Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.06.2026 | 17:38

img1363

“SHUNI BILINGKI, BIZ DOIM SIZLAR BILANMIZ!”

Bugun butun dunyo nigohi Shimoliy Amerika qit’asiga qaratilgan. AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida rosa bir haftadan keyin boshlanadigan futbol bo‘yicha navbatdagi Jahon chempionati – mundial milliardlab muxlislar yuragini hovliqtirmoqda. Ummon ortida boshlanayotgan ushbu xalqaro futbol bayrami bu gal biz, o‘zbekistonliklar uchun butunlay boshqacha, tarixiy ahamiyatga ega. Zero, futbol tarixida ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu eng nufuzli musobaqada ishtirok etadi.

Futbol haqida gap ketganda ustoz Erkin Vohidov bir voqeani aytib bergandi. Atoqli ustozlardan biri bilan qaysidir viloyatga safarga borishga to‘g‘ri kelib, Erkin aka u kishining eshiklariga boripti. Hovliga kirsa, katta ustoz ayvonida sarpoychan o‘chiq televizorga qarab, alag‘da o‘tirganmish. Erkin aka “Ha, ustoz, tinchlikmi?” deb so‘rasa, oqsoqol “Futbol bo‘lyapti, biznikilar o‘ynayapti…” depti alang-jalang. “O‘ynayotgan bo‘lsa, nega ko‘rmayapsiz, to‘k yo‘qmi?” desa, keksa ishqiboz “To‘k bor-u, yurak yo‘q, yana yutqizadimi, deyman-da” dermish. Ustozim bu xavotirni sharhlab, “Jamoa milliy bo‘lmasa, klub tajriba xo‘jaligi bo‘lsa, ahvol shu-da. Nomdor klublarning yutug‘i o‘z mahalliy futbolchilariga bog‘liq…” deganlari qulog‘imda.

***

Necha o‘n yillar davomida biz bu kunni, bu lahzalarni kutdik. Har bir saralash bosqichida kichik xatolar, so‘nggi daqiqalardagi omadsizliklar yoki alamli mag‘lubiyatlar qalbimizni tirnagan edi.

Ammo o‘zbek xalqi umid uzmadi. Va nihoyat, Prezidentimizning futbolga qaratgan e’tibori, yangi avlod vakillari, murabbiylarning tinimsiz mehnati va butun xalqimizning duolari evaziga milliy terma jamoamiz Shimoliy Amerika yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Bu shunchaki sport muvaffaqiyati emas, bu – butun bir millatning g‘alabasi, millionlab qalblar orzusining ro‘yobidir!

Mazkur tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtirdi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbayiga, ibrat timsoliga aylandi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini chandon oshirishga xizmat qildi.

O‘zbekiston xalqi uchun futbol faqat o‘yin emas. Bu – birdamlik, jipslik timsoli. Ushbu tarixiy voqelik biz buyuk xalq ekanimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Yigitlar maydondagi bahslari orqali xalqning ovozi bo‘ldi, raqib jamoaga qarshi to‘p bilan emas, milliy g‘urur, yuksak ishonch bilan kurashdi va yutdi.

To‘g‘ri, bu g‘alaba biz uchun katta natija emas, lekin bu – katta manzil tomon ilk dadil qadam.

Bu olamshumul muvaffaqiyat ortida so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda sport sohasida, xususan, futbolda amalga oshirilgan inqilobiy va tizimli islohotlarning chuqur zahmati yotibdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi qarori bilan, 2018–2022-yillarda futbolni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilingan edi. Shu hujjatga ko‘ra, iste’dodli yoshlarni tanlash, keyinchalik professional etib tayyorlash hamda milliy terma jamoalar zaxirasini yaratish maqsadida 14 ta hududda bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari tashkil etildi. Mashg‘ulot va musobaqalarda sog‘lom raqobat evaziga sifat oshdi. Murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarga e’tibor kuchaydi.

2019-yil 4-dekabrda Prezidentimiz “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon imzoladi. Unda klublar faoliyatini rivojlantirish, xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlash, terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini zamonaviy tashkil etish, mamlakatimizda nufuzli musobaqalar o‘tkazish maqsadlari belgilangan edi.

2023-yil 8-aprelda qabul qilingan ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishga oid Prezident qarori ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunday e’tibor va tizim tufayli birin-ketin natijalar kela boshladi. 2018-yilda U-23 jamoamiz Xitoyda, 2023-yilda U-20 futbolchilarimiz O‘zbekistonda o‘tgan musobaqalarda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Yurtimizda FIFA va OFK dasturidagi turnirlarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoamiz birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma olganda Prezidentimiz ushbu qahramon futbolchilarimiz bilan uchrashib, ularga mehr-e’tiborini izhor qilgani ko‘ksimizni iftixorga to‘ldirgandi.

Davlat maqomida, Prezident darajasida qaratilayotgan e’tiborga yarasha xalqaro sport arenasida ham O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish kuchayib bormoqda. Xususan, FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2023-yil may oyida va “CAFA Nations Cup 2025” musobaqasining final uchrashuvini stadiondan kuzatish uchun O‘zbekistonga tashrifi mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tashrif davomida futbolni rivojlantirishga oid qator loyihalar muhokama qilindi.

Milliy futbol markazida bo‘lgan FIFA prezidenti majmuaning imkoniyatlari, mashg‘ulot sharoitlari va yosh futbolchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi. Bevosita FIFAning texnik ko‘magida zamonaviy Milliy futbol markazi qatori innovatsion yechimlarga tayangan raqamli futbol situatsion markazi ham tashkil etilganidan xabardor bo‘lsangiz kerak. Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuv o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. FIFA rahbariyati mamlakatimizdagi futbol siyosati va xalqimizning bu sport turiga mehr-u muhabbatini his qildi, aniqrog‘i, azaldan shakllangan buyuk ishqibozlik tuyg‘usi dunyo futboli mutasaddilari zehniyatiga yetkazildi. Shu tariqa, janob Infantino futbolsevar millatning do‘stiga aylandi va O‘zbekiston Prezidenti o‘zbek futbolini rivojlantirish va xalqaro maydonda ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirib, samimiy do‘stlik munosabatini, hamkorlikni rasman e’tirof etdi.

Yangi tashkil etilgan Milliy futbol markazi millionlar o‘yinini ilmiy yondashuv, zamonaviy metodologiya va jahon standartlari asosida boshqarishning asosiy o‘chog‘iga aylandi. Bugun ushbu markaz o‘zbek futbolining kelajak chempionlarini tarbiyalovchi haqiqiy “intellektual laboratoriya” vazifasini o‘tamoqda.

Sport infratuzilmasini yangilamay turib, katta zafarlar haqida gapirib bo‘lmaydi. O‘tgan yili Toshkent shahrida barpo etilgan, maydoni 100 gektardan ziyod bo‘lgan ulug‘vor Olimpiya shaharchasi O‘zbekistonning sport salohiyati nechog‘lik yuksak ekanini butun jahonga namoyish etdi. Bu ulkan majmua mamlakatimizda eng yirik sport musobaqalarini yuqori saviyada o‘tkazishga qodir ekanimizni isbotladi. Bundan tashqari, Yangi Toshkent shahrida qad rostlayotgan FIFA standartlariga to‘liq javob beradigan 55 ming o‘rinli yangi stadion qurilishi o‘zbek futboli tarixida yangi davrni boshlab beradi. Ushbu muhtasham arena nafaqat milliy terma jamoamizning bosh qarorgohiga, balki yaqin kelajakda nufuzli qit’a va jahon miqyosidagi turnirlar, Jahon chempionati o‘yinlarini qabul qiluvchi yirik sport xabiga aylanishi shubhasizdir.

Bugungi tarixiy yutuqlarning eng kuchli harakatlantiruvchi drayveri, shubhasiz, Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlardir. Prezidentning futbolni rivojlantirishga oid tarixiy hujjatlari sohani moliyalashtirish manbalarini kengaytirdi, sportchilar va murabbiylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirdi, eng muhimi, boshqaruv tizimini korrupsiyadan holi, shaffof va samarali tizimga aylantirdi. Aynan mana shu huquqiy baza o‘zbek futbolini mahalliy darajadan chiqarib, jahon miqyosiga olib chiqdi.

Uzoq yillar futbolimiz rivojiga g‘ov bo‘lgan, iqtidorlarning yuzaga chiqishiga to‘sqinlik qilgan eng katta illat kadrlar tanlovidagi korrupsiya va “tanish-bilishchilik” edi. Ilgari nafaqat terma jamoaga, balki klublarga ham futbolchilarni jalb etish jarayoni ko‘pincha sport prinsiplariga zid ravishda, yashirin kelishuvlar va buyruqbozlik asosida amalga oshirilar edi. Bu esa iqtidorli yoshlarning ruhini sindirib, ularni sportdan sovutib qo‘yardi.

Prezidentimizning qat’iy siyosiy azmi bilan mazkur illatga butunlay barham berildi. Bugun terma jamoa eshiklari faqat va faqat mehnat, tinimsiz mashg‘ulot, yuqori professional daraja va maydondagi jasoratni o‘z mahorati bilan uyqashtira olgan futbolchilar uchun ochiq. Raqobat muhiti sun’iy ravishda emas, balki tabiiy, sog‘lom va shaffof tarzda shakllantirildi.

Futbol – bu jamoaviy o‘yin, ammo uning poydevori har bir o‘yinchining shaxsiy mas’uliyatiga borib taqaladi. “Kim kuchli bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi” degan tamoyil bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasida temir qoidaga aylandi. Murabbiylar shtabi uchun o‘yinchi tanlashda endilikda faqat futbol statistikasi, jismoniy holat va taktik tayyorgarlik mezon hisoblanadi.

Mazkur o‘zgarishlar nafaqat futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirdi, balki muxlislarda ham terma jamoaga nisbatan hurmatni qayta uyg‘otdi. Bugungi kunda Jahon chempionati sari yo‘l olgan “Oq bo‘rilar” tarkibining munosabatini kuzatar ekansiz, ulardagi o‘zaro hurmat va birlikni ko‘rasiz. Ularning har biri – o‘z o‘rnini halol mehnati bilan qozongan qahramonlardir. Qarindosh-urug‘chilik va mahalliychilikning yo‘qolishi, kadrlar siyosatining shaffoflashuvi natijasida biz futbolda haqiqiy “ijtimoiy lift” tizimini yarata oldik. Bu esa har bir mahallada to‘p tepayotgan bolakayga “sen ham agar intilsang, kelgusida Jahon chempionatida Vataning sharafini himoya qila olasan”, degan umidni bermoqda.

***

Jahon chempionati tarixida ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etayotgan ushbu kengaytirilgan format biz uchun omadli keldi. AQSH, Meksika va Kanadaning eng muhtasham stadionlarida o‘zbekistonlik futbolchilarning to‘p surishi, ularning dunyo grandlari bilan kuch sinashishi – chinakam o‘zbek sporti mo‘jizasidir. Endi dunyo ahli “Oq bo‘rilar”ning jangovar ruhi, o‘zbek futbolining o‘ziga xos maktabi va shijoati bilan yaqindan tanishadi.

Futbol jamoasining xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlari mamlakat nomini dunyoga taratadi. Jahon chempionati, Osiyo, Afrika, Yevropa chempionati kabi yirik turnirlar millionlab muxlislar e’tiborini jalb qiladi. Bunday musobaqalarda g‘olib chiqqan yoki muvaffaqiyatli ishtirok etgan mamlakatlar haqida ma’lumotlar butun dunyoga tarqaladi. Natijada, bu mamlakatga qiziqish ortadi, turizm rivojlanadi va investitsiyalar jalb etiladi. Misol uchun, Islandiya terma jamoasining 2016-yilgi Yevropa chempionatidagi muvaffaqiyati butun dunyoga Islandiya degan kichik mamlakat borligini eslatib qo‘ydi. Xorvatiya terma jamoasining 2018-yilgi Jahon chempionatidagi finalga qadar yetib borishi Xorvatiyaning sayyohlik salohiyatini oshirdi va mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Futbol nafaqat imidj, balki iqtisodiyot uchun ham katta vositadir. Yirik futbol musobaqalarini o‘tkazish uchun stadionlar quriladi, infratuzilma rivojlanadi, mehmonxonalar va restoranlar biznesi gullab-yashnaydi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va mamlakat byudjetiga daromad kelishiga omil bo‘ladi. Bundan tashqari, futbol klublari homiylar bilan shartnomalar tuzib, reklamadan katta foyda ko‘radi. Futbolchilarning transferlari ham mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli daromad keltiradi.

Futbolning sehrli kuchi shundaki, u odamlarni birlashtiradi. Bugun O‘zbekistonning qaysi go‘shasiga bormang, barchaning tilida bir mavzu – Jahon chempionati. Ko‘chalarda, xonadonlarda, ijtimoiy tarmoqlarda milliy terma jamoamiz liboslarini kiygan, bayrog‘imizni baland ko‘targan yurtdoshlarimizni ko‘rish mumkin. Jamoamiz yashil maydonga chiqib,  davlatimiz madhiyasi butun dunyoga yangragan soniyalarda har bir o‘zbekistonlikning qalbi g‘ururga to‘lishi, ko‘zlariga sevinch yoshlari kelishi shubhasiz. Bu – biz uzoq kutgan va haqli ravishda erishgan tarixiy lahzalardir. Ayniqsa, biznikilar qozongan muvaffaqiyat mintaqamiz, qardosh davlatlar, va hatto, sobiq Ittifoq ishqibozlarini ham birlashtirganini aytmaysizmi? Ijtimoiy tarmoqlardagi qozoq, turk, qirg‘iz, tojik, turkman va boshqa xayrixohlarning “Biz O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaymiz! O‘zbekiston bizning jamoa!” degan his-hayajonli izhori ko‘ngillarini ko‘rib, eshitib qalbi faxr-u g‘ururga to‘lmagan yurtdosh topilmasa kerak. Yoki futbolchilarimizni taqdir taqozosi bilan ummon ortida yashayotgan do‘stlarimiz qanday kutib olishganini ko‘rgandirsiz?

Ishqibozlarimiz doirasi mamlakatimiz chegarasidan chiqib, ko‘z ilg‘amas hududlargacha kengaygani chin!

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizni Jahon chempionatiga kuzatish marosimida shaxsan ishtirok etgani esa shunchaki sport tadbiri emas, balki butun boshli millatning chorak asrdan ko‘proq vaqt davomida kutgan eng ulug‘ orzusi ushalgan tarixiy burilish pallasining yaqqol tantanasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining futbolchilarimizni yirik sport forumi sari duo berib kuzatishi, ularning har bir g‘alabasini o‘z farzandining muvaffaqiyatidek qalbdan his qilib, bayram qilishi xalq va Prezident o‘rtasidagi samimiyat ko‘prigi qanchalik mustahkam ekanini yana bir bor isbotladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida faqatgina maydondagi futbolchilarni emas, balki ularning ortida turgan eng yaqin insonlarini ham alohida e’tirof etdi. Prezidentning futbolchilarimizni tarbiyalagan ota-onalarga, ularni yo‘lga solgan fidoyi murabbiylarga butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirgani zamirida teran insoniylik va azaliy qadriyat jamuljam.

Oldinda vakillarimizni Portugaliya, Kolumbiya va Kongo kabi jahon futbolining kuchli va tajribali vakillariga qarshi muhim bahslar kutib turibdi. Raqiblar qanchalik kuchli bo‘lmasin, Davlatimiz rahbarining futbolchilarga qarata aytgan mana bu so‘zlari yigitlarimiz qalbida o‘chmas olov yoqdi: “Shuni bilingki, biz doim sizlar bilanmiz!” Bu so‘zlar – shunchaki dalda emas. Bu – maydonda kurashadigan 11 nafar yigitning ortida 38 (har biriga uch yarim) milliondan ortiq jondosh turganini eslatuvchi chaqiriqdir.

Prezident o‘z nutqida juda hayotiy haqiqatni tilga oldi: futbol O‘zbekistonda allaqachon har bir oilaning samimiy do‘stiga aylanib ulgurgan. Bugun yurtimizda millionlab insonlar futbol bilan nafas oladi, uning quvonchidan sarxush bo‘ladi, tashvishiga sherik bo‘ladi. Futbol bizni birlashtiradi, jipslashtiradi va yagona bayroq ostida bir tan-u bir jon qiladi.

***

Mundial sari yo‘lga chiqqan milliy terma jamoamiz a’zolari! Endi hech bir yurtdoshingiz sizning o‘yiningiz natijasini gardkam taxmin qilib, o‘chiq oynayi jahon qarshisida yurak o‘ynoqi bo‘lib o‘tirmaydi.

Siz dunyoning eng olis nuqtasida to‘p sursangiz-da, har soniyada yurtimizning issiq taftini, ota-onangiz duosini va Prezidentimizning yuksak ishonchini his qilib turing. Oq yo‘l sizga, Vatan o‘g‘lonlari!

“Oq bo‘rilar”ning zafarli yurishi Shimoliy Amerika yashil maydonlarini titratsin!

Maydonda kim raqib bo‘lishidan qat’i nazar, yigitlarimiz ortga chekinmasligiga, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishiga ishonchimiz komil. Biz ulardan nafaqat chiroyli o‘yin, balki katta g‘alabalarni ham kutishga haqlimiz. Butun bir mamlakat, millionlab muxlislar ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor!

Bayrog‘imiz Shimoliy Amerika osmonida hilpiraydigan kunlar keldi.

Olg‘a, O‘zbekiston!

Iqbol MIRZO,
milliy jamoa ishqibozi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 5-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596