08.11.2024 | 10:59
916
Behbudiyni kim oʻldirgan?
Amalimning yulduzikim, koʻz tikdi
Qora, jirkanch, oʻlim koni – yerlarga.
Savol berdim: “Yoʻqotganim qayda?” – deb
Oʻzimni ham yutmoq boʻlgan erlarga.
Choʻlpon

Rossiyada 1917-yil Fevral inqilobining roʻy berishi Turkistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonni tezlashtirib yubordi. “Inqilob davrida mufti Mahmudxoʻja, – deb yozgan edi Hoji Muin, – Jahon muhorabasining soʻnggi yillarinda asabiy xastaligi shiddatlanib, ishlay olmaydigan bir holgʻa kelib edi. Fevral inqilobi bilan yana yangi ruh, yangi quvvat olib ishga kirishdi”.

Ammo davr oʻzgarib, ijtimoiy hayot sahnasida yangi-yangi kuchlar paydo boʻla boshladi. Shunday kuchlardan biri Muxtoriyat dasturi loyihasini ishlab chiqib, uni 1917-yil avgustida “Kengash” gazetasida eʼlon qildi. Bu loyiha Turkistondagi taniqli siyosiy arboblar, huquqshunoslar va ulamolar ishtirokida tuzilgan boʻlib, ular orasida Behbudiy ham bor edi.
Turkiston Muxtoriyat hukumatining oʻrnatilishi Behbudiyning kuchiga-kuch, gʻayratiga-gʻayrat qoʻshib yubordi. “27-noyabrda Xoʻqandda, – deb yozdi u “Turkiston muxtoriyati” sarlavhali maqolasida, – Turkiston muxtoriyati umumiy musulmon syezdigʻa eʼlon qilindi. Muborak va xabarli boʻlsun! Kamina ham majlisda boʻlishi uchun iftixor etaman. Yashasun Turkiston muxtoriyati!”
Chor mustamlakachilarining vorislari boʻlmish bolsheviklar Turkiston Muxtoriyati hukumatining oʻrnatilganidan mutlaqo manfaatdor emasdilar. Buni yaxshi bilgan Behbudiy “Bizga isloh kerak”, “Haq olinur, berilmas!”, “Qozoq qardoshlarimga ochiq xat”, “Yoshlarga murojaat” singari publitsistik maqolalar yozib, taraqqiyparvar milliy kuchlarni birlashishga va Turkiston Muxtoriyat hukumatini himoya qilishga daʼvat qildi. Lekin kuchlar teng emas edi. 1918-yilning 19-fevral kuni Turkiston oʻlka harbiy komissari Ye.Perfilyev boshchiligidagi yaxshi qurollangan qoʻshin Qoʻqonni 12 zambarakdan oʻqqa tutib, Muxtoriyatni ham, Qoʻqoni latifni ham qonga botirdi. Bu Behbudiy orzu-umidlarining yana bir bor payhon qilinishi edi.

Hoji Muinning xotirasini oʻqishda davom etsak: “Shundan soʻngra hech bir kishigʻa onglatmasdan maslakdosh va fikrdoshlari mulla Mardonqul Shohmuhammad oʻgʻli, Muhammadqul Oʻrinboy oʻgʻli bilan 25-mart oyinda 1919-yil asrorangiz bir suratda Samarqanddan gʻoyib boʻldi. Oradan bir hafta oʻtgandan keyin bularning Qarshi yoʻli bilan safargʻa chiqqanlari, Qarshi shahridan Buxoro hukumati tarafindan ushlanib hibsga olingʻonlari, hatto shahid boʻlgʻonliklari shoyiʼ boʻldi. Shundan soʻngra muxtalif (xilma-xil) xabarlar koʻp eshitildi. Lekin rasmiy suratda na hayotlari, na momotlari sobit boʻlmadi. Shuning ila barobar Samarqand aholisi bularning shahid oʻlgʻonliklarini zanni (taxmin) ila inonib marosimi taʼziya va qadrdonishini yod etmoqchi boʻldi”.
1919–1920-yillar matbuoti, ayrim zamondoshlar xotira va esdaliklarida Behbudiy nima sababdan Samarqanddan chiqib ketgani haqida aniq maʼlumot uchramaydi. Faqatgina Hoji Muin Hojimurod Xudoyberdiyevning “Maʼrifat qurbonlari” pyesasi zaminida tayyorlagan shu nomli besh pardali dramasida ayrim dalillar bor. Shu spektakl haqida maxfiy xizmat idorasiga xabar bergan “Somnitelniy” laqabli agent oʻz axborotida pyesada Behbudiyning Yevropa sayohatiga chiqmoqchi ekani, yoʻlda Nuriddin Ogʻaliqning uyida toʻxtagani haqida fikrlar borligini xabar qiladi. Binobarin, Hoji Muin Behbudiyning oʻlimini taftish qilish komissiyasining xulosasidan xabardor boʻlgan va ustoziga bagʻishlangan maqolalarida bor haqiqatni yoza olmagan. Shu bois asl voqeani pyesa tarzida maʼlum qilishga intilgan. Bu masalada H.Xudoyberdiyevning pyesasi qoʻl kelgan. Behbudiyning Yevropaga safarga chiqmoqchi ekani, Nuriddin Ogʻaliqning uyida toʻxtashi haqidagi maʼlumotlar boshqa biron joyda uchramaydi, hatto S.Ayniy, A.Shohmansurzoda va boshqalar maqolasida ham.

“Somnitelniy”ning maʼlumotidan va pesadan maʼlum boʻlishicha, M.Behbudiy oʻzining doimiy hamrohlari Mardonquli Oʻrinboy oʻgʻli va Mardonqul Shomuhammad oʻgʻli bilan birga Yevropaga otlangan. Ammo yoʻlda… Buxoro amirligi hududida qoʻlga olingan…
Behbudiy qayerga bormoqchi boʻlgan?
“Shu yillarda Turkistonning mustaqilligi yoʻlida kurash olib borgan ziyolilar, bir tomondan, Angliya, ikkinchi tomondan, Turkiya singari davlatlardan harbiy yordam olmoqchi boʻlganlar. Oʻz navbatida, Turkistonning Rossiya tasarrufidan chiqib ketishini istagan va bundan manfaatdor boʻlgan davlatlar ham oʻlkadagi muxolif guruhlar bilan aloqa oʻrnatishga intilganlar. Behbudiyning 1919-yil fevralida Toshkentga kelib ketishi ham, bizningcha, ana shu har ikki tomonning bir-biri bilan yaqinlashishi yoʻlidagi saʼy-harakat edi. Binobarin, uning maqsadi manfaatdor xorijiy davlatlar bilan aloqa oʻrnatish, ulardan harbiy, moddiy va maʼnaviy yordam olish edi.

Behbudiy, taxminimizga koʻra, shu safar chogʻida Turkiston Muxtoriyati hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etgan maslakdosh birodarlari bilan uchrashgan. Ular ikki guruhga ajralib, Behbudiy boshchiligidagi bir guruh Samarqanddan, Muxtoriyat hukumatining harbiy noziri Ubaydulla Xoʻjayev va taniqli maʼrifatparvar Saidnosir Mirjalilovdan iborat ikkinchi guruh esa Toshkentdan maxfiy ravishda yoʻlga chiqib, Bokuda uchrashish haqida kelishib olganlar”, deb yozadi tadqiqotchi olim Naim Karimov
Behbudiyni kim oʻldirgan?
Behbudiyning gʻoyib boʻlganligi haqidagi ilk rasmiy xabar ular chiqib ketganlaridan bir oy keyin “Mehnatkashlar tovushi” gazetasining 1919-yil 23-aprel, ikkinchi xabar esa oʻsha yilning 20-noyabr sonlarida berilgan. Soʻnggi xabarda, jumladan, eʼtiborga molik bunday maʼlumotlar boʻlgan: “Temurxon afandi (adabiyotshunos Halim Sayidning yozishicha, Birinchi jahon urushi arafasida Istanbulga oʻqishga borgan samarqandlik – N.K.) bergan maʼlumotga koʻra, Behbudiy afandi Samarqanddan chiqib, Buxoro muzofotidan hibs qilingʻoni hamon bu xabar Bokuda shoyiʼ (maʼlum) boʻlgʻon. Bokuda turgʻuvchi turkistonli Said Nosir ismli bir zot bir vosita topib, Buxorodan Behbudiy haqinda maʼlumot soʻrab, taxlisi (xalos qilish) uchun koʻshish (harakat) qilgʻon. Lekin bu haqida Buxorodan hech bir xabar ola olmagʻon. Bu mavsuq (aniq) xabardan maʼlum boʻlurki, mundin burunroq Moskvadan kelib, “Ishtirokiyun” gazetasi idorasinda “Behbudiy afandi Qofqozda ekan”, deb xabar bergan I.M. afandining soʻzi ham, Xorijiya komissariyati vositasi-la Musulmon oʻlka byurosining Behbudiy afandi haqinda soʻragʻon savoliga Buxoro hukumatining “Mahmudxoʻja Behbudiyni hibsdan chiqarib, uzatib edik”, deb bergan javobi ham shubhali xabarlar qismindandur”.
“Behbudiyning so‘nggi kunlari” maqolasida (“O‘zAS” 22.08.2008-yil) muallif Poyon Ravshanov, “Qashqadaryo viloyat arxiv ishlari hududiy boshqarmasi xazinasidan topilgan ma’lumotlar asosida buyuk ma’rifatparvarning so‘nggi kunlariga doir mavhumlikni oydinlashtirishga harakat qilgan. Viloyat hokimligi arxividan topilgan 34-jamg‘arma 1-ro‘yxatdagi 55-ishga doir qaydlar esa Behbudiyning so‘nggi manzilini aniqlashga doir izlanishlarga turtki bo‘lgan”ligini yozadi.
Behbudiy murakkab siyosiy davrda faoliyat ko‘rsatgan edi. Bir tarafdan Rossiyaning vassal tariqasida mustaqil hukm surib kelayotgan Buxoro amirligini butunlay qo‘l ostiga olish harakatini kuchaytirishi, ikkinchi tomondan amirlik ichida ziyolilar noroziligi o‘sib, “Yosh buxoroliklar”ning amirlik tuzumini ag‘darishga intilishi amirning qat’iy choralar ko‘rishiga sabab bo‘lgandi.
Sho‘rolar dastlab millatning taniqli ziyolilari, taraqqiyot tarafdorlarini turli yo‘llar bilan o‘z safiga og‘dirishga e’tibor qaratadi. Fuqaroparvarlik, tenglik kabi so‘zlar o‘sha vaqtda millatning bu toifasini ishontirib, ohanrabodek o‘ziga jalb etgandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy ham bu shiorlardan ustalik bilan foydalangan sho‘ro hukumatiga bir qadar ishonch bilan qaragani tabiiy. Biroq u tez orada sho‘rolarning aldovlari mohiyatini tushunib yetadi.
Ishonch va orzulari poymol bo‘lgan Behbudiy 1918-1919-yillari qattiq pushaymonlikni boshdan kechiradi va bir muddat sho‘rolar hukmronligi ostidagi yurtdan uzoqroqda bo‘lishni xohlaydi. Buxorodan ham najot yo‘q, amir Behbudiyni xush ko‘rmaydi. Negaki, 1919-yil bahorida “Yosh buxoroliklar”ning amirni ag‘darishga doir harakatlari kuchaya boshlagandi.
Bu paytda amirlik sho‘rolarning bostirib kelishi, fitna uyushtirishiga qarshi chegaralarni mustahkamlay boshlagan. Asosan, Turkiston general gubernatorligi qaramog‘idagi mulklardan keluvchi karvon va yo‘lovchilar qattiq nazorat ostiga olingan. Taxtiqoracha dovonida harbiy quvvatni oshirish uchun 18 million so‘m sarflangan. Behbudiyning 1919-yil 25-martdagi xorij safari amirlik sarhadlarini qo‘riqlash kuchaygan shu davrga to‘g‘ri kelgan.
Xo‘sh, Behbudiydan qutilish kimlarga kerak edi?
Bolsheviklar Buxoro amirligini zabt etishga jon-jahdi bilan intilayotgani, amirlikning ham unga qarshi kurashga shay ekanini hisobga olsak, Behbudiyni yo‘q qilishdan qaysi taraf ko‘proq manfaatli edi, degan savol kelib chiqadi. G‘irrom siyosatini mustahkamlash uchun sho‘rolarning Behbudiy singari xalq hurmatiga sazovor kishilarga ehtiyoji katta edi. Amirlik esa “Yosh buxoroliklar”ning jiddiy kuchga aylanganini bila turib, Behbudiydek rahnamoni o‘ldirishga botina olmasdi. Bunday harakat lovullay deb turgan gulxanga moy quyish bilan barobar bo‘lardi. Aslida-ku, ikki taraf ham o‘z maqsadi yo‘lida o‘nlab Behbudiylardan voz kechishga tayyor edi. Shu sababli qulayroq imkoniyatni kutish ular uchun maqsadga muvofiq edi. Voqealar rivojida shunday vaziyat vujudga keladi. Behbudiy Taxtiqoracha dovonida qo‘lga olinib, hamrohlarining ham shaxsi aniqlangach, Qarshi begi Tog‘aybek orqali Buxoroga xabar yetkaziladi.
Sho‘ro hukumati bo‘lajak bosqin uchun barcha imkoniyatni ishga solgan, maxfiy xizmatni yo‘lga qo‘ygandi. Uning xufyalari nafaqat amir saroyi, qo‘shinlari, shu bilan birga, amirlikka qarashli shahar va qishloqlarda ham paydo bo‘ladi. Ma’lumot to‘plash va shu asosda ish ko‘rish GPUning asosiy faoliyati edi. Behbudiyning safari, qo‘lga olinishi, o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqealar ham uning nazaridan chetda emasdi.

“1920-yil 2-sentabrda “inqilob” degan soxta niqob bilan xaspo‘shlangan bosqinchilik natijasida Buxoroning katta harbiy kuch bilan bosib olinishi unga qarshi ozodlik harakatini tug‘dirmasligi mumkin emasdi. Sho‘rolar ana shu milliy ozodlik harakatini o‘zlarining g‘oyaviy maqsadidan kelib chiqib, “aksilinqilobiy harakat”, harakat rahnamolarini esa “aksilinqilobiy tashkilot”, deb atagan. Shuning uchun ham Qashqadaryo viloyat arxiv ishlari boshqarmasi xazinasidagi 172-jamg‘arma 2-ro‘yxatdagi 20-ishda 1920-yili sho‘ro tuzumiga qarshi “aksilinqilobiy tashkilot” tuzilgani, uning sho‘rolarga qarshi faol ish olib borgani haqida hikoya qilinadi. Bu hujjatda vatanparvarlik-norozilik harakati to‘g‘risida hozirgacha biror manbada tilga olinmagan hayratomuz dalillarga ham duch kelamiz.” (“Behbudiyning so‘nggi kunlari”. “O‘zAS” 22.08.2008-yil)
Qashqadaryolik adiba Sharofat Ashurova maqolasida bu haqida ancha qiziqarli mulohazalar aytilgan. U masalaga boshqa tomondan qaraydi.
Xoʻsh, Behbudiyning qabri qayerda?
Bu haqda dramaturg Solijon Poʻlatov “Nasaf” gazetasida (2000-yil) shunday yozadi: “Men Mahmudxoʻja Behbudiyning qatliga doir maʼlumotlarni koʻzdan kechirdim, qariyalar bilan suhbatlashdim. Shu narsalarga amin boʻldimki, ular yashirin holda atrofi qalin devorlar bilan oʻralgan xilvat chorbogʻda oʻldirilib, soʻng madrasa devori yaqinidagi tut daraxti yoniga koʻmilgan. Bu qabrlar 1950-yillargacha mavjud boʻlgani, keyinchalik boshqa joyga koʻchirilgani, qayerdaligi nomaʼlumligini soʻzlab berishdi, joyini koʻrsatishdi, hozir bu tut saqlanib qolmagan. (Hozirgi “Umid” bolalar bogʻchasi darvozasiga yaqin joyda boʻlgan.)”
Behbudiy hazratlarining hayoti haqida Sharofat Ashurova ustozi taniqli yozuvchi Samar Nurov bilan ham suhbatlashib, uning soʻzlarini keltiradi:
— Balki, Xoʻja Abdulazizxon madrasasi devori tagidagi tutning yonidagi qabrlar u kishi va doʻstlarinikidir. Ammo, yana bir narsani taʼkidlashni istardim, boshimizda yetmish yil qilich oʻynatgan siyosatdonlar oʻz ortlarini tozalab ketishni ham bilganlar. Balki, Qarshi shahridagi bolalar bogʻiga toʻrtta qabr koʻchirilgan edi, shular jadid bobolarimizniki boʻlishi mumkin. Chunki oʻttizinchi yillari shahid boʻlganlarning qabrlarini shu yerga koʻchirib keltirish urfga aylangan. Ammo u kishi buyuk zot boʻlgan, Amirni qoralash uchun ham, jadidlarni qatagʻon qilishda ham Behbudiyning ulugʻligi qoʻl kelgan. Behbudiyni Amir oʻldirtirdi, deb xalqni chalgʻitganlar va shuning barobarida shogirdlari sifatida ziyoli qatlamlar ham yoʻq qilingan. Shuning uchun ham qotillik va uning qabri pinhona saqlangan…
Behbudiy abadiyati
Odatda ulugʻ insonlar yorugʻ dunyoni tark etganlarida: “Ular xotirasi avlodlar qalbida abadiy saqlanadi”, degan soʻzlarni aytamiz. Bu soʻzlar oʻz vaqtida Behbudiy va uning safdoshlari shaʼniga ham aytilgan. Behbudiy vafoti munosabati bilan oʻnlab marsiyalar, maqolalar va xotiralar yozildi. Shulardan biri shoir va adabiyotshunos Vadud Mahmud qalamiga mansub boʻlib, unda quyidagi yurak soʻzlari bitilgan edi: “Mahmudxoʻja Behbudiy Turkiston degan oʻlkaning boshligʻi edi. Mahmudxoʻja Turkistonning yoʻlboshchisi edi. Mahmudxoʻja oʻzining Turkiston bolasi ekanini tushungan bir yigit edi. Shuning uchun u bizga, Turkistonga har narsa edi… Mahmudxoʻja Turkistonning yangilik davri tarixinda yorugʻ bir chirogʻ edi”.
Xabardor.uz saytidan olindi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



