19.03.2025 | 09:00
543
BARAKATLI HARAKAT
Ilmsizga ishonch, hunarsizga quvonch yo‘q, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, har ishning o‘z ilmi, har hunarning bir hikmati bor. Ilm-fan kundan kunga rivojlanib, oddiy dehqonchilik ham san’at darajasiga chiqayotgan bugungi jamiyatda har kishining kasbi kori bo‘lmog‘i davr talabidir. Zero, endi dunyoga havas ko‘zi bilangina emas, mahorat nazari bilan ham boqishga majburmiz.

Prezidentimizning “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ana shu talabga mos va xos hujjat bo‘lib, uning ijrosi yuzasidan ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda. Pirovardida aholi bandligi bilan bog‘liq muammolarning ham hal etilishi, ayniqsa, quvonarlidir.
Navbahor tumanidagi 2001-yilda kasb-hunar kolleji uchun qurilgan umumiy maydoni 3,7 gektarlik muassasaning 912 o‘rinli binosi optimallashtirish asnosida Navoiy viloyatidagi yirik sanoat korxonalari tomonidan yangi zamon talablariga moslab qayta jihozlandi. Ishlab chiqarish korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kasb va mutaxassisliklarga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligidan kelib chiqqan holda, shu joyda tashkil etilgan Navbahor tumani 2-politexnikumi o‘rta bo‘g‘in kadrlarini ko‘paytirishga ixtisoslantirildi. Unga tumandagi ishsiz, oilaviy sharoiti og‘ir va uyushmagan yoshlar jalb qilindi. Binoni kapital ta’mirlash ishlariga esa naq 40 milliard so‘m sarflandi.
Xo‘sh, shuncha mablag‘ evaziga tashkil qilingan o‘quv dargohining faoliyati nimadan iborat o‘zi? Kollej va kasb-hunar maktablarini politexnikumlarga aylantirishdan ko‘zlangan maqsad nima?
Ma’lumki, respublikamizda yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha ta’lim darajalari belgilangan bo‘lib, ularda o‘quv darslari to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Ammo ixtisosiga mos ravishda darslarni amaliyot bilan birga olib borishning imkoniyati chegaralangan edi. Shuni hisobga olgan holda, barcha kasbiy ta’lim muassasalari birlashtirilib, texnikumlar joriy qilishga kirishildi. Shuningdek, bu texnikumlarda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida dual ta’lim tizimi joriy etildiki, endilikda talabalar o‘qish bilan bir qatorda korxona va tashkilotlarda ish o‘rganish imkoniyatiga ham ega bo‘lishdi. O‘z o‘rnida texnikumlar ish beruvchi korxona va tashkilotlarga biriktirib qo‘yildi.
Jumladan, Navbahor tumanidagi 2-politexnikum bilan Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi va “Navoiyazot” singari yirik korxonalar o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan. Shuningdek, Ijtimoiy himoya agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan uzviy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tashkilotlarning barchasi politexnikum binosining ta’miriga o‘ziga xos hissa qo‘shdi.
Binoning uchinchi qavatida uzoq-yaqindan kelgan talabalar uchun 100 o‘rinli bepul yotoqxona tashkil etilgan. E’tiborli jihati, ular darsdan so‘ng politexnikum binosida faoliyat ko‘rsatayotgan “Qorovultepa zamonaviy eshiklari” MChJda ishlab, oylik maosh ham olishadi, bepul issiq ovqat bilan ta’minlanadi.
Shu o‘rinda Germaniyaning GIZ loyihasi asosida Xalqaro hamkorlik jamiyatining 200 million so‘mlik granti qo‘lga kiritilib, politexnikumga 28 turdagi tikuv uskunalari olib kelinganini qayd etish lozim. Bu yerdagi 200 o‘rinli ustaxona, 350 o‘rinli faollar zali, 60 o‘rinli oshxona va sport zalida havas qilsa arzigulik shart-sharoitlar yaratilgan. Bu yerda yoshlar payvandlovchi, avtomobil ta’mirchisi, elektromontyor, mebel ustasi, veterinar-feldsher, Ay-Ti ustasi mutaxassisliklariga ega bo‘ladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida tashkil etilgan ushbu o‘quv dargohida bugungi kunda turli toifaga mansub yoshlar kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. O‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim dasturlari joriy qilingan. Buning afzalligi shundaki, politexnikumni tamomlagan yoshlar boshqa xorijiy davlatlarda ham o‘z sohasi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishi mumkin. Ya’ni ularning O‘zbekistonda qo‘lga kiritgan kasbga oid hujjati boshqa mamlakatlarda inobatga olinib, hech qanday to‘siqsiz ishga qabul qilinadi.
– Qisqa o‘quv kurslarimiz ham bor, – deydi politexnikumning ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari Elyor Safarov. – Ba’zilar 4-6 oylik kursda nimani ham o‘rganish mumkin, deb o‘ylashadi. Lekin bu yerda bilim olgan yoshlarning ishga ham joylashayotgani natijasida tumanimiz aholisida politexnikumga qiziqish va ishonch kuchaymoqda. Masalan, tokarlik kursini tugatgan 18 nafar bitiruvchimiz Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga qabul qilindi. Shuningdek, laboratoriya yo‘nalishida o‘qigan xotin-qizlarning bir guruhi hozir “Navoiyazot” korxonasida ishlayapti. Biz faqatgina elektromontyorlik sohasi bo‘yicha ikki yil o‘qitamiz. Chunki bu yo‘nalish murakkab va biroz xatarli hisoblanadi.
Politexnikumda ayni paytda jami 651 nafar talaba 15 turdagi kasb bo‘yicha o‘qitilmoqda. Ustozlarning 35 nafari umumta’lim fanlari, 18 nafari ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha dars va mashg‘ulotlar olib borishmoqda.
E’tiborli jihati, Rossiyaning “KAMAZ” avtomobil zavodi vakillari bu yerda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, yuqori saviyadagi ta’lim tizimi va amaliyoti bilan yaqindan tanishgach, politexnikum bilan hamkorlik shartnomasi imzolashdi. Shunga asosan politexnikum bitiruvchilarining ikki ming nafari mazkur zavodga payvandlovchi, tokar, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va qurilish yo‘nalishlari bo‘yicha ishga qabul qilinadigan bo‘ldi.
Aytish joizki, turli sohalarda yildan yilga xorijiy investitsiyalar salmog‘ining oshishi natijasida ko‘plab ish o‘rinlari yaratilayotir. Bu o‘z-o‘zidan ichki va tashqi mehnat bozorida malakali mutaxassislarga talab oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shu jihatdan ertaga kadrlar qo‘nimsizligi muammosi paydo bo‘lmasligi uchun ish beruvchi korxona va tashkilotlarning mutaxassislarga bo‘lgan aniq talabi hisobga olinishi kerak. Politexnikumda bu masala doimiy e’tibor markazida. Jumladan, “Mengli Tekstil Group” MChJ bilan tuzilgan memorandum asosida talabalarga haftaning birinchi yarmida nazariy, ikkinchi yarmida amaliy saboqlar berilyapti.
Davlatimiz rahbari yoshlarga qarata shunday degan edi: “Farzandlari bilimli, iste’dodli, o‘zining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorug‘ bo‘ladi. Biz O‘zbekiston yoshlarini ana shunday ezgu fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”. Mamlakatdagi mavjud shart-sharoitlarga munosib tarzda jamiyatning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan navqiron avlod vakillari ham bilimli, ham harakatchan va shijoatli bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning haqiqiy vorislari – Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lib yetishishiga shak-shubha yo‘q.
Muhayyo RUSTAM qizi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592

