30.05.2025 | 12:30
452
BO‘HTONLAR ISKANJASIDA
Gazetxonlarimizga yaxshi ma’lum, biz jadidlik harakati ishtirokchisi, qatag‘on qurboni bo‘lgan millat oydinlari haqida ma’lumot, xotiralar, surat va arxiv hujjatlari, yodnomalar, ularning ijodiy merosidan namunalar taqdim etishlarini va bu bilan tariximizning qorong‘i sahifalariga aniqlik kiritishda ko‘maklashishlarini so‘rab murojaat qilgan edik.
Tabiiyki, savobtalab va ma’rifatparvar yurtdoshlarimiz bu so‘rovimizni javobsiz qoldirmadi. Kunda-kunora tahririyatimizga shaxsan tashrif buyurib, ota-bobolari, ona-momolarining millatsevar faoliyati va ayanchli qismati haqida rang-barang hamda qimmatli ma’lumotlarni taqdim etishmoqda. Imkondan foydalanib, ularga qadrli mushtariylarimiz nomidan ham minnatdorlik bildiramiz.
Yaqinda ana shunday fidoyi yurtdoshlarimizdan biri Romida aya Sodiqova otasi – pedagog, lingvist va fan doktori Safo Zufarovning o‘z qo‘li bilan yozgan esdaliklaridan bir parchani taqdim etdi. Ibratli bu hayotiy hikoyani Siz aziz o‘quvchilarga havola etmoqdamiz.
Tahririyatdan

…Og‘zim oshga yetib, ilmiy izlanishlarim o‘z mahsulini bera boshlagan palla – 1934–1936-yillar O‘zbekiston SSR Fan Komiteti qoshidagi Pushkin nomli Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida hamda O‘zSSR Markaziy Ijroqo‘mi qoshidagi O‘zbekiston Yangi alifbo va terminologiya komitetida ilmiy xodim sifatida zavqlanib ishlardim.
Ustozlarim Otajon Hoshim, Y.D.Polivanov, Gʻozi Olim Yunusov, Fitrat, hamkasblarim – I.A.Batmanov, Qayum Ramazon, Elbek, Shokirjon Rahimiy, Sanjar Siddiq, V.V.Remetov, Sobirjon Ibrohimov, T.Ibrohim, Buyuk Karim, Olim Sharofiddinovlar bilan birga ishlagan kezlarim o‘zbek adabiyoti va tilga doir qiziqarli, sermazmun muhokama va munozaralar bo‘lardi. U kunlarning mahsuli va jilosi o‘sha davrdagi vaqtli va doimiy matbuot sahifalarida aks etgan.
Shunday serzavq kunlarning birida – 1936-yil 29-mart kuni dabdurustdan boshim ustida momaqaldiroq chaqnab, hayotimni ostin-ustun qilib yubordi. Ilmdan boshqa muddaosi bo‘lmagan, xalqning ma’naviyatini boyitishnigina ko‘zlagan, kecha-yu kunduz kitob titish, tadqiqot bilan band bo‘lgan mendek ilmi tolibni baayni butun boshli sovet tuzumiga xavf tug‘dirayotgan o‘ta jiddiy jinoyatchi sifatida O‘zSSRning siyosiy idorasi kishanband qilib, so‘roq va qiynoqqa tutdi. O‘sha davrda urf bo‘lgan 68-modda – aksilinqilobiy harakat ishtirokchisi tamg‘asini bosib, ozodlikdan mahrum qilishdi.
Men rosa besh yil lagerda mehnat qilib, 1941-yil 30-mart kuni chiqib keldim. Avval Yangiyo‘l shahar maorifida metodist, so‘ng Forish tumanidagi Maksim Gorkiy nomli o‘rta maktabda til va adabiyot o‘qituvchisi va direktor sifatida, 1943-yil dekabridan 1945-yil 22-iyungacha Samarqand davlat universiteti va Ayniy nomli Pedagogika institutida katta o‘qituvchi bo‘lib ishladim.
Sidqidildan o‘z vazifamni bajarishimga qaramay, doimo shubha ostida ekanimni, har qadamim kuzatilib turganini sezar edim. Ma’rifat tarqatish zavqini chin ziyoli yaxshi biladi. Xayriyatki, ana shu tole menga ham nasib etgandi. Ilm qadrini bilgan olim do‘stlarim, talabalarim mendan hamisha minnatdor ekanligi taskin berardi o‘sha paytlarda.
Nomzodlik ishlarini bajarib, himoyaga yaqin qolganda badnom bo‘lib, “xalq dushmanlari” qatoriga kiritilgan bo‘lsam-da, hech qachon umidsizlanmadim. Chunki ko‘ngil oq, maqsad – yurtimga halol xizmat qilish, o‘zni ba’zi do‘stlar oldida “oqlash” edi. Biroq yana ham dahshatli kunlar oldinda turganini hali bilmasdim.
Urushdagi g‘alabadan so‘ng yana “qama-qama” vasvasasi zo‘rayib ketdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, Beriya boshliq jazo organlari 1936-37-yillar davomida chala qolgan ishlarni, isbot qilinmay yoki siyosiy ayblar bilan qoralanib, bo‘shab ketgan ayrim ko‘zga ko‘ringan “shubhali” odamlarni birvarakayiga qamashga tushgan ekan.
Meni ham 1945-yil 22-iyun kuni ikkinchi marotaba Samarqandda hibsga olishdi. Da’vo yana o‘sha: “Sen aksilinqilobiy tashkilot a’zosisan. Buni isbotlaymiz, tegishli jazo beramiz”.
Bu ayblarni inkor qildim. Boshdan-oyoq yana hamma o‘tgan gaplar takrorlanib so‘raldi. To‘rt-besh oy Samarqand oblast Davlat xavfsizligi tergovida, so‘ng Toshkentda O‘zSSR Davlat xavfsizligi ixtiyorida, 1947-yil sentyabr oylariga qadar ichki turmada – tergovda bo‘ldim.
Sud qila olmadilar. Biroq tegishli rasmiyatchilik yo‘li bilan Moskvadan Beriya boshliq “Особое совещание” orqali baribir 10 yil ozodlikdan mahrum etish hukmini chiqarishdi. Shu bilan etap, lager hayoti boshlanib ketdi.
Irkutsk shahri yaqinidagi “Kitoylag” sistemasidagi 2-lagerda ishlab turgan kezlarim – 1952-yil 5-oktyabr kuni yana meni Toshkentga, O‘zSSR Davlat xavfsizligi mahkamasiga qayta so‘roqqa olib kelishdi.
O‘sha tergovchilar, o‘sha da’volar. Ammo da’vo ancha jiddiy, ayblov balandparvoz. “Bizni aldab, qo‘limizdan silliq chiqib ketgansan. Endi hammasi ravshan, sen aniq aksilinqilobchi – xalq dushmanisan. Bizda yetarlicha ma’lumotlar, tegishli hujjatlar bor! Yaxshilikcha o‘zing iqror bo‘lib, hammasini aytib ber! Endi bizni alday olmaysan!”
Bu ayblovlar butunlay yot bo‘lgani uchun men ularni dadil inkor qilardim. Da’volar quruq tuhmat bo‘lgani bois har qanday malomat va tazyiqlarga bardosh berdim. Ko‘p vatanparvar kishilardan sun’iy ravishda xalq dushmani yasashga o‘rganib qolgan o‘sha kezdagi “fidoyi” yuristlar natija ko‘rsatish uchun har qanday ig‘vogardan foydalanishga tayyor edilar. Men bilan ham xuddi shunday bo‘ldi. Da’voni isbotlashga yollangan ig‘vogar – bundan bir yil burun siyosiy ayblar bilan uch marotaba qamalgan bir razil kishi katta siyosiy jinoyatlarni ochib berish va’dasi bilan uzoq yerdagi og‘ir ish lageridan Toshkentga, O‘zSSR xavfsizligi ixtiyoriga kelib olgan edi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u tergov xodimlarini laqillatib, tuhmat yo‘li bilan bo‘lsa ham yangi ish topmoqchi, shu orqali raqiblaridan, jumladan, bir paytlar uni ishga olmaganim uchun mendan ham o‘ch olmoqchi bo‘lgan. O‘zi o‘ylab chiqargan bo‘hton gaplar bilan Oybek boshliq yigirmadan ortiq kishilarning ro‘yxatini bergan bu odam bir paytlar “Narimonov” texnikumida bizga o‘zbek tilidan dars ham bergandi. Bu orada Oybek domla ham bir necha oy davomida so‘roqqa tutilgan. Tazyiqlar uning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, miya falaji balosiga ro‘baro‘ qilib qo‘ygandi.
Uch kun o‘tib meni yana so‘roq qilishdi. Aybimni bo‘ynimga qo‘yisholmadi. Ammo baribir uzoq o‘lkalarga – Krasnoyarskning Nemun uchastkasiga alohida buyruq bo‘lguncha muddatsiz surgunga jo‘natishdi. Bu yerda 1954-yil noyabr oyiga qadar har lahzani yildek o‘tkazdim. Nihoyat Beriyaning fosh etilishi bilan biz ozod bo‘ldik. O‘lkamga qaytgach, 1957-yilgacha Toshkent atrofida ishlab yurishimga to‘g‘ri keldi. Bu orada ham bir qancha tahlikali voqealarni boshdan o‘tkazdim. 1957-yilga kelibgina qayta-qayta tekshiruvlardan so‘ng bizni oqlashdi. Samarqand oblast sudi chiqargan ajrim hukmi bilan reabilitatsiya qilindim. “Ishingizni avvalgi joyda davom ettirishingiz mumkin” degan gapni eshitib, ko‘zimdan yosh tirqiradi. Boshimdan o‘tgan alamli kunlarni bir-bir ko‘z oldimdan o‘tkazar ekanman, nahotki begunoh odam o‘zini isbotlashi uchun shuncha umrini zulmat ichra o‘tkazishiga to‘g‘ri kelsa, degan achchiq o‘kinch ko‘ksimni yirtib o‘tdi. Men-ku ko‘zim tirigida “oqlov xati”ni oldim. Lekin minglab, o‘n minglab millatning fidoyi farzandlari bu olamni tark etib ketgandan keyin ham “xalq dushmani” tamg‘asidan qutulmadilar. Zero, bu sovetcha “afvi umumiy”ning marhumga, uning barbod bo‘lgan oilasiga qanchalik nafi bor? Shunday bo‘lsa-da, sulola yuzini yorug‘ qilish uchun, o‘zbekona oriyat va sha’n uchun o‘sha marhumlarning sho‘ring qurg‘ur umr yo‘ldoshlari, farzandlari yillab so‘rov xatlariga javob kutib, temir darvoza idoralar ostonasida sarg‘ayib, xor bo‘lgani fojianing o‘zidan-da fojialiroq edi.
Kunlarning birida o‘sha tuhmatchi domlani uchratib qoldim. Bostirib kelgan g‘azabimni zo‘rg‘a jilovlab, unga so‘z qotdim:
– Nega yolg‘on gaplar to‘qib bizga – Oybekka, Subutoy Dolimovga, yana shuncha odamga tuhmat qildingiz?
– Men atay qildim, – dedi u. – Siyosiy kurashda diplomatiya shunday bo‘ladi. Bunday qilmasam, meni o‘ldirib yuborishardi.
– Bundan ko‘ra o‘lim yaxshi emasmi? Endi Oybekning yuziga qanday qaraysiz?
– Oybek ham Sovet tuzumini yaxshiroq bilsin deb jo‘rttaga girdobga tortgandim. Sen ishni buzding, qo‘rqoqlik qilding, inkor etding. Agar tasdiqlaganingda, Oybek ham qamalgan bo‘lardi.
Men unga boshqa hech narsa demadim. Lekin ko‘nglimdan o‘tgani bo‘ldi: yil o‘tmay, birpaslikka yo‘liqib, uzoq yillar bir joyda tirik murda bo‘lib it azobida yotdi.
Safo ZUFAROV,
Toshkent. 1988-yil avgust
“Jadid” gazetasining 2025-yil 23-maydagi 21-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
