13.04.2024 | 11:16
284
ISHONCHNI TIRILTIRMOG‘IMIZ KERAK

Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 500 dan ortiq nashriyot faoliyat yuritmoqda. Taassufki, bu nashriyotlar orasida kitobga shunchaki bir mahsulot yoki daromad manbai deb emas, qalb ozig‘i deb qaraydiganlar juda kam. Frensis Bekon ta’biri bilan aytganda, “hikmat kemasi”da suzish xos kishilarning ma’naviy mashg‘ulotiga aylangan.
“Akademnashr” nashriyoti direktori Sanjar Nazar ma’naviy bo‘shliqni to‘ldirish uchun tinmay izlanayotgan, tom ma’noda ziyo ulashayotgan insonlardan biri. Sanjar Nazar bilan suhbatimiz muallif-noshir-kitobxon aylanasidagi bog‘liqlik va nomuvofiqliklar haqida bo‘ldi.
– Kitobxonlik masalasi Davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Tanlovlar, tadbirlar va turli targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda. Kitob o‘qiganlar turli yo‘llar bilan rag‘batlantirilmoqda. Bunday xayrli ishlar nashriyotlar faoliyatida ham aks etayapti. Shunga qaramay, bu soha jonlanib ketmayapti, ayrim hollarda muammo girdobida qolib ketgan sohaga aylanmoqda. Bugun kitob nashri va bozorida qanday muammolar bor?
– Darhaqiqat, noshirlik sohasida bir talay ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Faoliyat yuritish uchun litsenziya olish amaliyoti bekor qilinib, xabardor qilish tizimiga o‘tilganining samarasi o‘laroq nashriyotlar soni bir necha baravarga oshdi. Natijada kitoblar ko‘paydi. Sohada o‘ziga xos jonlanish paydo bo‘ldi. Kitobxonlikka ham e’tibor berilyapti. Aytganingizdek, rag‘batlantirilyapti. Ammo taraqqiyotning oltin qoidasi shuki, to‘xtash tanazzul bilan teng. Yutuqlar, zabt etilgan marralarni doimiy tarzda yangilari bilan mustahkamlab turish kerak. Bunga esa tahlil va vaziyatni tanqidiy nazar bilan o‘rganish vositasida erishiladi. Jadid zehniyatining o‘zaklaridan biri ham – shu. Jamiyat qon tomiriga barmoq bosib, undagi ehtimoliy “dard”lardan ogoh etish ma’rifatparvar bobolarimizga xos edi. Gazetangiz shu yo‘lning davomchisi bo‘lgani uchun holimizni tortinmasdan dasturxon qilmoqchiman.
Men noshirlikning qattiq nonidan totinib yurganimga 25 yildan oshdi. Oxirgi bir-ikki yil butun faoliyatim davomidagi eng og‘ir yillar bo‘ldi, desam adashmayman. To‘g‘ri, doim muammolar bo‘lgan. Faoliyat yurgizish deganda, qaysidir ma’noda, muammolarni bartaraf etishni tushunamiz. Ammo hozir muammolar yalpi xarakter kasb etayotganligi bilan biroz xavotir uyg‘otyapti. Keling, bir chetdan boshlaymiz. Asosiy muammo – noshirlarning saviyasi. Yaqinda bir loyiha bahonasida qator yetakchi nashriyotlar rahbarlari bir joyga to‘planib qoldik. Loyiha ilmiy, akademik kitoblar nashri haqida edi. Shunda aksariyat noshirlar ilmiy nashr bilan publisistik nashrni farqlay olmasligi ochilib qoldi. O‘nlab kitob chiqargan, kitoblari ijtimoiy tarmoqlarda faol reklama qilinayotgan bir noshir chop etayotgan kitoblarida xatolar ko‘pligi bot-bot tanqid qilinaverishiga javoban kitob matni tashih – korrektura qilinishi kerakligini bilmasligini ochiq tan oldi. Boshqa bir noshir tahrirni senzura deb tushunishini eshitganimda, o‘zimdan uyalib ketdim negadir. Oqibatda g‘ij-g‘ij xato to‘la kitoblarga ko‘nikdik. Obro‘li, tajribali nashriyotlarning kitoblarida ham bir sahifada bir nechta imlo va uslubiy xatolar uchrayapti. Fosh bo‘lganda, e’tiroz bildirilganda ular bu holat go‘yoki me’yoriydek tutmoqda o‘zlarini. Demak, axloq, insof me’yorlarimiz zil ketib ulgurdi. Kitoblardagi sahifalash bilan bog‘liq texnik muammolarni aytmasak ham bo‘ladi.
– Qo‘lbola noshirlik bu sohadagi tanazzulning asosiy omili, demoqchisiz-da…
– Aynan shunday. Havaskor, malakasiz va soxta noshirlar urchigan davrda yashayapmiz. O‘zi kitob o‘qimagan, eplab jumla tuza olmaydiganlar nashriyot ochib tijorat yurityapti. Ayniqsa, tarjima kitoblari haqida gap ketganda xuddi o‘zimiz kabi holimizga maymunlar ham goh yig‘lab, goh kulyapti. “Google” tarjimon yordamida o‘girilgan, so‘zlar tizmasidan ma’no anglashilmaydigan, millioner bo‘lish sirlarini o‘rgatadigan kitoblar to‘plam holatida “har bir tadbirkor o‘qishi shart” degan yorliq bilan Instagramda Beshyog‘ochning gummalaridek chaqqon pullanmoqda. Turkcha kitoblar-ku, haqiqiy “epidemiya” bo‘ldi. Millatning didiga chipqon toshiradigan epidemiya. Nomlaridan boshlab chuchmallik ufurib turgan bu kitoblar ta’sirida majruh bo‘lgan didlarning oqibati hali uzoq vaqt aks sado berib turadi. Bu vaziyat izsiz o‘tib ketmadi. Kitobxonda sekinlik bilan kitob ilm, estetika, go‘zal hissiyotlar manbai, deyarli muqaddas hodisa, degan ishonch yemirilib bormoqda. Odamlar kitobdan qayta boshladi. Natijada, masalan, “Akademnashr”da nashr rejasiga kiritilgan aksariyat kitoblar 2021-yilgacha 3000–5000 atrofida chop etilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1000–1500 donani tashkil etmoqda. Bu o‘z-o‘zidan kitobning qimmatlashuviga, moddiy rag‘batning yo‘qligi sabab yuqori malakali xodimlar sohani tark etishiga olib keldi.
– “Mag‘zi to‘q kitoblarni saralab o‘qi. Aks holda, bir uyum qog‘oz hayotingni zaharlashi mumkin”, deb ogohlantirgan buyuklarimiz. Bunday ko‘zbo‘yamachiliklar, zarqog‘ozga o‘rab sotilayotgan tanazzul, ma’rifat niqobi ostidagi ma’rifatsizlikdan qanday qutulish mumkin, deb o‘ylaysiz?
– Dunyodagi eng iqtisodiy barqaror, fuqarolarining xarid quvvati juda yuqori bo‘lgan mamlakatlarda ham kitob imtiyozlar hisobiga iste’mol bozorida yashab tura oladi. Bu haqda juda ko‘p chiqishlar qilindi. Kitobga QQS joriy qilinayotganda zorlanib rivojlangan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi tartibni misol keltirdik. Ammo birov eshitmadi. O‘sha qadamlarning oqibati – bugungi ahvolimiz. Hattoki bolalar kitoblaridan ham imtiyozlarni butunlay olib tashladik-a?! Shu harakatni ramziy ifodalashni so‘rashsa, xayolimga ilk keladigan tasvir nima, bilasizmi? O‘z ildizini o‘zi bolta bilan chopayotgan daraxt. Bizdan boshqa birov qilmagan bo‘lsa kerak shu ishni.
Ochig‘i, so‘nggi kunlarimizni bu muammolar tez orada barham topib, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishidan umid qilib o‘tkazyapmiz. Chunki Prezidentimiz 2023-yil 22-dekabrda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi ma’ruzasida nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilishi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi zarurligini alohida ta’kidladilar. Shu maqsadda ushbu korxonalar 5 yilga soliqlardan ozod etilishi ma’lum qilindi.
– Xuddi ovqat yeyish jismning ehtiyoji bo‘lgani kabi kitob o‘qish ruhning ehtiyoji bo‘lmog‘i lozim. Aslida insonning boshqa jonzotlardan farqi ham shunda, ya’ni o‘z ruhini, ma’naviyatini yuksaltirish, kamolotga erishish uchun harakat qilishida. Sizningcha, buni odamlar ongiga singdirish, kitob mutolaasini ruhning doimiy ehtiyojiga aylantirish uchun nima qilsa bo‘ladi?
– Odamlarga kitobni tanitish kerak. Foydasini tushuntirish kerak. Ilm, ma’rifat najot ekanligiga ishontirish, jonli misollar bilan ko‘rsatish kerak. Boshqa yo‘lini tasavvur qila olmayman. Bular umumiy gaplar. Shuni qanday amalga oshirish mumkin, deb o‘ylaysiz? Aslida bu savolning tayyor javobi bor. O‘zaro muloqot muhitini tiklash kerak. Ya’ni, intellektual muloqot muhitini. Masalan, adabiy jarayon, adabiy muhit mudroqligi haqida ko‘p eshitamiz. Yaxshi-yomon asarlar yaratilyapti, ammo ularga aks sado, xolis baho yo‘q. To‘rt-beshta romani kitob bo‘lib chiqqan, ammo adabiy jamoatchilik tomonidan bir og‘iz e’tirof etilmagan yozuvchilar bor. Deylik, Baxtiyor Abdug‘afur. Qator tarixiy romanlari bilan o‘quvchilarga tanildi. Bu asarlar o‘quvchi muhabbatini qozona oldi. Ammo qani ularga professional baho? O‘quvchilarning mehri tushishi asoslimidi o‘zi? Yoki 3 yoshli bolalar uchun qiziqarli rivojlantiruvchi kitoblar tayyorlayotgan jonkuyar muallif Dinara Mo‘minova haqida eshitganmisiz? O‘nlab kitoblari bor. Ayrimlari nashr etildi. Katta qismi nashr qilinmagan hali, “Amazon” orqali tarqatiladi. Ularga ham professional baho, targ‘ibot kerak. Soha mutaxassislari esa jim. Avvallari bunday muloqot vaqtli bosma matbuot sahifalarida kechgan. Hozir zamon ham, vositalar ham o‘zgardi. Biz o‘sha vositalardan mahrum holatga tushib qoldik. Bu – dunyoning tajribasi. Gap “Goodreads”, “Livelib” singari resurslar haqida bormoqda. Shuni anglagan holda kitobxonlar uchun hamjamiyat, ijtimoiy tarmoq yaratgan bo‘ldik. Gap “Yoki” haqida bormoqda. Ammo uni yetarli darajaga olib chiqishga ham iqtisodiy, ham ma’naviy jihatdan ojizlik qilyapmiz. Aslida kitobxonlik yo‘lidagi eng katta to‘siq shu yo‘l bilan bartaraf etilishi mumkin. Bu to‘siq: sifatli va sifatsiz kitobni farqlay olmaslik. Ha, taassuflar bo‘lsinki, bugun bizning kitobxonlarimiz yaxshi kitobni tanlab, topib ololmay qoldi. Tanlash malakasi deymizmi yoki saviyasi, darajasi deymizmi, tanazzulga yuz tutdi. Oqibatda sifatsiz, yengil-yelpi kitoblarni zarqog‘ozga o‘rab, bemalol sotish boshlanib ketdi.
– Yaqinda “Akademnashr” nashriyoti o‘qituvchilar uchun doimiy 10 foizlik chegirma e’lon qildi. Buni kitobxonlik targ‘iboti bilan ham bog‘lagansiz. Bundan ko‘zlangan maqsad nima?
– Bilasizmi, bir gal Xitoyda safarda bo‘lganimda o‘zbekistonlik olima, Xitoy millatlar universiteti o‘qituvchisi Dilsora Mirzaahmedova bilan hamsafar bo‘lganman. Dilsora do‘konlarda sotuvchilar bilan savdolashar ekan, avvaliga xitoy tilida gaplashayotgan ajnabiyligini oshkor etib chegirma olardi, so‘ng o‘qituvchiligini aytib. Qizig‘i, u chegirma so‘ramas edi, o‘qituvchi ekanligini “bilib qolgan” sotuvchilar o‘zlari narxni tushirib berishardi. Bunga o‘xshash hurmat izhorlari jamoat transportlari yoki tibbiyot maskanlarida ro‘y berishini Yaponiya, Shveytsariya yoki Germaniya misolida ham ko‘p kuzatganmiz. Ulardan olgan xulosam shuki, rivojlanishning birinchi sharti ma’rifatga, xossatan uni tarqatuvchilarga ehtirom ko‘rsatishdir. Bu o‘zim anchadan buyon takrorlab yuradigan: “Kitobxonlik targ‘iboti yo‘lidagi ilk qadam kitob o‘qiydigan odamlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘lishi kerak”, qoidasiga ham aynan mos edi. Chunki kitobxonning asl namunasi o‘qituvchilardir. Yoki shunday bo‘lishi kerak.
Mamlakatimizda kitobxonlikni targ‘ib etish uchun, otamizdan-da ulug‘ insonlar – ustozlarga rahmatimizning ifodasi sifatida, mamlakat rivojiga ham baholi qudrat qo‘shgan hissamiz bo‘lar, degan umidda “Akademnashr”ning barcha kitoblariga o‘qituvchilar uchun 10 foizlik chegirma e’lon qilamiz. Bu chegirma “Akademnashr” faoliyatining so‘ngigacha davom etishini niyat qilganmiz. Shu harakat keng yoyilishidan, boshqa ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchilar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib, milliy an’ana darajasiga ko‘tarilishidan umidvormiz.
– Chegirma e’lon qilinganidan so‘ng o‘qituvchilar ko‘proq kitob xarid qilishyaptimi? Umuman, bu sa’y-harakatga munosabat qanday bo‘ldi?
– Odatdagidan ko‘proq xarid qilayotganliklarini sezmadim va bu bir jihatdan xavotirli belgi. Aslida esa bu ishdan ko‘zlangan maqsad darrovdan hosil bo‘lib qolmasligi ayon edi. Chegirmamizga sof marketing amaliyoti, deb qaralganda ham, u olis istiqbolda ko‘proq kitob sotilishi uchun zamin yaratsa kerak. Shu o‘rinda, ijozatingiz bilan, boshqa bir bilvosita aloqador mavzuga ham to‘xtalib o‘tsak. “Akademnashr” kitoblariga o‘qituvchilar uchun chegirma e’lon qilgach, afsuski, biz ishonch inqirozi davrida yashayotganimizga yaqqol amin bo‘ldim. Bir-birimizni aldayverdik, shartnomalarni buzdik, qarzlarimizni qaytarmadik, omonatga xiyonat qildik, oqibatda oramizdan ishonch ko‘tarilib ketdi. “O‘qituvchi ekanligini qanday tekshirib olasizlar?” Bu chegirmaga qiziqqan kitobxonlar tomonidan eng ko‘p berilgan savol bo‘ldi. Nega tekshirishimiz kerak? Qizig‘i, tekshirib ko‘rish umuman bizning xayolimizda ham yo‘q edi. Shunchaki, “o‘qituvchiman” degan bir og‘iz so‘ziga ishonamiz. Ishonmoqchimiz. Balki chegirmadan ko‘ra mana shu ishonch manfaatliroq bo‘lar, deb ham umid qilyapmiz. Zora, ishonch tirilsa. Bir-birimizga qaytadan ishona boshlasak.
– Yuqorida tan olganingizday, noshirlikning nonini yeyish oson emas. Qiyinchiliklarga qaramay, 25 yildan buyon shu sohada faoliyat yuritayotganingizni qanday izohlaysiz?
– Kitob nashr etish biz uchun faqat ish emas, ishq hamdir. U tirikchilik emas, tiriklik shartiga aylanib bo‘lgan. Qolaversa, postmodern dunyoda zavq o‘lib qolgan. Shuning uchun so‘nggi paytlarda eng katta mablag‘lar zavq sotish vositasida qozonilmoqda. 11 million yevroga sotilgan “Bugatti” avtomobilining o‘zimizning Neksiyadan asosiy farqi ham aynan ko‘proq zavq bag‘ishlay olishida. Texnik ko‘rsatkichlar va boshqa jihatlar har qancha oliymaqom bo‘lmasin, farq 1000 baravar emasligi tayin-ku. Men noshirlikdan, har bir yangi nashr etilgan kitobimizdan o‘sha 11 million yevrolik qiymatga ega zavqdan kamini totmayman. Shuning uchun kitob chiqarib, noshirlik kasbini tutib, o‘zimni ziyon ko‘rayotgandek his qilmayman. Ha, noshirlikning noni qattiq, ammo u lazzatli, oshiqona va hayotbaxshdir.
Oydin YO‘LDOSHEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 23-fevral 9-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



