19.06.2024 | 10:27
361
“O‘ZBEKISTONLIK. STUDENTS’’ KALTAKNING IKKINCHI UCHI
Keyingi yillarda O‘zbekiston axborot makonida ko‘plab erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari paydo bo‘ldi. Jamiyatda o‘z fikri va so‘ziga, ko‘p sonli auditoriyasiga ega bosma va elektron nashrlar safi tobora kengaymoqda. So‘z erkinligini ta’minlash, axborot makonini erkinlashtirish yo‘lidagi islohotlar davlat va xalq o‘rtasidagi birdamlikni, o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ayni haqiqat.
Media makonni kengaytirish, axborot resurslari sonini ko‘paytirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar natijasida ilgari sanoqligina bo‘lgan, bori ham asosan “filtrlangan” ma’lumotlarni berishga xizmat qilgan OAVlar o‘rnini bugun son-sanoqsiz axborot kanallari egallagan. Xususan, “YouTube” videohosting platformasi o‘zining keng imkoniyatlari bilan mamlakatimizda yoshlar va kattalar orasida ham birday ommalashgan. Undagi yangi bilimlar berishga ixtisoslashgan turli kontentlar, ta’lim loyihalari yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Muhimi, “YouTube”da xususiy kontent yaratuvchilar bilan bir qatorda ko‘p hollarda davlat tashkilotlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar ham foydali loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqda. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan boshlangan “O‘zbekistonlik” loyihasi mamlakatimiz yoshlari uchun haqiqiy topilma bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Loyiha doirasida tayyorlangan ko‘rsatuvlarda taqdir taqozosi bilan xorijiy mamlakatlarda yashab, katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan yurtdoshlarimiz hamda dunyoning nufuzli ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan tirishqoq o‘zbek yoshlari hayoti to‘g‘risida hikoya qilinadi. Mazkur loyiha yurtimizdan yetishib chiqqan iqtidorlar bugun dunyoning manaman degan kompaniyalarida, ilm markazlarida faoliyat ko‘rsatayotgani, bu yurtning farzandlari faqat qora mehnat bilan shug‘ullanuvchi ishchilardangina iborat emasligi hamda dunyoni o‘zgartirishga qodir vatandoshlarimiz bisyor ekanligini keng ommaga namoyish qilishdek ezgu maqsadni ko‘zlagani bilan ham ahamiyatlidir.
So‘nggi paytlarda loyiha doirasida xorijda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari hayotiga bag‘ishlab yaratilgan “O‘zbekistonlik. Students” turkumidagi video-hikoyalar yoshlarimiz orasida keng ommalashib, ishtiyoq bilan ko‘rilmoqda. Shu paytga qadar 5 ta qismi ommaga taqdim etilgan mazkur ko‘rsatuvlarda Buyuk Britaniya va AQShda ta’lim olayotgan umidli yoshlarimizning bosib o‘tgan hayot yo‘li, xorijda o‘qishning afzalliklari va boshqa turli jihatlar haqida so‘z boradi. Jahonning nufuzli universitetlarida ta’lim grantlari orqali o‘qiyotgan talaba yoshlarimiz hayotini o‘sib kelayotgan yosh avlodga namuna qilib ko‘rsatishdan, avvalo, ularga kelgusida kuchli motivatsiya bag‘ishlashdek ezgu maqsad ko‘zlangani shubhasiz. Biroq ko‘rsatuvlarni tomosha qilish jarayonida kishida ayrim e’tiroz va mulohazalar ham paydo bo‘ladiki, quyida shular xususida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
“O‘zbekistonlik. Students”ning boshlovchilari Husnora Shodiyeva va Timur Alixonov bugun ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarining ijobiy kontentlari bilan yoshlar orasida ancha mashhur. Timur va Husnora kabi harakatchan “inflyuyenser” (jamiyatga ta’sir o‘tkazuvchi)larning ko‘rsatuvni olib borishi unga qiziqishni yanada oshirishi tabiiy. Biroq ularning xatti-harakatlarida jiddiy kamchiliklar kuzatiladi. Jumladan, boshlovchilar ko‘rsatuv davomida savollarni to‘g‘ri qo‘yishda, o‘zlarini tutishda xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda. Xorijiy universitetlar haqida ma’lumot berishda ortiqcha his-hayajonga berilish, o‘zlarining shaxsiy fikrlariga ko‘p urg‘u berish, suhbatdoshining gapini tez-tez bo‘lib qo‘yish, ayniqsa, ba’zan o‘rinsiz ravishda O‘zbekiston haqida salbiy fikrlarni o‘rtaga tashlash kabi holatlar buning yaqqol misolidir.
Ijtimoiy tarmoqqa joylangan video-lavhalar ostidagi izohlarni ko‘zdan kechirganda, aksariyat tomoshabinlar ham aynan boshlovchilarning chiqishidan norozi bo‘layotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Bunga sabablar yetarlicha topiladi. Chindan ham, boshlovchining og‘ir-vazmin, har bir so‘zini fikr tarozisiga solib ifoda etish qobiliyati loyihaning yanada rivojlanishiga yordam beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda har qancha mashhur bo‘lmasin, professional ko‘nikmalari yetarlicha shakllanib ulgurmagan blogerlarning bunday muhim ko‘rsatuvlarda boshlovchilik qilishi unchalik o‘zini oqlamagan.
Timur Alixonovning ilk lavhadayoq Sharqiy London universiteti talabasi Azizbek Ahmadjonovga “Nima uchun O‘zbekistonda qolmagansiz?”, “O‘zbekiston ta’limida sizga yoqmagan 3 ta narsa nima?” kabi “kutilmagan” savollar berishi mantiqan o‘zini oqlamagan. Ko‘rsatuv boshidanoq mamlakatimiz haqida salbiy fikrlar uyg‘otuvchi bunday beo‘xshov savollarning berilishi tomoshabinda ham haqli savollar uyg‘otadi. Maqsad xorijdagi yoshlarimizning yutuqlarini ko‘rsatishmi yoki mamlakatimizni muammolar girdobida o‘ralashib yotgan qoloq davlat sifatida taqdim etishmi?..
Shuningdek, Londonning Nortumbriya universitetida ta’lim olayotgan Olimjon Gʻulomov bilan Buyuk Britaniya ta’limi haqida suhbatlashish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, biroq asosiy e’tibor mamlakatimiz oliy ta’lim tizimidagi kamchilik va muammolarga qaratilgandek tuyuladi kishiga. Olimjon Gʻulomovning O‘zbekistondagi o‘qishi davomida universitetda fanlarni ustozlar bilan kelishib yopgani, oliy ta’limda korrupsiya illati haddan tashqari chuqur ildiz otgani, Vatanda qolgan tengdoshlari o‘z orzulariga to‘la erisholmayotgani, davlat xizmati tizimi ularning hafsalasini pir qilib, ambitsiyalarini butkul o‘ldirgani haqidagi fikrlari kishida og‘ir taassurotlar uyg‘otadi. O‘ylashimcha, loyiha qanchalik ezgu maqsadni ko‘zlasa-da, bu kabi holatlar foydalanuvchilar orasida Vatanimiz haqida salbiy fikrlarni ko‘paytirishdan boshqasiga xizmat qilmaydi.
Bunday lavhalarni kuzata turib, dastur boshlovchilari va ularning aksariyat suhbatdoshlari yurtimiz oliy ta’lim tizimini xorijiy davlatlarniki bilan taqqoslashda asosan biryoqlama, salbiy yondashuv yo‘lidan borayotganidan afsuslanasiz. Bu kabi fikrlar ancha yuzaki va umumiy mazmunga ega. Chuqur tahlil ko‘zga tashlanmaydi.
Ba’zi hollarda O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari korrupsiyaga botgan, ustozlar esa noprofessional, o‘z ishiga sidqidildan yondashmaydigan insonlar sifatida talqin qilinadi. Jumladan, Londonning Brunel universitetida ta’lim olayotgan Gʻayrat Yusupovning O‘zbekistonda ustozlar chin dildan dars bermasligi haqidagi fikrlari ko‘plab ustoz-pedagoglarimizning haqli noroziligiga sabab bo‘lgan. Buni video-lavha ostida qoldirilgan izohlarda ham ko‘rish mumkin. Mana, bir misol: “Gʻayratjon o‘g‘lim, o‘ylab gapiring, sizning boshqa yurtga borib olib O‘zbekistondagi ustozlarni chin dildan dars berish-bermasliklari xaqida gapirishga haqqingiz yo‘q!.. O‘zbekistonning ta’limi ortda bo‘lsa ham, ustozlari ortda emas! Essizgina”.
Bu mavzuda gapirganda “kaltakning ikkinchi uchi”ni ham unutmaslik lozim. Xo‘sh, bu kabi “haqqoniy tanqidlar” o‘zga davlatlarda O‘zbekistondagi ta’lim tizimi haqida qanday tasavvurlarni shakllantirishga xizmat qiladi? Albatta, bu sohada hali kamchiliklarimiz bor. Buni hech kim yashirayotgani ham yo‘q. Muhimi, ana shu kamchiliklarni bartaraf etish ustida jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda. Adolat yuzasidan aytganda, keyingi besh-olti yil ichida oliy ta’lim sohasida ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar yuz bermadimi? Birgina test sinovlari tizimida adolat o‘rnatilishi millionlab yoshlar va ota-onalarning o‘qishga, umuman, hayotga munosabatini keskin o‘zgartirib yubormadimi?
Ustozlarni noprofessional deb malomat qilish ham o‘rinsiz. Hech kimga sir emas, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari ham uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolib, zahmatli mehnatlari evaziga yetarli qadr topmay, amal-taqal yashab keldi. Biroq endi “peshanasiga oftob tekkach”, ularning ishga, kasbiga munosabati keskin o‘zgargan. Ustoz va murabbiylar ham o‘z ustida jiddiy izlana boshladi.
Umuman, O‘zbekiston ta’limi haqida gapirganda “kechagi gap bugunga to‘g‘ri kelmaydi”. Chunki hozirgi islohotlar jarayonida sohadagi ko‘plab kamchilik va muammolar tezkorlik bilan hal qilinmoqda.
“O‘zbekistonlik. Students”ning talabalar haqidagi 5 ta lavhasida chet el oliy ta’lim tizimida o‘qish yoshlarimiz uchun eng maqbul yo‘l sifatida tilga olinadi. Bunday yondashuv oliy ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlarimiz oldida “Vatanda qolib o‘qigan afzalmi yoki yagona najot – xorijda ta’lim olishdami” degan o‘tkir dilemma paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida yoshlar orasida yurtimizdagi oliy ta’limga qiziqish darajasi pasayib, xorijda o‘qish ishtiyoqi kuchayadi.
Ma’lumki, chet elda o‘qish uchun kattagina mablag‘ talab qilinadi. Xo‘sh, iqtisodiy sharoiti o‘rtacha va undan past bo‘lgan oilalar farzandlarini xorijda o‘qitish uchun pulni qayerdan topadi? O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga nisbatan bunday bir tomonlama, salbiy yondashuvdan voz kechish kerak. Zero, bugun uchun bor-budini sotib, qarz ko‘tarib bo‘lsa-da, farzandini xorijga o‘qishga yuborish oqibatida jiddiy moliyaviy qiyinchiliklar girdobiga tushib qolayotgan oilalarni ham ko‘p ko‘ryapmiz.
Shuni ham aytish kerakki, loyiha sonlarini tomosha qilgach, tomoshabinda, ayniqsa, yoshlarda xorijiy davlatga ketishga, shaxsiy hayotini faqat chet mamlakat bilan bog‘liq holda qurishga kuchli ishtiyoq paydo bo‘lishi shubhasiz. Ko‘rsatuvlar ezgu maqsadda tayyorlanayotgan bo‘lsa-da, undagi lavhalar go‘yoki “jannatdan daraklar”ni yodga soladi. Xorijga katta tavakkal bilan borgan o‘zbek farzandi oxir-oqibat hamma havas qiladigan muvaffaqiyatli insonga aylanadi, baxtga erishish formulasi haqida ma’ruzalar o‘qiydi. Qaddini ursin. Bunga e’tirozimiz yo‘q. Lekin ularning yutuqlarini vosita qilib, hadeb milliy ta’limimizni kamsitaverish ham yaramaydi.
Biz bu bilan sohani tanqid qilish kerakmas, demoqchi emasmiz. Aksincha, hozirgi islohotlar jarayonida xolis tanqidning ahamiyati katta. Faqat bu o‘rinda tanqid bilan quruq malomatning chegarasini aniqlab olish lozim. Bizning aytayotgan so‘zimiz o‘zga davlatlarda O‘zbekiston ta’limi haqida qanday tasavvur uyg‘otishi xususida ham o‘ylab ko‘rishimiz zarur. Chet elda oliy ta’lim olishning eng maqbul yo‘l sifatida ko‘rsatilishi mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining nufuziga ham soya solib, yoshlar orasida obro‘sizlanishiga sabab bo‘lishi hech gap emas.
Xorijiy mamlakatlar hayotini davomiy ravishda rang-barang, yorqin bo‘yoqlarda ko‘rsatib, ularni ideal turmush sifatida taqdim qilish ham yaxshi natijalarga olib kelmasligi aniq. Hayot past-balandliklardan iborat bo‘lgani kabi xorijda o‘qishning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari, kamchiliklari yetarli ekanidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Har joyning o‘z tosh-u tarozisi bor, axir. O‘zga ellarda to‘la-to‘kis baxtga erishish orzusi doim ham ushalavermaydi.
Bu haqda gapirganda Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan talabalarga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarning biriga Aziz Azimov ism-sharifli foydalanuvchining qoldirgan izohi diqqatni tortadi: “Mening o‘g‘lim Kembrijda magistraturada o‘qiydi. Birlashgan Qirollikka o‘zim bir necha bor ish bilan borganman. Qo‘shma Qirollikda yashashning ko‘plab kamchiliklari bor, ularni ham ko‘rsatishga harakat qiling. Qiziq tomoni shundaki, o‘zbeklar bilan birga Hindiston, Pokiston, qashshoq Yaqin Sharq mamlakatlaridan talabalar ko‘p bo‘lgan bir paytda MDHning boshqa mamlakatlaridan talabalar soni juda ham kam. Xulosalar o‘zingizdan”.
Shunday ekan, ko‘rsatuv ijodkorlari chet el ta’limini bilib-bilmay eng maqbul yo‘l sifatida ko‘rsatish, ko‘klarga ko‘tarib maqtashga oid yondashuvni qayta ko‘rib chiqishi kerak. Zero, bunday videolarni yaxshi niyat bilan tomosha qilgan yoshlarda ertaga “tezroq chetga surish” istagi emas, aksincha, o‘zining kindik qoni tomgan Vatanini hurmat qilish va uni rivojlantirishga hissa qo‘shish istagi alanga olsin.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekistonlik. Students” loyihasi ezgu g‘oyani – mamlakatimizda kamol topgan iqtidor egalarining olis yurtlarda katta yutuqlarga erishayotgani, ular ko‘p ishlarga qodir ekanini yoshlarimiz orasida targ‘ib etishni maqsad qilgan. Bu juda yaxshi, albatta. Ammo ana shu xayrli tashabbusni amalga oshirish borasidagi kamchiliklar kishini tashvishga soladi. Bunday nuqsonlar bartaraf etilsa, ushbu loyiha yanada mazmunli, ishonchli va qiziqarli bo‘lishi mumkin. Buning uchun, avvalo, ko‘rsatuvning g‘oyaviy konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish kerak. Davlat mablag‘lari hisobiga suratga olingan ko‘rsatuv davlat siyosatiga, uning manfaatlariga xizmat qilishi, eng muhimi, uning g‘oya va maqsadlariga zid bo‘lmasligi shart. Chet eldagi hayotni ertaklardagi Susambil o‘lkasidek taqdim qilishdan tiyilgan ma’qul.
Niyatimiz shuki, xorijda oliy ta’lim olib, zarur bilimlarni yurtimiz rivoji yo‘lida safarbar etishga bel bog‘lagan yoshlarimizning hayotini yoritish mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘z yumish, ularni shubha ostiga olish evaziga amalga oshirilmasin. Zero, barchamiz shu yurtning farzandlarimiz, hammamizning Vatanimiz yagona – O‘zbekiston! Uning kamchiliklari ham, yutuqlari ham o‘zimizniki. Ana shu kamchiliklarni dunyoga ovoza qilmasdan, ularni bartaraf etish uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz shart.
Olim DAVLATOV, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori,
Avazbek SHERMATOV, kichik ilmiy xodim
“Jadid” gazetasi 2024-yil 14-iyun 25-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



