04.09.2026 | 10:59
2133
“BORI ELGA YAXSHILIG‘ QILG‘IL…”
2022-yilning fevral oyi edi. Ukrainada tibbiyot yo‘nalishining birinchi bosqichida tahsil olardim. Ammo bir kechada kelajakka bo‘lgan umidlarim va rejalarim jiddiy sinovga duch keldi. O‘sha paytda, to‘g‘risi, O‘zbekiston haqida faqat umumiy ma’lumotlarga, uning betakror milliy taomlari, tarixiy bayramlari va qadimiy shaharlari haqidagi iliq tasavvurlarga ega edim, xolos. Biroq bu zaminning asl boyligi bo‘lgan bag‘rikeng insonlar meni qanday kutib olishi, taqdirim nechog‘li o‘zgarishini tasavvur ham qila olmasdim. Yuragimdagi xavotir-u ikkilanishlarga qaramay, taqdir meni ushbu muqaddas zaminga yetakladi va bu hayotimdagi eng to‘g‘ri qadam bo‘lib chiqdi.

Keldim… Hech qachon yodimdan chiqmaydigan bir go‘zal voqea bor. Hayit arafasida do‘stlarim bilan do‘konga kirgandik. Kassada hisob-kitob qilayotganimizda bir nuroniy onaxon biz sezmagan holda mahsulotlarimiz uchun pul to‘lab qo‘yibdilar. Hayron bo‘lib, rahmat aytmoqchi bo‘ldik. Onaxon esa mehr bilan tabassum qildilar. Keyin: “Musofir talaba ekansizlar. Yaxshilik ko‘rgan inson, yaxshilik bilan javob qaytaradi…” dedilar-u, duo qilib yo‘llarida davom etdilar. O‘sha lahzadan bu zaminga bo‘lgan mehrim bo‘lakcha…
Buxoro davlat tibbiyot institutidagi o‘zbek ustozlarim meni hamisha qo‘llab-quvvatlab kelishdi va hech qachon musofir ekanligimni bildirishmadi. Ular darslardan keyin ham vaqt ajratib, tushunmagan mavzularimni erinmay tushuntirishdi. Mas’uliyatli imtihonlar oldidan esa “Qo‘rqma, albatta, uddalaysan” deb menga ishonch bildirishdi. Bu oliyjanob g‘amxo‘rlikni butun umr unutmayman.
Bir kuni hamsaboqlarim bilan sun’iy intellekt bo‘yicha o‘z g‘oyamizni ingliz tilida taqdim etishimiz kerak bo‘ldi. Xonaga kirganimda hayajondan qo‘llarim titrardi, chunki bu til mening ona tilim emasdi. Gapira boshlaganimda, hech kim mening til bilan bog‘liq xatolarimga e’tibor qaratmadi, hech kim fikrimni bo‘lmadi. Aksincha, meni diqqat va hurmat bilan tinglashdi. O‘sha kuni men birinchi marta o‘zimni shunchaki qabul qilingan mehmon emas, balki shu yurtning kelajagini bunyod etayotgan jamoaning ajralmas bir qismi sifatida his qildim.
“Bitta ip arqon bo‘lmas”, deydi dono xalq. Bunday ip nozik va zaif bo‘lib, shubhalar, yolg‘izlik va mag‘lubiyat xavotiri ostida osongina uzilishi mumkin. Ammo u boshqa iplar bilan birlashganda, butun bir kelajakni yorug‘likka tortib chiqara oladigan mustahkam arqonga aylanadi. O‘zbekistonga kelganimda yolg‘iz bir ip kabi edim, biroq bu bag‘rikeng yurtning mehrli qo‘llari meni o‘z bag‘riga olib, mustahkam bir butunlikning uzviy qismiga aylantirdi.
Vaqt o‘tishi bilan o‘zbek xalqining boy madaniyati, ko‘hna tarixi va go‘zal qadriyatlariga qalban chuqur bog‘lanib qoldim. Bu tabarruk zamin men uchun shunchaki vaqtinchalik maskan emas, balki chin ma’noda ikkinchi Vatanimga aylandi. Ba’zida qalbimdagi begonalik tuyg‘usi naqadar tez g‘oyib bo‘lganiga hayratlanaman. Bu yurt meni shu qadar yaqin oldiki, o‘zimni xuddi hech qachon musofir bo‘lmagandek, azaldan shu zamin farzandidek his etaman.
Kelajakda shifokor bo‘lib, o‘zim ko‘rgan bu mehr-oqibatni odamlarni davolash orqali qaytarishni orzu qilaman. Balki bir kun kelib, mana shu yurtda men ham kimningdir hayotiga umid olib kirarman va o‘sha kuni bir onaxon menga o‘rgatgan yaxshilikni boshqalarga qaytararman. Qayerda bo‘lishimdan qat’i nazar, yuragimning bir qismi doim shu yerda qoladi.
Ruksana JAFFER,
Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi
(Hindiston).
“Jadid” gazetasining 2026-yil 28-avgustdagi 35-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
38
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
121
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
312

