20.01.2026 | 10:43
1292
BADIIYAT DARGʻASI
Mustabid tuzum illatlarini chuqur anglab yetgan adabiyotshunos, tanqidchi va tarjimon Asil aka Rashidov haqida gapirganda, har gal ichki bir taraddud sezaman. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Asil Rashidov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan “E’tirof” kitobini o‘qir ekanman, butun umrini milliy adabiyotimiz, ma’naviyatimiz rivojiga bag‘ishlagan, chin ma’nodagi fidoyi, serqirra ijodkorning badiiy-ijodiy salohiyati va benazir shaxsiyati ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Zamondoshlar xotiralari jamlangan ushbu kitob Inobatxon Rashidova tomonidan nashrga tayyorlangan ekan.

Asil akani aspirantlik chog‘laridan bilaman. Chunki bir vaqtda aspiranturaga kirgandik. Ammo keyinchalik o‘qishni vatanparvarlik va milliy kadrlar yetishtirishda tengi yo‘q zabardast olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Habib Abdullayev tavsiyasiga ko‘ra, Leningradda davom ettirishimga to‘g‘ri keldi.
50-yillar oxiri edi. Sentyabr miyonasidan dekabr nihoyasigacha o‘zbekistonlik barcha aspirantlar qatorida paxta terimida bo‘lib, ilk bor Asil aka bilan yaqindan tanishganman. Siyosat shunaqa edi-da, o‘quvchimisan, aspirantmisan, akademikmisan – farqi yo‘q, hamma dalaga haydalar, “oq oltin”ni so‘nggi misqoligacha terib olish shart edi.
Balki, bugungi avlodda savol tug‘ilar: “Asil akangiz respublikaning o‘sha paytdagi rahbarlaridan biri bo‘lmish Sharof Rashidovning tug‘ishgan ukasi, jon-jigari bo‘lsa, terimda nima qilib yuribdi?” U kishi Sharof Rashidovning kenja ukalaridan bo‘lsa-da, hech qachon akasining mavqeini suiiste’mol qilishga urinmagan. Oilaviy an’anaga ko‘ra, Sharof Rashidov Oliy Sovet Prezdiumi Raisi bo‘lganda ham, birinchi kotiblik davrida ham oila a’zolarini, birinchi navbatda ukalarini o‘z mehnati bilan yashashga o‘rgatgan, bu masalada qattiqqo‘l bo‘lgan. Shunday tarbiya ko‘rgan Asil aka ham o‘z bilimiga, iqtidori va kuchiga ishongan, nimaga erishgan bo‘lsa, halol mehnati sababli erishgan inson edi.
Shu o‘rinda Sharof Rashidov bilan bog‘liq bir voqeani aytmasam, insofdan bo‘lmas. 1982-yilning kuzi. Surxondaryodagi Jarqo‘ton bronza davri yodgorligida qazishmalar olib borayotgan edim. Bir kuni manzilgohga Sharof Rashidov tashrif buyurdi. Men 2-2,5 metr chamasi chuqurlikda qabila sardorining qabrini ochish bilan band edim. Rahbarlar kelganini sezmay qolibman. Qarasam, Sharof ota men tomon yaqinlashib, qo‘l uzatyapti. Shogirdlarimga tezda narvon, suv va sochiq keltiringlar, dedim. Shu payt Sharof Rashidovich: “Sizning qo‘lingizga yuqqan ajdodlar gardi mening qo‘limga ham yuqsin”, deb meni bag‘riga bosib, otalarcha manglayimdan o‘pdi.
Asil aka ana shunday zotning jigari edi, o‘zi ham yuksak fazilat ruhida tarbiya topgan shaxs, ijodiy mehnatda toblangan jasur jurnalist, bukilmas iroda sohibi, taniqli adabiyotshunos olim, mohir tarjimon bo‘lib yetishdi.
Asil Rashidov portretidagi eng muhim chizgilardan biri buyuk adib Chingiz Aytmatov bilan bog‘liq. O‘zbekistonda Aytmatov ijodini chuqur biladigan, asarlarining barchasini o‘qib, ularda ko‘tarilgan g‘oyalarni teran anglab yetgan Asil Rashidovdek badiiyat darg‘asi kam bo‘lsa kerak.
Buning sababi bor, albatta. Asil aka nafaqat Chingiz og‘a ijodining qaymog‘ini o‘zbek kitobxonlariga yuksak mahorat bilan yetkaza oldi, ular haqida qator maqolalar, kitob va adabiy portretlar e’lon qildi. Uzoq yillik ijodiy izlanishlar o‘laroq maydonga kelgan “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” asari yuqorida e’tirof etilgan uch yo‘nalishdagi mehnat hosilasi o‘zbek milliy adabiyotshunosligining yorqin timsoli bo‘lib tarixga kirdi.
Tarixda ham, hozir ham tarjimonman, deganlar ko‘p. Ammo badiiy tarjima o‘ta murakkab ish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Til bilishning o‘zi kamlik qiladi. Bunday tarjimon kishi ruhining ichki dunyosiga kira bilish iqtidoriga ega bo‘lishi kerak. Bu asnoda Asil aka benazir edi. Uning bu noyob iqtidoriga Chingiz Aytmatovning o‘zi ham tan bergan.
Asil aka ijod bilan birga pedagogika institutida uzoq yillar adabiyot fanidan dars berib, navqiron qalblarni bu sehrli dunyoning sir-asrorlari bilan oshno etdi.
U kishining “Akam haqida” nomli risolasi Sharof Rashidovni yurt sardori, ijodkor sifatida emas, balki oila boshlig‘i, mehribon ota va aka sifatidagi sof insoniy fazilatlarini muxtasar tarzda ifoda etgani bilan ham qimmatlidir. Aslida, Asil aka bir umr akasiga qilingan tuhmat-u yolg‘onlardan ozor chekib o‘tdi. U kishining ilm-ma’rifatga to‘lgan qalbi bo‘htonlarga uzoq bardosh bera olmadi. Davlat va xalq Sharof Rashidovning pok nomini tiklab, xotirasini ulug‘lagandan keyin u kishiga tosh otganlarning birdan o‘zgarib qolganini ko‘rganda alloma tarjimon xayolidan nelar o‘tdi ekan…
Kitob bahona, ulug‘larimizni yod etdik. Ilohim, ikkisining ham ruhi shod bo‘lsin!
Ahmadali ASQAROV,
akademik, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-yanvardagi 3-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
99
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607



