib ko‘rishdik. Xizmat qanday ketayotgani bilan qiziqdi. Turkona mulozamat bilan tushlikka taklif qildi. Dasturxon ustida suhbat qizidi.
– Jurnalist bo‘lmoqchiman, deng, – dedi Chingiz Aytmatov jilmayib. – Umuman olganda, taqdiringizni bog‘lamoqchi bo‘lgan hunar chakki emas. Umrimning ko‘p qismi ijodiy safarlarda kechgan. Tog‘-u toshlarni, dasht-u biyobonlar, daryo-ko‘llar, dalalar, o‘tloqlarni bearmon kezganman. Turli kasb egalari bilan qadrdonlashib, el bo‘lib ketganman…
Bu so‘zlardan “endi shu hunardan qolma, odamlarni kuzat – shu sening taqdiring”, degan bir ma’noni anglaganday bo‘ldim. Yoshlik havasi aniq maqsadga aylandi. Shu uchrashuvni sharh etish uchun ham jurnalist bo‘lishim shart edi go‘yo.
Suhbat mavzusi o‘z-o‘zidan turkiy xalqlarning muqaddas meroslaridan bo‘lgan Enasoy tarixiga ko‘chdi. Chingiz og‘aning “Oq kema” qissasidagi she’r esingizdami?
– Ko‘nglimdagini aytsam, Tuva kengliklarini, to‘lib-toshib oqadigan Enasoyni sevaman. Moskvada oliy adabiyot institutida o‘qib yurganimda ham, undan so‘ng ham ko‘p bor turkiylarning or-nomusini, latofatini entikib sog‘inishim hamon oyoqlarim beixtiyor shu yoqqa boshlardi. Bu daryoning mavjudligi, uning sir-sanoati haqida bolaligimda zo‘r qo‘bizchi Aytmat bobomdan ko‘p eshitgandim. Och pushtirang to‘lqinlar pishqiradi. Ulkan daryo ustida suv qushlari shovqin solib “gap bozori”ni qizitadi. Tumshuqlarini suvga tiqib ho‘rak izlab topadi. O‘zi men daryo sohili bo‘ylab tanho sayr qilishni, adoqsiz xayollarga cho‘mishni yaxshi ko‘raman, – deya xiyla sukutga cho‘mdi Chingiz og‘a.
Shu kuni adibning gurungga mayli bor ekanmi, hayotidagi qiziq voqeani shunday hikoya qilib berdi:
“Bir gal Talasga borsam, Boz aka (to‘liq ismi Bozorboy) “shaharda siqilib ketgandirsan”, deb tog‘ga sudradi. Cho‘pon manzilga borguncha og‘zidan bol tomib, uchragan o‘simliklar, qushlar, hayvonlar to‘g‘risida gapirib bordi (Qani endi, imkonim bo‘lganida, nuqul tog‘lardagi buloqlar-u chashmalar, maysalar-u chechaklar, lochinlar-u burgutlar, arxarlar-u ilvirslar, turfa qushlar to‘g‘risida asarlar yozgan bo‘lardim). Kun nayza bo‘yi ko‘tarilgan, peshin og‘ishiga hali vaqt bor edi.
Bir payt o‘ngirlar orqali orqa-oldiga qaramay, lo‘killaganicha ketayotgan bo‘rilar galasini ko‘rib qoldik. Ortidan sezdirmasdan, izma-iz boraverdik. Qashqirlar so‘qmoq yo‘ldan vodiyga enib borardi. Oldinda kallasi katta, bo‘yni yo‘g‘on arslon bo‘ri ildamlar, uning orqasidan tag‘in yettita bo‘ri marosimdan qolmaslik uchun ergashib borardi. Ayniqsa, tepadan ularning har bir harakati aniq ko‘rinib turardi.
Hademay qish bostirib keladi. Ana o‘shanda bu yerga tizzabo‘yi qor yog‘adi. Bo‘rilarga esa qorin to‘yg‘izish tashvishi tushadi. Agar o‘lja topsa, yayrab-yayrab, quvonib changini chiqaradi. Bordi-yu yegulik topilmasa…
Ortidan tushganimizni jonivorlar sezmasligi mumkin emasdi. Lekin bu o‘jar bo‘rilar qochishni xayoliga ham keltirmasdi. Birozdan so‘ng shunday bir holat yuz berdiki, aytgan bilan birov ishonishi amrimahol. Bo‘rilar buloq atrofida doira yasab, ko‘kka qarab uvlay boshladi. Bu yovvoyi tovush emas, rostakam nola-yu afg‘on edi. Ular taxminan shunday deb yolvorardi: “Ey, Qodir Egam! Bo‘ri qavmi uchun tirikchilik sharbatini simirish, xotirjam, tinch hayot kechirish tobora qiyinlashib borayotir. Tabiatdagi ulushimiz toraymoqda. Ustiga ustak odamzodning ta’qiblari… Sonimiz kamaydi. Ko‘plab qavmdoshlarimizni qiyratishdi. Bu ketishda bo‘ri qavmi uchun ov qiladigan yerlar, o‘lja oladigan jonivorlar qolmaydi-ku?! Shunday bo‘lgach, biz nasl qoldirish baxtidan mosuvo bo‘lamiz-ku? O‘zing biz bo‘rilarga rahm et, mushkulimizni oson et!” Buni ko‘rgan cho‘pon og‘am ham yig‘lab yuborgandi o‘shanda…”
Aytishicha, bu voqea o‘n bir yoshida bo‘lib o‘tgan va Chingiz og‘aning yuragida chuqur iz qoldirgan. Ijodkorning dili tubidan otilib chiqqan quyidagi so‘zlar ham meni befarq qoldirmadi:
– Uzoq yillar bo‘rilarni o‘rgandim, fikr yuritdim, maxluqlar tabiatini miridan sirigacha bilib oldim. Xo‘sh, nima uchun? Toshchaynar va Akbaraga o‘xshagan qilni qirq yoradigan, chayir, qo‘rquv nimaligini bilmaydigan nomdor bo‘rilarni “Qiyomat” romanimga qahramon qilib olish uchun. Salobatli va mahobatli tog‘ bag‘rida, Bozorboy cho‘pon otarida ko‘rganim – Toshchaynarni eslab, uning xarakterini yaratishga bel bog‘ladim. Oqibatda, voqealarga o‘quvchilarni ishontira oldim.
Chingiz og‘aning so‘zlarini tinglar ekanman, uning nasrida reallik va romantika uyg‘unlashib ketgani sabablarini anglay boshladim. Ha, buyuk adib ona tabiat bilan bir bo‘lib o‘ylar va o‘ylarini oq qog‘ozga mahorat bilan muhrlar, g‘aroyib jihati, u texnika asri yutuqlaridan foydalanmasdan, faqat ruchkada yozar ekan. “Barmoqlarim yozuv nafosatini, mashaqqatini his etsin, deyman-da” deb buyuk adib horg‘in jilmayib qo‘ydi.
O‘tgan vaqt mobaynida ko‘plab ulug‘ ijodkorlar bilan hamsuhbat bo‘ldim. Ammo umrimning eng unutilmas kuni – Chingiz Aytmatov suhbatiga musharraf bo‘lgan kunim edi. Men uchun o‘sha gurung hamon davom etmoqda. Qanday qilib? Mutolaa orqali…
Ulug‘bek JUMAYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
68
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
584



