Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.08.2026 | 11:29

img631

“BIZ – 40 MILLIONLI XALQMIZ!”

Ming yillik tarix dalolatiga ko‘ra, qadim Turkiston zamini egalari bo‘lgan ulus dehqonchilik va chorvadan tashqari, savdo-sotiq, ishlab chiqarish sanoati bilan ham shuhratli bo‘lgan. Chunonchi, XVII asrda xon va muarrix Abulg‘oziy Bahodirxon Xurosonga jo‘nagan karvon hamda “o‘rusg‘a savdog‘a” ketgan “o‘n yetti kishi” haqida xabar beradi. 1804-yil “xorazmlik ikki yuz savdo kishisi ko‘pgina qimmatbaho mollar bilan katta karvonni tayyorladilar”, deb yozgan.

Arxiv hujjatlaridan ayon bo‘ladiki, Xorazm shaharlaridan qo‘shni davlatlarga “paxta va matodan tashqari qo‘y terilari, uzum mayizi, guruch, meshlar, tozalangan tola, ipak” va boshqa ashyolar olib borilganki, bu mahsulotlar bevosita va bilvosita sanoat taraqqiyoti samarasi hisoblanadi. Mirishkorlik, ziroatchilik, ko‘nchilik, zargarlik, chilangarlik, kulollik, kosiblik va ko‘plab tadbirkorlik amaliyoti, ma’lumki, millatimizga xos xususiyatdir. Mazkur xislatni mamlakat miqyosida rivojlantirishning tarixiy asosi hamda zamonaviy imkoniyatlari mavjud.

* * *

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan VI ochiq muloqoti mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanish tarixida navbatdagi muhim bosqichni belgilab berdi. Mamlakat bo‘ylab 25 mingga yaqin biznes vakillarini qamrab olgan ushbu anjuman hisobot yoki muloqotgina emas, balki davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi strategik ittifoq mustahkamlanganining amaliy in’ikosi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining nutqida erishilgan natijalar qatorida yaqin kelajakdagi strategik maqsadlar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi yo‘lga qo‘yilganidan buyon biznes rivojiga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim topildi. Muloqotda aytilganidek, bu davrda tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingani, kredit portfeli 3 barobar oshib, 450 trillion so‘mga yetgani davlat siyosatining markazida aynan tadbirkor turganini ko‘rsatadi.

Xo‘sh, nima uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikka va ularning huquq-manfaatlarini himoya qilishga bunchalik katta ahamiyat qaratyapti? Xivadagi muloqot mazmunidan kelib chiqib, ushbu savolga tahliliy javob topishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida eng muhim geodemografik omilni eslatib o‘tdi. “Biz – 40 millionli xalqmiz”. Demak, mazkur raqam ortida juda katta ijtimoiy mas’uliyat bor. Ayni paytda har yili mehnat bozoriga yuz minglab yoshlar kirib kelmoqda.

Davlat sektori buncha aholiga yagona ish beruvchi bo‘la olmaydi. Aholini uzoqqa yubormay, o‘z mahallasida daromadli ish bilan ta’minlashning yagona real va barqaror yo‘li – tadbirkorlikni rivojlantirishdir. Xorazm tajribasi (viloyat iqtisodiyotining 72 foizi va eksportining 81 foizi kichik biznes tomonidan yaratilmoqda) buning isbotidir.

Joriy yilda yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish kabi ulkan marralar qo‘yildi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti xomashyo sotishdan to‘liq voz kechib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va yuqori texnologiyalarga asoslangan xizmatlar ko‘rsatishga o‘tishi kerak. Prezident tadbirkorlarga murojaat qilar ekan, ularni shunchaki ish o‘rni yaratish emas, balki yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishga chaqirdi.

Mazkur masala nega muhim? Gap shundaki, ishchining maoshi yuqori bo‘lsa, uning xarid qobiliyati oshadi, bu esa o‘z navbatida ichki bozorni va boshqa tadbirkorlar faoliyatini rivojlantiradi. Yuqori daromadli ish o‘rni yuksak malakali kadr va zamonaviy texnologiya demakdir. O‘zbekiston mahsulotlari dunyo bozorida raqobatdosh bo‘lishi uchun qo‘shilgan qiymatni oshirish, xomashyoni chuqur qayta ishlab, uni brend darajasidagi tayyor mahsulotga aylantirish, tashqi bozorlarga jadal kirib borish, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni va Yevropaning GSP+ tizimidan unumli foydalangan holda eksport geografiyasini kengaytirish talab etiladi.

Shu o‘rinda bir narsani tan olishimiz kerak. Murakkab geosiyosiy sharoitda birinchi yarim yillikda yurtimizda 8,5 foizlik o‘sishga erishilgani va kredit reytinglari yaxshilangani aynan tadbirkorlarning mehnati samarasidir. Prezident ta’kidlaganidek, “Iqtisodiyotni soyadan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak”. Tadbirkorning huquqlari himoya qilinsa va tizim shaffof bo‘lsa, soyadan chiqishdan uning o‘zi manfaatdor bo‘ladi.

Muloqotda e’lon qilingan tashabbuslar esa tadbirkorlikka alohida “bosqichma-bosqich” yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi. Birinchidan, moliyalashtirishning inqilobiy ekotizimi barpo etilmoqda. Endilikda kredit berish shunchaki pul ajratish emas, balki biznesning o‘sish bosqichiga qarab “Biznes start”, “Biznes lift” va “Biznes yuksalish” dasturlari orqali amalga oshiriladi. “Biznes start”da sun’iy intellekt yordamida hujjatlar tayyorlanib, yangi ish boshlayotgan tadbirkorga 200 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. 10 milliard so‘mgacha kredit olishda tadbirkor bor-yo‘g‘i 25 foizlik garov topsa kifoya. Ushbu mexanizmlar tadbirkorga moliyalashtirish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytiradi, kichik va o‘rta biznesning eng muhim to‘siqlarini bartaraf etadi.

Ikkinchidan, hududlar salohiyati va resurslarga erkin chiqish imkoniyati yaratiladi. Davlat mulkini xususiylashtirishda avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga tushirildi, qolgan qismini 7 yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lash imkoni berildi. “Bond sanoat zonalari”ning tashkil etilishi, banklar balansidagi 9 trillion so‘mlik mulklarning chegirma bilan sotilishi va gaz/energiya uchun avans to‘lovining 15 foizga tushirilishi tannarxni ahamiyatli darajada arzonlashtiradi.

Uchinchidan, sun’iy intellekt va kapital bozorida texnologik sakrash yuz beradi. Prezidentimiz eng zamonaviy trendni ilgari surdi. “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlandi. Xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi, 100 million dollar ajratiladi. Mazkur tashabbus mahsulot unumdorligi va tannarx raqobatbardoshligini oshirish uchun berilgan muhim imkoniyatdir. Shu bilan birga, 1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatish hamda yiliga 50 ta korxonani IPOga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

To‘rtinchidan, yetkazib berishdan “Eksport navigator”gacha tizimi amalga oshiriladi. Eksportchilarni “podshohday asrash” tamoyili ilgari surildi. 1 milliard dollarlik qo‘llab-quvvatlash tizimi, “Eksport elchilari” instituti va top-100 mahsulot bo‘yicha logistika yechimlari tadbirkorni tashqi bozordagi shafqatsiz raqobatda yolg‘iz qoldirmaydi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltirilishi, asosiy va istiqbolli tashqi bozorlarda “eksport elchilari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish esa milliy biznesning xorijdagi manfaatlarini institutsional himoya qilish mexanizmlarini kuchaytiradi.

Beshinchidan, ma’muriy bosimga to‘liq barham berish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu yo‘nalish tadbirkorning huquqiy himoyasini mutlaqo yangi darajaga ko‘tardi. Kichik biznes uchun 3 yillik moratoriy e’lon qilindi. Jarimalar miqdori 2 barobar kamaytirildi. “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” va “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etildi. 30 dan ortiq litsenziyalar bekor qilindi, “sukut – rozilik” tamoyili kengaytirildi. Bu esa, Prezident tadbirkor huquqini himoya qilishni shaxsiy nazoratiga olganini ko‘rsatadi. Bularning barchasi biznes muhitida ishonch va xotirjamlikni mustahkamlashga qaratilgan. Mazkur choralarning iqtisodiy ahamiyatini faqat ma’muriy yengillik sifatida baholash kamlik qiladi. Chunki tadbirkor o‘z biznesining ertangi kuniga ishonsa, u ko‘proq investitsiya qiladi, yangi ishchi o‘rinlari yaratadi, texnologiya joriy etadi va uzoq muddatli rejalar tuzadi. Demak, huquqiy kafolat va ma’muriy barqarorlik ham iqtisodiy o‘sishning muhim omilidir.

Shu nuqtayi nazardan, VI ochiq muloqotda belgilangan chora-tadbirlarning barchasini bir nuqtada birlashtiruvchi umumiy mantiq bor. Davlat tadbirkorga faqat kredit yoki imtiyoz berib qolmayapti, balki kapital, aktiv, texnologiya, bozor, eksport, kadr va huquqiy himoyani bir-biri bilan bog‘laydigan yaxlit iqtisodiy ekotizimni shakllantirmoqda, bu tadbirkorlik siyosatining mazmunidagi jiddiy evolyutsiyadan dalolat beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning muloqot yakunidagi so‘zlari ushbu siyosatning falsafiy va siyosiy mohiyatini ochib beradi: “Sizlarning ortingizda doimo qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarishda yelkadosh bo‘lgan Prezident bor!”

Davlatimiz rahbarining bu boradagi qat’iyati bir qator omillar bilan izohlanadi. Eng avvalo, sarmoya qo‘rqoq – himoya va ishonch kerak. Sarmoyador (mahalliy yoki xorijiy) faqat huquqi mustahkam himoyalangan, mulki daxlsiz bo‘lgan va davlat idoralari tomonidan asossiz tekshiruvlar bo‘lmagan joyga pul tikadi. Boshqa tomondan, davlat apparati tafakkurini o‘zgartirish zarur. Afsuski, ba’zi nazoratchi va amaldorlar ongida haligacha tadbirkorga “daromad manbayi” yoki “aybdor” sifatida qarash inersiyasi saqlanib qolmoqda. Prezidentning shaxsiy kafolati va moratoriylar bunday byurokratik to‘siqlarni sindirish uchun zarur.

Muloqot davomida yana bir masalaga katta e’tibor qaratildi. Ya’ni, har bir hududning salohiyatidan kelib chiqib yangi o‘sish nuqtalari belgilab berildi. Toshkentda eksportga yo‘naltirilgan biznes, Farg‘ona vodiysida to‘liq zanjirli sanoat, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlarini rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosi, Qoraqalpog‘istonda “yashil” energetika, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt, Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari asosiy o‘sish nuqtalari etib belgilandi.

Ochiq muloqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda yangi avlod – zamonaviy, fikrlaydigan va tavakkalchi tadbirkorlar sinfi shakllanib bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan yuksak e’tibori – bu vaqtinchalik kampaniya emas, balki Yangi O‘zbekistonning strategik taraqqiyot modelidir.

Davlat tomonidan berilayotgan kafolatlar va yaratilayotgan imtiyozlar tadbirkorlardan faqat bitta narsani – jasorat bilan yangi loyihalarni amalga oshirishni, innovatsiyalarni joriy etishni va tashqi bozorlarga intilishni talab etadi.

Farovonlik aynan shunday iqtisodiy vatanparvarlik ustiga quriladi.

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 21-avgustdagi 34-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600