23.07.2025 | 09:32
979
BOLALAR KONTENTINI YARATISH – DAVR TALABI
Yosh ijodkor Qobiljon SHERMATOV bilan suhbat

– Qobiljon, avvalo, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti muborak bo‘lsin! Taqdirlash marosimida Prezidentimiz “Yosh avlodni turli zararli ta’sirlardan asrash, ularga axborot makonida foydali, mazmunli ma’lumotlarni yetkazish va targ‘ib qilish doim e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur”, degan fikrni ta’kidlab o‘tdi. Shu maqsadda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilingani qayd etildi. Milliy kontent yaratishda esa bolalar adabiyoti vakillarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, bolalarga yozish uchun ijodkorda qanday sifatlar bo‘lishi kerak? Yoki iste’dodning o‘zi yetarlimi?
– Iste’dod va xohishning o‘zi kamlik qiladi. Hamma gap ko‘ngilni qaritmasdan saqlab qolishda. Ba’zilar 20–30 yoshga kiradi-da, qalbiga e’tibor bermasdan, bolalar uchun ijod qilishni istaydi. Ammo unda kech bo‘ladi. Bolalarga yozish uchun qalamkashning o‘zi ham bolaga aylanmasa ko‘ngildagidek asar kutishning foydasi yo‘q. Kichkintoylarning ko‘ziga qarab dilidagini anglab olish kerak. Buning uchun bolalikdan uzoqlashib ketmaslik lozim. Aks holda yozavergandan bir ish chiqmaydi.
Bolalar uchun kitob yozayotganda ichingizga 7 yoshli quvgina bolani qamab, unga 70 yoshli mo‘ysafidni soqchi qilib qo‘ying. Busiz ijod mahsuli bolani qiziqtirmaydi, tarbiyalamaydi, yoshi kattalar tan olmaydi, davr qabul qilmaydi. Shunaqa nozik jarayon bu: ham bolalar e’tiborini tortish, ham kattalarga teng yoqish kerak.
Ustozlarimiz ta’kidlaganidek, kuzatuvchi va yaxshi tinglovchi bo‘lish ham asosiy shartlardan biri.
Masalan, har bir yangi she’r yo ertagimni mahalladagi yosh bolalarni chaqirib o‘qib beraman-da, ko‘ziga qarab turaman. Agar yozganim ularga yoqmasa, o‘ylanmasdan voz kechaman o‘sha qoralamadan. Ma’qul bo‘lsa, yanayam boyitishga harakat qilaman.
Bolalar ijodkorining qozisi bolalarning o‘zi.
– Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev, Abdurahmon Akbar kabi ustozlarimiz o‘tib ketishdi. Ularning yo‘lini o‘rta avlod vakillari baholi qudrat davom ettirmoqda. Lekin umid, doimgidek, yoshlardan. Siz yangi kitoblarni o‘qib borasizmi? Qaysi mualliflarni tavsiya qilasiz?
– Albatta, o‘qib boraman. Zamondoshlar ijodini kuzatmaslik bizni xudbinlik, mahdudlik va manmanlikka olib keladi.
So‘nggi yillarda Charos Rahimqulovaning “Men ikkiga kirguncha” qissasi o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Dinara Mo‘minovaning kitoblari jozibasi bilan ajralib turadi. “Galaktikada bir kun” qissasi bilan yosh o‘quvchilar orasida shuhrat qozongan Sa’dullo Quronovni asarning ikkinchi qismini yozmaguncha muxlislari hol-joniga qo‘yishmadi. Bu misollar bolalar adabiyoti namunalariga xalqimiz nechog‘li chanqoq ekanini ko‘rsatib turibdi.
Shu o‘rinda bolalar va o‘smirlar nashrlarining o‘rnini ham ta’kidlash joiz. Chunki murg‘ak qalbga kitobdan oldin yetib boradigan, uni mutolaaning sehrli olamiga olib kiradigan vosita aynan gazeta-jurnallardir. Bu yil “Gulxan” jurnali tahririyatiga “Oltin qalam” xalqaro tanlovining Bosh sovrini topshirilishi ham bejiz emas. Bu ham bolalar adabiyotini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi tizimli islohotlarning yorqin namunasi.
– Zamonaviy dunyo bolalar adabiyotida qanday tendensiyalar ketmoqda? Bugun Buratino, Garri Potterlar davri o‘tdi deyishyapti…
– Qaysi bir mutaraqqiy davlatga e’tibor qaratsangiz, bolalar adabiyoti kuchli bo‘ladi. Chunki ixtirochilik, kashfiyotchilik bolalikdan shakllanib boradi. Bolaning xayollariga esa adabiyot kuch-quvvat beradi. Masalan, Xitoyda fantastik adabiyot juda kuchli darajada. Turkiyada esa bolalar uchun shunaqangi ko‘p kitoblar chiqadiki, o‘qib ulgurmaysiz.
Bugungi o‘quvchini Buratino yoki Chippolino bilan hayratlantira olmaysiz. Zamonaviy avlodga zamonaviy qahramonlar kerak.
Bizning bolalar adabiyoti yopiq qozon ichida qaynayotganga o‘xshaydi. Qandaydir chegaralar belgilab olingan. Tamom. O‘shandan bosh chiqarib, olamga boqish kam kuzatiladi.
Misol uchun, ertaklarimizdagi deyarli 90 foiz voqealar cho‘llarda, dalalarda, tog‘larda kechadi. Nega? Chunki ko‘rganimizni tasvirlashga o‘rganib qolganmiz. Biron mashhur o‘zbek badiiy qahramoni dengizda, orolda, g‘orda qolib ketganini o‘qiganmisiz? Bu faqat bizda emas. Sharl Perro ertaklarida o‘rmon, Jyul Vern romanlarida dengiz asosiy obyekt. Chunki ularning atrofini o‘sha muhit egallab turibdi. Qachondir bu qobiqdan chiqish kerak-ku!
Nega o‘zbek bolasi qo‘lidagi kitob orqali osmonlarga chiqib, ummonlar tubiga tushib sarguzashtlarni boshidan kechirmasligi kerak? Odamning xayoliga kelmaydigan narsalar yoza olsakkina bolalar yozuvchisi degan nomga loyiq bo‘lamiz.
– Jahon adabiyotiga to‘xtaldingiz. Bugun tarjima uchun tanlanayotgan asarlar mazmunidan ko‘nglingiz to‘ladimi?
– Rostini aytish kerak, yaxshi asarlar ona tilimizga o‘girilmoqda. Bu borada xususiy nashriyotlarning jonbozligi ham tahsinga sazovor. Ammo so‘z erkinligini, noshirlik sohasiga berilayotgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilayotganlar ham yo‘q emas. Ular taqdim etayotgan ayrim asarlar bola ongini zaharlaydi, milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi. Hech bir kitobning muqovasiga “Bu zararli!” deb yozib qo‘yilmaydi. Ular ham chiroyli va rangli bo‘lib chiqadi, bir o‘qiganda qiziqarliday ko‘rinadi. Ammo kosa tagidagi nimkosa bolaning ongostiga zimdan ta’sir o‘tkazadi.
Katta odam bunday asarlarni o‘qimay qo‘ya qolishi mumkin. Lekin bolaning immuniteti shakllanmagan bo‘ladi hali. U bechora nima qiladi? Biz nima qilishimiz kerak? Biz saviyali asarlar bilan kitob bozoriga kirib borishimiz kerak. O‘rganishga, yozishga, kerak bo‘lsa, asarimizni targ‘ib qilishga erinmasligimiz kerak.
Mana shu nuqtada milliy kontent yaratish masalasining naqadar dolzarb ekanligini anglaymiz. Davrning o‘zi talab qilmoqda buni.
– Yaqinda “Ulug‘bek “popkorn” sayyorasida” nomli yangi kitobingiz chop etildi. “Yosh kitobxon” tanlovida bir shart bor: o‘quvchi asarning bugungi ahamiyatini aytib berishi kerak. Buni yaxshi bilasiz. Chunki “Tolqon Botir” asaringiz o‘sha ro‘yxatga kiritilgan. Shu ma’noda, yozuvchi sifatida ayting-chi, yangi kitobingiz o‘quvchiga nima beradi?
– Bu savolga muallifning o‘zi javob berishi qiyin. Ammo targ‘ibot ma’nosida ikki og‘iz to‘xtalmoqchiman.
Kitob qahramoni ulug‘ ajdodimiz Mirzo Ulug‘bek bo‘lib, qissada ul zotning bolalik davriga ijodiy yondashilgan. Aytish kerakki, Ulug‘bek bolaligida ham Ulug‘bek bo‘lgan, ya’ni zakiyligi, ilmsevarligi bilan ajralib turgan.
Qissani o‘qigan bolalar, avvalo, ajdodimiz bilan yaqindan tanishadi, sarguzashtlar davomida topqirlik, halollik, shijoat va bag‘rikenglikni o‘rganadi.
Hozir bolalar nasihatni qabul qilmaydi, ensasi qotadi. Shuning uchun ularga go‘zal xulq asoslarini fantaziya kuchi bilan, qiziqarli syujetlar fonida singdirib borish kerak. Toki bolaning o‘zi nasihat eshitayotganini sezmay qolsin. So‘zning, san’atning kuchi ham shunda aslida.
– Ertakday qisqa va mazmunli suhbat uchun tashakkur!
Shahriyor SHAVKAT suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-iyuldagi 29-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



