20.07.2024 | 13:33
422
“BIZNING ISMIMIZ – O‘ZBEKISTONLIK!”
Bundan bir asr avval, aniqrog‘i, 1922-yilda jadid yetakchilarining tashabbusi va homiyligida 70 nafar turkistonlik talaba Germaniyaga o‘qishga yuborilgan edi. Ularning keyingi taqdiri haqida ko‘plab maqolalar, badiiy asarlar, filmlar yaratilganki, biz bu xususda ko‘p to‘xtalmoqchi emasmiz. Bugun biz ayni paytda olis nemis diyorida ta’lim olayotgan, tadqiqot va amaliy izlanishlar olib borayotgan yoshlarimiz haqida, Prezidentimiz va davlatimiz homiyligida eng ilg‘or bilimlarni o‘zlashtirayotgan qalbi qaynoq yigit-qizlarning ibratli hayoti va faoliyati to‘g‘risida hikoya qilmoqchimiz. Ularning shijoat, ishonch va orzularga yo‘g‘rilgan so‘zlarini tinglarkanmiz, beixtiyor buyuk nemis shoiri Gyotening “Umid bilan suqilgan tayoq, Bir kun berar meva-yu yaproq”, degan hikmatli satrlari yodimizga tushdi.

Elbek YAXSHIYEV, Gyottingen shahridagi temir yo‘llar nazorati kompaniyasining sifat nazoratchisi:
– Rossiyada aspiranturada o‘qib yurgan kezlarimda Germaniya temir yo‘llar tizimi, nemis ko‘priklarining mustahkamligini ta’minlaydigan texnologiyalar meni qiziqtirib qo‘ydi. O‘sha yurtga borib ishlayman, ilm o‘rganaman deb niyat qildim. Nihoyat, 2020-yilda Gyottingen shahridagi nufuzli firmada faoliyat boshladim.
Ishga kirish chog‘ida kamina bilan o‘tkazilgan ilk suhbat juda qiziq kechdi. Nemischam yaxshi emas, o‘ta olarmikinman deb rosa tayyorlangan edim. O‘shanda firma rahbari kutilmaganda futbolga qiziqishim haqida so‘radi. Muloqotning bunday boshlanishi mendagi hayajonni bosdi. Futbol – jon-u dilim, o‘zim ham bo‘sh vaqtlarimda to‘p tepib turaman. Bu mavzuda jo‘shib gapirib, ishga aloqador mavzuga o‘tganimizni sezmabman ham.
Albatta, boshida nemis mentalitetiga o‘rganishim qiyin kechdi. Ulardagi ish intizomining bir jihati menga g‘alati tuyulgan. Ya’ni, ishga borib kelaverasiz va sizdan hech kim qachon kelding, soat nechada ketyapsan, deb so‘ramaydi. Qo‘lingizga ish soatining jadvali beriladi va uni o‘zingiz to‘ldirasiz. Uni qanday to‘ldirish vijdoningizga havola. Eng qizig‘i, hech kim o‘ziga yolg‘ondan ish soati yozmaydi.
Men xizmat qiladigan “Deutsche Bahn” firmasi Germaniyaning asosiy temir yo‘l operatoriga qarashli. 2026-yilgacha topshirishim kerak bo‘lgan loyiham bor. Undan tashqari, ko‘priklar sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida loyihani amalga oshirmoqchiman. Uni O‘zbekistondagi hamkasblarim bilan birgalikda bajarish niyatim bor.
Bu yerda ishlash, yashash davomida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ham kasbiy, ham hayotiy tajriba orttirdim. Nemis xalqining menga eng yoqqan xususiyati – ular sidqidildan ishlaydi, dam olishni ham to‘g‘ri tashkillashtiradi. Men ishdan bo‘sh vaqtlarimni oilam, fazandlarim bilan o‘tkazaman. Yana tashkilotimizga qarashli havaskorlar futbol jamoasi tarkibida turli musobaqalarda ishtirok etaman. Har xil millat vakillari bilan maydonga tushamiz, ular bilan tanishib, do‘stlashamiz.
Bu yerda biz O‘zbekistonning Germaniyadagi diplomatik vakolatxonasi bilan doimiy aloqadamiz. U yerda o‘tkaziladigan har bir tadbirda qatnashishga harakat qilamiz. Tadbirlarga taklif etishganida suyunamiz. Elchixona mutasaddilari tomonidan tashkil etiladigan an’anaviy til bayramlarini intiq kutamiz. Yaqinda yoshlar o‘rtasida uyushtirilgan “Zakovat” intellektual musobaqalarida qatnashdik. Xullas, elchixonamiz hammamizni birlashtirib turadi.
Hukumatimiz yoshlarga juda katta e’tibor qaratadi. Bu ayniqsa, tashqarida, ya’ni xorijda yaqqolroq ko‘rinadi. Bir gapni aytishim kerak, bizni davlatimiz doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Rossiyada o‘qiyotganimizda ham e’tiborda turganmiz. Hozir esa ana shu e’tibor bir necha karra ko‘paygan. Qarindoshlarim, do‘stlarim, kasbdoshlarimdan yurtimiz yoshlarining muvaffaqiyatlari va ularga yaratilgan imkoniyatlar haqida eshitish juda yoqimli.
Germaniyada ishingizga fidoyiligingiz va kasbingizning haqiqiy mutaxassisi ekaningizni namoyon etsangiz hurmat qozonasiz, qadr topasiz. Xorijga chiqqan o‘zbek o‘zini qanday tutishi uning tarbiyasiga bog‘liq. Xususan, Germaniyaga kelgan yurtdoshlarimiz o‘zlarini yaxshi tomondan namoyon qilishadi. Shuning uchun ham nemislar o‘zbeklar haqida yaxshi fikrda. Ular o‘zbek millati vakillarini samimiy, sodda va mehnatkash odamlar deb bilishadi. Menimcha, xorijdagi o‘zbek har bir xatti-harakati bilan o‘z millati haqida yaxshi tasavvur uyg‘otishga harakat qilishi kerak. Vatanimiz yoshlarining chuqur bilim olishlarini va uni hayotga tatbiq etishda sobitqadam bo‘lishlarini istayman. Olingan bilim, albatta, qo‘llanilishi kerak. Davlatni rivojlantirish ertangi kun egalari, ya’ni yoshlar qo‘lida. Shuning uchun tengdoshlarim qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, o‘z kasbini sevsin, ishiga vijdonan yondashsin, qadr topsin va o‘z sohasiga oid nima manfaatli yangilik topsa, O‘zbekiston uchun ilinsin.
Husnora ORZIQULOVA,
Myunxen Lyudvig-Maksimilian universiteti klinikasining yuz-jarrohlik bo‘limi stomatolog shifokori:
– Talabalik davrimdayoq Germaniya meditsina sohasida dunyoda eng yetakchi davlatlardan biri ekani to‘g‘risida ko‘p eshitgandim. Shu bois menda “doyche punktlixkayt” – “puxtalik va aniqlik” rusum bo‘lgan bu diyorga borib o‘qish orzusi paydo bo‘ldi. Maqsadimga yetish uchun harakatni mustaqil tayyorlanishdan boshlab, keyinroq nemis tili kurslariga borganman. 2022-yili nihoyat ushbu mamlakatga kelishga muvaffaq bo‘ldim. Dastlabki ish kunlarim biroz qiyin kechdi. Lekin astoydil harakat qilib, hamkasblarning yordami bilan bu qiyinchiliklarni yengib o‘tdim.
Albatta, Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan biz yoshlar uchun jahon darvozalarining ochib berilgani – eng katta yutug‘imiz deb o‘ylayman. Xohlagan davlatimizda, xohlagan universitetimizda o‘qiyapmiz. Buning uchun Yurtboshimizdan har qancha minnatdor bo‘lsak arziydi.
Kelgusida magistraturani ham shu yerda davom ettirib, yuz-jag‘ jarrohligi sohasida ilmiy faoliyat olib borish niyatidaman. Eng murakkab jarrohlik ishlarini chuqur o‘rganib, O‘zbekistonga malakali shifokor bo‘lib qaytmoqchiman. Ota-onamni, o‘g‘limni va yaqinlarimni judayam sog‘inganman. Albatta, jigarlaringdan, Vataningdan uzoqda yashash oson emas. Lekin o‘zim tug‘ilgan yurt rivoji uchun ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘shish imkoniyatim kengaygani menga katta kuch beryapti. Aslida bizning burchimiz shu – Vatan uchun yonib yashash! O‘zbekiston yoshlariga aytadigan gapim shuki, ular avvalo o‘z ona tilini a’lo o‘zlashtirib, keyin o‘zga tillarni ham mukammal o‘rganishsin. O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, unga erishish uchun mehnat va harakatdan tolmasin. Shu yo‘lda ularga omad tilayman!
Behro‘z AVAZOV,
Germaniyaning Ingelhaym malaka oshirish markazi nemis tili o‘qituvchisi, Raynland-Pfals federal o‘lkasining nemis tili imtihonlari bo‘yicha eksperti:
– Avvalo, ota-onamning rivojlangan davlatlarda tahsil olayotgan talabalarga havasi meni Yevropada o‘qishga undagan bo‘lsa kerak. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida nemis tili, tarixi va madaniyati bo‘yicha ta’lim olish asnosida Germaniyada o‘qigan buxorolik jadid bobolarimiz haqidagi ma’lumotlar bilan tanishgach, ularning izlaridan borishga qaror qildim.
Men Mayns Yohannes-Gutenberg nomidagi universitetda nemis tilini o‘qitish va turkologiya sohalarida ikkita magistrlik diplomini qo‘lga kiritdim. O‘z ona tilimni boshqalarga o‘rgatish orzusi, qolaversa, Germaniya kutubxonalaridagi qadimiy turkiy yozma manbalarni o‘rganishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq turkolog bo‘lib yetishishimda katta rol o‘ynadi. Ayni paytda Ingelhaym malaka oshirish markazida yoshlarga dars beryapman.
Mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi va Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligimiz Germaniyadagi vatandoshlar bilan birlashtirib turadigan tadbirlarni tashkillashtirish va O‘zbekiston imijini yuksaltirishda talay ishlarni amalga oshiryapti. Jumladan, Mayns universitetida ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida diplomatik vakolatxona tashabbusi bilan o‘zaro ilmiy-madaniy hamkorlik munosabatlari tizimli shakllantirilgan.
Germaniyadagi hayotning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘sh vaqtning bo‘lmasligida, boisi hamma narsa reja asosida. Qizig‘i, farzandlar o‘z ota-onalarining uyiga ham ular bilan kelishmasdan yoki avvaldan rejalashtirmasdan turib bora olishmaydi. Bu yerda vaqt hamma narsadan ustun turadi va nemis xalqi har bir daqiqasini o‘zbeklar nonni qadrlagandek e’zozlaydi. Nemislarning mana shu qadriyati har bir yurtdoshimga yuqishini istar edim.
Ustozimning “xorijda o‘z ismingni unut, chunki u yerda hamma seni o‘zbekistonlik deb biladi”, degan o‘giti sira esimdan chiqmaydi. Har bir harakatim o‘zbekistonliklarga nisbat berishini anglab turaman. Dunyo bo‘ylab sochilib ketgan yurtdoshlarim qalbiga ham hamisha shunday uyg‘oq hislar yor bo‘lsin.
Hasan FAZLIDDINOV,
Germaniyaning Zigen universiteti iqtisodiy siyosat bo‘yicha magistratura bosqichi talabasi:
– Men Germaniyaga bu mamlakatning iqtisodiy modeli va muvaffaqiyatli biznes strategiyalarini o‘zlashtirish uchun keldim. Uning barqaror rivojlanish va innovatsiyalarga qaratilgan yondashuvi menga katta ta’sir ko‘rsatdi. “Sozlanadigan iqtisodiyot” va “sozlanadigan bozor” kabi tushunchalar haqidagi ma’ruzalarni tinglash esa, Germaniya iqtisodiyotining o‘ziga xos aniq va ijodiy yondashuvini tushunishimga yordam berdi. Bundan tashqari, Germaniyaning barqaror rivojlanish va “yashil iqtisodiyot”ga bo‘lgan e’tibori mening shaxsiy qarashlarim bilan hamohang edi.
Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar mening xorijda tahsil olishim va ish faoliyatimni yo‘lga qo‘yishimda katta ko‘mak berdi, O‘zbekistonda olgan ilk tajribalarim va bilimim mustahkam asos bo‘ldi. Shuningdek, hukumatimizning yoshlar uchun ishlab chiqqan dasturlari professional ko‘nikmalarimni rivojlantirdi.
Germaniyada tahsil olish orqali yurtimizning kelajagiga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman. Iqtisodiy siyosat bo‘yicha magistratura talabasi sifatida ixtisosligim mavzusini chuqur o‘rganishga, bilimlarimni kengaytirishga harakat qilyapman. Kelajakdagi rejalarimning muhim qismi – xalqaro va professional aloqalarni mustahkamlash, butun dunyodagi hamkasblarim bilan tajriba almashib turish. Qisqacha aytganda, kasbiy faoliyatim orqali iqtisodiy siyosatdagi taraqqiyotga yordam berish, mahalliy va xalqaro miqyosda qulay iqtisodiy muhit ta’minotiga hissa qo‘shishga intilyapman. Mening amaliyot tajribam O‘zbekiston bilan mukammal hamkorlik qiladigan kompaniya bilan bog‘liq. Bu xalqaro ishlar va diplomatik munosabatlarda tajriba orttirish uchun juda muhim imkoniyatdir. Amaliyot doirasida kompaniyaning O‘zbekiston bilan loyihalari va hamkorliklari haqida ma’lumotga ega bo‘laman, bu esa mamlakatlar o‘rtasidagi biznes aloqalar qanday boshqarilishini chuqurroq tushunishimga imkon beradi.
Shaxsiyatimning ajralmas qismi bo‘lgan ona tilimdagi muloqotni qo‘msayman. Dunyoning istalgan nuqtasida o‘zbekligimni saqlab qolish men uchun muhim.
Vatanimiz yoshlariga tilagim shu: o‘zingizga ishoning, o‘zingizni kashf etishga intiling!
Mardona ZUHRIDDINOVA,
Hannover stomatologlar tayyorlash professional akademiyasi talabasi:
– Maktabda o‘qib yurgan paytlarimda chet elda tahsil olish orzusida ko‘plab xorijiy universitetlarga hujjat topshirganman. 10-sinfligimda Malayziyadagi universitetlardan biriga sakson foizlik grantni qo‘lga kiritdim. Bu o‘zimga bo‘lgan ishonchni kuchaytirdi. Nemis tilini ishtiyoq bilan o‘rgana boshladim. Germaniyada Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda bepul oliy ta’lim olish imkoniyati ko‘proq. Darvoqe, nemis xalqiga xos temir intizom, bir so‘zlilik xislatlari ham aynan ta’lim dargohlarida shakllanadi. Masalan, vaqtning naqadar muhim ekanligini shu yerga kelib yanada yaxshi tushunib yetyapman.
Menga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan juda ham katta yordam berildi. Institutda o‘qib yurgan paytlarim chet tillarini o‘rganish va turli xil sport to‘garaklariga qatnashish, shuningdek, “Yosh kitobxon” loyihasida o‘zimni sinab ko‘rishim uchun menga imkoniyat eshiklari ochildi.
Mutaxassisligim bo‘yicha tish shifokori bo‘laman. O‘qishni tamomlab, O‘zbekistonda o‘z mutaxassisligim bo‘yicha klinika ochish niyatim bor. Chet davlatlar bilan hamkorlikda ishlash orqali mamlakatimizning rivojlanishiga, insonlarning sog‘lom bo‘lishiga hissa qo‘shish maqsadidaman.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi mutasaddilari biz bilan tez-tez suhbat uyushtirishadi, o‘qish va ishlarimiz bilan qiziqishadi, foydali maslahatlar berib, bizni doimo qo‘llab-quvvatlashadi. Albatta, musofirlikda qiyinchiliklar yo‘q emas. Axir, oliy maqsadlarga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi. Men Germaniyaga o‘zim bilan butun O‘zbekistonni olib kelgandayman. Chunki meni tanigan odam mening millatimni taniydi. Bizni dunyo tanisin!
Davra suhbatini Muhayyo PIRNAFASOVA uyushtirdi.
P.S. Davra suhbatini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatgani uchun O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasiga minnatdorlik bildiramiz.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



