Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


14.10.2024 | 10:34

img1837

JONIM VATAN, TANIM VATAN, KO‘ZIM VATAN yoxud bir tatabbu’ tafsiloti

Ma’rifatparvar shoir Sidqiy Xondayliqiy domlaning “Vatan nadir, tuqqon yerim, turg‘on yerim” satri bilan boshlanadigan ushbu g‘azalini birinchi bor o‘qishimdayoq, menga manzur kelib, xotiramga jo bo‘lganini aytib o‘tmoq joiz. Ilk taassurot shuki, qadrdon va tug‘ishgan og‘am bilan ko‘rishganday, ancha vaqtgacha shod va masrur holatda, jozib misralarni tak­rorlab yurdim.

Gʻazaldagi “Ot-eshakda o‘rdan-qirdan bug‘doy tashib, O‘roq bilan xor-u xasin o‘rg‘on yerim” satrlari bolalik pallalarimizni, “enagamiz tunda oy-u kunduzi quyosh” (A.Oripov ibo­rasi) bo‘lgan beg‘ubor va bearmon damlarni yodga solar, ravon ohangi-yu ohangdorligi ham dilga yaqin, sodda va jaydariligi bilan darrov ko‘ngil mulkiga aylandi-qoldi. Shuni ham aytish kerakki, g‘azaldan non va bug‘doy isi, bug‘doypoya­lar-u, dasht-u adirlar nafasi, bir so‘z bilan aytganda, Vatan isi gupurib-ufurib turardi. Bu tansiq islar va tuyg‘ular menga juda aziz va qadrdon, bolaligimizdan onam tog‘dagi qish­log‘ini qo‘msab aytadigan “Vatanimning qirlari-yey, Vatanimning ­islari” degan sog‘inch to‘la armonli baytlari bilan mening ham umriy sog‘inchlarimga aylanib bo‘lgan edi.

Mazkur g‘azal Sirojiddin Sidqiy Xondayliqiyning “Ma’naviyat” nashriyoti tomonidan 1998-yilda “Istiqlol qahramonlari” turkumida chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobining “Ishqiy lirika” faslida, “Gʻazallar” bobining to‘qson ikkinchi g‘azali sifatida to‘p­lamga kiritilgan. Kitob g‘azallardan tashqari “Ijtimoiy she’rlar”, doston, hajviyot, ibrat va hikmatlar, voqeiy hikoyalar, “Zarbulmasali Sidqiy”­dan namunalar, qaydlar, tarjima va nasriy qissalar, shuningdek, “Holoti Sidqiy” nomli tarjimayi hol singari fasllardan tartib beril­gan. Aytish mumkinki, bu kitob Sidqiy boboning o‘sha paytga qadar tugal-to‘kis bo‘lmasa-da, yaxlit muqova ostida chop etilgan yagona mukammal asarlari maj­mui sifatida alohida ahamiyatga ega edi. To‘plamni nashrga tayyorlashda, izohlar va lug‘at tuzishda katta mehnat sarflagan zahmatkash oli­mimiz Begali Qosimov bilan Ramida Javharovaning “Din va dunyoni ushlagan shoir” sarlavhali so‘zboshi-muqaddimasi Sidqiy Xondayliqiyning mashaqqatli umr yo‘li, ranj-u sinovlarga to‘la hayoti va sermahsul ijodiyotidan to‘liq va mukammal ma’lumot berishi bilan muhimdir. Mazkur batafsil tadqiqotning Sidqiy domla taval­ludi­ning 140 yilligi munosabati bilan yanada to‘liqroq va kengroq tayyorlangan “Say­lanma” kitobiga ham kiritilgani, ayniqsa, tahsinga sazovor.

“Tatabbu”ga qaytadigan bo‘lsak, shoirning she’rlari meni butunlay rom etgan edi. Bir tomondan u kishiga otdoshligimdan g‘ururlanib, dalda olib yurgan bo‘lsam-da, g‘azallariga barcha talablarga javob beradigan muxammas – rosmana qonuniy taxmis bog‘lash fikridan voz kechdim. Gap shundaki, g‘azaldagi, yuqorida tamsil keltirganim “Ot-eshakda o‘rdan-qirdan bug‘doy tashib” satridagi “ot-eshak” so‘zlari hech o‘tirishmadi o‘tirishmadi-da! “Ot-ulov” deb o‘zgartirsa ham bo‘lar balki, lekin bu jonivorning, beozor va mehnatkash bu jonivorgina­ning aybi nimada?.. Muallifdan izn so‘rab bo‘lmasa, qolaversa, bor gap borligicha aytib bo‘lingan bo‘lsa… Alalxusus, erkinroq yo‘lni tanlashga qaror qildim. Taxmis bog‘laganim, o‘zimning ham ko‘nglim to‘lmagan birinchi nusxadan ham voz kechishga to‘g‘ri keldi. Demak, tatabbu’ va yoki tazminga to‘xtalamiz. “Navoiy asarlari lug‘ati”da bunday izohlarni o‘qiymiz: “Tazmin” arabcha so‘z bo‘lib, birovning ma’lum bir she’rining ayrim misralarini o‘z she’ri ichiga kiritish”. “Tatabbu” arab­cha bo‘lib, ergashmoq, izidan bormoq, nazira, o‘xshatma qilmoq yoki javobiya degan ma’nolarni bildirar ekan.

Mumtoz she’riyatimizda Mir Ali­sher Navoiy bobomizning Shayx Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Kamol Xo‘jan­diy, mavlono Abdurahmon Jomiy singari ulug‘ shoirlarning g‘azallariga tatabbu’lari ma’lum va mashhurdir.

O‘tgan asr va hozirgi zamon o‘zbek she’riyatida, Furqat, Muqimiyning bu yo‘nalishdagi asarlari, Gʻafur Gʻulom­ning “Navoiy ham yotar to ro‘zi mahshar tarki xob aylab” maqta’li g‘azaliga bitgan go‘zal tatabbu’si, Erkin Vohidovning amerikalik o‘zbek shoiri Ergash Uchqun she’riga bitgan “Turkiston bozori”, Zavqiyo­na ohanglardagi “Ajab ermas” singari naziralari, Abdulla Oripovning hazrat Navoiy va Maxtumquli she’rlariga yozgan “Bo‘ldilo”, “Ayrilmas” singari tazminlari tatabbu’ usulining go‘zal namunalari bo‘la oladi.

Ustozlar maktabidan saboq olgan holda, ularga havas qilib, men ham bu yo‘lda ba’zi bir mashqlarga, urinishlarga jazm etgan edim. O‘zimni istak-xohishlarim, havas va harakatlarim o‘laroq, ma’lum tajriba va natijalarga ham erishganday bo‘ldim, deb o‘ylayman.

Har she’r yo asar o‘z davr-u zamoni bilan tug‘iladi, derdilar ustozlar. Zamon o‘zgarmoqda edi, davr ulug‘vor yangila­nishlar sari yuz tutmoqda edi. Yana ushbu muxammasning qadrli jihati shunda ediki, men uni ilk marotaba 2016-yilda “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi­da Konstitutsiyamiz bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali anjumanda muh­tasham sahnada o‘qish baxtiga mushar­raf bo‘lganimdan baxtiyor edim.

She’r va uning ijrosi anjuman ahli tomonidan yaxshi qabul qilindi. Muxammas ilk imtihondan o‘tganday bo‘ldi.

Xulosa shulki, Usmon Nosir “Sen – Laylisan she’rim, men Majnun” debon jo‘yali e’tirof etganiday, shoir kishi o‘zga mualliflarning she’rini ham o‘z she’rini sevganday yaxshi ko‘rsagina, biror murod hosil bo‘lmog‘iga amin bo‘lib turibman. So‘zning uvoli ham, savobi ham bo‘ynimizda. Hukmfarmoliq aziz o‘quvchiga havola. Shoir bobodan izn va uzr so‘ragan holda, demak, mana sizga tazmin-muxammas va… aytilganidek, tatabbu’-taxmis ham shu bo‘lur. Sidqiy Xondayliqiy boboning muborak ayyomlari aziz eldoshlarimizga qutlug‘ bo‘lsin deymiz.

Vatan mening yarqiragan qo‘rg‘on yerim,
Oy-u oftob mangu qo‘rg‘on qurg‘on yerim.
Esdan chiqar boshqa hamma ko‘rg‘on yerim,
Vatan mening tuqqon yerim, turg‘on yerim,
Unib-o‘sib, o‘ynab-kulib yurg‘on yerim.

Insoniylik degan qadim ziroatlar,
Oriyat ham oriyatga rioyatlar,
Shunda ungan, aytsin ko‘hna rivoyatlar,
Yetmish pushtim tiklab ketgan imoratlar,
Tarbiyatning binosini qurg‘on yerim.

Onamsan deb, izlaringni ko‘zga surtsam,
Bolam desang, suvlaringday mavjlar ursam,
Tog‘laringday baland-baland o‘ylar sursam,
Qayda bo‘lsam, qayda tursam, qayda yursam,
Mangu o‘ynar ko‘zda javlon urg‘on yerim.

Jahon kezar jamolingga quyosh to‘ymay,
Maysang bo‘lib sening uchun nechun kuymay?
Dilimdan ham, tilimdan ham noming qo‘ymay,
Jonim birlan, tanim birlan nega suymay,
Rohat yashab, sog‘lom yashab yurg‘on yerim.

Kaftlarimni ochib oqshom hilolingga,
Yuzga surtgum kamol istab kamolingga,
Daxldorman eling – noni halolingga,
Ta’zim aylab zahmat chekkan chumolingga,
Sajdagohim, sajdaga bosh urg‘on yerim.

Behishtlarga opa-singil fasllaring,
Bo‘y talashib o‘sgan yangi nasllaring,
Buncha shirin, buncha dilbar vasllaring,
Ulug‘laring asrlarga qasrlaring,
Qasrlari asrlarni ko‘rg‘on yerim.

Bobolardan meros mehr-u shafqatimsan,
Qatlam-qatlam ilm-u hadis, hikmatimsan,
Matonatdan bino bo‘lgan davlatimsan,
Gʻururimsan, orim, sha’n-u shavkatimsan,
Dunyo yuzin sharaf-shonga burg‘on yerim.

Bug‘doy boshog‘iday ungan so‘zim – Vatan,
Kimman axir sensiz men bir o‘zim, Vatan?
Olam aro mening yorug‘ yuzim Vatan,
Jonim Vatan, tanim Vatan, ko‘zim Vatan,
Davron ko‘rib, davr-u davron surg‘on yerim.

2011–2016–yillar

Sirojiddin SAYYID,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,
O‘zbekiston xalq shoiri

“Jadid” gazetasining 2024-yil 11-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img65

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584